Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XUSUSIYLAShTIRISh SOHASIDAGI TEXNIK YORDAMNI MUVOFIQLAShTIRISh KENGAShINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-martdagi 101-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari bilan tashkil etilgan respublika komissiyalari tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xalqaro tashkilotlar tomonidan xususiylashtirish va iqtisodiyotning nodavlat sohasini rivojlantirish sohasida koʻrsatilayotgan texnik va boshqa yordamini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat mulki qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida ilovaga* muvofiq tarkibida Xususiylashtirish sohasidagi texnik yordamni muvofiqlashtirish kengashini tuzish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
xususiylashtirish sohasidagi texnik yordamning ustuvor yoʻnalishlarini tanlash;
koʻrsatib oʻtilgan masalalar boʻyicha xalqaro loyihalar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini muvofiqlashtirishni taʼminlash;
xalqaro tashkilotlarning texnik yordam koʻrsatish loyihalarini amalga oshirishda maslahatlar berish va tavsiyanomalar tayyorlash.
3. Kengash ishini tashkil etishga oid sarf-xarajatlar Davlat mulki qoʻmitasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V. A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 31-dekabr,
634-son