Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2002-YILNING 1-SENTABRIDAN BOSHLAB OʻQITUVCHILAR VA OʻQUV YURTLARI MUALLIMLARINING, ILMIY XODIMLARNING ISH HAQI MIQDORLARINI OSHIRISH TOʻGʻRISIDA
Ilmiy va muallim kadrlar mehnatini qoʻshimcha ravishda ragʻbatlantirish, ilmiy xodimlarning, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilarining, akademik litseylar hamda kasb-hunar kollejlari va oliy taʼlim muassasalari muallimlarining ijtimoiy-maishiy hamda moddiy turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida:
1. 2002-yilning 1-sentabridan boshlab budjet mablagʻlari hisobidan moliyalanadigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilarining, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari, oliy taʼlim muassasalari muallimlarining hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy xodimlarining ish haqi oʻrta hisobda 1,2 barobar koʻpaytirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab oʻquv yuklamasi quyidagicha belgilansin:
umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun — haftasiga 18 soat;
umumtaʼlim maktablarining yuqori sinf oʻqituvchilari uchun — haftasiga 20 soat;
Oldingi tahrirga qarang.
kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻqituvchilari uchun — yiliga 820 soat.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
3. Ushbu Farmonga muvofiq ish haqini oshirish bilan bogʻlik sarf-xarajatlar dars soatlarining oʻzgarishini eʼtiborga olgan holda respublika Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, oʻz qaramogʻida budjet mablagʻlari hisobidan moliyalanadigan taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar hamda idoralar:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ikki hafta muddatda umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilarining, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari, oliy taʼlim muassasalari muallimlarining, ilmiy xodimlarning yangi ish haqi miqdorlarini tasdiqlasinlar;
2002/2003 oʻquv yilidan boshlab sinflar (guruhlar) toʻldirilishining amaldagi normativlariga rioya etilgan holda sinflar va guruhlar shakllantirilishi hamda oʻqituvchilar va muallimlarning ish haqi tariflari oʻz vaqtida belgilanishini taʼminlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda amaldagi qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Ushbu Farmon matbuotda eʼlon qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 7-avgust,
PF-3112-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 8-con, 138-modda; 2017-y., 13-son, 198-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)