Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hududini oʻsimliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish va oʻsimliklar karantini sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2018-yil 29-yanvardagi 65-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Keyingi yillarda oʻsimliklarni zararli organizmlardan ishonchli himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish, oʻsimliklar karantini tizimini yangi bosqichga koʻtarish, fitosanitar va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, oʻsimliklar karantini sohasida xizmatlar sifatini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, ichki bozorlarda aholining isteʼmol talabi yuqori boʻlgan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navosi barqarorligini saqlash uchun import hisobidan qoplanadigan hamda xalqaro amaliyotda fitosanitariya sertifikati talab etilmaydigan mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish boʻyicha fitosanitariya talablarini soddalashtirish va xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 4-sentabrdagi PQ-292-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, fitosanitariya talablarini yengillashtirish orqali aholining isteʼmol talabi yuqori boʻlgan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navosi barqarorligini saqlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-yanvardagi 65-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududini oʻsimliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga oʻsimliklar karantini nazoratidagi mahsulotlarni olib kirishga Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan berilgan karantin ruxsatnomasi hamda eksport qiluvchi mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi boʻlgan taqdirdagina ruxsat beriladi.
Quyidagi hollarda oʻsimliklar karantini nazoratidagi mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga faqat Agentlik tomonidan har bir partiyaga alohida holda beriladigan karantin ruxsatnomasi boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi:
eksport qiluvchi mamlakatda vakolatli davlat organlari mavjud boʻlmasa;
eksport qiluvchi mamlakatda fitosanitariya sertifikati (guvohnomasi) talab etilmaydigan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan va uning tashqarisiga olib chiqiladigan oʻsimliklar karantini nazoratidagi mahsulotlar roʻyxatiga kiritilgan fitosanitar xavfi past boʻlgan karantin ostidagi mahsulotlarga”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 29-dekabr,
707-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.01.2024-y., 09/24/707/0010-son)