|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.1998
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“KORXONALAR, BIRLAShMALAR VA TAShKILOTLARDAN OLINADIGAN SOLIQLAR TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNIGA OʻZGARTIShLAR VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 24-apreldagi 397-I-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida soliq tizimini takomillashtirish zarurligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
I. “Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga quyidagi oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilsin:
1. Muqaddimaning yettinchi va sakkizinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Qonunga muvofiq daromad keltiradigan tadbirkorlik faoliyati va oʻzga faoliyat bilan shugʻullanuvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasining hududida quyidagi soliqlarni toʻlaydilar:
korxonalar daromadiga solinadigan soliq;
qoʻshilgan qiymat uchun soliq;
aksiz soligʻi;
korxonalarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
respublikadan tashqariga olib chiqib ketilayotgan xomashyo resurslari va mahsulotlarga solinadigan soliq;
eksport-import soligʻi
jamoa xoʻjaligi aʼzolarining mehnatiga haq toʻlash fondiga solinadigan soliq;
Soliq toʻlovlarining summasi Oʻzbekiston Respublikasi budjetiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar, Toshkent shahri budjetlariga va boshqa mahalliy budjetlarga har yili kelasi moliyaviy yil uchun budjet tasdiqlanayotganida belgilanadigan normativlar boʻyicha oʻtkaziladi”.
2. I bob quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“I BOB. KORXONALAR DAROMADIGA SOLINADIGAN SOLIQ
1-modda. Soliq toʻlovchilar
Quyidagilar soliq toʻlovchilar hisoblanadi:
yuridik shaxs boʻlgan (2-moddada sanab oʻtilganlardan tashqari) mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar, shuningdek yuridik shaxs boʻlmagan, lekin mustaqil balansiga hamda bank muassasalarida hisob-kitob schyotiga ega boʻlgan korxonalar, birlashmalar, tashkilotlarning filiallari, vakolatxonalari va boshqa mustaqil boʻlinmalari;
xoʻjalik hisobida boʻlmagan, lekin xoʻjalik (tijorat) faoliyatidan daromad oladigan tashkilotlar;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan chet el investitsiyasi ishtirokidagi hamda xoʻjalik hisobi asosida xoʻjalik (tijorat) faoliyatini amalga oshirayotgan korxonalar, ularning shuʼbalari va filiallari, xalqaro birlashmalar, oʻzga davlatlar hududida joylashgan korxonalarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi filiallari va shuʼbalari;
xoʻjalik (tijorat) faoliyatini amalga oshirayotgan hukumat tasarrufida boʻlmagan xalqaro tashkilotlar (birlashmalar);
banklar, sugʻurta idoralari.
Ushbu moddada koʻrsatilgan soliq toʻlovchilar bundan buyon “korxonalar” deb ataladi.
2-modda. Toʻlovchilarning alohida toifalari
Jamoa xoʻjaliklari, shoʻro xoʻjaliklari, dehqon (fermer) xoʻjaliklari va oʻzga qishloq xoʻjaligi korxonalari faqat qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan faoliyatdan kelgan daromadlari boʻyicha, qishloq xoʻjaligiga oid boʻlgan faoliyatning esa toʻlovchining oʻz tasarrufidagi yer bilan taʼminlanmagan qismi boʻyicha olingan daromadlar yuzasidan daromad soligʻi toʻlovchi hisoblanadilar. Toʻlovchilarning alohida toifalari har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan budjetni tasdiqlash chogʻida qayta koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.
3-modda. Soliq solish obyekti
1. Korxonaning hisobot davridagi yalpi daromadi soliq solish obyekti boʻladi.
Soliq solish maqsadlarida korxonaning hisoblab chiqilgan yalpi daromadi mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)ni oʻzga moddiy boyliklarni realizatsiya qilishdan kelgan tushum summasidan hamda realizatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlmagan operatsiyalarning natijasidan iborat boʻladi.
2. Ushbu Qonunda mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan kelgan tushum deganda ortib joʻnatilgan mahsulot va bajarilgan ish hamda koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlangan schyotlar boʻyicha summa, shuningdek realizatsiya qilingan mahsulot uchun haq sifatida soliq solinadigan davr tugagunga qadar korxonalarning bankdagi schyotlariga, kassalariga amalda tushgan pul mablagʻlari va boshqa tushumlar tushuniladi, basharti maxsus normativ hujjatlarda oʻzgacha tartib koʻzda tutilmagan boʻlsa.
3. Xarid mollari bilan savdo qiluvchi korxonalar uchun soliq solish maqsadlarida realizatsiya (tushum)dan olinadigan daromadlar deganda realizatsiya qilingan tovarlarning sotib olingan va sotilgan qiymati oʻrtasidagi farq tushuniladi.
4. Vositachilik faoliyatidan (komission mukofot sifatida) daromad olayotgan korxonalar uchun soliq undirish maqsadlarida realizatsiyadan olinadigan daromadlar deganda soliq olinadigan davrda amalga oshirilgan barcha bitimlar yuzasidan olingan komission mukofotlar (foizlar) summasi tushuniladi.
5. Realizatsiyaga oid boʻlmagan operatsiyalarning natijalari deganda mulkni ijaraga topshirishdan kelgan tushumlar, olingan jarimalar va neustoykalar, obligatsiyalardan olingan daromadlar, berilgan ssudalar boʻyicha olingan foizlar va daromadlarga kiruvchi boshqa tushumlar tushuniladi.
Soliq solish maqsadlarida hisoblab chiqiladigan realizatsiyaga oid boʻlmagan operatsiyalarning natijalariga aksiyalardan olingan dividendlar va oʻzga korxonalarning ustav fondlariga kiritilgan kapitaldan olingan daromadlar kirmaydi.
6. Ham bevosita ayirboshlash orqali, ham mahsulotni tannarxidan arzonroq bahoda berish orqali tovar ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshiruvchi korxonalar uchun realizatsiya qilishdan olingan daromad deganda bitimning summasi tushuniladi, bu summa xuddi shunday mahsulotni realizatsiya qilishda bitimni amalga oshirish tariqasida qoʻllanilgan bahodan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Bunda qatʼiy belgilangan narxlar va tariflar boʻyicha ishlayotgan korxonalar uchun hisob-kitob bahosi deganda qatʼiy belgilangan narx tushuniladi, boshqa har qanday narxlar va tariflar boʻyicha ishlayotgan korxonalar uchun esa — davlat statistika idoralari tomonidan birjalardagi bitimlar hajmi boʻyicha taxminan hisoblab chiqilgan oʻrtacha birja narxi tushuniladi.
7. Umumiy vazifalarni hal etish uchun jamlangan badallar, ulushlar va oʻzga aniq maqsadga qaratilgan moliyaviy mablagʻlar ana shu umumiy vazifalarni hal etish uchun maxsus tuzilgan yuridik shaxslarning daromadlariga kirmaydi va ular soliq solish obyekti boʻlishi mumkin emas. Ushbu yuridik shaxs tijoratdan yoki jamlangan mablagʻni oʻzgacha tarzda ishlatishdan olgan daromad soliq solish obyekti hisoblanadi.
4-modda. Soliq solish bazasini hisoblab chiqish
Ushbu Qonunga muvofiq soliq toʻlovchi deb hisoblangan korxonalarga soliq solish maqsadlarida moddiy va unga tenglashtirilgan oʻzga harajatlar, shuningdek majburiy toʻlovlar, chunonchi:
qoʻshilgan qiymatga solinadigan soliq, aksizlar, respublikadan tashqariga olib chiqib ketiladigan xomashyo resurslari va mahsulotlarga solinadigan soliqlar, jamoa xoʻjaligi aʼzolarining mehnatiga haq toʻlash fondiga solinadigan soliq, yer soligʻi tarzida budjet toʻloviga qoʻshiladigan summalar, umumiy foydalanishdagi yoʻllarni saqlab turish, taʼmirlash va qurish uchun ajratmalar;
Oʻzbekiston Respublikasi Pensiya fondiga, Oʻzbekiston Respublikasi Aholini ish bilan taʼminlash fondiga, Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy sugʻurta fondiga ajratiladigan summalar, majburiy sugʻurta toʻlovlari summalari, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadigan boshqa majburiy toʻlovlar;
muddati uzaytirilgan va muddati kechiktirilgan ssudalar boʻyicha foizlar summasidan tashqari bank kreditlari uchun toʻlanadigan foizlar summasi;
belgilangan tartibdagi renta toʻlovlari summasi;
soliq toʻlash davrida hisoblab chiqilgan va realizatsiya qilingan mahsulot tannarxining kalkulyatsiyasida hisobga olingan asosiy ishlab chiqarish fondlarini toʻliq tiklash uchun sarflanadigan amortizatsiya ajratmalarining summasi. Bunda ishlab chiqarishni toʻliq tiklash uchun amortizatsiya ajratmalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan normalarga muvofiq amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyasi ishtirokida tashkil etilgan korxonalar, bunday korxonalarning boshqa mamlakatlar yoki respublikalarning hududida Oʻzbekiston Respublikasi korxonalari ishtirokida tashkil etilgan shuʼba korxonalari va filiallari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan chet el korxonalari, basharti, xalqaro va respublikalararo shartnomalar hamda amaldagi qonunlarda oʻzga qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, asosiy ishlab chiqarish fondlarini toʻliq tiklash uchun amortizatsiya ajratmalarini respublika korxonalari uchun belgilangan normalar boʻyicha va tartibda ajratadilar;
ijara toʻlovi (moliya lizingi boʻyicha hisob-kitob). Bunda asosiy fondlarning hammasini yoki muayyan qismini ijaraga olgan, shu jumladan bu fondlarni mulkdordan sotib olish huquqi bilan ijaraga olgan yoki moliya lizingidan foydalanadigan korxonalar ijaraga olingan asosiy fondlarni toʻla tiklash uchun amortizatsiya ajratmalarini ijara haqiga (moliyaviy lizing boʻyicha hisob-kitoblarga) qoʻshadilar;
buyum-natura shaklida boʻlmay, ammo korxonaga daromad keltiruvchi yoki daromad olish uchun sharoit yaratuvchi sotib olinadigan nomoddiy aktivlarning summasi. Nomoddiy aktivlarning tarkibiga: sotib olinadigan patentlar, mualliflik huquqlari, litsenziyalar, “nou-xau”, dasturlarni taʼminlash, oʻz patentlari va savdo markasidan foydalanish qiymati qoʻshiladi. “Nomoddiy aktivlar” moddasi boʻyicha qilinadigan xarajatlarni amortizatsiya ajratmalari singari yalpi daromaddan chiqarib tashlashga ruxsat etiladi. Chiqarib tashlash tartibi toʻlovchi tomonidan belgilanadi. Bunda amortizatsiya muddati besh yildan oshmasligi kerak;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq nomoddiy aktivlarga boʻlgan huquqlardan foydalanish bilan bogʻliq barcha turdagi toʻlovlar;
mahsulotlar sertifikatsiyasi, maslahatlar berish, axborot va auditor xizmatlari koʻrsatish boʻyicha ishlarga haq toʻlashga ketadigan xarajatlar summasi;
yongʻindan saqlash va qorovullik xizmati uchun chet korxonalarga toʻlanadigan haq;
aloqa xizmati va hisoblash markazlari xizmatlari uchun haq toʻlashga ketgan xarajatlar summasi;
amaldagi qonunlarga muvofiq xizmat safarlariga ketgan xarajatlar summasi;
amaldagi normalarga muvofiq vakillik qilish maqsadlariga sarflangan summalar;
reklama uchun ketgan xarajatlar summasi;
korxona soliq solish davri tugashi kuniga qadar amalga oshirgan boʻlib, realizatsiya qilingan mahsulotlar (xizmatlar) qiymatiga kiritilgan moddiy xarajatlar chiqarib tashlangan holda korxonaning yalpi daromadi soliq solish bazasi sifatida belgilanadi.
Ushbu moddaning 9, 10, 11 va 14-qismlarida koʻrsatib oʻtilgan xarajatlar xizmatlar uchun belgilangan amaldagi norma va tariflardan oshmaydigan miqdorda soliq solish bazasini (yalpi daromaddan) chiqarib tashlanadi.
Banklarning soliq solish bazasi yuqorida sanab oʻtilgan xarajatlar va majburiy toʻlovlardan tashqari xarajatlar hamda ajratmalarning quyidagi summalariga, chunonchi:
Respublika Davlat bankidan vaqtincha foydalanish uchun olingan kredit resurslari uchun toʻlovlar summasiga;
korxonalarning depozitlari va aholining omonatlari boʻyicha toʻlanadigan foizlarga;
banklarning rezerv va sugʻurta fondlariga bank ustav fondining 25 foiziga etguncha qilinadigan banklar daromadlarining 20 foizidan iborat boʻlgan ajratmalar miqdoriga kamaytiriladi. Omonat banki uchun rezerv fondiga ajratma normativi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat banki tomonidan belgilanadi.
Sugʻurta tashkilotlarining soliq solish bazasi ushbu moddada sanab oʻtilgan xarajatlar va majburiy toʻlovlardan tashqari xarajatlar va ajratmalarning kuyidagi summalariga, chunonchi:
1) qayta sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha berilgan toʻlovlar summasiga;
hisobot yilining oxiriga kelib amal qilishi toʻxtamagan sugʻurta va qayta sugʻurta shartnomalari boʻyicha toʻlovlar summasiga;
sugʻurta va qayta sugʻurta qilish majburiyatlari boʻyicha amalga oshirilgan va ustama qoʻyib hisoblab chiqilgan summalarga;
oʻtgan yillarda yuz bergan hodisalar yuzasidan oxiriga yetkazilmagan sugʻurta toʻlovlarining summalarini, shu jumladan daʼvo muddati doirasidagi majburiyatlarga;
sugʻurta toʻlash hollari roʻy berganu, biroq koʻrilgan ziyon miqdorlari taqdim etilmagan shartnomalar boʻyicha sugʻurta summasini oʻz ichiga oladigan sugʻurta va qayta sugʻurta qilish operatsiyalari boʻyicha xarajatlar summalariga;
2) sugʻurta va rezerv fondlariga ajratmalar summasiga;
Sugʻurta va rezerv fondlariga ajratmalar daromad summasidan foizlar tarzida amalga oshiriladi. Ajratmalar foizi sugʻurta tashkiloti tomonidan sugʻurtaning har bir turi uchun tuzilgan sugʻurta shartnomalarining miqdori va amal qilish muddatiga, sugʻurta majburiyatlarining hajmiga sugʻurta ishlaridagi tavakkalchilikning xarakteriga, avval amal qilgan shartnomalar boʻyicha amalga oshirilgan toʻlovlarning miqdoriga hamda sugʻurtaning muayyan turidagi va umuman sugʻurta tashkiloti faoliyatida yuzaga keladigan oʻzga alohidaliklarga asoslanib, mavjud litsenziyalarga muvofiq holda belgilanadigan normativlarning jamlamasi boʻyicha aniqlanadi.
Bunda sugʻurta tashkilotining sugʻurta va rezerv fondlariga ajratmalar miqdori sugʻurta tashkiloti ustav fondining 25 foiziga etgunicha sugʻurta tashkilotlari daromadlarining 20 foizidan koʻp boʻlmasligi kerak;
3) sugʻurta tashkiloti sugʻurta toʻlashga sabab boʻladigan hodisalar yuz berishining oldini olish va bu toʻgʻrida ogohlantirish chora-tadbirlariga (ehtiyot choralariga) sarflaydigan mablagʻlar summasiga kamaytiriladi.
5-modda. Moddiy xarajatlar
1. Soliq solish bazasini hisoblab chiqish chogʻida korxonaning moddiy xarajatlariga (ishlab chiqarishning qaysi bosqichida qilinishidan qatʼi nazar) toʻlangan va realizatsiya qilingan mahsulot tannarxining kalkulyatsiyasida hisobga olingan quyidagi xarajatlar kiradi, chunonchi:
chetdan sotib olinadigan hamda mazkur korxonada ishlov beriladigan, qayta ishlanadigan xomashyo va materiallarga qayta sotish maqsadida sotib olinadigan xomashyo va materiallardan tashqari ketadigan xarajatlar;
korxonaning ishlab chiqarish va xoʻjalik extiyojlari uchun foydalaniladigan materiallar sotib olishga ketadigan xarajatlar;
asosiy fondlarga kirmaydigan asboblar, moslamalar, inventarlar, uskunalar, korjomalar hamda realizatsiya qilingan mahsulot tannarxiga kiritiladigan narxi past hamda tez eyiladigan boshqa ashyolarning eskirishiga ketadigan xarajatlar;
sotib olinib korxonada montaj qilinishi va qoʻshimcha ravishda ishlov berilishi lozim boʻlgan komplektlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlarga qilinadigan xarajatlar;
chet korxonalar yoki korxonaning oʻz mustaqil balansiga ega boʻlgan boʻlinmasi tomonidan bajariladigan ishlab chiqarish xarakteridagi ishlar va xizmatlarga ketadigan xarajatlar. Oʻz mustaqil balansiga ega boʻlgan boʻlinma bajaradigan ishlar va koʻrsatadigan xizmatlar uchun toʻlanadigan haq ana shunday boʻlinmaning daromadlari tarkibiga qoʻshiladi;
texnologiya maqsadlariga, boshqa turdagi energiya hosil qilish, isitish, oʻz transporti uchun foydalanish maqsadida sarflanadigan barcha turdagi yoqilgʻini chetdan sotib olishga ketadigan harajatlar;
korxonaning ishlab chiqarish va xoʻjalik extiyojlariga sarflanadigan barcha turdagi energiyani sotib olishga, shu jumladan bu energiyani xoʻjalik ichida transformatsiyalash va uzatishga ketadigan harajatlar;
geologiya-razvedka va geologiya qidiruv ishlari;
asosiy ishlab chiqarish fondlarini taʼmirlashning barcha turlarini (joriy, oʻrtacha, tubdan taʼmirlash) oʻtkazish xarajatlari;
erlarni rekultivatsiyalash, shu jumladan chet tashkilotlar tomonidan bajariladigan rekultivatsiya ishlari;
tabiiy xomashyodan foydalanish, ildizi bilan sotiladigan daraxtlar uchun belgilangan limitlar doirasida suv xoʻjaligi tizimidan olinadigan suv uchun toʻlanadigan haq. Bunda tabiiy resurslar uchun boshqa turdagi toʻlovlar, shu jumladan ijara shaklidagi toʻlovlar va jarimalar korxonalarda qoladigan daromad hisobidan amalga oshiriladi;
sotib olinayotgan resurslarning narxiga kiritilmagan idishlar va oʻrash materiallarining qiymati;
mol yetkazib beruvchining kuchi bilan mollarni tashish, yetkazib berish va saqlashga qilinadigan xarajatlar. (Basharti, mollarni tashish, yetkazib berish, shu jumladan ortish-tushirish ishlari, saqlash uchinchi tashkilotlar yoxud pul toʻlovchining oʻz kuchi bilan amalga oshirilsa, molning narxiga qoʻshilmaydi, biroq ishlab chiqarish xarajatlarining tegishli moddalariga kiritiladi).
2. Moddiy resurslarga qilinadigan, mahsulotlarning tannarxiga qoʻshiladigan xarajatlardan qayta tiklanadigan chiqitlarning qiymati chiqarib tashlanadi.
3. Moddiy xarajatlarning kalkulyatsiya qilish paytida tannarxga qoʻshiladigan barcha qolgan moddalari soliq solish bazasini hisoblab chiqish chogʻida korxona yalpi daromadidan chiqarib tashlanmasligi kerak.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi moddiy xarajatlar va ularga tenglashtirilgan xarajatlar roʻyxatiga aholini ijtimoiy muhofaza qilish bilan bogʻliq aniqliklarni kiritishga haqli.
6-modda. Soliq stavkalari
4-moddaga muvofiq hisoblab chiqilgan soliq solish bazasiga quyidagi tarzda soliq solinadi:
1) mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalarning daromadlariga, ushbu moddaning 2, 3, 4 va 5-bandlarida sanab oʻtilganlaridan tashqari, 18 foiz stavka boʻyicha soliq solinadi.
Xalq xoʻjaligining ayrim tarmoqlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan eng kamida 12 foizgacha pasaytirilgan stavkalar va koʻpi bilan 30 foizgacha oshirilgan stavkalar belgilanishi mumkin;
2) banklar, ularning filiallari va vakolatxonalari, davlat tasarrufida boʻlmagan tijorat sugʻurta tashkilotlarining daromadlariga 30 foizgacha stavka boʻyicha soliq belgilanadi. Bank va sugʻurta idoralariga soliq solishning oʻziga xos jihatlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
3) videosalonlar (video koʻrsatuvlar), kim oshdi savdolari, kazinolar, pul yutugʻi chiqadigan oʻyin avtomatlari, davlatga qarashli boʻlmagan idoralar oʻtkazadigan lotereya oʻyinlaridan va ommaviy konsert-tomosha tadbirlari oʻtkazishdan olinadigan daromadlarga 60 foiz stavka boʻyicha soliq solinadi;
4) chet el kapitalining ulushi ustav fondining 30 foizidan kamni tashkil etgan qoʻshma korxonalarning daromadlariga ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq ustav fondida chet el kapitalining ulushi 30 foizdan koʻp boʻlgan korxonalarning, shuningdek chet el korxonalarining, ular filiallarining, vakolatxonalarining va shuʼba korxonalarining daromadlariga esa 10 foiz stavka boʻyicha soliq solinadi;
Ustav fondida chet el kapitali boʻlgan qoʻshma korxonalar xorijiy qatnashchilarining daromadlari chet elga oʻtkazilayotganda, basharti, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida oʻzga tartib belgilanmagan boʻlsa, ularga 15 foiz hajmda soliq solinishi kerak.
Daromadlar chet elga oʻtkazilayotganda soliq toʻlovining summasi oʻtkazilayotgan daromad valyutasida toʻlanadi;
5) ajnabiy yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatga bogʻliq boʻlmagan daromadlar olganlarida dividendlardan, foizlardan, mualliflik huquqlari va litsenziyalardan, fraxtdan, ijara toʻlovlaridan hamda manbai Oʻzbekiston Respublikasida boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan oʻzga daromadlardan, basharti, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida oʻzga tartib belgilanmagan boʻlsa, doimiy vakolatxonalar orqali daromadning 20 foizi (fraxtdan olingan daromaddan tashqari) miqdoridagi stavka boʻyicha soliq toʻlaydilar;
6) xalqaro tashish ishlarini amalga oshirganligi uchun ajnabiy yuridik shaxslarga toʻlanadigan fraxt daromadi summasiga 6 foiz stavka boʻyicha soliq solinadi;
7) korxonaning aksiyalar boʻyicha olingan dividendlardan tushadigan daromadiga xamda oʻzga korxonalarning ustav fondiga kiritgan kapitaldan olgan boshqa daromadlariga 15 foiz stavka boʻyicha soliq solinadi.
7-modda. Soliq stavkalarini oʻzgartirish
Soliq stavkalarining miqdori, shuningdek soliq imtiyozlarining tarkibi va bu imtiyozlarni berish tartibiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi kelgusi moliyaviy yil uchun budjet tasdiqlanayotganida aniqlik kiritishi mumkin.
8-modda. Soliq toʻlovlarini budjetga oʻtkazish
Soliq toʻlovlarining summasi har yili qonuniy tartibda belgilanadigan normativlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining budjetiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasining budjetiga, viloyatlar, Toshkent shahri va boshqa mahalliy budjetlarga oʻtkaziladi.
3. Qonunning II bobi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“II BOB. KORXONALAR DAROMADLARIGA SOLINADIGAN SOLIQLAR BOʻYIChA IMTIYoZLAR
9-modda. Soliqdan ozod etish
Quyidagi korxonalar daromad soligʻi toʻlashdan ozod etiladilar:
a) asosiy xodimlarining umumiy sonida:
— nogironlar kamida 50 foiz boʻlgan;
— oʻrta maktab oʻquvchilari va hunar-texnika bilim yurtining talabalari kamida 75 foiz boʻlgan korxonalar;
b) protez-ortopediya buyumlari ishlab chiqarishga, nogironlarga protez tayyorlab berishga ixtisoslashgan korxonalar;
v) tarix va madaniyat yodgorliklarini taʼmirlash va tiklash ishlarini amalga oshirishdan daromad oladigan korxonalar;
g) davolash muassasalari huzuridagi davolash-ishlab chiqarish ustaxonalari;
d) belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan nogironlarning jamoat tashkilotlari, ularga qarashli muassasalar, oʻquv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari;
e) Qizil Yarim oy jamiyati, Urush va mehnat faxriylari jamiyati, Afgʻoniston faxriylarining ittifoqi, “Orol”, Ulugʻbek, Navoiy, Oybek, Qodiriy nomidagi jamgʻarmalar, rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalarga yordam jamgʻarmasi, Xalq diplomatiyasi bosh missiyasi jamgʻarmasi, Oʻzbekiston madaniyati uyushmasi, Baynalmilalchi jangchilar uyushmasi hamda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan boshqa hayriya jamgʻarmalari va uyushmalari va ularning boʻlinmalari hamda yoshlar jamgʻarmalari oʻz ustav faoliyatlarini amalga oshirishga qaratiladigan daromadlari boʻyicha;
j) oliy, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, oʻrta va hunar-texnika bilim yurtlari huzurida yoshlar, kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan tuzilgan korxonalarning talabalar va oʻquvchilar ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilashga qaratiladigan daromadlari;
z) dehqon bozorlarining qurilishga va oʻz moddiy-texnika bazasini kengaytirishga, oʻziga qarashli mehmonxonalarni rivojlantirishga, obodonlashtirishga, bozorlarni ishlatish xarajatlarini qoplashga qaratiladigan daromadlari;
i) shahar passajir transportining daromadlari (taksidan tashqari);
k) matbuot tarqatish boʻyicha aholiga xizmat koʻrsatishdan keladigan daromadlar;
l) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash va saqlash ishlaridan olingan daromadlar;
m) urush va mehnat veteranlari kengashlari huzurida tuzilgan urush va mehnat veteranlarining korxonalari, birlashmalari va tashkilotlari, basharti, ularda ishlayotganlarning kamida 50 foizini pensiya yoshiga etganlar (pensionerlar) tashkil etsa.
10-modda. Yangi tuzilgan korxonalar uchun imtiyozlar
Yangi tuzilgan korxonalar ishga tushgan (roʻyxatdan oʻtgan) paytdan boshlab birinchi yili belgilangan stavkaning 25 foizi va ikkinchi yili 50 foizi miqdorida soliq toʻlaydilar.
Ushbu imtiyoz avval amal qilib turgan korxonalar, ularning filiallari va tarmoq boʻlinmalari asosida tuzilgan korxonalar uchun, shuningdek korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar huzurida tuzilgan boʻlib, ulardan ijaraga olingan uskunalar yordamida ishlayotgan korxonalarga taalluqli emas.
Korxona faoliyati uch yillik muddat oʻtmay turib toʻxtatilgan taqdirda soliq summasi uning butun faoliyat davri uchun toʻla miqdorda hisoblanadi.
11-modda. Soliqdan vaqtincha ozod etish
Quyidagilar:
1) patent egasi boʻlgan korxona shu korxonadagi ixtironi qoʻllashdan oladigan daromadlariga va valyuta tushumlariga — patent amalda boʻlgan davrda ixtiro qoʻllana boshlagan kundan eʼtiboran ikki yil davomida;
2) xorijiy qatnashchining ustav fondidagi ulushi 30 foizdan ortiq boʻlgan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtirish va qayta ishlab chiqarishga (uzum vinolari va meva-rezavor vinolar, mast qiluvchi ichimliklar tayyorlashdan tashqari); Xalq isteʼmoli mollari va binokorlik materiallari ishlab chiqarishga; tibbiyot uskunalar, qishloq xoʻjaligi, yengil va oziq-ovqat sanoati uchun mashinalar va uskunalar ishlab chiqarishga; ikkilamchi xomashyoni va roʻzgʻor chiqindilarini tayyorlash, qayta ishlashga ixtisoslashgan qoʻshma korxonalar, ularning filiallari va shuʼbalari roʻyxatdan oʻtgan paytdan boshlab ikki yil davomida soliq solishdan ozod etiladilar.
Soliq toʻlashdan ozod etilgan qoʻshma korxona uch yillik muddat oʻtmay turib tugatilgan taqdirda soliq summasi uning butun faoliyat davri uchun toʻla miqdorda undiriladi;
3) dehqon (fermer) xoʻjaliklari va xususiy korxonalar qishloq xoʻjalik mahsulotlarini etishtirish hamda qayta ishlash, Xalq isteʼmoli mollari chiqarish va binokorlik materiallari ishlab chiqarish boʻyicha — roʻyxatdan oʻtgan paytdan boshlab dastlabki ikki yil davomida soliq solishdan ozod qilinadi.
12-modda. Soliq solish bazasining kamaytirilishi
Soliq solish bazasi kuyidagi summaga kamaytiriladi:
korxonalar balansida turuvchi sogʻliqni saqlash obyektlari, qariyalar va nogironlar uylari, maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari, bolalarning dam olish lagerlari, madaniyat va sport obyektlari, Xalq taʼlimi muassasalari va uy-joy fondini saqlash boʻyicha mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari tomonidan tasdiqlangan normativlarga muvofiq qilingan xarajatlar summasiga, shuningdek korxonalarning sanab oʻtilgan muassasalarni saqlashda ulushbay asosida ishtirok etganida qilgan xarajatlari summasiga;
oziq-ovqat, binokorlik materiallari, Xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish uchun investitsiyaga, shuningdek investitsiyani amalga oshirish maqsadida olingan kreditlarni toʻlash uchun qilingan xarajatlarning 30 foiziga.
qayd etib oʻtilgan imtiyoz investitsiyani amalga oshirish uchun oʻzlaridagi mavjud amortizatsiya ajratmalarini butunlay ishlatib boʻlgan korxonalarga beriladi;
aloqa korxonalariga kapital mablagʻ sarflarining korxonalar tasarrufida qoldiriladigan daromadlar qoplamaydigan miqdorini pul bilan taʼminlash uchun berilgan kreditni toʻlash maqsadida foydalanilgan daromad summasiga;
tabiatni qoʻriqlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarishga, yangi texnologiyalar va mahsulot turlarini oʻzlashtirishga qilinayotgan xarajatlarning 30 foiziga;
korxonalar avvalgi yilning tegishli davriga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlari, xalq isteʼmoli buyumlari, bolalar buyumlari, bolalar uchun oziq-ovqat va dori-darmonlar ishlab chiqarish fizik hajmlarini oshirganligi hisobiga olgan daromadning 20 foiziga;
madaniyat, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy taʼminot, jismoniy tarbiya va sport korxonalari, muassasalari va tashkilotlari uchun ekologiya, sogʻlomlashtirish va oʻzga hayriya jamgʻarmalariga (basharti, ular roʻyxatdan oʻtgan yuridik shaxslar boʻlsa) kiritgan badallar summasiga, lekin soliq solinadigan daromadning koʻpi bilan 1 foiziga;
belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan diniy va jamoat tashkilotlari hamda birlashmalarining (kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar va harakatlardan tashqari), ijodiy uyushmalar, hayriya jamgʻarmalarining ana shu tashkilotlar, jamiyatlar, birlashmalar, uyushmalar va jamgʻarmalar ustav faoliyatini amalga oshirishga qaratiladigan daromadlaridan qilinadigan ajratmalar summasiga;
Oʻzbekiston Respublikasi Grajdan mudofaasining avariyalar, falokatlar va tabiiy ofatlar chogʻida qutqarish ishlarini olib borish bilan bogʻliq boʻlgan ixtisoslashgan avariya-qutqaruv boʻlinmalarining moddiy-texnika bazasini tayyorlashga, jihozlashga qaratiladigan xarajatlarning 30 foiziga;
xodimlarga kasb oʻrgatishga, ularning malakasini oshirishga, stajirovkasiga va oʻsmirlar orasida maktabdan tashqari ishlar olib borishga sarflanadigan xarajatlar summasiga;
vaqtli matbuot nashrlari, bolalar nashrlari, oʻquv, kam tirajli (2000 nusxagacha), ilmiy va texnika adabiyoti, kam sonli xalqlar tilida chiqarilgan adabiyotlar va sensor nuqsonlari bor shaxslar uchun nashrlar chiqarishdan keladigan daromadlarning 20 foiziga;
ijtimoiy sohaga moʻljallangan obyektlar barpo etuvchi qurilish tashkilotlari daromadining 15 foiziga kamaytiriladi.
13-modda. Ajnabiy sheriklarga imtiyozlar berish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan, ustav fondida chet el kapitali boʻlgan qoʻshma korxonaning Oʻzbekiston Respublikasi tuzgan xalqaro shartnomaga muvofiq taqsimot tartibiga koʻra oʻziga tegishli daromaddan soliq toʻlashdan butunlay yoki qisman ozod boʻlish huquqiga ega boʻlgan xorijiy qatnashchisi soliqni kamaytirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda ariza taqdim etadi. Agar ariza daromad chet elga oʻtkazilganidan keyin berilsa, u daromad oʻtkazilgan kundan boshlab kalendar yili ichida taqdim etilishi lozim. Bir yil muddat oʻtib ketgach berilgan arizalar qarab chiqilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan oladigan daromadidan soliq toʻlashdan butunlay yoki qisman ozod etilish huquqiga ega boʻlgan ajnabiy yuridik shaxslar ushbu huquqdan mazkur moddaning 1-bandida bayon etilgan tartibda foydalanadilar.
14-modda. Mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralarining imtiyozlar berishi tartibi
Mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari daromadlardan olinadigan soliqlar yuzasidan oʻz hududlaridagi toʻlovchilardan olinadigan va mahalliy budjetlarga oʻtkaziladigan soliq summalari doirasida qoʻshimcha imtiyozlar berishlari mumkin.
15-modda. Davlatning qimmatli qogʻozlaridan keladigan daromadlarga soliq solish
Davlat obligatsiyalari va davlatning boshqa qimmatli qogʻozlari boʻyicha olinadigan foizlar va dividendlar soliq solishdan ozod qilinadi.
4. Qonunning III bobi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“III BOB. QOʻShILGAN QIYMATGA SOLINADIGAN SOLIQ
Qoʻshilgan qiymatga solinadigan soliq tovarlarni sotish, ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatish jarayonida yangi hosil qilingan qiymatga asoslangan holda sof daromadning bir qismini budjet daromadiga olib qoʻyishning bir shaklidir.
16-modda. Soliq toʻlovchilar
Mulkchilikning barcha shakllariga kiruvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar, ushbu Qonunning 1-moddasida sanab oʻtilgan ularning mustaqil boʻlinmalari va filiallari soliq toʻlovchilardir, banklar va sugʻurta tashkilotlari bundan istisno.
Tadbirkorlik faoliyatining hamma turlari bilan shugʻullanadigan va yuridik shaxs boʻlmagan holda tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan shaxslar ham qoʻshilgan qiymatdan soliq toʻlovchilar boʻladilar.
17-modda. Soliq solish obyekti
Mahsulot, bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlarni realizatsiya qilish oborotlari soliq solish obyektlaridir.
Oʻzi ishlab chiqargan tovarlarni ham, chetdan sotib olingan va chetda tayyorlangan tovarlarni ham sotish oborotlariga soliq solinishi kerak.
Quyidagilar ham soliq solish obyektlari boʻladi:
korxonaning ichida oʻz isteʼmoli uchun amalga oshirilib, xarajatlarini mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga kiritmaydigan holda, shu jumladan oʻz xodimlariga tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish oborotlari;
tovarlarni bevosita pul toʻlamasdan boshqa tovarlar (xizmatlar)ga ayirboshlash yoʻli bilan sotish oborotlari;
tovarlarni boshqa korxonalar yoki shaxslarga tekinga berish yoki qisman haq olib berish boʻyicha oborotlar, budjetda turadigan muassasalarga va boshqa tashkilotlarga hayriya maqsadlarida berish hollari bundan mustasno;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni chet el valyutasida realizatsiya qilish oborotlari.
18-modda. Soliq stavkalari
Qoʻshilgan qiymatga soliq 30 foiz stavka boʻyicha toʻlanadi.
19-modda. Soliq imtiyozlari
Quyidagilar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadilar:
1) eksport qilinadigan mollar (ishlar, xizmatlar);
2) eksport qilinadigan mollarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali olib oʻtiladigan chet el yuklarini (tranzit yuk tashish) tashish, ortish, tushirish, qayta yuklash yuzasidan koʻrsatilgan xizmatlar;
3) shahar passajir transporti (taksidan tashqari) koʻrsatadigan xizmatlar, shuningdek temir yoʻl, avtomobil va daryo transportida shahar atrofi qatnovida yoʻlovchilar tashish yuzasidan koʻrsatiladigan xizmatlar;
4) chakana savdo umumiy ovqatlanish xizmatlari, tayyorlov, ulgurji hamda taʼminot-sotish korxonalarining xizmatlari;
5) aholiga koʻrsatiladigan uy-joy kommunal xizmati va uy-joydan foydalanish xizmati (bunga ijara haqi va yotoqxonalarda yashaganlik uchun toʻlanadigan haq ham kiradi);
6) xususiylashtirish tarzida sotib olinadigan mol-mulk qiymati, shuningdek davlat korxonalari negizida tashkil etilgan ijara korxonalari boʻyicha toʻlangan ijara haqi;
7) sugʻurta va qayta sugʻurta yumushlari, shu jumladan sugʻurta boʻyicha vositachilar va agentlar amalga oshirgan ana shunday yumushlar bilan bogʻliq xizmatlar;
8) ssuda berish va ssuda oʻtkazish;
9) pul jamgʻarmalari, joriy schyotlar, pul toʻlovlari, pul oʻtkazish, cheklar va boshqa qimmatli qogʻozlarga taalluqli yumushlar;
10) qonunga koʻra toʻlov vositalari hisoblanmish valyutalar, pullar va banknotlar muomalasiga taalluqli yumushlar, numizmatika maqsadlarida foydalaniladigan valyutalar, pullar va banknotlar bundan mustasno;
11) qimmatli qogʻozlar: aksiyalar, obligatsiyalar, sertifikatlar, veksellar, cheklar, lotereya biletlari muomalasiga taalluqli yumushlar, qimmatli qogʻozlar tayyorlash va saqlashga doir yumushlar bundan mustasno;
12) pochta markalari (kolleksiya uchun moʻljallanganlaridan tashqari), markasi bor otkritkalar, konvertlar sotish;
13) maxsus vakil qilingan idoralarning koʻrsatgan xizmati uchun davlat poshlinasi undirib olinadigan ishlari;
14) kazino, oʻyin avtomatlarining oborotlari, otchoparlarda oʻrtaga tikilgan summa yuzasidan yutuqlar;
15) maktabgacha tarbiya muassasalarida bolalar taʼminoti yuzasidan, bemorlar va keksalarni boqish hamda parvarishlash yuzasidan koʻrsatilgan xizmatlar;
16) dafn byurolari, qabriston va krematoriylarda koʻrsatiladigan marosim xizmatlari;
17) xalq taʼlimi sohasida oʻquv-ishlab chiqarish jarayoni bilan bogʻliq xizmatlar;
18) haqini bevosita aholining oʻzi toʻlaydigan kurslar, toʻgaraklar, seksiyalar, studiya yoki darslar;
19) kashfiyot uchun patentlar, mualliflik huquqlari, litsenziyalar berish, berib turish va olish;
20) advokatlar hayʼatlari aʼzolarining odil sudlov sohasida koʻrsatadigan xizmatlari;
21) diniy tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan rasm-rusm va marosimlar;
22) pensiya va nafaqalar toʻlashga doir aloqa xizmatlari;
23) gidrometerologiya va aerologiya ishlari;
24) geologiya va topografiya ishlari;
25) umumiy foydalanishdagi yoʻllarni ishlatish va ularni taʼmir etish yuzasidan bajarilgan ishlar hajmidan tushgan pul;
26) yakka tartibda kiyim-kechak va poyabzal tikish, taʼmirlash hamda bolalar trikotaj buyumlari tayyorlash va ularni taʼmirlash, kiyim-kechaklarni kimyoviy usulda tozalash boʻyicha aholiga koʻrsatiladigan xizmatlar, sartaroshlik xizmatlari va hammomlar xizmati;
27) sanatoriy-kurort va sogʻlomlashtirish, turistik-ekskursiya xizmatlari, jismoniy-tarbiya va sport muassasalari, pioner lagerlari xizmatlari;
28) protez-ortopediya buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarning mahsuloti va nogironlarga ortopedik protezlash xizmati koʻrsatish.
Soliq stavkalarining miqdori va soliq imtiyozlari tarkibi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan kelgusi moliyaviy yil uchun budjetni tasdiqlash vaqtida aniqlashtirilishi mumkin”.
5. Qonunning IV bobi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
IV BOB. AKSIZ SOLIGʻI
20-modda. Soliq solish obyekti
Sotiladigan tovarlarning natura yoki qiymat ifodasidagi hajmi soliq solish obyekti boʻladi.
21-modda. Soliq toʻlovchilar
Mulkchilikning barcha shakllariga mansub boʻlib, aksiz soligʻi solinadigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi va sotuvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar soliq toʻlovchilardir.
22-modda. Soliq stavkalari
Aksiz soligʻi solinadigan tovarlar roʻyxatini, aksiz soligʻi stavkalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
23-modda. Soliq boʻyicha imtiyozlar
Oʻzi ishlab chiqargan mollarni chet ellarga yetkazib berilganda aksiz olinmaydi.
24-modda. Soliq summasini aniqlash va uni toʻlash tartibi
Aksizlarning summasini soliq toʻlovchi sotilgan tovarlar roʻyxati va hajmi hamda ana shu tovarlar yuzasidan belgilangan aksiz stavkalariga qarab mustaqil belgilaydi”.
7. Qonunning VI bobiga quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“VI bob. Respublika hududidan tashqariga olib chiqib ketilayotgan xomashyo resurslari va mahsulotga solinadigan soliq”;
2) 23-modda 28-modda deb hisoblansin. Bu modda “resurslarni” soʻzidan keyin “va mahsulotni” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
3) 24-modda 29-modda deb hisoblanib, u quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Respublika hududidan tashqariga olib chiqib ketilayotgan xomashyo resurslari va mahsulotlarga solinadigan soliq mollar ayrim turlari bahosiga qoʻshiladigan hamda sotish chogʻida qoʻshilgan qiymat soligʻiga qoʻshimcha tarzda isteʼmolchilardan olinadigan sof daromadning bir qismini olib qoʻyishdan iboratdir”;
4) 25-modda 30-modda deb hisoblansin. Bu modda “resurslarining” degan soʻzdan keyin “va mahsulotlarning” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
8. Qonunning VII bobiga quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 26, 27, 28-moddalar tegishli ravishda 31, 32, 33-moddalar deb hisoblansin. 27-moddadan “jamoa xoʻjaligida ishlaydigan har bir aʼzoga bir oyda 160 soʻm hisobidagi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
2) 29-modda 34-modda deb hisoblansin, shu moddaning ikkinchi qismidan “jamoa xoʻjaligida ishlovchi xar bir aʼzo hisobiga 160 soʻm miqdorda” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
9. Qonunning VIII bobi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“VIII BOB. KORXONALARNING MOL-MULKIGA SOLINADIGAN SOLIQ
35-modda. Soliq toʻlovchilar
Mustaqil balansga ega boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan mulkchilikning barcha shakliga mansub yuridik shaxslar korxona mulki uchun soliq toʻlovchilar hisoblanadi.
36-modda. Soliq solish obyekti va soliqni hisoblab chiqarish tartibi
Soliq toʻlovchining qiymatda ifodalangan mol-mulki soliq solish obyekti hisoblanadi. Bu qiymat soliq toʻlovchi buxgalteriya balansi aktivining yakuni sifatida aniqlanib, undan:
asosiy vositalarning eyilishi;
arzon va tez yoyiladigan vositalarning eyilishi;
kapital mablagʻ sarflari va avanslari;
kreditlar va boshqa qarz mablagʻlari;
hisoblar va boshqa passivlar chiqarib tashlanadi.
Soliq solinadigan baza:
soliq toʻlovchining balansida butunlay yoki qisman turadigan uy-joy, kommunal va ijtimoiy-madaniy soha obyektlarining;
tabiatni muhofaza qilish, sanitariya-tozalash va yongʻinga qarshi maqsadlarda foydalaniladigan obyektlarning;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini etishtirish, saqlash va seleksiyasi uchun, baliq boqish, ovlash va qayta ishlash uchun foydalaniladigan mol-mulkning;
oziq-ovqat uzatkichlar, yoʻllar (shu jumladan avtomobil yoʻllari), aloqa va elektr uzatish liniyalari, shuningdek ularga tutash yerlarning, ushbu obyektlarni foydalanishga yaroqli holda saqlab turish maqsadlarida ishga tushiriladigan inshootlarning;
korxonalar avtotransport vositalarining;
aloqa yoʻldoshlarining;
respublika Hukumatining qarorlariga binoan toʻxtatib qoʻyilgan asosiy ishlab chiqarish fondlarining balans qiymatiga kamaytiriladi.
37-modda. Soliq stavkalari
Korxonalarning mol-mulkiga 0,5 foiz stavka boʻyicha soliq solinadi.
Soliq toʻlovining hisoblab chiqilgan summasi soliq toʻlovchining tasarrufida qolgan daromaddan birinchi navbatda toʻlanadi.
38-modda. Soliq imtiyozlari
1. Korxonalar mol-mulkiga solinadigan soliq quyidagi mol-mulklarga solinmaydi:
a) budjet tashkilotlari va muassasalarining davlat boshqaruvi idoralarining mol-mulkiga;
b) qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini va chorvachilik mahsulotlarini etishtirish, seleksiyalash va saqlash, baliq etishtirish, ovlash va qayta ishlash sohasidagi korxonalarning mol-mulkiga;
v) xalq taʼlimi va madaniyat muassasalarining ehtiyojlari uchun ishlatiladigan mol-mulkka;
g) diniy birlashmalar va tashkilotlar, milliy-madaniy markazlarning mol-mulkiga;
d) umuman fuqarolarga moʻljallangan uy-joy, kommunal va shahar xoʻjaligidagi oʻzga mol-mulkka;
e) yangi ochilgan korxonalarning mol-mulkiga roʻyxatga olingan kundan boshlab dastlabki ikki yil davomida;
“e” kichik bandida koʻrsatilgan soliq imtiyozi tugatilgan (qayta tashkil etilgan korxonalarning, ular filiallari va tarmoq boʻlinmalari asosida tuzilgan korxonalarga, shuningdek korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar huzurida tuzilgan korxonalarga (basharti, ular ana shu korxonalardan ijaraga olingan uskunalar bilan ishlasa) taalluqli emas.
Mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari mol-mulki oʻz hududlarida joylashgan soliq toʻlovchilarga qoʻshimcha imtiyozlar berishlari mumkin.
39-modda. Toʻlovlarni budjetga kiritish
Mol-mulkka solingan soliq mahalliy budjetga kiritiladi”.
10. Qonunning IX bobi chiqarib tashlansin, X va XI boblari esa IX va X boblar deb hisoblansin. Bu moddalardan “oborot soligʻi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin, “foyda” degan soʻz esa “daromad” degan soʻz bilan almashtirilsin.
11. Muqaddimaning birinchi va toʻqqizinchi qismlaridagi hamda 43-moddaning 6-bandidagi “Qoraqalpogʻiston ASSR” degan soʻzlar “Qoraqalpogʻiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 14-yanvar,
521-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 4-son, 177-modda)