Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Andijon viloyatida mebelsozlikni rivojlantirishni yangi sifat bosqichiga olib chiqish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Andijon viloyatida mebel mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy standartlarga javob beradigan mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishni yangi sifat bosqichiga olib chiqish orqali ularning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, AT “Aloqa bank” hamda Andijon viloyati hokimligining:
Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanining “Uygʻur” MFY hududida “klaster” usulida mebel mahsulotlarini ishlab chiqarish, koʻrgazma va savdo obyektlari hamda barcha qulayliklarga ega boʻlgan “Mebelsozlik kompleksi” kichik sanoat zonasini (keyingi oʻrinlarda — sanoat zonasi) tashkil etish;
Oltinkoʻl tumani “Uygʻur” MFY hududidagi 129q, 130, 131q konturlarda tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan 16,0 gektar, shundan 15,9 gektar sugʻoriladigan yerlarni qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan yer fondining sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish;
Andijon tumanining “Mart” MFY hududidan ajratilgan 13,0 gektar va Oltinkoʻl tumanining “Sadda” MFY hududidan ajratilgan 3,0 gektar yer uchastkalarini belgilangan tartibda tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish hamda yer fondi toifasini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish;
sanoat zonasini barpo etish bilan bogʻliq xarajatlarni AT “Aloqa bank” mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Andijon viloyati hokimligi:
a) bir oy muddatda Oltinkoʻl tumani “Uygʻur” MFYda tashkil etiladigan sanoat zonasi hududining chegaralarini tasdiqlasin;
b) Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda:
bir hafta muddatda Oltinkoʻl tumanining “Uygʻur” MFY hududidagi 129q, 130, 131q konturlarda tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan 16,0 gektar, shundan 15,9 gektar sugʻoriladigan yerlarning yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga kiritsin;
Andijon tumanining “Mart” MFY hududidagi 13,0 gektar va Oltinkoʻl tumanining “Sadda” MFY hududidagi 3,0 gektar yer uchastkalarini belgilangan tartibda tuman hokimligi zaxirasiga qaytarsin hamda yer fondi toifasini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazsin;
“Mart” va “Sadda” MFY hududidagi yer uchastkalari belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlasin.
3. Savdo-sanoat palatasi hamda Andijon viloyati hokimligi:
AT “Aloqa bank” bilan birgalikda ikki oy muddatda Turkiya, Xitoy va boshqa mebelsozlik rivojlangan xorijiy davlatlardan ekspertlarni jalb qilgan holda, quyidagilarni nazarda tutuvchi sanoat zonasining konsepsiyasini ishlab chiqsin:
ishlab chiqarish sexlari (angar), koʻrgazma zallari, ochiq va yopiq savdo maydonlari, furnitura va butlovchi qismlar savdo markazi hamda logistika markazini tashkil etish;
importni chuqur tahlil qilgan holda mebel mahsulotlari uchun import oʻrnini bosuvchi xomashyolar, furnituralar va butlovchi qismlar ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyish;
ichki va tashqi bozorlar konyunkturasidan kelib chiqib, raqobatbardosh mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil qilish boʻyicha taniqli xorijiy brendlarni jalb qilish;
mahalliy furnitura va butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning dilerlik markazlarini ochish;
furnitura va butlovchi qismlarni import qiluvchi tashkilotlarning yoki ularni xorijiy ishlab chiqaruvchilarining dilerlik markazlarini ochish orqali ishlab chiqaruvchilarga birinchi sotuvchi (“qoʻl”)dan xarid qilish imkonini yaratib berish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) sanoat zonasi hududini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash doirasida:
ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari hamda avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari — 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida maxsus iqtisodiy zonalar, yoshlar va kichik sanoat zonalari hamda yirik ishlab chiqarish loyihalarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar;
elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari — oʻrnatilgan tartibda taʼminotchi korxonalarning oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
b) sanoat zonasi hududida AT “Aloqa bank” tomonidan quriladigan bino va inshootlarni tadbirkorlarga sotish, ijara va lizingga berish “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.
5. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi sanoat zonasini barpo etish doirasida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va narxlarni maqbullashtirish yuzasidan Savdo-sanoat palatasi va Andijon viloyati hokimligiga amaliy koʻmak berib borsin hamda qurilish-montaj ishlarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga qatʼiy rioya etilgan holda amalga oshirilishi ustidan nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi normativ huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Savdo-sanoat palatasi raisi D.A. Vaxabov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov hamda Andijon viloyati hokimi Sh.Q. Abdurahmanov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 20-avgust,
523-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.08.2024-y., 09/24/523/0635-son)