Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. 2024-yil 24-yanvar kuni Pekin shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida madaniy boyliklarni oʻgʻirlash, yashirin qazish va noqonuniy olib kirish va olib chiqishning oldini olish toʻgʻrisidagi Bitim tasdiqlansin.
2. Madaniy meros agentligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida Xitoy tomoniga tegishli bildirishnoma yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-sentabr,
PQ-322-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2024-y., 07/24/322/0711-son)