|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 11.07.2016
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQ ISTEʼMOL TOVARLARI KOʻRGAZMALARI VA YaRMARKALARINI OʻTKAZISh SOHASIDA “OʻZULGURJISAVDOINVEST” UYuShMASI FAOLIYATINI FAOLLAShTIRIShGA DOIR QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 29-iyundagi 219-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash va gʻamlash korxonalari uyushmasi — “Oʻzbekoziqovqatzaxira”ni tashkil etish toʻgʻrisida” 2016-yil 8-apreldagi PQ-2517-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqaruvchilari bilan savdo korxonalari oʻrtasida yaqin oʻzaro aloqalar oʻrnatish, respublika, mintaqaviy va xalqaro koʻrgazma-yarmarkalarini tizimli asosda oʻtkazishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi, “Oʻzkoʻrgazmasavdo” ochiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlari hamda “Oʻzulgurjisavdoinvest” ulgurji savdo korxonalari uyushmasining “Oʻzkoʻrgazmasavdo” ochiq aksiyadorlik jamiyatini Xalq isteʼmol tovarlarining koʻrgazma-yarmarka savdosi respublika markazi yopiq aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Xalq isteʼmol tovarlarining koʻrgazma-yarmarka savdosi respublika markazi yopiq aksiyadorlik jamiyatining asosiy vazifalari etib belgilansin:
vatanimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlarning respublika, mintaqaviy va xalqaro koʻrgazma-yarmarkalarini, shuningdek ularning mavzuli koʻrgazma-yarmarkalarini oʻtkazishni tashkil etish;
vatanimiz korxonalariga va xorijiy korxonalarga ishbilarmonlik aloqalari oʻrnatish uchun hamkorlar topishda koʻmaklashish;
koʻrgazmalar va yarmarkalarda kontraktlar tuzish va ularni bajarish yuzasidan savdo, axborot, konsalting, marketing xizmatlari va boshqa xizmatlar koʻrsatish;
vatanimizning xalq isteʼmol tovarlari texnologiyasi, fani va ishlab chiqarishining eng yaxshi yutuqlarini reklama va axborot bilan taʼminlash;
vatanimiz ishlab chiqaruvchilarining xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishini tashkil qilish.
3. Ulgurji savdo korxonalari uyushmasi Xalq isteʼmol tovarlarining koʻrgazma-yarmarka savdosi respublika markazi yopiq aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda xalq isteʼmol tovarlarining respublika, mintaqaviy va xalqaro koʻrgazma-yarmarkalari tizimli asosda oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
Xalq isteʼmol tovarlarining koʻrgazma-yarmarka savdosi respublika markazi yopiq aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining davlatga tegishli paketini uning samarali boshqarilishini taʼminlash maqsadida “Oʻzulgurjisavdoinvest” uyushmasiga bersin;
“Oʻzkoʻrgazmasavdo” ochiq aksiyadorlik jamiyati ustav fondidagi Davlat mulki qoʻmitasiga va Toshkent shahar hokimligiga tegishli aksiyalar paketi hisobiga hamda Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlarga ushbu jamiyatning boshqa aksiyadorlaridan aksiyalarni nominal qiymati boʻyicha sotib olish hisobiga Xalq isteʼmol tovarlarining koʻrgazma-yarmarka savdosi respublika markazi yopiq aksiyadorlik jamiyati ustav fondi shakllantirilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 29-dekabr,
270-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 51-52-son, 517-modda)