Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.1998
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
“KORXONALAR, BIRLAShMALAR VA TAShKILOTLARDAN OLINADIGAN SOLIQLAR TO‘G‘RISIDA”GI VA “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARIDAN, AJNABIY FUQAROLARDAN VA FUQAROLIGI BO‘LMAGAN ShAXSLARDAN OLINADIGAN DAROMAD SOLIG‘I TO‘G‘RISIDA”GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNLARIGA O‘ZGARTIRISh VA QO‘ShIMChALAR KIRITISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 24-apreldagi 397-I-son “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksini amalga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘z kuchini yo‘qotgan.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 30-sentabrdagi 364-XII-son “O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi (asosiy qonuni)ga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan “O‘zbekiston SSR” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi” degan so‘zlar bilan almashtirilgan.
Chakana narxlar oshirilishi munosabati bilan va aholini ijtimoiy jihatdan muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Ilgari soliq to‘lash miqdori 45 foiz qilib belgilangan korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar foydasidan olinadigan soliqning eng yuqori miqdori 35 foizga tushirilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, chakana narxlar oshirilishi munosabati bilan korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar tomonidan o‘z xodimlariga beriladigan kompensatsiya to‘lovlari mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga qo‘shiladi.
3. Fuqarolarning oyiga 161 so‘mdan 1000 so‘mgacha (yiliga 1921 so‘mdan 12000 so‘mgacha) bo‘lgan daromadlaridan olinadigan daromad solig‘i miqdori 12 foizgacha kamaytirilsin va soliqning eng yuqori miqdori 30 foiz etib belgilansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, chakana narxlar oshirilishi munosabati bilan hamma toifadagi fuqarolarga SSR Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilangan miqdorlarda pul va buyum shaklida to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlari, shuningdek yiliga 1000 so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda pul va buyum shaklida beriladigan moddiy yordam fuqarolarning daromad solig‘i solinadigan daromadiga qo‘shilmaydi.
5. Belgilab qo‘yilsinki, SSR Ittifoqi va O‘zbekiston qonunlarida ko‘rsatilgan miqdorlardagi ishsizlik bo‘yicha to‘lanadigan nafaqa fuqarolarning daromad solig‘i solinadigan daromadiga kirmaydi.
6. Bolaligida konsentratsion lagerlarning tutqunlari bo‘lganlar daromad solig‘i to‘lashdan ozod etilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasining quyidagi qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilsin:
1. 1991-yil 15-fevraldagi “Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida:
a) 3-moddaning 4-bandi quyidagi mazmunda bo‘lgan uchinchi qism bilan to‘ldirilsin: “Chakana narxlar oshirilishi munosabati bilan korxonalar tomonidan o‘z xodimlariga beriladigan kompensatsiya to‘lovlari mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga qo‘shiladi”;
b) 4-moddaning 1-bandidagi “45 foiz” so‘zlari “35 foiz” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) 5-moddaning 1-bandi “v” kichik bandidagi oltinchi qism olib tashlansin;
g) 5-modda 1-bandi “v” kichik bandining sakkizinchi qismidagi “45 foiz” so‘zlari “35 foiz” so‘zlari bilan almashtirilsin;
d) 5-modda 1-bandi “z” kichik bandining oltinchi qismidagi “45 foiz” degan so‘zlar “35 foiz” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
“z” kichik bandi quyidagi mazmunda bo‘lgan to‘qqizinchi va o‘ninchi qismlar bilan to‘ldirilsin:
“o‘z faoliyatini xususiy mulkchilik negizida amalga oshiradigan korxonalarning daromadlari ular egalarining shaxsiy daromadlari deb hisoblanadi va bu daromadlarga “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq soliq solinishi kerak.
Aholiga transport xizmati ko‘rsatadigan kooperativlar hamda boshqa korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar (ixtisoslashtirilgan davlat avtotransport korxonalaridan tashkilotlarda ishlayotgan har bir kishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ijroiya qo‘mitalari tomonidan yakka tartibda aholiga transport xizmati ko‘rsatadigan shaxslar uchun tasdiqlangan patent haqiga teng miqdorda soliq to‘laydilar”;
e) 5-moddaning 1-bandi quyidagi mazmunda bo‘lgan “i” kichik bandi bilan to‘ldirilsin;
“Kommunal mulkka qarashli bo‘lib, mahalliy xo‘jalik tarkibiga kiradigan korxonalar uchun soliq miqdorlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi va xalq deputatlari mahalliy Sovetlari tomonidan belgilanadi, biroq uning miqdori 35 foizdan ko‘p bo‘lmasligi kerak”;
2. 1991-yil 15-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga quyidagi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilsin:
a) 3-moddaning 1-bandi “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“a) SSSR va O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilangan miqdorlarda beriladigan ishsizlik bo‘yicha nafaqalar, vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik yuzasidan beriladigan nafaqalardan (shu jumladan, bemor bolani boqish yuzasidan beriladigan nafaqalar) tashqari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi va davlat ijtimoiy ta’minoti yuzasidan beriladigan nafaqalar, shuningdek fuqarolarga V.I.Lenin nomidagi Sovet bolalar jamg‘armasi, Sovet tinchlik jamg‘armasi, Sovet madaniyat jamg‘armasi, Sovet mehr-shafqat va sihat-salomatlik jamg‘armasi, SSSR Qizil Krest va Qizil Yarim oy jamiyatlari uyushmasi va boshqa hayriya hamda ekologiya jamg‘armalarining mablag‘laridan pul va natura holida beriladigan nafaqalar va boshqa turdagi yordam”;
b) 3-modda 1-bandining “o” kichik bandidagi “davlat banklari” degan so‘zlar “bank” degan so‘z bilan almashtirilsin;
v) 3-modda 1-bandining “s” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“s) beriladigan pulning miqdoridan qat’i nazar, tabiiy ofatlar, boshqa favqulodda vaziyatlar munosabati bilan, shuningdek SSSR, O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hukumatlarining qarorlari asosida beriladigan moddiy yordam puli; boshqa hollarda, shu jumladan chakana narxlar islohoti munosabati bilan (ushbu bandning “a” kichik bandida ko‘rsatilganlaridan tashqari) yiliga 1000 so‘mgacha (1000 so‘m ham shunga kiradi) pul va natura shaklida beriladigan moddiy yordam summalari”;
g) 3-moddaning 1-bandi quyidagi mazmunda bo‘lgan “f” kichik band bilan to‘ldirilsin:
“f) chakana narxlarning oshirilishi munosabati bilan barcha toifadagi fuqarolarga SSR Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilanadigan miqdorda pul va natura shaklida beriladigan kompensatsiya to‘lovlari, shuningdek SSSR va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarida nazarda tutilgan normalar doirasida beriladigan boshqa kompensatsiya to‘lovlari, ishdan bo‘shash chog‘ida foydalanilmagan otpuska uchun beriladigan kompensatsiya to‘lovlari bundan mustasno”;
d) 4-modda 1-bandining “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“asosiy ish (xizmat, o‘qish) joyida soliq solinadigan va yiliga 1920 so‘mdan oshmaydigan ish haqi va boshqa turdagi pul mukofoti oladigan, bir korxona, muassasa va tashkilotda to‘liq bo‘lmagan yil mobaynida ishlaganida esa, har bir ishlagan oyi uchun 160 so‘m oladigan ishchilar, xizmatchilar va boshqa fuqarolar”;
e) 4-modda 1-bandining “z” kichik bandi “Ulug‘ Vatan urushi davridagi mehnat frontining veteranlari” degan so‘zlaridan so‘ng “va bolaligida konsentratsion lagerlarning tutqunlari bo‘lganlar” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
z) 7 va 8-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin;
“7-modda. Soliq to‘lovchilar toifalari va soliq solinadigan obyektlar
Qonunning mazkur bobi qoidalariga muvofiq quyidagilar soliq to‘lashga jalb etiladi:
a) ishchilar, xizmatchilar va boshqa fuqarolar — mulkchilik shakllari va mulk kimning tasarrufida ekanligidan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan oladigan ish haqlari, mukofotlari va boshqa har qanday daromadlari summasidan;
b) fuqarolar — tadbirkorlik faoliyatidan oladigan daromadlaridan, shuningdek tadbirkorlik subyektlari bilan o‘z mehnatidan foydalanish to‘g‘risida shartnoma tuzgan shaxslar;
v) fuqarolar — Fan, adabiyot va san’at asarlarini, shuningdek kashfiyot, ixtiro hamda sanoat namunalarini yaratganlik, nashr qildirganlik, ijro etganlik yoki ulardan boshqacha tarzda foydalanganlik uchun mualliflik haqi summalaridan;
g) fuqarolar — Qonunning ushbu moddasi “a-v” bandlarida sanab o‘tilmagan boshqa barcha daromadlaridan.
8-modda. Soliq stavkalari
1. Fuqarolarning ish haqi, mukofot tarzida olgan pullari va boshqa daromadlaridan (mualliflarning merosxo‘rlariga qayta to‘lanadigan mukofot pullaridan tashqari) soliqlar quyidagi miqdorlarda undiriladi:
Yillik daromad miqdori‎ Soliq miqdori‎
12000 so‘mgacha‎ daromad summasining 12,0 foizi‎
12001 so‘mdan 24000 so‘mgacha‎ 1440 so‘m + 12000 so‘mdan ortiq pulning 15,0 foizi‎
24001 so‘mdan 36000 so‘mgacha ‎ 3240 so‘m + 24000 so‘mdan ortiq pulning 20,0 foizi‎
36001 so‘m va undan yuqori‎ 5640 so‘m + 36000 so‘mdan ortiq pulning 30,0 foizi‎
2. Asosiy ish joylarida ishchi va xizmatchilardan, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan fuqarolar hamda fan, adabiyot va san’at xodimlaridan oladigan daromad soliqlarini hisoblab chiqarishda soliq solinadigan daromaddan soliqlarini hisoblab chiqarishda soliq solinadigan daromaddan ushbu Qonunning 4-moddasi 1-bandi “a”, “b” va “v” kichik bandlarida ko‘zda tutilgan tartibda soliq solinmaydigan ish haqining minimumi va boshqa daromadlar chiqarib tashlanadi.
3. Mualliflarning merosxo‘rlariga takroriy (bir necha bor) to‘langan mukofotdan soliq quyidagi miqdorlarda undiriladi:
Yillik daromad miqdori‎ Soliq miqdori‎
500 so‘mgacha‎ daromad miqdorining 60,0 foizi‎
501 so‘mdan 1000 so‘mgacha‎ 300 so‘m + 500 so‘mdan ortiq pulning 65,0 foizi‎
1001 so‘mdan 3000 so‘mgacha‎ 625 so‘m + 1000 so‘mdan ortiq pulning 70,0 foizi‎
3001 so‘mdan 6000 so‘mgacha‎ 2025 so‘m + 3000 so‘mdan ortiq pulning 75,0 foizi ‎
6001 so‘mdan 10000 so‘mgacha‎ 4275 so‘m + 6000 so‘mdan ortiq pulning 80,0 foizi‎
10001 so‘mdan 15000 so‘mgacha‎ 7275 so‘m + 10000 so‘mdan ortiq pulning 85,0 foizi‎
15001 so‘m va undan ortiq puldan ‎ 11725 so‘m + 15000 so‘mdan ortiq pulning 90 foizi‎
18 yoshga yetmagan merosxo‘rlar, 55 yoshdan oshgan ayol va 60 yoshdan oshgan erkak merosxo‘rlar uchun soliq miqdori 50 foiz kamaytiriladi”.
i) Qonunning 12-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12-modda. Fuqarolarning asosiy ish joyidagi mehnat haqi va boshqa daromadlaridan soliqni hisoblab chiqish va to‘lash tartibi
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan to‘lanadigan ish haqlaridan hamda pul va natura shaklidagi boshqa daromadlardan soliq ish haqi va daromadlarni to‘laydigan joyda oylik daromad bo‘yicha hisoblab chiqiladi va ushlab qolinadi. Oylik daromadlardan olinadigan soliqlarni hisoblab chiqish jadvali O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi. Yil tamom bo‘lganidan keyin tugagan yildagi mehnat haqining va to‘langan boshqa haqlarning umumiy summasiga qarab soliq qaytadan hisoblab chiqiladi.
Yil mobaynida ish joyida to‘langan mehnat haqi va boshqa daromadlardan ushlab qolingan summasi uzil-kesil hisob-kitob qilish paytida inobatga olinadi”;
k) 13-moddaning 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Asosiy ish (xizmat, o‘qish) joyidan boshqa yerda o‘rindoshlik bo‘yicha qilingan ish, pudrat shartnomasiga muvofiq bajarilgan bir gallik va boshqa ishlar uchun to‘lanadigan pulning jami miqdori va shu to‘lovlardan ushlab qolinadigan soliq miqdori haqida shu pulni to‘laydigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar kelgusi yilning 1-fevralidan kechiktirmay daromad oluvchining asosiy ish (xizmat,o‘qish) joyiga xabar qilishi lozim. Shunday ma’lumot olingach, asosiy ish (xizmat, o‘qish) joyidagi buxgalteriya o‘tgan yil uchun asosiy ish (xizmat, o‘qish) joyidan olgan va asosiy bo‘lmagan ish joyidan olgan umumiy ish haqining yig‘indisini hisobga olib, Ushbu Qonunning 8-moddasida ko‘zda tutilgan stavkalarga binoan soliqni qaytadan hisoblab chiqishi kerak.
Qayta hisob-kitob natijalariga ko‘ra fuqarodan qo‘shimcha hisoblab yozilgan soliq summasi undirib olinadi yoki ortiqcha ushlab qolingan pul unga qaytarib beriladi. Qo‘shimcha hisoblab chiqilgan soliqni undirib olish uch oy mobaynida amalga oshiriladi, ortiqcha ushlab qolingan soliq summasi esa ikki oy mobaynida qaytarib beriladi”;
l) 14-moddaning 1-bandi birinchi qismidagi va 3-bandi ikkinchi qismidagi “3” raqami “1” raqami bilan almashtirilsin;
m) 15-moddaning 1-bandidagi “bank” muassasalaridagi omonatlar bo‘yicha foiz va yutuq shaklida daromad oladigan fuqarolarga” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
n) 15-moddaning 4-bandidagi “2” raqami “1” raqami bilan almashtirilsin;
o) 15-moddaning 10-bandidagi ikkinchi jumla quyidagi tahrirda bayon etilsin: “Soliq mazkur Qonunning 8-moddasi 1-bandidagi stavkalar bo‘yicha ushlab qolinadi”;
p) 18-moddaning 2-bandidagi ikkinchi jumla quyidagicha tahrirda bayon etilsin:
“Soliq mazkur Qonunning 8-moddasi 1-bandidagi stavkalar bo‘yicha ushlab qolinadi”;
r) 22-moddasining birinchi qismidagi qavsda berilgan matn “ushbu Qonun 7-moddasining “a” bandida ko‘rsatilgan daromadlardan tashqari” degan tahrirda berilsin.
22-moddaning ikkinchi qismidagi “b”, “v”, “g”, “d” va “e” literlar chiqarib tashlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 14-iyun,
294-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 8-son, 191-modda)