Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. 2024-yil 6-iyun kuni Pekin shahrida imzolangan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻli loyihasini birgalikda amalga oshirishda hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Bitim tasdiqlansin.
2. Transport vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilansin.
3. “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” qoʻshma loyiha kompaniyasining ustav kapitalidagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ulushining bir qismini shakllantirish “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 7 yillik imtiyozli davr bilan 15 yil muddatga, yillik 5 foiz stavkada bosqichma-bosqich ajratiladigan 255 million AQSh dollari (shu jumladan, 2024-yilda 14 million AQSh dollari) miqdoridagi kreditlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan amalga oshirilishi belgilansin.
4. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirishga masʼul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida Xitoy va Qirgʻiziston tomonlariga tegishli bildirishnoma yuborsin.
5. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 8-iyul,
PQ-247-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.07.2024-y., 07/24/247/0486-son)