“TASDIQLAYMAN”
Oʻzbekkino davlat aksionerlik
kompaniyasi raisi
T.M. Yunusov
“KINOVIDEOFAOLIYAT” BILAN ShUGʻULLANISh HUQUQINI BERADIGAN MAXSUS RUXSATNOMA (LITSENZIYA) BERISh VA ROʻYXATGA OLISh
TARTIBI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1997-yil 15-oktabrda 371-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur Tartib “Oʻzbekkino” milliy agentligi Bosh direktorining 2008-yil 24-martdagi 42a-sonli “Kinovideofaoliyat bilan shugʻullanish huquqini beradigan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) berish va roʻyxatga olish tartibini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 371-1, 04.04.2008-y.) bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. Ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 19-apreldagi 215-son va 1996-yil 12-iyuldagi 247-son qarorlari asosida mulkchilikning barcha shakllaridagi korxona va tashkilotlar, shu jumladan kinovideofilmlarni namoyish etuvchi teleradiokompaniyalar, kabelli va efirli televideniyalarga ular tashkilotlarga boʻysunishlaridan qatʼi nazar, kinovideofaoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish tartibini belgilaydi.
2. Ruxsatnoma (litsenziya) ruxsat beruvchi rasmiy hujjat boʻlib, kinovideofaoliyatning tegishli turlari bilan shugʻullanish huquqlarini tasdiqlaydi va amaldagi qonun talablarini bajargan holda ushbu faoliyatni amalga oshirish shartlarini belgilaydi.
3. Kinovideofaoliyatga maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) 1-ilovaga muvofiq tuzilgan “Oʻzbekkino” Davlat aksionerlik kompaniyasi huzuridagi komissiyaning qaroriga asosan beriladi.
4. Korxona va tashkilotlar ruxsatnomalar olish uchun tegishli hujjatlarni yuridik manzilgohlari joylashgan hududiy “Kinovideo” aksionerlik birlashmalariga topshiradilar. Hujjatlarni qabul qilish, ekspertizadan oʻtkazish, “Oʻzbekkino” Davlat aksionerlik kompaniyasining koʻrib chiqishi uchun tayyorlash, “Qoraqalpoqkino” Davlat aksionerlik kompaniyasi, Toshkent shahar va viloyatlar “Kinovideo” aksionerlik birlashmalari zimmalariga yuklanadi.
5. Ruxsatnomani (litsenziyani) rasmiylashtirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) “Oʻzbekkino” Davlat aksionerlik kompaniyasi raisi nomiga belgilangan shakldagi ariza;
b) Tashkilotning taʼsis hujjatlari yoki ularning tasdiqlangan nusxalari;
v) Davlat boji va arizalarni koʻrib chiqish uchun toʻlovlar toʻlanganini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
6. Litsenziya berish (bermaslik) toʻgʻrisidagi qaror toʻgʻri rasmiylashtirilgan hujjatlar olingandan soʻng 10 kundan kechiktirmay qabul qilinadi.
Litsenziya berish uchun vakil qilingan organ tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan, shuningdek, amaldagi qonunchilik talablariga va mazkur Nizomga muvofiq kelmaydigan hujjatlar topshirilgan hollarda litsenziyalar berishni rad etish huquqiga egadir. Boshqa sabablarga koʻra, shu jumladan, maqsadga muvofiq emasligi sabablariga koʻra litsenziyalar berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya berishni rad etish haqidagi qaror asoslangan boʻlishi va ariza beruvchiga yozma shaklda yuborilishi kerak.
Hujjatlar ariza beruvchi tomonidan qayta rasmiylashtirilgan taqdirda ular 5 kun muddatda takroran koʻrib chiqiladi.
7. Ruxsatnomalar (litsenziyalar) 5 yil muddatga beriladi. Litsenziya muddatini uzaytirish xuddi litsenziya olish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Litsenziya olish uchun arizalarni koʻrib chiqish sarf qilingan xarajatlarini qoplash uchun ariza beruvchilar hududiy “Kinovideo” aksionerlik birlashmalariga kinovideofaoliyatning har bir turi uchun alohida eng kam oylik ish haqining yarmi miqdorida toʻlov toʻlaydilar.
Litsenziyalar berilgani uchun quyidagi tartibda davlat boji toʻlanadi:
tashkilot va korxonalar uchun eng kam oylik ish haqining toʻrt barobari miqdorida;
tashkilotlar (korxonalar)ning 50 foiz ishchilari nogironlar, Qurolli kuchlar faxriylari yoki nafaqa yoshiga yetganlar (nafaqaxoʻrlar) tashkil qiladigan tashkilotlar uchun va kichik korxonalar eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida;
davlat boji respublika budjetiga oʻtkaziladi;
kinovideofaoliyatlar asosiy faoliyat turi boʻlgan davlat boshqaruv organlari tomonidan asosiy faoliyati etib belgilangan davlat kinovideotashkilotlari yigʻim va boj toʻlashdan ozod etiladi.
8. Kinovideofaoliyat uchun ruxsatnoma (litsenziya) quyidagi hollarda bekor qilinadi:
a) Agar ruxsatnoma (litsenziya) olish uchun topshirilgan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar berilgani aniqlansa;
b) Korxona va tashkilotlar ruxsatnomada (litsenziyada) koʻrsatilgan faoliyat turlariga, belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilmasalar;
v) Tashkilot arizasiga koʻra;
g) Tashkilot tugatilganda;
d) Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari bilan koʻzda tutilgan boshqa xollarda.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 14-yanvardagi 516-XII-son qarorining ikkinchi bandiga binoan kinovideofaoliyat bilan ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) shugʻullanilgan taqdirda, korxona, tashkilotlar ushbu faoliyatdan olingan barcha daromadi va noqonuniy olingan daromadni miqdoridagi jarimani mahalliy budjetga toʻlaydilar. Bunday korxona, tashkilotlarning faoliyati Xoʻjalik sudining qarori asosida toʻxtatib qoʻyilishi mumkin.