Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. 2023-yil 22-sentabr kuni Toshkent shahrida imzolangan 1999-yil 5-oktabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida Bojxona ishlarida oʻzaro koʻmaklashish toʻgʻrisidagi Bitimga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi bayonnoma tasdiqlansin.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi ushbu xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida depozitariyga tegishli bildirishnoma yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 17-yanvar,
PQ-27-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 07/24/27/0045-son)