Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
Buyrugʻi
QAMOQQA OLINGAN VA OZODLIKDAN MAHRUM QILINGAN ShAXSLARGA TIBBIY YORDAM KOʻRSATISh SAMARASINI OShIRISh ChORALARI TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 22-dekabrda 994-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 23-avgustdagi 353-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 994-1, 23.08.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi 1996-yil 29-avgustdagi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 2, 5-moddalarini, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 87-moddasini ijro etish, Oʻzbekiston Respublikasi IIV jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarni tibbiy yordam bilan taʼminlashni takomillashtirish maqsadida buyuramiz:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi davolash-profilaktika yordami Bosh boshqarmasi boshligʻi, Oʻzbekiston Respublikasi IIV jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi va Tibbiyot boshqarmasi boshliqlariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash va Ichki ishlar vaziriga, Toshkent shahar hokimiyatining Sogʻliqni saqlash Bosh boshqarmasi boshligʻiga, viloyat hokimiyati Sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga, Toshkent shahar IIBB va viloyatlar IIB boshliqlariga:
1.1. OʻzR IIV JIEBB, OʻzR IIV TB va OʻzR SSV DPYoBB, joylarda esa—viloyat IIB jazoni ijro etish boʻlimlari, tibbiyot boʻlimlari va viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmalari, tibbiyot boʻlimlari va viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmalari vakillari kiritilgan tarkibda muvofiqlashtiruvchi komissiyalar tuzilsin.
Komissiyalar zimmasiga jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarni tibbiy yordam bilan taʼminlashdagi masalalarni tezkor ravishda hal qilishining nazorati va boshqaruv faoliyati yuklatilsin.
1.2. Zarur boʻlgan holatlarda jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarni sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida toʻliq tashhisot, maslahat, ambulator va statsionar tibbiy yordami taʼminlansin.
1.3. Manzil-koloniyalarda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlariga jazoni ijro etish muassasasi joylashgan hududiy sogʻliqni saqlash tizimining barcha davolash-profilaktika muassasalarida umumiy asosda hamma turdagi tibbiy yordamlar koʻrsatilsin.
1.4. Epidemiologik vaziyat keskinlashgan holatda har bir jazoni ijro etish muassasasi yoki tergov hibsxonasiga yaqin joylashgan oʻchoqlarda epidemiyaga qarshi zarur boʻlgan chora-tadbirlar oʻtkazilishi taʼminlansin.
2. Muvofiqlashtiruvchi komissiyalar bir oylik muddat ichida jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalariga hududiy sogʻliqni saqlash tizimi muassasalari boʻlgan tashxisxonalar, maslahatxonalar, tugʻruq maskanlari, dorixonalar, ayollar maslahatxonalari, tugʻruqxonalari, ginekologik boʻlimlar; bolalar, yuqumli kasalliklar, jarrohlik va onkologik kasalxonalari (boʻlimlari); sil va teri-tanosil dispanserlarini biriktirib qoʻyishning chizmalarini ishlab chiqib tasdiqlasinlar.
Biriktirib qoʻyishning chizmalari ularga aloqador boʻlgan sogʻliqni saqlash va jazoni ijro etish muassasalariga yetkazilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi SSV davolash-profilaktika yordami Bosh boshqarmasiga, Toshkent shahar hokimiyatining Sogʻliqni saqlash Bosh boshqarmasi, viloyat hokimiyati Sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga:
3.1. Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarga barcha turdagi maxsus tibbiy anjomlar yordamida tekshirish imkoniyatlarini taʼminlash, hamda zarur boʻlgan taqdirda sogʻliqni saqlash tizimining yetuk shifokor-mutaxassislarini jalb qilgan holda zarur boʻlgan tashhisot va maslahat yordami koʻrsatilsin.
3.2. Sil kasalligini oldini olish va uni erta davrda aniqlash sifatini yaxshilash maqsadida hududiy silga qarshi dispanserlar kuchi bilan qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarga qayta flyuorografik tekshiruv tahlilini oʻtkazish taʼminlansin.
3.3. Tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarda OIT yuqumi/OITSni aniqlash borasida, shu jumladan tanosil kasalliklarning kirishi va tarqalishi oldini olish maqsadida jinsiy yoʻl bilan oʻtadigan kasalliklarni tekshirish chora-tadbirlari oʻtkazishning bepulligi taʼminlansin,
4. Oʻzbekiston Respublikasi IIV jazoni ijro etish Bosh boshqarmasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga, Toshkent shahar IIBB va viloyatlar IIB boshliqlariga:
4.1. Jazoni ijro etish muassasalariga maslahat beruvchi shifokorlarni olib kelish, silga qarshi dispanserlarga fotomateriallarni olish va yetkazish tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarining mablagʻ va kuchlari hisobiga amalga oshirilsin.
4.2. Sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan koʻrsatilayotgan statsionar yordamga pul toʻlash, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻrnatilgan tartibda, yaʼni qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami uchun ajratilayotgan respublika budjeti hisobidan amalga oshirilsin.
4.3. Jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlarni va tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarni Sogʻliqni saqlash muassasalariga olib kelish va ularning davolanish paytidagi qoʻriqlash ishlari jazoni ijro etish muassasalari va IIV qoravul qoʻshinlari harbiy qismlarining kuch va mablagʻlari hisobiga amalga oshirilsin.
4.4. Qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarga tibbiy muolajalarni oʻtkazishda yoki ular sogʻliqni saqlash tizimining davolash-profilaktik muassasalariga joylashtirilganda tibbiy xodimlar xavfsizligi taʼminlansin.
5. Ushbu buyruqning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi muovini D.A. Asadov va Ichki ishlar vazirining muovini R.Q. Qodirov zimmasiga yuklatilsin.
Ichki ishlar vaziri Z.A. ALMATOV
Toshkent sh.,
2000-yil 4-dekabr,
248-son
Sogʻliqni saqlash vaziri F. Gʻ. NAZIROV
Toshkent sh.,
2000-yil 5-dekabr,
625-son
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 24-son)