Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
RESPUBLIKA OLIY VA O‘RTA MAXSUS O‘QUV YuRTLARIning PROFESSOR-O‘QITUVChILARI TARKIBIGA, ILMIY XODIMLARI HAMDA TA’LIM-YORDAMChI XODIMLARIGA QO‘ShIMChA IMTIYOZLAR BERISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari tarkibining, ilmiy xodimlari hamda ta’lim-yordamchi xodimlarining moddiy va maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash, narxlar erkin bo‘lgan sharoitda ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Barcha tiplardagi maktablarning o‘qituvchilariga, bolalar uylarining tarbiyachilariga qo‘shimcha imtiyozlar berish, yuqori sinf o‘qituvchilarining ish haqini oshirish to‘g‘risida” 1990-yil 13-noyabrdagi Farmonining qismlari qaysi idoraga bo‘ysunishidan qat’i nazar, respublika oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari tarkibiga, ilmiy xodimlari va ta’lim-yordamchi xodimlariga ham joriy etilsin:
— ular yashab turgan davlat va idoralarga qarashli uylar hamda kvartiralarni shaxsiy mulk qilib bepul berish;
— kvartira haqi va kommunal xizmatlar uchun haq to‘lashda imtiyozlar;
— yer uchastkalarini va yakka tartibdagi qurilish uchun binokorlik materiallarini sotib olishga birinchi navbatda ajratib berish.
Farmon mazkur bandining amal qilishi kamida 10 yil ilmiy-pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarning ushbu toifasiga mansub pensionyerlarga joriy etilsin.
2. Vazirlar Mahkamasi mazkur Farmonni ro‘yobga chiqarishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida 10 kun muddat ichida qaror loyihasini tayyorlashi zarur.
3. Ushbu Farmon 1992-yilning 1-martidan kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 5-fevral,
PF-330-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 4-son, 186-modda)