O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MAKROIQTISODIYOT VA STATISTIKA VAZIRLIGINI QAYTA TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA
Iqtisodiyotga bozor mexanizmi va uslublarini joriy qilishni davom ettirish, jamiyat hayotining barcha tomonlarini erkinlashtirish talablariga muvofiq iqtisodiyot va statistika organlarining tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tugatilib, uning negizida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tashkil qilinsin.
2. Mamlakatni rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi hamda kompleks dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, quyidagi g‘oyat muhim vazifalarni hal etishga qaratilgan chuqur o‘ylangan va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi zimmasiga yuklansin:
makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyotning barqaror, mutanosib va jadal sur’at bilan rivojlanishini ta’minlash;
ko‘p ukladli va samarali faoliyat ko‘rsatuvchi iqtisodiyotni shakllantirish, xususiy mulkchilikning yetakchi rolini ta’minlash, bozor infratuzilmasini rivojlantirish;
boy tabiiy va mineral-xomashyo zaxiralaridan, bunyod etilgan ishlab chiqarish va fan-texnika salohiyatidan samarali hamda oqilona foydalanishga qaratilgan aniq maqsad yo‘lidagi strukturaviy siyosatni amalga oshirish, eksport salohiyatini rivojlantirish hamda mamlakat iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga keng miqyosda integratsiyalashuvini ta’minlash;
yangi ish joylarini yaratish, mehnat resurslarini oqilona band qilish muammosini hal etish, aholini aniq yo‘naltirilgan ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, aholining turmush darajasi barqaror, jadal o‘sishini, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishni ta’minlash;
mamlakat mintaqalari iqtisodiyotining kompleks rivojlanishini, ishlab chiqaruvchi kuchlarning mamlakat hududi bo‘yicha maqbul hamda samarali rivojlantirish va joylashtirishni ta’minlash.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
5. Iqtisodiyot va statistika bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘linmalar negizida quyidagilar tashkil qilinsin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida — Iqtisodiyot vazirligi va statistika boshqarmasi;
respublika viloyatlari va Toshkent shahrida — Iqtisodiyot bosh boshqarmalari va statistika boshqarmalari;
respublika shahar va tumanlarida — iqtisodiyot bo‘limlari va statistika bo‘limlari.
6. Quyidagilar belgilansin:
iqtisodiyot hududiy organlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar, tuman hokimliklariga qarashli;
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
7. Belgilab qo‘yilsinki, ishlab chiqarilgan va sotilgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmlarining sun’iy ravishda kamaytirilishiga, korxonalar faoliyatiga noxolis baho berilishiga, pul mablag‘larining bankdan tashqari noqonuniy aylanishiga olib keladigan noto‘g‘ri statistik hisobotni taqdim etishda, statistika ma’lumotlarini yashirishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar qonunga muvofiq qattiq javobgarlikka, hatto jinoiy javobgarlikka ham tortiladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Bosh prokuraturasi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga statistik hisobotni yashirganlik va buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
8. “O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasini Makroiqtisodiyot va statistika vazirligiga o‘zgartirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 15-maydagi PF-1780-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida Hukumatning tegishli qarorlarini qabul qilsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli “Rasmiy statistika faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish to‘g‘risida”gi qarori.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 24-dekabr,
PF-3183-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 12-son, 231-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)