Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 07.09.1999
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
OITS BILAN KASALLANIShNING OLDINI OLISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 19-avgustdagi 817-I-son “Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (oiv kasalligining) oldini olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 30-sentabrdagi 364-XII-son “O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi (asosiy qonuni)ga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan “O‘zbekiston SSR” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi” degan so‘zlar bilan almashtirilgan.
1-modda.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, O‘zbekiston Respublikasida yashayotgan yoki turgan boshqa ittifoqdosh respublikalar fuqarolarining, shuningdek ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning odamning orttirilgan immunitet tanqisligi virusi yuqqan-yuqmaganligini (OITS bilan kasallangan yoki kasallanmaganligini) aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan o‘tish, shu jumladan ismi-sharifini sir saqlagan holda o‘tish huquqi ta’minlanadi. Sog‘liqni saqlash idoralari va muassasalari tekshiriluvchi uchun ham, shuningdek tibbiyot xodimlari uchun ham bunday tekshiruvlarning xavfsizligini ta’minlashlari shart.
2-modda.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududida yashayotgan yoki turgan boshqa ittifoqdosh respublikalarning fuqarolari, shuningdek ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, mazkur shaxslarga odamning immunitet tanqisligi virusi yuqqan bo‘lishi mumkin deb yoki yuqqan deb taxmin qilish uchun tibbiy yoki huquqiy ruhdagi yetarli asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, sog‘liqni saqlash idoralari yoki muassasalarining qaroriga muvofiq tibbiy tekshiruvdan o‘tishlari shart.
Virus yuqqanligi aniqlangan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, boshqa ittifoqdosh respublikalarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar doimiy istiqomat joylarida profilaktika maqsadida kuzatib borilishi, ajnabiy fuqarolar esa O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda mamlakatdan chiqarib yuborilishi kerak.
Tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish hamda profilaktika maqsadida kuzatib borish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu Qonunning qoidalariga muvofiq belgilanadi hamda matbuotda e’lon qilinishi va tanishish uchun ochiq bo‘lishi kerak.
3-modda.
Sog‘liqni saqlash idoralari yoki muassasalari ma’lum bir shaxs xususida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish yoki uni profilaktika maqsadida kuzatib borish haqida qaror qabul qilgan bo‘lsalar, o‘sha shaxs yozma chaqiruvga binoan sog‘liqni saqlash idoralari yoki muassasalariga kelishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan yoki turgan boshqa ittifoqdosh respublikalarning fuqarolari, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tekshiruvdan o‘tish yoki profilaktika maqsadidagi kuzatish uchun uzrli sababsiz kelmaganlari taqdirda prokurorning ruxsati bilan sog‘liqni saqlash muassasalarining xodimlari tomonidan, zarur hollarda esa o‘zlari yashayotgan yoki turgan joydagi militsiya idoralari xodimlari tomonidan sog‘liqni saqlash muassasalariga keltiriladilar.
Tekshiriluvchi kishi sog‘liqni saqlash idoralari yoki muassasalarining qaroriga rozi bo‘lmagan taqdirda u yuqori turuvchi sog‘liqni saqlash idorasiga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.
O‘ziga odamning orttirilgan immunitet tanqisligi virusi yuqtirilganligini (OITS bilan kasallanganligini) biladigan hamda profilaktika maqsadidagi kuzatuvdan va davolanishdan ataylab bo‘yin tovlab yurgan shaxslar jinoiy javobgar bo‘ladilar.
4-modda.
Ushbu Qonunda belgilab qo‘yiladigan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan shaxslarning odamning orttirilgan immunitet tanqisligi virusi yuqtirilganligi (OITS bilan kasallanganligi) haqida ma’lumot olingan taqdirda bunday shaxslar sog‘liqni saqlash idoralari va muassasalari tomonidan ushbu kasallik tarqalishining oldini olish choralariga rioya qilish zarurligi, hamda ataylab boshqa shaxsni virus yuqtirish xavfi ostiga qo‘yganlik va virusni yuqtirganlik uchun jinoiy javobgar bo‘lishlari haqida yozma ravishda ogohlantiriladilar.
O‘zida OITS kasalligi mavjudligini bilgan shaxsning boshqa shaxsni ataylab shu kasallik virusini yuqtirish xavfi ostiga qo‘yishi yoki uni yuqtirishi jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
5-modda.
Ajnabiy fuqarolar OITS bor-yo‘qligini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tishdan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar esa kasallikni yuqtirganligi yoki kasallik mavjudligi tufayli profilaktika maqsadidagi kuzatuvdan bo‘yin tovlaganlari taqdirda “SSSR dagi ajnabiy fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi 1981-yil 24-iyunda qabul qilingan SSSR Qonunining 31-moddasi birinchi qismi 2-bandiga muvofiq SSSRdan chiqarilib yuborilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi hududida diplomatiya imtiyozlari hamda daxlsizlikdan foydalanuvchi chet el diplomatiya vakolatxonalari va konsullik muassasalarining diplomatiya xodimlari hamda boshqa shaxslar faqatgina o‘z roziliklari bilan odamning orttirilgan immunitet tanqisligi virusi yuqqan-yuqmaganligini (OITS bilan kasallanganligi yoki kasallanmaganligini) aniqlash maqsadida tekshiruvdan o‘tkazilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday shaxslarga tibbiy tekshiruvdan o‘tishni taklif qilishdan avval bunday taklif xususida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishib oladi.
6-modda.
Odamning orttirlgan immunitet tanqisligi virusi yuqqan-yuqmaganligini (OITS bilan kasallanganligi yoki kasallanmaganligini) aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar va uning natijalari tibbiy sir hisoblanadi.
Bunday ma’lumotlarni berish va ulardan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish hamda profilaktika maqsadida kuzatish qoidalari bilan belgilanadi.
Bu ma’lumotlarni oshkor qilishda aybdor bo‘lgan tibbiyot xodimlari va boshqa shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi.
7-modda.
O‘z kasbiy vazifalarini yaxshi bajarmaganligi oqibatida shaxsga odamning orttirilgan immunitet tanqisligi virusi yuqishiga (OITS bilan kasallanishga) sabab bo‘lganligi uchun tibbiyot va dorishunoslik xodimlari, shuningdek xizmat ko‘rsatish sohasining tibbiy va kosmetik ishlarni amalga oshiruvchi mutaxassislari jinoiy javobgarlikka tortiladi.
8-modda.
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, boshqa ittifoqdosh respublikalarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar odamning orttirilgan immunitet tanqisligi virusini yuqtirganlari (OITS bilan kasallanganlari) taqdirda tibbiy va ijtimoiy yordam olish huquqiga egadirlar.
Ularning davolash joyiga bepul borishi va u yerdan bepul qaytishi ta’minlanadi, shuningdek ularga ambulatoriya sharoitida davolanish uchun bepul dorilar beriladi. Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolalar bilan kasalxonalarda birga bo‘lish huquqiga ega bo‘lib, davolanish muddatida ishdan ozod etiladilar va bu vaqt uchun ularga ish joyidan mehnat qilish qobiliyatini vaqtincha yo‘qotganlik nafaqasi to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida odamning orttirilgan immunitet tanqisligi virusini yuqtirgan yoki OITS bilan kasallangan shaxslar uchun boshqa imtiyozlar ham belgilanishi mumkin.
Faqat virus tashuvchilar bo‘lganliklari yoki OITS bilan kasallanganliklariga asoslanib, shaxslarning (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi tasdiqlagan ixtisoslar ro‘yxatidan tashqari) ishdan bo‘shatilishiga yoki ularni ishga qabul qilishdan bosh tortishga, davolash va o‘quv muassasalariga qabul qilishdan bosh tortishga, bolalarni maktabgacha tarbiya muassasalariga qabul qilishdan bosh tortishga, shuningdek ularning boshqa huquqlarini kamsitishga va qonuniy manfaatlarini cheklashga, shuningdek kasallik yuqtirgan kishining qarindosh-urug‘lari va yor-birodarlarining uy-joylari va boshqa huquq hamda qonuniy manfaatlari kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
9-modda.
Tibbiy muolaja natijasida kasallik yuqqan O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, boshqa ittifoqdosh jumhuriyatlarning fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilgan tartibda pensiya ta’minoti belgilanadi.
10-modda.
Tibbiyot va dorishunoslik xodimlariga, xizmat vazifasi bajarish chog‘ida odamning orttirilgan immunitet tanqisligi virus yuqishi kasb kasalliklari jumlasiga kiradi.
11-modda.
OITS bilan kasallangan bemorlarni va odamning orttirilgan immunitet tanqisligi virusini yuqtirgan shaxslar kasalligini aniqlashni, davolashni va ularga bevosita xizmat qilishni ta’minlaydigan tibbiy xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilgan imtiyozlar beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(12-modda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil 27-dekabrdagi 371-I-son qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 69-modda)
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 14-iyun,
298-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 8-son, 196-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 121-modda; 1997-y., 2-son, 69-modda)