|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRLIGINING NOGIRONLARNI REABILITATSIYA QILISH VA PROTEZLASH MILLIY MARKAZI JIHOZLANISHINI YAXSHILASH BOʻYICHA YAPONIYA HUKUMATI GRANTIDAN SAMARALI FOYDALANISHNI TAʼMINLASH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi jihozlanishini yaxshilash boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish uchun beriladigan Yaponiya Hukumati grantidan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Yaponiya Hukumati Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi jihozlanishini yaxshilash boʻyicha loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga 441 mln. yena (4,9 mln. AQSH dollari) miqdorida grant berish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E.M.Gʻaniyev Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yaponiya Hukumati oʻrtasidagi Almashuv notasini hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan Yaponiya Hukumatining mazkur grantini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan grant Bitimini imzolashga vakil etib tayinlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi zimmasiga mazkur grantni olish uchun Yaponiya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda barcha zarur tartib-qoidalarni rasmiylashtirish vazifasi yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi ushbu loyihani amalga oshirish doirasida beriladigan mazkur grant hisobidan olib kelinadigan uskunalar, buyumlar va materiallar uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda mazkur loyiha doirasida olib kelinayotgan uskunalar, buyumlar va materiallardan maqsadli hamda samarali foydalanilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihada qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirib olinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihaning xorijiy qatnashchilariga koʻp martalik vizalar berish, shuningdek vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni davlat boji toʻlashdan ozod qilgan holda taʼminlasin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 5-fevral,
PQ-1053-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 2-son, 38-modda)