Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 15.07.2009
Hujjat 18.07.2006 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT DAROMADIGA OʻTKAZILADIGAN MOL-MULKNI OLIB QOʻYISh, SOTISh YOKI YOʻQ QILIB
TAShLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi 200-sonli “Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni olib qoʻyish, sotish yoki yoʻq qilib tashlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib qoʻyilgan va davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulk va pul mablagʻlarining hisobini yuritishni takomillashtirish va ularning aylanishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-martdagi 140-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 3-son, 35-modda) bilan tasdiqlangan Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni olib qoʻyish, sotish yoki yoʻq qilib tashlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Tergov, surishtirish va sud davomida jinoiy ishlar va materiallar boʻyicha olib qoʻyiladigan ashyoviy dalillar va moddiy boyliklarni olib qoʻyish, hisobga olish, saqlash, berish, sotish, qaytarish, yoʻq qilib tashlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 18-iyul,
139-son
Vazirlar Mahkamasining
2006-yil 18-iyuldagi 139-son qaroriga
ILOVA
Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni olib qoʻyish, sotish yoki
yoʻq qilib tashlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 5-bandga quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Milliy yoki xorijiy valyutadagi olib qoʻyilgan naqd pul mablagʻlari (ashyoviy dalillar sifatida eʼtirof etilgan pul mablagʻlari bundan istisno) uni olib qoʻygan organning milliy yoki xorijiy valyutadagi talab qilib olinadigan maxsus depozit hisob raqamiga oʻtkazish uchun uch kun muddatda bankka topshirilishi kerak. Bunda koʻrsatib oʻtilgan talab qilib olinadigan maxsus depozit hisob raqamlaridan pul mablagʻlari faqat sud ijrochilari tegishli boʻlinmalarining mazkur Nizomning 53-bandiga muvofiq ochiladigan maxsus hisob raqamlariga oʻtkazish uchun, shuningdek mazkur Nizomning 57-bandida nazarda tutilgan hollarda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularni egalariga qaytarish uchun hisobdan chiqariladi”;
toʻrtinchi—oltinchi xatboshi beshinchi—yettinchi xatboshi hisoblansin.
2. 25-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“25. Cheklar, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar (aksiyalardan tashqari), jamgʻarma omonatlari, pul-buyum lotereyalari amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga beriladi.
Aksiyalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fond birjasi orqali sotiladi.
Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xarajat operatsiyalari toʻxtatib qoʻyilgan bank hisob raqamlaridagi pul mablagʻlari sud ijrochilari tegishli boʻlinmalarining mazkur Nizomning 53-bandiga muvofiq ochiladigan maxsus hisob raqamlariga oʻtkaziladi. Bunda bank hisob raqamlaridagi xorijiy valyutadagi pul mablagʻlari koʻrsatib oʻtilgan bank hisob raqamlariga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga sotish kunidagi kurs boʻyicha sotiladi, keyinchalik milliy valyutaga konvertatsiya qilingan pul mablagʻlari sud ijrochilari tegishli boʻlinmalarining maxsus hisob raqamlariga oʻtkaziladi”.
3. 53-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Koʻrsatib oʻtilgan maxsus hisob raqamiga, shuningdek pul mablagʻlarini olib qoʻygan organning talab qilib olinadigan maxsus depozit hisob raqamlarida turgan va davlat daromadiga oʻtkaziladigan pul mablagʻlari oʻtkaziladi. Bunda talab qilib olinadigan maxsus depozit hisob raqamlarida turgan xorijiy valyutadagi pul mablagʻlari pul mablagʻlarini olib qoʻygan organning talab qilib olinadigan asosiy depozit hisob raqamiga xizmat koʻrsatadigan tijorat bankiga sotish kunidagi kurs boʻyicha sotiladi, keyinchalik milliy valyutaga konvertatsiya qilingan pul mablagʻlari sud ijrochilarining tegishli boʻlinmalari maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi”;
ikkinchi—toʻqqizinchi xatboshi uchinchi—oʻninchi xatboshi deb hisoblansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 28-29-son, 273-modda)