Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. 2024-yil 27-may kuni Toshkent shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasiga metrologiya sohasida texnik koʻmak koʻrsatish toʻgʻrisidagi Bitim tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida Rossiya tomoniga tegishli bildirishnoma yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari mazkur xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin belgilangan tartibda uning qoidalarini amalga oshirish ustidan nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 17-dekabr,
PQ-442-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.12.2024-y., 07/24/442/1031-son)