|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.05.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
TOShKENT ShAHRIDA BARPO ETILGAN MADANIYAT VA SANʼAT KOʻRGAZMASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi PQ-4730-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xalqimizning zamonlar sinovidan oʻtib kelayotgan, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshilgan boy tarixiy merosi, milliy madaniyatimiz va sanʼatimizning noyob durdonalari va bugungi yutuqlaridan keng jamoatchilikni yanada koʻproq bahramand etish, ushbu sohaning qadimiy anʼanalarini asrab-avaylash, hozirgi kun talablari bilan uygʻun holda rivojlantirish va har tomonlama targʻib etish, yoshlarni ona yurtga muhabbat, azaliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Badiiy akademiya, ijodiy uyushmalar va madaniy jamoatchilik vakillarining:
Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Alisher Navoiy nomidagi milliy bogʻ hududida barpo etilgan yangi sanʼat koshonasiga “Madaniyat va sanʼat koʻrgazmasi” deb nom berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin;
qurilish-obodonlashtirish va jihozlash ishlari nihoyasiga yetgach, Madaniyat va sanʼat koʻrgazmasi binosi Toshkent shahar hokimligi balansidan Madaniyat va sport ishlari vazirligi balansiga bepul oʻtkazilsin.
2. Quyidagilar Madaniyat va sanʼat koʻrgazmasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
– xalqimizning asrlar davomida shakllangan madaniyat va sanʼat sohasidagi bebaho merosini namoyish qilish, uning milliy va umumbashariy madaniyat taraqqiyotidagi oʻrni va ahamiyatini keng targʻib etish;
– tasviriy, amaliy va xalq hunarmandchiligi sanʼati yoʻnalishlarida faoliyat koʻrsatayotgan ijodkorlar asarlari asosida milliy istiqlol, erkin va farovon hayot gʻoyalarini tarannum etadigan, anʼanaviy sanʼatimiz va qadriyatlarimizga nisbatan yuksak hurmat-ehtirom tuygʻularini uygʻotadigan doimiy yangilanib turadigan koʻrgazmalar tashkil etishni yoʻlga qoʻyish;
– mamlakatimiz va xorijdagi yetakchi badiiy galereyalar va koʻrgazmalar bilan hamkorlikda turli mavzudagi koʻrgazmalar uyushtirish;
– xalqimizning boy tarixi, urf-odat va anʼanalari, bugungi joʻshqin hayot manzaralari, yurtimiz odamlarining siymolari, ularning orzu-intilishlarini har tomonlama chuqur aks ettiradigan badiiy fotokoʻrgazmalar oʻtkazish;
– madaniyat va sanʼatimizning mashhur namoyondalari, yosh ijodkorlar, rassom va haykaltaroshlar, hunarmand ustalar, fotograflar, sozandalar bilan suhbatlar, ijodiy uchrashuvlar oʻtkazish, milliy va jahon mumtoz sanʼati namunalarini namoyon etadigan ixcham konsert dasturlari tashkil etish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bir oy muddatda:
Madaniyat va sanʼat koʻrgazmasining faoliyati haqidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Moliya vazirligi bilan birgalikda amaldagi meʼyorlarga muvofiq Madaniyat va sanʼat koʻrgazmasining shtatlar jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2006-yil sentyabr oyidan boshlab Madaniyat va sanʼat koʻrgazmasi binosidan foydalanish, uni saqlash hamda jihozlash bilan bogʻliq xarajatlarga, uning asosiy faoliyatidan tushadigan daromadlarni hisobga olgan holda, davlat budjetidan mablagʻ ajratsin;
2006-yilda Madaniyat va sanʼat koʻrgazmasi binosidan foydalanish, uni saqlash va jihozlash bilan bogʻliq xarajatlarni davlat budjetida madaniyat sohasi uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshirsin;
respublika budjetining tasdiqlangan xarajatlar koʻrsatkichlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining I. KARIMOV
Toshkent shahri,
2006-yil 14-sentabr,
PQ-467-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 9-son, 529-modda)