Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.01.2021
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
KONSESSIYALAR TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 22-yanvardagi O‘RQ-669-sonli “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Konsessiya tushunchasi
Konsessiya chet ellik investorga xo‘jalik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun davlat nomidan beriladigan ruxsatnoma bo‘lib, bu faoliyatni amalga oshirish uchun davlat chet ellik investorga konsessiya shartnomasi tuzish asosida mol-mulk, yer va yer osti uchastkalarini topshiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizom 2-bandining o‘n uchinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bog‘lari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi to‘g‘risida”gi Nizom 2-bandining sakkizinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizom 2-bandining sakkizinchi xatboshisi.
2-modda. Konsessiyachilik faoliyatini qonunlar bilan tartibga solish
Konsessiyachilik faoliyatida vujudga keladigan huquqiy munosabatlar ushbu Qonun bilan hamda O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlari bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida konsessiyachilik faoliyati jarayonida vujudga keladigan huquqiy munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
3-modda. Konsessiyachilik faoliyatining asosi
O‘zbekiston Respublikasida konsessiyachilik faoliyati quyidagilar asosida amalga oshiriladi:
o‘zaro foydalilik;
konsessiyachilarni tanlov, auksion asosida ajratib olish;
konsessiyachining O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq olib borayotgan xo‘jalik faoliyatiga aralashmaslik;
mehnatni muhofaza qilish, tabiatdan foydalanish va atrof muhitni himoyalash, ekologiya va sanitariya-gigiyena xavfsizligi sohalarida O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga rioya etish;
agar O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro shartnomalar yoki bitimlarda o‘zgacha shartlar nazarda tutilgan bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasida amal qilib turgan standartlar va normativ hujjatlarga mos keladigan mahsulot ishlab chiqarilishini ta’minlash.
4-modda. Konsessiya obyektlari
Chet ellik investorga mol-mulkni, yer va yer osti uchastkalarini berib qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan xo‘jalik faoliyatining O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlab qo‘yilmagan ayrim turlari konsessiya obyektlari bo‘ladi.
5-modda. Konsessiyaviy huquq munosabatlarining subyektlari
Quyidagilar konsessiyaviy huquq munosabatlarining subyektlaridir:
konsessiya organlari — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakil qilgan davlat boshqaruvi organi, shuningdek joylardagi davlat hokimiyati organlari;
konsessiyachi — konsessiya shartnomasi tuzilgan chet ellik investor.
6-modda. Konsessiyachilik faoliyatida mulkchilik munosabatlari
Davlat konsessiyachiga konsessiyachilik faoliyati bilan bog‘liq mol-mulkka, yer va yer osti uchastkalariga egalik qilish hamda ulardan foydalanish huquqini berib, ularni tasarruf etishdan iborat alohida huquqni o‘zida saqlab qoladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizom 88-bandining oltinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizom 91-bandining oltinchi xatboshisi.
Konsessiyachining konsessiyachilik faoliyati natijasida olgan mahsuloti va daromadlari konsessiya shartnomasida belgilab qo‘yilgan hajmda uning mulkidir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizom 88-bandining yettinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizom 91-bandining yettinchi xatboshisi.
O‘zbekiston Respublikasi konsessiyachidan mahsulot olishda ustun huquqqa ega.
II. DAVLAT HOKIMIYATI VA BOShQARUVI ORGANLARINING KONSESSIYA MUNOSABATLARINI TARTIBGA SOLIShDAGI VAKOLATLARI
7-modda. Konsessiya munosabatlari sohasida davlat boshqaruvi
Konsessiya munosabatlari sohasidagi davlat boshqaruvini Vazirlar Mahkamasi, tegishli vakolat olgan davlat boshqaruvi organi, shuningdek joylardagi davlat hokimiyati organlari amalga oshiradi.
8-modda. Vazirlar Mahkamasining vakolatlari
Konsessiya munosabatlari sohasida quyidagilar Vazirlar Mahkamasi ixtiyorida bo‘ladi:
konsessiyachilik faoliyatining ustun yo‘nalishlari dasturlarini ishlab chiqish;
konsessiya berish uchun tanlovlar hamda auksionlar o‘tkazish tartibi va shartlarini belgilash;
konsessiya loyihalari va dasturlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazish tartibini belgilash;
konsessiya shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini belgilash;
konsessiyaga berilmaydigan yoki konsessiyaga berish cheklanadigan obyektlar ro‘yxatini belgilash;
konsessiya shartnomalarining shartlariga rioya qilinishi ustidan nazoratni tashkil etish;
konsessiya munosabatlari sohasidagi boshqa masalalarni qonun hujjatlariga muvofiq hal qilish.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 28-apreldagi PF-2598-son “Neft va gaz konlarini razvedka qilish hamda ularni qazib chiqarishga bevosita xorijiy sarmoyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni 8-bandining uchinchi xatboshisi.
9-modda. Vakolat olgan davlat boshqaruvi organining huquqlari
Konsessiya munosabatlari sohasida quyidagilar vakolat olgan davlat boshqaruvi organining ixtiyorida bo‘ladi:
tanlovlar va auksionlar tashkil etish hamda ularni o‘tkazish;
o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida konsessiya shartnomalarini tuzish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal qilish.
10-modda. Joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlari
Konsessiya munosabatlari sohasida quyidagilar joylardagi davlat hokimiyati organlarining ixtiyorida bo‘ladi:
konsessiya shartnomalari tuzilishi mumkin bo‘lgan o‘z ixtiyorlaridagi obyektlarni aniqlash;
o‘z ixtiyorlaridagi obyektlar bo‘yicha tanlovlar va auksionlar tashkil etish hamda ularni o‘tkazish;
o‘zlariga berilgan vakolatlar doirasida konsessiya shartnomalari tuzish, shuningdek o‘zlariga qarashli hududlardagi obyektlar bo‘yicha boshqa konsessiya shartnomalarining shartlarini kelishish;
konsessiya munosabatlari sohasidagi boshqa masalalarni qonun hujjatlariga muvofiq hal qilish.
III. KONSESSIYALAR BERISh TARTIBI VA ShARTLARI
11-modda. Konsessiya xususida takliflar tayyorlash
Konsessiya xususidagi takliflar konsessiya organlari tomonidan konsessiyalarning O‘zbekiston Respublikasi uchun muhimligiga hamda iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligiga qarab tayyorlanadi va faoliyat turini aniqlashni hamda beriladigan mol-mulkning ro‘yxatini o‘z ichiga oladi.
12-modda. Konsessiyalarni berish tartibi
Konsessiyalar tanlov, auksionlar asosida beriladi. Istisno tarzida, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, konsessiyalar konsessiya organi bilan potensial investor o‘rtasida bevosita muzokaralar olib borish asosida beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bog‘lari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi to‘g‘risida”gi Nizomning 43-bandi.
Konsessiyalar berishning tanlov yoki auksion usulini konsessiya organi tanlaydi.
13-modda. Tanlov, auksionlar tashkil etish va konsessiya shartnomalari tuzish
Konsessiya bo‘yicha tanlov, auksion o‘tkazilishi haqidagi xabar uch oy oldin, alohida hollarda esa besh oy oldin ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, ularni o‘tkazish vaqti va joyi, shuningdek buyurtmanomalar berish muddati ko‘rsatiladi.
Tanlovda, auksionda qatnashish uchun buyurtmanomalar potensial konsessiyachilar tomonidan konsessiya organiga yuboriladi.
Konsessiya shartnomasi chet ellik investor bilan tegishli konsessiya organi o‘rtasida tuziladi va ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizomning 88-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bog‘lari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi to‘g‘risida”gi Nizomning 40-bandi.
14-modda. Tanlovda, auksionda qatnashish haqidagi buyurtmanomani qabul qilishni rad etish
Tanlovda va (yoki) auksionda qatnashish haqidagi buyurtmanomani qabul qilish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
konsessiya berish haqidagi buyurtmanomani belgilangan talablarni buzgan holda taqdim etish;
buyurtmachi o‘zining moliyaviy va texnik imkoniyatlari to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etishi.
15-modda. Konsessiya shartnomalarining mazmuni
Konsessiya shartnomasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
shartnoma nimaga tegishliligi, berilayotgan mol-mulkning tarkibi va qiymati;
er va yer osti uchastkalarining makon chegaralari;
konsessiya shartnomasining amal qilish va ishlarning boshlanish muddatlari;
tomonlarning huquqlari va majburiyatlari;
belgilangan soliqlar va boshqa to‘lovlarning miqdori, ularni to‘lash tartibi, muddatlari;
har yilgi investitsiyalarning qat’iy belgilab qo‘yilgan miqdori hamda ularni solish muddatlari, shuningdek ishlab chiqilgan biznes-rejaga muvofiq chiqariladigan mahsulot hajmi;
atrof muhitni muhofaza qilish va ishlarni bexatar olib borish talablari;
konsessiyachilik faoliyati jarayonida olinadigan axborot borasida tomonlarning haq-huquqlari;
xodimlar yollash, o‘qitish va ish o‘rgatish hamda ularni sug‘urtalashning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid kelmaydigan shartlari;
mol-mulk, yer va yer osti uchastkalarini bosqichma-bosqich qaytarib berish tartibi va shartlari;
favqulodda va oldini olib bo‘lmaydigan hodisalarning yuridik, iqtisodiy hamda tashkiliy oqibatlari;
nizolarni hal qilish tartibi, shartnoma shartlarini buzganlik uchun tomonlarning javobgarligi;
tomonlarning moliyaviy kafolatlari, yuridik manzillari hamda bank rekvizitlari;
konsessiya shartnomasini o‘zgartirish va to‘xtatish shartlari.
Konsessiya shartnomasiga amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bog‘lari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi to‘g‘risida”gi Nizomning 41-bandi.
16-modda. Konsessiyachining to‘lovlari
Konsessiyachi quyidagilarni to‘laydi:
konsessiya shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun haq;
konsessiya uchun konsessiya shartnomasida belgilangan tartibda haq;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan soliqlar va boshqa to‘lovlar.
17-modda. Konsessiya shartnomasining amal qilish muddati
Konsessiya shartnomasi o‘n besh yilgacha muddatga tuziladi. Zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq shartnoma uzaytirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 28-apreldagi PF2598-son “Neft va gaz konlarini razvedka qilish hamda ularni qazib chiqarishga bevosita xorijiy sarmoyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 2-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3561-son “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 8-bandining yettinchi xatboshisi, 88-bandning ikkinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PQ-3892-son “Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 7-bandining oltinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi PQ-3931-son “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 12-bandining beshinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizom 91-bandining ikkinchi xatboshisi.
18-modda. Konsessiya shartnomalarini o‘zgartirish va bekor qilish
Konsessiya shartnomasi shartlarini o‘zgartirishga shartnomada belgilangan tartibda yoki tomonlarning kelishuviga muvofiq yo‘l qo‘yiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bog‘lari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi to‘g‘risida”gi Nizomning 47-bandi.
Konsessiya shartnomasi tomonlarning o‘zaro kelishuviga muvofiq yoki tomonlardan biri shartnoma shartlarini buzgan taqdirda sud qaroriga muvofiq, shuningdek konsessiyachi shartnoma tuzish chog‘ida taqdim etgan ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanligi ma’lum bo‘lib qolgan taqdirda konsessiya organi tomonidan bekor qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bog‘lari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi to‘g‘risida”gi Nizomning 48-bandi.
Konsessiya shartnomasi Davlat reyestridan chiqarib tashlangan paytdan boshlab to‘xtatiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bog‘lari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi to‘g‘risida”gi Nizomning 49-bandi.
19-modda. Konsessiya shartnomalari bo‘yicha huquqlar va majburiyatlarning uchinchi shaxslarga o‘tishi
Konsessiya shartnomasi tomonlaridan biri qayta tashkil etilgan taqdirda uning huquqlari va majburiyatlari, agar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida yoki shartnoma shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, uning huquqiy vorislariga o‘tadi.
Konsessiyachining huquqlarini, konsessiya shartnomasi obyektining hammasini yoki bir qismini uchinchi shaxslarga berish konsessiya organining roziligi bilan amalga oshiriladi.
20-modda. Sug‘urta
Konsessiyachi konsessiya shartnomalari bilan bog‘liq tavakkalchilikni, konsessiyachilik faoliyatini va o‘z xodimlarini mustaqil sug‘urta qiladi.
IV. KONSESSIYAChINING HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI
21-modda. Konsessiyachining huquqlari
Konsessiyachi quyidagi huquqlarga ega:
ajratilgan yer uchastkasidan, suv resurslaridan, energiya manbalaridan, muhandislik kommunikatsiyalaridan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq foydalanish, foydalanilayotgan hududda binolar, inshootlar, shoxobcha yo‘llar, shosselar, telegraf va telefon aloqa liniyalari qurish;
mol-mulk tarkibiga uning qiymatini oshiradigan o‘zgartishlarni mustaqil kiritish, uni qayta qurish, kengaytirish, texnika bilan qayta qurollantirish;
o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari va xodimlarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mol-mulk va zarur materiallar olib kirish;
o‘z mol-mulkini va o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni olib chiqib ketish;
O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining, mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish.
Konsessiyachi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizomning 90-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizomning 93-bandi.
22-modda. Konsessiyachining majburiyatlari
Konsessiyachi quyidagilarni bajarishi shart:
konsessiya shartnomasi shartlariga rioya qilish;
xo‘jalik faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va konsessiya shartnomasiga qat’iy rioya etgan holda amalga oshirish;
konsessiya shartnomasining amal qilishi tamom bo‘lganidan yoki u bekor qilinganidan keyin ikki oylik muddatda shartnomaga muvofiq o‘ziga berib qo‘yilgan mol-mulkni va obyektlarni konsessiya organiga qaytarib topshirish, shuningdek o‘z mol-mulkini tasarruf etish;
hisob va hisobotni O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilgan tartibda yuritish;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizomning 91-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizomning 94-bandi.
23-modda. Konsessiyachi oladigan foyda
Oldingi tahrirga qarang.
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lab bo‘linganidan keyin konsessiyachida qoladigan foyda batamom uning tasarrufiga o‘tadi.
(23-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi O‘RQ-197-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 52-son, 513-modda)
V BO‘LIM. YAKUNLOVChI QOIDALAR
24-modda. Nizolarni qarab chiqish tartibi
Konsessiyachi bilan konsessiya organi o‘rtasidagi nizolar, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudlarida ko‘rib chiqilmog‘i kerak.
(24-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Konsessiyachilarning o‘z faoliyatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining davlat korxonalari, jamoat uyushmalari va boshqa yuridik hamda jismoniy shaxslari bilan nizolari, shuningdek konsessiyachilar o‘rtasidagi nizolar O‘zbekiston Respublikasining sudlarida, shuningdek tomonlarning kelishuviga muvofiq chet elda hakamlar va xolislar tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.
25-modda. Konsessiya munosabatlari subyektlarining javobgarligi
Konsessiya shartnomasi tuzgan tomonlar uning bajarilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida va shartnomada ko‘zda tutilgan tartibda javobgar bo‘ladilar.
26-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari yoki bitimlarida ushbu Qonunda ko‘zda tutilganidan boshqacha qoidalar ko‘zda tutilgan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 30-avgust,
110-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 185-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 52-son, 513-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda)