|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2007-YIL HOSILI PAXTA XOM AShYoSINI OʻZ VAQTIDA VA SIFATLI YIGʻIB-TERIB OLIShNI TAʼMINLAShGA DOIR TAShKILIY ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
2007-yil hosili paxta xomashyosini sifatli yigʻib-terib olishga oʻz vaqtida tayyorgarlik koʻrish va uni uyushqoqlik bilan oʻtkazish, shuningdek tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari bajarilishini taʼminlash maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, “Oʻzpaxtasanoat” va “Oʻzagromashservis” uyushmalari, “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” aksiyadorlik kompaniyasi rahbarlari zimmasiga paxta hosili yigʻim-terimini tegishli darajada tashkil etish va xomashyosini sifatli qabul qilish, shuningdek paxta yigʻim-terimi kampaniyasi davrida paxtani qayta ishlash korxonalari, tayyorlov punktlari, yigʻim-terim texnikasi, yuklash-transport vositalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Oʻzpaxtasanoat” va “Oʻzagromashservis” uyushmalari, “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” aksiyadorlik kompaniyasi hamda hududiy transport tashkilotlari bilan birgalikda:
2007-yilning 1-sentabrigacha tashkiliy-iqtisodiy tadbirlar kompleksi hamda paxtani qayta ishlash korxonalari, tayyorlov punktlari, yigʻim-terim texnikasi va zarur yuklash-transport vositalari qabul qilib olinishi tugallanishini;
yigʻim-terim va yuklash-transport texnikasiga, shuningdek paxta xomashyosini qabul qilish va qayta ishlashda ishtirok etadigan barcha mashina-uskunalarga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatish boʻyicha ehtiyot qismlar va taʼmirlash materiallarining tegishli zaxirasi tayyorlanishini;
korxonalar va tashkilotlarning paxta xomashyosini tashishga yaroqli boʻlgan transport vositalari shartnoma asosida jalb etilishini;
paxta teruvchilar uchun zarur ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratilishini, shuningdek yigʻim-terim kampaniyasini uyushqoqlik bilan oʻtkazishga doir boshqa zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
Tayyorlangan obyektlar va texnikaning qabul qilib olinganligi toʻgʻrisida shu yilning 5-sentabrigacha Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” va “Oʻzagromashservis” uyushmalarining 2007-yil hosili paxta xomashyosining xarid narxlari miqdori boʻyicha qoʻlda va mashinada yigʻib-terib olishdagi tarif stavkalari (toʻlovlar)ni 2006-yil hosilini yigʻib-terib olishdagi tariflar darajasiga nisbatan 20 foiz oshirishni nazarda tutuvchi taklifi maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir hafta muddatda 2007-yil paxta hosili uchun xarid narxlarining yangi preyskurantini paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari eʼtiboriga maʼlumot uchun yetkazsin.
Paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan narxlardan kelib chiqib, terimchilarga har besh kunda amalda topshirilgan paxta xomashyosi miqdori uchun tabaqalashtirilgan tarzda haq toʻlanishini taʼminlash tavsiya qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi, “Paxta-bank” va boshqa tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda paxta yigʻim-terimida, paxta xomashyosini transportda tashish va tayyorlashda band boʻlgan xodimlarning mehnatiga oʻz vaqtida haq toʻlanishini taʼminlasinlar.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Oʻzagromashservis” uyushmasi bilan birgalikda, paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining takliflarini hisobga olgan holda, “Keys-2022” paxta terish mashinalaridan imkon qadar samarali foydalanishni taʼminlab, hosili ushbu mashinalarda teriladigan paxta dalalarini belgilasinlar.
6. “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi bilan birgalikda paxta xomashyosi uchun paxta yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi korxonalari bilan preyskurant narxlari boʻyicha joriy yilda 80 foiz miqdorida hamda paxta tolasi sifati va chiqishini hisobga olgan holda 20 foiz miqdorida qayta ishlash tugallangandan keyin oʻz vaqtida hisob-kitob qilinishini taʼminlasin.
7. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi yonilgʻi-moylash materiallarining zarur zaxirasi yaratilishini hamda ularning paxta xomashyosi yigʻim-terimida, uni tashish va qayta ishlashda band boʻlgan fermer xoʻjaliklariga, mashina-traktor parklariga, avtotransport korxonalariga hamda boshqa tashkilotlarga mazkur ishlarni bajarish uchun zarur hajmlarda, limit boʻyicha ajratilgan dizel yoqilgʻisi qiymatining 30 foizi, birja savdolari orqali xarid qilinadigan avtobenzin, suyultirilgan gaz va dizel yonilgʻisi qiymatining 100 foizi oldindan toʻlangandan keyin uzluksiz yetkazib berilishini tashkil qilsin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 29-avgust,
PQ-688-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 8-son, 407-modda)