Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridan boshlab o‘qituvchilik kasbining ahamiyati va nufuzini yuqori ko‘tarish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan ishlar izchillik bilan ro‘yobga chiqarilmoqda, pedagoglarning moddiy turmush sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘qituvchilarning mas’uliyatli mehnati va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamisha davlatning diqqat markazida turadi. Keyingi yillarda xalq ta’limi tizimi xodimlarining ish haqi miqdorlari bir necha marta oshirildi. O‘qituvchilarga alohida ustama haqlar joriy etilishi va ta’lim standartlari talablariga muvofiq pedagoglarning ish yuklamalari maqbullashtirilgani xalq ta’limi sohasiga yosh mutaxassislar kelib qo‘shilishiga imkoniyat yaratdi.
Shu bilan birga, o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirishning amaldagi tizimi maktab ta’limining zaif bo‘g‘ini bo‘lib qolmoqdaki, bunda pedagoglarning iste’dodi, kasb mahorati hamon ular mehnatiga haq to‘lashning eng muhim belgilovchi ko‘rsatkichi bo‘lib qolgani yo‘q. Amaldagi tarif stavkalari darajasi pastligi, ustama haqlarni belgilashning aniq va oshkora mexanizmi yo‘qligi o‘qituvchilarning shaxsiy xissasi namoyon bo‘lmasligiga va maktablarning pedagogik salohiyatini pasaytirishga olib kelmoqda.
O‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash tizimini yanada takomillashtirish, iste’dodli, o‘z kasbiga sodiq umumta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va mehnatiga haq to‘lashning sifat jihatidan yangi mexanizmini joriy etish, o‘sib kelayotgan avlodni uyg‘un kamol toptirish jarayonida ularning mas’uliyatini kuchaytirish va shaxsiy hissasini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar pedagog xodimlar mehnatiga haq to‘lash takomillashtirilgan tizimining bosh vazifalari etib belgilansin:
o‘z kasbiga sadoqat va tashabbuskorlik, yuksak kasb mahoratini namoyon etayotgan, ta’lim-tarbiya jarayoniga katta shaxsiy hissa qo‘shayotgan talantli pedagoglar rag‘batlantirilishini nazarda tutuvchi xalq ta’limi o‘qituvchilari va boshqa xodimlarining hissasi munosib baholanishini ta’minlash;
amaldagi ish haqi darajasini saqlab qolishgagina emas, balki eng muhimi — uning o‘sishini ta’minlashni hisobga olgan holda mehnatga haq to‘lashning xolis va oshkora mexanizmini joriy etish, amaldagi ustamalar va qo‘shimcha haqni unifikatsiyalash;
umumta’lim muassasalari pedagog xodimlarining kasb faoliyatiga talab oshganligidan kelib chiqib, ular mehnatini moddiy rag‘batlantirishni tabaqalashtirish;
maktablarning mustaqilligini yanada oshirish hamda direktorlar va o‘qituvchilar jamoasining o‘qituvchilar mehnatini xolisona baholash va rag‘batlantirish bilan bog‘liq ishlarda qatnashish huquqlarini kengaytirish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligining:
2006-yil 1-yanvardan boshlab xalq ta’limi muassasalari xodimlarining malaka toifalari va lavozimlari bo‘yicha bazaviy tarif stavkalarini belgilagan holda xalq ta’limi muassasalari pedagoglari va rahbar xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish;
o‘qituvchilarga tarbiyaviy va sinfdan tashqari ishlarni bajarganlik, kasb mahorati va o‘quv jarayoniga qo‘shgan aniq hissasi, yuqori natijalar va ta’lim sifati uchun bazaviy stavkalarga ustama haq, shuningdek ushbu muassasalarning xodimlariga bir marta beriladigan mukofotlar va moddiy yordam berish uchun Umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish;
qonun hujjatlarida belgilangan ustamalarni, shuningdek mukofotlar va moddiy yordam berish uchun umumta’lim muassasalaridan tashqari Maktabgacha, maktabdan tashqari va xalq ta’limi boshqa muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasini saqlab qolish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining umumta’lim muassasalari xodimlarining mehnat haqini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirish hisobidan ularning ish haqi kelgusi yilda barcha haq to‘lash manbalari hisobiga (har yilgi indeksatsiyalar bu hisobga kirmaydi) o‘rta hisobda 1,3 baravar oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilansinki, Umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi mablag‘larini tasarruf etish har bir umumta’lim muassasasi — maktabda, tegishli muassasa rahbari boshchiligida hamda pedagoglar va ota-onalar jamoatchiligi vakillari ishtirokida tashkil etiladigan maxsus komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
4. 2006-yil 1-yanvardan boshlab umumta’lim muassasalari direktorlari hamda direktorlarning o‘quv va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlarining ish haqi miqdori o‘rtacha 1,4 baravar ko‘paytirilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2006-yilgi Davlat budjeti doirasida xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish hamda umumta’lim muassasalari direktorlari va direktor o‘rinbosarlarining ish haqini ko‘paytirish bilan bog‘liq xarajatlar o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorda belgilangan vazifalarning amalga oshirish muhimligini nazarda tutgan holda:
o‘z majlisida xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini, Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash, Umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlasin;
xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan qatiy monitoring o‘rnatsin va uning natijalarini har chorakda o‘z majlislarida muhokama qilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.