|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 15.07.1995
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
YOʻL HARAKATI QOIDALARINI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIKNI KUChAYTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 6-maydagi 73-I-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yoʻl harakati qoidalarini buzishlarga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
I. Oʻzbekiston Respublikasining 1985-yil 13-dekabrdagi Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1985-yil, № 35, 411-modda) quyidagi oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 3-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisidan “yoʻl harakati qoidalarini” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
2) 16-moddaning birinchi qismidan “shtraf solish” degan soʻzlar chiqarib tashlansin va shu qism “muddatli xizmatdagi harbiy xizmatchilarga jarima solinishi mumkin emas” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
3) 30-moddaning ikkinchi qismidagi “transport vositalarini mast holda boshqarish hollari bundan mustasnodir” degan soʻzlar “trasport vositalarini alkogol ichimlikdan, narkotik modda taʼsiridan mast boʻlgan holda yoki oʻzgacha tarzda mast boʻlgan holda boshqarish xollari, mastlik darajasini belgilangan tartibda aniqlashdan boʻyin tovlash, shuningdek oʻzlarining ishtirokida yoʻl-transport xodisalari sodir etilgan joydan ketib qolish hollari bundan mustasnodir” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
4) 89-moddaning sarlavhasi va matnidan “avtotransport vositalari va boshqa” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
5) Kodeks quyidagi mazmunda boʻlgan 130-1, 130-2, 130-3, 132-1, 135-1 va 275-1-moddalar bilan toʻldirilsin:
130-1-modda. Transport vositalari uchun koʻzgusimon, shuningdek tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) nostrandart oynalar ishlab chiqarish
Transport vositalari uchun koʻzgusimon, shuningdek tegishli davlat standartlarida belgilangan normalarni buzgan holda tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynalar ishlab chiqarish, —
fuqarolarga yuz soʻm miqdorida va mansabdor shaxslarga ikki yuz soʻm miqdorida jarima solinishiga olib keladi.
Xuddi shu xatti-harakatlar maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, —
fuqarolarga ikki yuz soʻmdan besh yuz soʻmgacha va mansabdor shaxslarga besh yuz soʻmdan ming soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
130-2-modda. Koʻzgusimon, shuningdek tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) nostandart oynalar oʻrnatilgan transport vositalaridan foydalanish
Koʻzgusimon, shuningdek tegishli davlat standartlarida belgilangan normalarni buzgan holda tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynalar oʻrnatilgan transport vositalaridan foydalanish —
fuqarolarga oʻttiz soʻmdan ellik soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
Xuddi shu xatti-harakatlar maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, —
uch oydan bir yilgacha muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etishga olib keladi.
130-3-modda. Transport vositalarining tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalardan foydalanish qoidalarini buzish
Tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan zavod koʻzda tutmagan tovush chiqaruvchi qurilmalarni oʻrnatish, shuningdek ularni qayta tayyorlash, —
yigirma soʻm miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
Transport vositalariga tegishli ruxsatnoma olmay tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni oʻrnatish, —
fuqarolarga oʻttiz soʻm miqdorda va transport vositasidan foydalanish uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslarga — ellik soʻmdan yuz soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
132-1-modda. Transport vositalari haydovchilarining temir yoʻl izini belgilanmagan joydan kesib oʻtishi
Transport vositalari haydovchilarining temir yoʻl izini belgilanmagan joydan kesib oʻtishi —
ikki yuz soʻmdan uch yuz soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
135-1-modda. Transport vositalari haydovchilarining jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoxud katta moddiy zarar yetkazilishiga olib keladigan tarzda yoʻl harakati qoidalarini buzishi
Transport vositalari haydovchilarining jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yohud katta moddiy zarar yetkazilishiga olib keladigan tarzda yoʻl harakati qoidalarini buzishi, —
uch yuz soʻmdan ming soʻmgacha miqdorda jarima solgan yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan uch yilgacha mahrum etilgan holda jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararni toʻlashga olib keladi.
275-1-modda. Transport vositalarini ushlab turish va koʻzdan kechirish asoslari hamda tartibi
Haydovchi 130-moddaning toʻrtinchi qismida, 130-2, 133-moddalarda, 135-moddaning birinchi qismida, 135-1, 136-moddalarda, 138-moddaning birinchi qismida, 144 va 187-moddalarda (militsiya xodimining transport vositasini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qonuniy talabi bajarilmagan hollarda) koʻzda tutilgan qoidabuzarliklarni sodir etganda ushlab turish sababi bartaraf etilib, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish vakolatli idora tomonidan koʻrib chiqilgunga qadar transport vositasi ushlab turiladi va koʻzdan kechiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan vakolat berilgan idoralar (mansabdor shaxslar) tomonidangina transport vositasi ushlab turilishi va koʻzdan kechirilishi mumkin, chunonchi:
a) ichki ishlar idoralari tomonidan — xaydovchilar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida toʻgʻridan toʻgʻrikoʻzda tutilgan boshqa hollarda;
b) harbiy avtomobil inspeksiyasining mansabdor shaxslari tomonidan — Qurolli Kuchlarning transport vositalarini boshqarayotgan xaydovchilar yoki boshqa shaxslar yoʻl harakati qoidalarini buzganda.
Ushlab turilgan transport vositalarini saqlash tartibi (Qurolli Kuchlarning transport vositalaridan tashqari) xalq deputatlari mahalliy Sovetlari yoki hokimlar bilan kelishilgan holda ichki ishlar idorlari tomonidan belgilanadi.
6) 130, 131, 131-1, 132, 133, 135, 136, 138, 140, 141, 142, 144 va 150-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
130-modda. Haydovchilarning transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzishi
Haydovchilar va yoʻlovchilarning motoshlemlardan foydalanish qoidalariga rioya etmasliklari —
ogohlantirishga yoki besh soʻm miqdorida jarima solinishiga olib keladi.
Haydovchilarning foydalanish man etiladigan nosozligi boʻlgan transport vositasini boshqarishi —
ogohlantirishga yoki yigirma soʻm miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
Haydovchilarning davlat texnika koʻrigidan oʻtmagan yoki belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan, yoki tormoz sistemasida yoki rul boshqaruvida yoxud ulovchi mexanizmida nosozligi boʻlgan, yoxud shuningdek u ishlayotganda tashqariga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalarining tarkibi, shovqin darajasi belgilangan normadan ortiqcha boʻlgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarish —
ellik soʻm miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
Foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, shuningdek nomer belgilari oʻzboshimchalik bilan echib olingan yoxud yasama yoki oʻzga usullarda oʻzgartirilgan nomer belgilari boʻlgan transport vositalarini boshqarish,—
uch yuz soʻmdan olti yuz soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga olib keladi.
Eslatma: Ushbu Kodeksning 130 — 133, 135, 135-1, 136, 138, 141 — 144-moddalarida transport vositalari deyilganda barcha turdagi avtomobillar, traktorlar va boshqa xil oʻziyurar mashinalarni, tramvay va trolleybuslarni, shuningdek mototsikllar va boshqa mexanik transport vositalarini tushunmoq kerak.
131-modda. Transport vositalarini haydovchilarning harakat tezligini oshirishi, yoʻl belgilari talablariga va yoʻl harakatiga oid boshqa qoidalarga rioya qilmasligi
Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi, svetoforning yoki yoʻl harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishoralariga boʻysunmasligi, piyodalar yoʻlkasidan harakat qilishi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi va koʻrsatma beruvchi yoʻl belgilariga, yoʻlning harakat qismi chiziqlariga, harakatda oʻtkazib yuborishni koʻrsatuvchi belgilarga rioya etmasligi, odam tashish, transport vositalarini quvib oʻtish, jamoat transporti toʻxtaydigan bekatlar yoki piyodalar oʻtish joylaridan oʻtish qoidalarini, sutkaning qorongʻu davrida yoki koʻrish cheklangan sharoitlarda yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishi, —
ogohlantirishga yoki oʻttiz soʻmdan ellik soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni bir yil mobaynida takror sodir etish —
yuz soʻm miqdorda jarima solinishiga va yoʻl harakati qoidalarini bilish-bilmasligini tekshirishga yuborishga olib keladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidabuzarliklarning uchtasini bir yil mobaynida sodir etish, shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga olib borgan, yaʼni yoʻl harakatining boshqa qatnashchilarini, tezlikni, yoʻnalishni keskin oʻzgartirishga yoxud oʻz xavfsizliklari yoki boshqa fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻzga choralarni koʻrishga majbur qiluvchi qoidabuzarliklarni sodir etish —
ikki yuz soʻm miqdorida jarima solinishiga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oydan bir yilgacha muddatga mahrum etilishiga olib keladi.
131-1-modda. Transport vositalari haydovchilarining yoʻl harakatiga xalaqit beruvchi yoki harakat havfsizligiga tahdid soluvchi guruh boʻlib harakat qilishda qatnashishi
Mototsikllar va boshqa transport vositalari haydovchilarining yoʻllarda yoʻl harakatiga halaqit berishi yoki avariya holatini keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan holda guruh boʻlib harakat qilishda qatnashishi, —
yuz soʻm miqdorda jarima solinishiga yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan uch oygacha muddatga mahrum etilishiga olib keladi.
Mazkur qoidabuzarlikni bir yil davomida takror sodir etish —
ikki yuz soʻm miqdorda jarima solinishiga yoki uch oydan olti oygacha muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etishga olib keladi.
132-modda. Transport vositalari haydovchilarining temir yoʻllarni kesib oʻtish qoidalarini buzishi
Transport vositalari haydovchilarining temir yoʻllarni kesib oʻtish qoidalarini buzishi —
yuz soʻmdan ikki yuz soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan olti oydan bir yilgacha muddatga mahrum etishga olib keladi.
Mazkur qoidabuzarlikni bir yil ichida takror sodir etish —
ikki yuz soʻmdan uch yuz soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga yoki bir yildan ikki yilgacha muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilishga olib keladi.
133-modda. Transport vositalarini spirtli ichimlikdan, narkotik modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast boʻlgan holda boshqarish
Haydovchilarning transport vositalarini spirtli ichimlikdan, narkotik modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast boʻlgan holda boshqarishi —
ming soʻmdan ikki ming soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga yoki bir yildan uch yilgacha muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilishiga sabab boʻladi. Transport vositasini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan shaxslarga esa ikki ming soʻm miqdorida jarima solinadi.
Spirtli ichimlikdan, narkotik modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast boʻlgan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish, —
ikki ming soʻm miqdorda jarima solinishiga sabab boʻladi.
135-modda. Transport vositalari haydovchilarining transport vositalari yoki boshqa mol-mulk shikastlanishiga, shuningdek boshqa harakat qoidalarini buzishga olib boradigan tarzda yoʻl harakati qoidalarini buzishi
Transport vositalari haydovchilarining yoʻl harakati qoidalarini transport vositalari, yuklar, yoʻllar, temir yoʻllardan oʻtish joylari, yoʻl inshootlari, yoʻl harakatini tartibga solib turuvchi texnika vositalari yoki boshqa mol-mulkning katta moddiy zarar yetkazmagan holda shikastlanishiga olib boradigan tarzda buzishi —
yuz soʻm miqdorda jarima solinishiga yoki haydovchilarni olti oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etishga sabab boʻladi.
Transport vositalarining haydovchilari ushbu Kodeksning 130 — 133-moddalarida nazarda tutilgan yoʻl harakati qoidalaridan boshqa qoidalarni buzganlik uchun —
ogohlantiriladilar.
136-modda. Transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi
Haydovchilik guvohnomasi yoki uning taloni, ishonchnoma, transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazganlik haqidagi yoki transport vositasiga taalluqli oʻzga hujjatlar yonida boʻlmagan haydovchilarning transport vositalarini boshqarishi —
yigirma soʻm miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
Transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan transport vositalarining boshqarilishi, shuningdek transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan shaxslarga transport vositalari boshqarilishining topshirilishi —
yuz soʻmdan uch yuz soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi —
besh yuz soʻmdan ming soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
138-modda. Transport vositalari haydovchilarining mast yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtishdan bosh tortishi, yoʻl transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolishi
Transport vositalari haydovchilarining spirtli ichimlikdan, narkotik modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast boʻlganligi yoki mast emasligini belgilangan tartibda aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtishdan bosh tortishi, shuningdek yoʻl-transport hodisasi qatnashchilarining voqea sodir etilgan joyga taalluqli qoidalarni buzgan holda ketib qolishi, —
ming soʻm miqdorida jarima solinishiga yoki bir yildan uch yilgacha muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilishiga olib keladi.
Xuddi shu xatti-harakatlar transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan sodir etilsa, —
ming soʻmdan ikki ming soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
140-modda. Harakat qoidalarining piyodalar va yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilari tomonidan buzilishi
Piyodalarning yoʻl harakatini tartibga soluvchi signallarga boʻysunmasligi, ularning yoʻlning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib oʻtishi, shuningdek moped va velosiped haydovchilarining, aravakashlar va yoʻldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yoʻl harakatini tartibga soluvchi signallarga boʻysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki koʻrsatma beruvchi yoʻl belgilari talablariga rioya etmasligi, —
ogohlantirishga yoki oʻn soʻm miqdorida jarima solinishiga olib keladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning yoʻl harakati qoidalarini avariya holati yuzaga keladigan tarzda buzishi —
oʻttiz soʻmdan ellik soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismida koʻzda tutilgan xatti-harakatlarning spirtli ichimlikdan, narkotik moddalar taʼsiridan va oʻzgacha tarzda mast boʻlgan holatda sodir etilishi —
yuz soʻmdan ikki yuz soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
141-modda. Nosoz transport vositalarini yoʻlga chiqarish va transport vositalaridan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish
Nosozligi tufayli foydalanish taqiqlangan yoki tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan, yoxud koʻzgusimon, shuningdek belgilangan normalarni buzgan holda tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oyna oʻrnatilgan yoki belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan, yoxud davlat texnika koʻrigidan oʻtkazilmagan, shuningdek ishlayotganida chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalarning tarkibi, shovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq boʻlgan transport vositalarining yoʻlga chiqarilishi —
korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari va transport vositalarining texnik holati va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan boshqa mansabdor shaxslarga yuz soʻmdan ikki yuz soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
142-modda. Spirtli ichimlikdan, narkotik modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast boʻlgan haydovchilarning yoki transport vositalarini boshqarish huquqi boʻlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishga yoʻl qoʻyganlik
Spirtli ichimlikdan, narkotik modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast boʻlgan haydovchilarning yoki transport vositalarini boshqarish huquqi boʻlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishga yoʻl qoʻyganlik, —
korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlariga yoki trasport vositalarining texnik holati va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan boshqa mansabdor shaxslarga besh yuz soʻm miqdorida jarima solinishiga olib keladi.
144-modda. Transport vositalarini saqlash tartibini buzganlik
Korxona, muassasa va tashkilotlarga qarashli transport vositalarini ulardan foydalanish shartlariga koʻra maxsus belgilanmagan joylarda ishdan tashqari vaqtda saqlash —
haydovchilarga ellik soʻm miqdorida transport vositalarini saqlash va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslarga ellik soʻmdan yuz soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibbuzarlikni bir yil mobaynida takror sodir etish —
haydovchilarga ellik soʻmdan yuz soʻmgacha va transport vositalarini saqlash va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslarga yuz soʻmdan ikki yuz soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
150-modda. Yoʻllar, yoʻl inshootlari va yoʻl harakatini tartibga solib turuvchi texnik vositalariga shikast yetkazish, ularni harakat uchun xavfsiz xolatda saqlash qoidalarini buzganlik
Yoʻllarga, temir yoʻldan oʻtish joylariga boshqa yoʻl inshootlariga yoki yoʻl harakatini tartibga solib turuvchi texnika vositalariga shikast yetkazish, shuningdek yoʻl harakatiga ataylab, shu jumladan yoʻl qoplamasini ifloslantirish bilan halal berish, —
ellik soʻmdan yuz soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
Yoʻl belgilarini oʻrnatish, yoʻllar, temir yoʻldan oʻtish joylari va boshqa yoʻl inshootlarini transport harakati uchun xavfsiz holatda saqlash qoidalarini buzish yoki yoʻlning ayrim uchastkalaridan foydalanish xavfli boʻlgan vaqda u yerda harakatni oʻz vaqtida man qilish yoki cheklash choralarini koʻrmaslik —
ularningg holati uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslarga ikki yuz soʻmdan besh yuz soʻmgacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi”.
7) 232-modda “56-1” raqamlaridan keyin “133, 135-1 moddalarida, 136-moddaning uchinchi qismida, 138-moddada” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
8) 233-modda:
ikkinchi qismidagi 2 va 3-bandlar 2,3 va 4-bandlar tarzida quyidagi tahrirda bayon etilsin:
2) ushbu Kodeksning 130-132-1-, 135-moddalarida, 136-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 140-144, 150-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun — Davlat avtomobil inspeksiyasi boʻlinmasi (boʻlimi, boshqarmasi)ning boshligʻi yoki uning oʻrinbosari, nohiya, shahar, shahardagi nohiya Soveti ichki ishlar boʻlimida Davlat avtomobil inspeksiyasining boʻlinmasi (boʻlimi) boʻlmagan taqdirda davlat avtomobil katta inspektori, ichki ishlar boʻlimida Davlat avtomobil inspeksiyasi boʻlinmasi hamda davlat avtomobil katta inspektori boʻlmagan taqdirda — ichki ishlar boʻlimining boshligʻi yoki uning oʻrinbosari egadirlar. Bunday ishlarni koʻrib chiqish paytida mehnat jamoalarining va jamoat birlashmalarining vakillari ishtirok etishlari mumkin.
3) ushbu Kodeksning 130-moddasi birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida 130-3-moddasida, 131-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida, 135-moddasi ikkinchi qismida, 136-moddasi birinchi qismida, 140, 144-moddalarida, 150-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun — yoʻl-patrul xizmati boʻlinmasining komandiri yoki uning oʻrinbosari ega boʻlib, ular yuz soʻmgacha jarima soladilar.
4) ushbu Kodeksning 130-moddasi birinchi va ikkinchi qismida, 130-3-moddasi birinchi qismida, 135-moddasi ikkinchi qismida, 136-moddasi birinchi qismida va 140-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun — davlat avtomobil inspektori, yoʻl-patrul xizmatining inspektori va yoʻl harakati qoidalariga hamda yoʻl harakati havfsizligining taʼminlashga oid boshqa normativlarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi boshqa inspektorlar ega boʻlib, ular yigirma soʻmgacha miqdorda jarima soladilar”.
9) 268-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Shaxs yoʻl harakati qoidalarini buzganligini tan olgan hamda oʻziga nisbatan ogohlantirish yoki yigirma soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda jarima solish tarzida jazoga eʼtiroz bildirmagan hollarda ham (ushbu Kodeksning130-moddasi birinchi va ikkinchi qismi, 130-3-moddasining birinchi qismi, 135-moddasining ikkinchi qismi, 136-moddasining birinchi qismi, 140-moddasining birinchi qismi) protokol tuzilmaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hollarda solinadigan, shuningdek ushbu Kodeksning 140-moddasi birinchi qismida koʻzda tutilgan jarima huquqbuzarlik sodir etilgan joyning oʻzida vakolatli mansabdor shaxs tomonidan undirib olinishi mumkin”;
10) 275-moddaning beshinchi qismi quyidagi tahrirda berilsin:
“Qilingan huquqbuzarlik uchun ushbu Kodeksga muvofiq transport vositasini, kichik hajmli kemani boshqarish huquqidan mahrum qilish tarzida maʼmuriy jazo berilishi mumkin boʻlsa, u holda huquqbuzardan uning ishi yuzasidan qaror chiqarilgunga qadar trasport vositasi, kichik hajmli kemani boshqarish huquqini beruvchi guvohnomasi olib qoʻyiladi va u haqda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi protokolga, shuningdek haydovchilik guvohnomasining taloniga, kema boshqaruvchisi guvohnomasining taloniga tegishli yozuv yozib qoʻyilib, keyin ular trasport vositasi haydovchisiga, kema haydovchisiga qaytarib beriladi”;
11) 326-moddaning:
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agar transport haydovchisi yoki kema haydovchi ayrim turdagi transport vositalarini yoki kichik hajmli kemalarnigina boshqarish huquqidan mahrum etilgan boʻlsa, u holda uning haydovchilik guvohnomasiga va unga qoʻshib beriladigan talonga u transport vositalarining qaysi turini yoki qanday kichik hajmli kemalarni boshqarish huquqidan mahrum etilganligi koʻrsatib qoʻyiladi”;
uchinchi qismidagi “SSR Ittifoqi qonunlari bilan” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
12) 329-modda quyidagi mazmunda boʻlgan uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan haydovchi haydovchilik guvohnomasini topshirishdan bosh tortgan taqdirda bu huquqdan mahrum etish muddati guvohnoma olib qoʻyilgan kundan boshlab, lekin qaror chiqargan idora belgilagan mahrum qilish muddatidan kechiktirmasdan hisoblanadi”.
II. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 135-1-moddasida koʻzda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi protokol ichki ishlar idorasining shunga vakolatli boʻlgan mansabdor shaxsi tomonidan tuziladi.
III. Oʻzbekiston Respublikasining 1959-yil 21-maydagi Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1959-yil, № 6, 2-modda) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 208 va 208-1-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“208-modda. Transport vositalarini boshqaruvchi shaxslar tomonidan harakat havfsizligi va transportdan foydalanish qoidalarini buzganlik
Transport vositalarini boshqaruvchi shaxsning harakat xavfsizligi va transportdan foydalanish qoidalarini buzishi natijasida jabrlanuvchiga uncha ogʻir boʻlmagan shikast yetkazilishi —
uch yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etgan yoki ikki yilgacha muddatga axloq tuzatish ishlariga yuborgan yoxud ikki ming soʻm miqdorda jarima solgan holda uch yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar natijasida jabrlanuvchi halok boʻlsa yoki unga ogʻir tan jarohati yetkazilsa, —
oʻn yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilib, besh yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar natijasida bir necha kishi halok boʻlsa, —
uch yildan oʻn besh yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etib, besh yilgacha muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatma: Ushbu Kodeksning 208, 209-1, 208-4, 209-1, 209-2 moddalarida transport vositalari deyilganda barcha turdagi avtomobillar, traktorlar va boshqa xil oʻziyurar mashinalarni, tramvay va trolleybuslarni, shuningdek mototsikllar va boshqa mexanik transport vositalarini tushunmoq kerak.
208-1-modda. Spirtli ichimlikdan, narkotik modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast boʻlgan holda transport vositasini boshqarganlik
Haydovchining spirtli ichimlikdan, narkotik modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast boʻlgan holda transport vositasini boshqarishi, agar bu hol shunday tartibbuzarlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllangandan keyin bir yil davomida takror etilsa, —
uch yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etgan yoki ikki yilgacha muddatga axloq tuzatish ishlariga yuborgan yoxud uch ming soʻmgacha miqdorda jarima solgan holda uch yildan besh yilgacha muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish bilan jazolanadi.
Ushbu jinoyatda koʻzda tutilgan jinoyatlar uchun ilgari sudlangan shaxslar tomonidan xuddi shu xatti-harakatlar sodir etilsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etgan holda besh yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish bilan jazolanadi”;
2) 208-2-modda birinchi qismining jazo belgilovchi bandidagi “yuz soʻmgacha miqdorda” degan soʻzlar “ikki ming soʻmgacha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3) 208-4-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“208-4-modda. Spirtli ichimlikdan, narkotik modda taʼsiridan yoki boshqacha tarzda mast boʻlgan haydovchilarning transport vositalarini boshqarishiga yoʻl qoʻyganlik
Transport vositalarini texnik holati va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan shaxs tomonidan transport vositasini spirtli ichimlikdan, narkotik modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast boʻlgan haydovchilar boshqarishiga yoʻl qoʻyishi, agar bu hol ushbu Kodeksning 208-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga olib kelgan boʻlsa, —
besh yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etib yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb etib, yoxud ikki ming soʻm miqdorda jarima solib, transport vositalarining texnik holati va ulardan foydalanish uchun javobgarlik bilan bogʻliq lavozimlarni egallash huquqidan besh yilgacha muddatga mahrum etish bilan jazolanadi”.
4. 209-1-moddaning jazo chorasini belgilash qismidagi “yuz soʻmdan uch yuz soʻmgacha” degan soʻzlar “ikki ming soʻmdan uch ming soʻmgacha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
IV. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumining 1985-yil 25-maydagi “Ichkilikbozlik va alkogolizmga qarshi kurashni kuchaytirish, samogon tayyorlashga barham berish tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining “Transport vositalarini mast holda boshqarganlik uchun javobgarlik” degan VI boʻlimi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1985-yil, № 16, 169-modda).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 13-yanvar,
508-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 3-son, 156-modda)