Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.11.2015
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
Oldingi tahrirga qarang.
UMUMIY FOYDALANIShDAGI HAVO, TEMIR YO‘L, IChKI SUV VA AVTOMOBIL TRANSPORTI YO‘LOVChILARINING MAJBURIY ShAXSIY SUG‘URTASI TO‘G‘RISIDA
(qonunning nomi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y.,3-son, 38-modda)
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 9-iyundagi O‘RQ-388-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonun davlat sug‘urta organlari bilan havo, temir yo‘l, ichki suv va avtomobil transporti yo‘lovchilari o‘rtasidagi sug‘urta voqeasi boshlanishi bilanoq havo, temir yo‘l, ichki suv va avtomobil transporti yo‘lovchilarining majburiy sug‘urtasiga (bundan buyon “yo‘lovchilarni sug‘urtalashga”) doir munosabatlarni tartibga soladi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y.,3-son, 38-modda)
1-modda. Sug‘urta maqsadi
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Qonunning maqsadi yo‘lovchilarning sug‘urta himoyasini ta’minlash hamda majburiy sug‘urtasi shartlarini yaxshilashdan iboratdir.
(1-moddaning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y.,3-son, 38-modda)
2. Yo‘lovchilarni majburiy sug‘urtalash to‘g‘risidagi qonunlar ushbu Qonundan hamda unga muvofiq chiqariladigan O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlaridan iborat bo‘ladi.
2-modda. Sug‘urta shakli
Oldingi tahrirga qarang.
Safar (parvoz) vaqtida yoki tayyoragoh, shohbekat, bekat, bandargohda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalardan majburiy sug‘urtasidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan havo, temir yo‘l, ichki suv va avtomobil transporti yo‘lovchilari muqarrar tarzda sug‘urtalanadilar.
(2-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y.,3-son, 38-modda)
Quyidagilar:
shahar atrofiga qatnovchi temir yo‘l, ichki suv va avtomobil transporti yo‘lovchilari;
shahar ichida qatnovchi avtomobil transporti yo‘lovchilari;
Oldingi tahrirga qarang.
bir viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi doirasida qatnovchi avtomobil transporti yo‘lovchilari uchun 50 kilometr masofagacha majburiy sug‘urta qo‘llanilmaydi.
(2-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y.,3-son, 38-modda)
3-modda. Sug‘urtalash obyekti va subyekti
Sug‘urtalash obyekti yo‘lovchilarning salomatligi va hayotidir.
Sug‘urtalanuvchilar – umumiy foydalanishdagi tayyoralar, poyezdlar, avtobuslar, kemalar va paromlarda yo‘lovchilarni tashuvchi transport tashkilotlaridan chiptalarni sotib olgan jismoniy shaxslar (yo‘lovchilar).
Sug‘urtalovchi – davlat sug‘urta tashkiloti.
4-modda. Sug‘urta voqealari
Sug‘urta muddati davomida ro‘y bergan hamda baxtsiz hodisa to‘g‘risidagi hujjat, davolash-oldini olish muassasasining dalolatnomasi bilan tasdiqlangan shikastlanish, zaharlanish yoki halok bo‘lish hollari sug‘urta voqeasi hisoblanadi.
5-modda. Sug‘urta to‘lovlari
Sug‘urta to‘lovi chipta qiymatiga qo‘shiladi hamda uni transport tashkiloti yo‘lovchidan undirib oladi.
Sug‘urta puli hamda sug‘urta tarifini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 30-iyuldagi 379-son “Umumiy foydalanishdagi baxtsiz hodisalardan havo, temir yo‘l, ichki suv va avtomobil transporti yo‘lovchilarining majburiy sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta summalari va sug‘urta tariflari miqdorlari to‘g‘risida”gi qaroriga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Umumiy foydalanishdagi havo, temir yo‘l, ichki suv va avtomobil transportida bepul yurish huquqidan foydalanuvchi yo‘lovchilar amaldagi qonunlarga muvofiq sug‘urta puli to‘lamagan holda majburiy sug‘urtadan o‘tkazilishi shart.
(5-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y.,3-son, 38-modda)
6-modda. Sug‘urta muddati va sug‘urta amal qiladigan joy
Yo‘lovchilar chipta sotib olib, dastlabki jo‘nash joyi (tayyoragoh, shohbekat, bekat, bandargoh) hududiga borgan paytlaridan boshlab transport vositasi jadval bo‘yicha jo‘nashiga ko‘pi bilan bir soat qolgunga qadar sug‘urtalangan hisoblanadilar.
Sug‘urta muddati yo‘lovchi borar manzilidagi tayyoragoh, shohbekat, bekat, bandargoh hududidan chiqqanidan keyingina tugaydi.
7-modda. Sug‘urta summalarini to‘lash
Sug‘urta qilingan yo‘lovchi transportda ro‘y bergan baxtsiz hodisa tufayli shikastlangan yoki umumiy mehnat qobiliyatini yo‘qotgani taqdirda unga sug‘urta pulini turar-joydagi davlat sug‘urta muboshirligi to‘laydi.
8-modda. Baxtsiz hodisa to‘g‘risidagi hujjatni tuzish
Transport tashkiloti sug‘urta qilingan yo‘lovchi bilan transportda ro‘y bergan har bir baxtsiz hodisa haqida hujjat tuzadi.
9-modda. Nizolarni qarab chiqish
Sug‘urta summalarini to‘lashga doir nizolar davlat sug‘urta idoralari tomonidan bir oy muddat ichida qarab chiqiladi. Agar sug‘urtalanuvchi shaxsning talabi qondirilmasa, u sudga murojaat etishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 7-may,
866-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi 1993-y., 6-son, 250-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi 1998-y., 3-son, 38-modda)