|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.1998
|
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
TRANSPORT VOSITALARI HAMDA BOShQA O‘ZIYuRAR MAShINA VA MEXANIZMLAR EGALARIDAN OLINaDIGAN SOLIQ TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 24-apreldagi 397-I-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksini amalga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-modda. Soliq to‘lovchilar
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan va havo to‘ldirilgan rezina g‘ildirak transport vositalariga hamda boshqa o‘ziyurar mashinalar va mexanizmlarga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar (shu jumladan ajnabiy shaxslar) transport vositalari hamda boshqa o‘zi yurar mashina va mexanizmlar egalaridan olinadigan soliqni to‘lovchilar hisoblanadi.
2-modda. Soliq to‘lash tartibi va muddatlari
1. Transport vositalari hamda boshqa o‘zi yurar mashina va mexanizmlar egalaridan olinadigan soliq har yili to‘lanadi. Soliq transport vositalari ro‘yxatdan, qayta ro‘yxatdan yoki texnik ko‘rikdan o‘tkazilgunga qadar to‘lanadi.
Transport vositalari egalaridan olinadigan soliq to‘lovlari summasi to‘lovchilar — korxonalar va tashkilotlar tomonidan mahsulot ishlab chiqarish va sotish, bajarilgan ishlar hamda xizmatlarga doir xarajatlar tarkibiga kiritiladi.
2. Soliqni to‘lash muddatlari xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari va shaharlardagi tuman hokimlari tomonidan, lekin 1-iyuldan kechiktirmasdan belgilanadi.
3-modda. Soliqni hisobga o‘tkazish va undan foydalanish tartibi
Transport vositalari va boshqa o‘ziyurar mashina va mexanizmlar egalaridan olinadigan soliq puli tegishli mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi va yo‘llarni ta’mirlash, qurish hamda obodonlashtirish uchun ishlatiladi.
4-modda. Soliq stavkalari
Transport vositalari hamda boshqa o‘ziyurar mashina va mexanizmlar egalaridan olinadigan soliq miqdorini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
5-modda. Soliq bo‘yicha imtiyozlar
1. Transport vositalari hamda boshqa o‘ziyurar mashina va mexanizmlar egalaridan olinadigan soliqdan quyidagilar ozod etiladilar:
davlat budjeti hisobida turadigan muassasa va tashkilotlar;
paxta terish, don yig‘ish kombaynlari hamda boshqa maxsus kombaynlar egalari;
shaharlarda (taksidan tashqari) va shahar atrofiga qatnab yo‘lovchilar tashuvchi umumfoydalanishdagi avtotransport korxonalari;
Ulug‘ Vatan urushining qatnashchilari, Vatanni himoya qilish bo‘yicha boshqa jangovar operatsiyalarda, harbiy qismlarda, shtablarda va harakatdagi armiya tarkibiga kiruvchi muassasalarda xizmatini o‘tagan harbiy xizmatchilar, shuningdek sobiq partizanlar, baynalmilalchi jangchilar jumlasidan bo‘lmish shaxslar;
qo‘l bilan boshqariladigan motokolyaskasi va avtomobili bor nogironlar.
Oldingi tahrirga qarang.
Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida turistik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar, tashkil etilgan paytdan boshlab dastlabki foyda olgunga qadar bo‘lgan davrda, ammo davlat ro‘yxatidan o‘tgan paytidan e’tiboran uzog‘i bilan uch yil muddatga.
(5-modda O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuniga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi hamda Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash fondi ular davlat ro‘yxatidan o‘tgan paytdan e’tiboran besh yil davomida.
(5-modda O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 24-apreldagi 231-I-son Qonuniga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 69-modda)
2. Soliq:
a) yo‘llarni ta’mirlash va qaramog‘ida saqlash ishlarida band bo‘lgan yo‘l xo‘jaligi korxonalari hamda tashkilotlarining transport vositalari va mexanizmlari uchun;
b) davlat dasturlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari uchun kadrlar tayyorlashda foydalaniladigan transport vositalari va mexanizmlari uchun undirilmaydi.
6-modda. Soliq to‘lovchilarning javobgarligi
Transport vositalari xamda boshqa o‘ziyurar mashina va mexanizmlar egalaridan olinadigan soliqni o‘z vaqtida to‘lamagan soliq to‘lovchilar muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun (shu jumladan to‘lov to‘langan kunni qo‘shgan holda) qarz summasining 0,5 foizi miqdoridagi penya bilan to‘laydilar.
Noto‘g‘ri solingan soliqni butun o‘tgan davr uchun qayta ko‘rib chiqilishiga yo‘l qo‘yiladi.
7-modda. Ushbu Qonunni qo‘llanishga doir yo‘riqnoma
Ushbu Qonunni qo‘llanishga doir yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi tomonidan chiqariladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-dekabr,
744-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 27-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda; 1996-y., 5-6-son, 69-modda)