Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
Keyingi yillarda mamlakatimizda vijdon erkinligini taʼminlash, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini oʻzida mujassam etadigan qadriyat va anʼanalarni bezavol saqlash hamda kelgusi avlodlarga yetkazish, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlar va dinlararo totuvlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, koʻmakka muhtoj, nogironligi boʻlgan va ehtiyojmand insonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida ulkan ishlar olib borilmoqda. Bu kabi ezgu amallar muborak Ramazon oyida ayniqsa yorqin namoyon boʻlmoqda.
Xalqimiz uchun azaldan mehr-oqibat, shukronalik va bagʻrikenglik timsoli boʻlib kelgan muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida:
1. 2025-yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 1-mart kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon oyini milliy anʼana va qadriyatlarga mos tarzda oʻtkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Ushbu fazilatli oyda “Ramazon — saxovat, birdamlik va bagʻrikenglik oyi” gʻoyasi asosida:
ehtiyojmandlar hamda ilm-maʼrifat yoʻlida izlanayotgan yoshlarga yordam berish boʻyicha tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga;
oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda oʻzaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish hamda hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etishga;
atrof-muhitni asrash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish, koʻchatlar ekishga hamda Ramazon oyi bilan bogʻliq tadbirlarda meʼyorga amal qilish va isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslikka alohida eʼtibor berilsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-fevral,
PQ-76-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.02.2025-y., 07/25/76/0190-son)