Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining
Qoʻshma Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING INSON HUQUQLARI BOʻYIChA VAKILI (OMBUDSMAN) KOTIBIYATI FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasining birinchi qismiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Kotibiyati tashkil etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va uning Kotibiyatining cheklangan soni 11 birlikdan iborat shtat jadvali tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi 2008-yil 1-mayda qabul qilingan PF-3994-sonli Farmonining 8-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, uning Kotibiyatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning samarali ishlashi uchun zarur boshqa sharoitlarni yaratish masalasini koʻrib chiqsin va unda quyidagilarni nazarda tutsin:
asoslantirilgan hisob-kitoblar boʻyicha 2008-yilda idora mebeli, avtotransport, kompyuter texnikasi, dasturiy va boshqa xil moddiy-texnika vositalari olish uchun mablagʻlar ajratish;
2008-yil oktyabr oyidan eʼtiboran Davlat budjetidan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va uning Kotibiyatining faoliyati hamda joriy taʼminoti, bosma materiallar chiqarish, axborot nashrlari va adabiyotlarga obuna boʻlish, xalqaro ombudsmanlar institutlariga aʼzolik badallari toʻlash, Ombudsmanning va uning Kotibiyati xodimlarining xalqaro anjumanlar ishida ishtirok etishi mablagʻlar, shuningdek xizmat avtotransporti taʼminotiga limitlar ajratish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Kotibiyatini joylashtirish uchun Toshkent shahrida tegishli bino ajratish.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) mehnatga haq toʻlash, tibbiy xizmat koʻrsatish va transport taʼminoti sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qoʻmitasi raisiga, Vakilning oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari devonlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va tibbiy xizmat koʻrsatish sharoitlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Kotibiyati xodimlariga tatbiq etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsmanga):
belgilangan mehnatga haq toʻlash fondidan tejab qolingan mablagʻlarni, shuningdek tasdiqlangan shtatlar jadvalida nazarda tutilgan birliklar toʻldirilmaganda boʻshab qolgan mablagʻlarni Kotibiyat xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish uchun ishlatish;
zarur hollarda, Kotibiyatning tasdiqlangan tuzilmasiga va shtat jadvaliga belgilangan xodimlarning cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 19-oktabrdagi 1444-IV/KQ-274-IV-sonli qoʻshma qarori tahririda)
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri oʻrinbosari A. Rustamov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi oʻrinbosari F. Muhitdinova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 30-sentabr,
875-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 30-sentabr,
554-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 9-son, 531-modda)