Yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risida axborot beruvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari o‘rnatiladigan joylarni tadbirkorlik subyektlariga elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishdan tushadigan mablag‘lardan samarali foydalanilishini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-apreldagi 232-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom quyidagi mazmundagi 81-band bilan to‘ldirilsin:
“81. Yo‘l harakati qoidalari buzilganligini aniqlaydigan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari o‘rnatiladigan joyni auksion orqali sotishdan tushgan mablag‘larning 1 foizi operatorga, qolgan qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlari qarorlari asosida tegishli mahalliy budjet daromadiga o‘tkaziladi”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.