Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni apellatsiya tartibida koʻrib chiqish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 25-martdagi 8-sonli “Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni apellatsiya, kassatsiya tartibida koʻrib chiqishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar kiritilganligi, sud amaliyotida masalalar yuzaga kelayotganligi munosabati bilan, shuningdek, qonun normalari bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni apellatsiya tartibida koʻrib chiqish sud protsessi ishtirokchilarining birinchi instansiya sudi qarori ustidan shikoyat berishga boʻlgan huquqini kafolatlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi (bundan buyon matnda MJtK deb yuritiladi) 3241-moddasiga muvofiq, birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqargan qarori ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqi quyidagilarga tegishli:
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxsga, uning qonuniy vakiliga, advokatiga;
jabrlanuvchiga, uning qonuniy vakiliga, advokatiga;
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga;
prokurorga.
Shu munosabat bilan birinchi instansiya sudi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqargan qarorning koʻchirma nusxasi uch kun mobaynida oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxsga topshiriladi yoki yuboriladi. Jabrlanuvchiga, qonuniy vakilga, advokatga, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga, prokurorga qarorning koʻchirma nusxasi ularning iltimosiga koʻra topshiriladi yoki joʻnatiladi (MJtK 311-moddasi).
3. Qonunga koʻra, apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudi nomiga yoʻllanadi, biroq maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror chiqargan sudga topshiriladi yoki joʻnatiladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi sifatida quyidagilar amal qiladi:
jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha — tegishlicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati;
iqtisodiy sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha — tegishlicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati;
fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha — tegishlicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati;
hududiy harbiy sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi.
Shuni nazarda tutish lozimki, viloyat va unga tenglashtirilgan sud tomonidan ishlarni birinchi instansiyada yoki apellatsiya tartibida koʻrib chiqish chogʻida chiqarilgan qaror ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hayʼati tomonidan koʻriladi.
4. MJtK 3243-moddasiga koʻra, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqarilgan sud qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran yigirma sutka ichida, oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs va jabrlanuvchi tomonidan esa, qaror topshirilgan (elektron hujjat tarzida yuborilgan) yoki olingan kundan eʼtiboran shunday muddat ichida berilishi mumkin.
Fuqarolik, iqtisodiy ishlarni koʻrib chiqish paytida shaxsni maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida chiqarilgan sud qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik, Iqtisodiy protsessual kodekslarida belgilangan tartib va muddatlarda beriladi (MJtK 315-moddasi).
5. Qonunga koʻra, sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori qabul qilingan kundan boshlab qonuniy kuchga kiradi. Biroq, MJtK 318-moddasiga koʻra, belgilangan muddatda apellatsiya shikoyati (protesti) berilishi maʼmuriy jazoni qoʻllash haqidagi (maʼmuriy qamoq bundan mustasno) qarorni toʻxtatib turishini inobatga olib, sud mazkur muddat oʻtgunga qadar uni ijroga qaratmay turishi lozim. Bunday holda qaror ijrosini toʻxtatib turish toʻgʻrisida ajrim chiqarish talab etilmaydi.
6. Manfaatdor shaxs iltimosnomasiga binoan, uzrli sabablarga koʻra, oʻtkazib yuborilgan apellatsiya shikoyati (protesti) berish muddati maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida qaror chiqargan sud tomonidan tiklanishi mumkin. Bunda muddatni oʻtkazib yuborishning sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablari ajrimda koʻrsatilishi kerak.
Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual harakatni amalga oshirishga obyektiv toʻsqinlik qiluvchi holatlar uzrli sabablar deb topilishi mumkin (masalan, favqulodda holatlar, suv toshqinlari, epidemiyalar, pandemiya, karantin).
Jismoniy shaxsning kasalligi, noiloj ahvoli, uning oilaviy ahvoli (oila aʼzolarining oʻlimi yoki ogʻir kasalligi), shuningdek, boshqa holatlar, agar ular qonunda belgilangan muddatda apellatsiya shikoyati berishni istisno etgan yoxud jiddiy tarzda qiyinlashtirgan boʻlsa, uzrli holatlar deb topilishi mumkin.
7. Sud qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklashni rad qilish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat (xususiy protest) berilishi mumkin boʻlib, u apellatsiya tartibida koʻrib chiqiladi. Xususiy shikoyat (xususiy protest) qanoatlantirilganda, apellatsiya instansiyasi sudi ish boʻyicha apellatsiya shikoyatini (protestini) umumiy asoslarda koʻrib chiqadi.
Sudning apellatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash toʻgʻrisidagi ajrimidan norozi boʻlgan shaxs oʻz vajlarini ish apellatsiya tartibida koʻrilayotganda taqdim etishga haqli.
8. Apellatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash bilan bir vaqtda sud ajrimda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ijro qilinmagan qaror ijrosini apellatsiya shikoyati (protesti) koʻrib chiqilgunga qadar toʻxtatib turish masalasini hal qiladi.
9. MJtK 3241-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq, sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) ish bilan birga shikoyat (protest) kelib tushgan kundan boshlab uch sutka ichida, sud tomonidan maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish tariqasidagi jazo chorasi qoʻllanilgan hollarda esa, shikoyat (protest) olingan kuni apellatsiya instansiyasi sudiga yuborilishi lozim.
Shikoyatni (protestni) ish bilan birga apellatsiya instansiyasi sudiga yuborilayotganligi toʻgʻrisida quyidagilarga xabar beriladi:
oʻziga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror chiqarilgan shaxsga va uning qonuniy vakiliga;
jabrlanuvchiga, uning qonuniy vakiliga;
advokatga;
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga;
apellatsiya protesti kiritgan prokurorga.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarga bir vaqtning oʻzida shikoyatning (protestning) koʻchirma nusxasi yuborilib, apellatsiya instansiyasi sudiga eʼtiroz taqdim etish huquqi tushuntiriladi.
10. MJtK 3244-moddasiga muvofiq, apellatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kirguniga qadar apellatsiya shikoyati bergan shaxs shikoyatni qaytarib olishga, protest keltirgan prokuror, shuningdek yuqori turuvchi prokuror, protestni qaytarib olishga haqli.
Oʻziga nisbatan sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi qarori chiqarilgan shaxs, shuningdek, jabrlanuvchi oʻz advokatining shikoyatini qaytarib olishga haqli. Ayni paytda advokat, qonuniy vakil, tegishlicha, oʻziga nisbatan sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi qarori chiqarilgan shaxsning yoki jabrlanuvchining roziligisiz oʻzining apellatsiya shikoyatini qaytarib olishga haqli emas.
Shikoyat qaytarib olinganda, protest chaqirib olinganda, basharti ish boʻyicha boshqa shikoyat yoki protest boʻlmasa, apellatsiya instansiyasi sudi ish boʻyicha apellatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida qaror chiqaradi.
11. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunga koʻra (MJtK 3245-moddasi), maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish boʻyicha ishning toifasi va qoʻllanilgan maʼmuriy jazo chorasi turidan kelib chiqqan holda, turlicha muddatlar belgilangan.
Jumladan, agar apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqishning umumiy muddati oʻn besh sutkani tashkil etsa, MJtK 512 — 519-moddalarida nazarda tutilgan ishlar boʻyicha berilgan shikoyatni (protestni) koʻrish muddati u ish bilan birga kelib tushgan paytdan eʼtiboran besh kunni tashkil etadi.
Maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qaror ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti), basharti qamoqqa olish tariqasidagi jazo chorasi oʻtalmagan yoki shaxs chiqarib yuborilmagan boʻlsa, shikoyat (protest) berilgan paytdan eʼtiboran bir sutka ichida koʻrilishi lozim.
12. Qonunda ishda ishtirok etuvchi shaxslarni apellatsiya shikoyati (protesti) koʻriladigan vaqt va joy haqida xabardor qilish majburiyati apellatsiya instansiyasi sudiga yuklatilganligi sababli, ish materiallarida ular tegishli tarzda xabardor qilinganligi haqida maʼlumotlar mavjud boʻlishi lozim.
Apellatsiya instansiyasi sudi majlisi vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor etilgan shaxslarning kelmaganligi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
13. Apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxslarga apellatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha kelib tushgan eʼtirozlar va ishdagi boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyati berilishi shart.
14. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud qarori ustidan shikoyat qilish uchun qonunda belgilangan muddat oʻtkazilib berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) kelib tushganda, apellatsiya instansiyasi sudi shikoyatni (protestni) ish bilan birga birinchi instansiya sudiga qaytaradi.
15. Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻriladi.
16. Apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) sud majlisida maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni birinchi instansiya sudida koʻrish qoidalari boʻyicha, ayni paytda, apellatsiya instansiyasi sudida ish yuritish xususiyatlarini inobatga olgan holda koʻrib chiqadi (MJtK 3247-moddasi ikkinchi qismi).
17. Apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqishda apellatsiya shikoyati (protesti) vajlari bilan chegaralanmasdan ishda mavjud, shuningdek, sudga taqdim etilgan (sud tomonidan talab qilib olingan) yangi dalillarni toʻla hajmda tekshiradi.
Qonun apellatsiya instansiyasi sudining har qanday dalillarni, ular birinchi instansiya sudida muhokama qilinganligidan yoki yangidan taqdim etilganligidan qatʼiy nazar, tekshirish huquqini cheklamaydi.
18. MJtK 3242-moddasiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrishda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha birinchi instansiya sudi qarorining qonuniyligi, asoslantirilganligi va adolatliligini tekshiradi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud qarori, basharti u moddiy va protsessual qonunning barcha talablariga rioya etilgan holda chiqarilgan boʻlsa, qonuniy deb topiladi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud tomonidan har tomonlama, toʻla va xolisona tekshirilgan dalillar asosida chiqarilgan qaror asoslantirilgan deb topiladi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqarilgan qaror, basharti tayinlangan maʼmuriy jazo chorasi sodir etilgan huquqbuzarlik xususiyati va huquqbuzarning shaxsiga oid maʼlumotlar inobatga olingan holda tayinlangan boʻlsa, adolatli hisoblanadi.
19. MJtK 321-moddasida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqarilgan sud qarori bekor qilinishi va oʻzgartirilishi uchun umumiy asoslar belgilangan boʻlib, apellatsiya instansiyasi sudi ishning muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda, bu asoslarni u yoki bu tarzda qoʻllashi mumkin.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan sud chiqargan qarorni bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun quyidagilar asos boʻladi:
sud tomonidan ishni toʻliq boʻlmagan holda yoki bir tomonlama koʻrib chiqilishi;
qaror va sud tomonidan qoʻllanilgan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonun normalari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ish boʻyicha faktik holatlarga mos kelmasligi;
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish qoidalarining jiddiy buzilishi;
qoʻllanilgan maʼmuriy jazo chorasining adolatsizligi.
20. Birinchi instansiya sudining qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalariga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
sud qarorini oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa, qanoatlantirmay qoldirish toʻgʻrisida;
sud qarorini, shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ (mansabdor shaxs) qarorini bekor qilish va ishni oʻsha organga (mansabdor shaxsga) qaytarish haqida;
sud qarorini oʻzgartirish yoki uni bekor qilib, yangi qaror chiqarish toʻgʻrisida;
sud qarorini bekor qilish va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida;
jazo chorasini kuchaytirmagan holda maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada oʻzgartirish haqida;
apellatsiya shikoyati (protesti) qaytarib olinishi munosabati bilan apellatsiya ish yuritishini tugatish toʻgʻrisida.
Apellatsiya instansiyasi sudi qarori chiqarilganidan keyin darhol oʻqib eshittiriladi.
21. Agar ish holatlari har tomonlama, toʻla va xolisona tekshirilganligi, MJtK normalari buzilishiga yoʻl qoʻyilmaganligi, moddiy qonun normalari huquqbuzarlikka nisbatan toʻgʻri qoʻllanilganligi, tayinlangan maʼmuriy jazo chorasi MJtK 30-moddasi talablariga muvofiqligi aniqlansa, apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgarishsiz qoldiradi.
Qarorni oʻzgarishsiz qoldirganda apellatsiya instansiyasi sudi uning ijrosini MJtK 328-moddasiga muvofiq, kechiktirishga haqli.
22. Apellatsiya instansiyasi sudi sud qarorini oʻzgartirganda quyidagilarga haqli:
maʼmuriy huquqbuzarlik kvalifikatsiyasini maʼmuriy jazo chorasini oʻzgartirmagan holda oʻzgartirishga;
maʼmuriy huquqbuzarlik kvalifikatsiyasini maʼmuriy jazo chorasini yengillashtirgan holda oʻzgartirishga;
maʼmuriy jazo chorasini MJtK Maxsus qismi moddasi sanksiyasi doirasida oʻzgartirishga;
MJtK Maxsus qismi muayyan moddasini yoki huquqbuzarlik epizodlarini chiqarishga;
moddiy zarar miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirishga, shuningdek, huquqbuzarlik ashyolari toʻgʻrisidagi masalani hal qilishga.
Apellatsiya instansiyasi sudi MJtK 33-moddasiga muvofiq, bunday qaror qabul qilinishi sabablari va asoslarini koʻrsatgan holda, MJtK Maxsus qismi muayyan moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq jazoni yoki mazkur moddada nazarda tutilmagan boshqa jazoni qoʻllashga haqli.
23. Apellatsiya instansiyasi sudi ish boʻyicha MJtK 281, 282-moddalarida nazarda tutilgan talablar buzilganligini aniqlasa, basharti bu qabul qilingan qaror qonuniyligiga taʼsir etgan boʻlsa, sud qarorini, shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ (mansabdor shaxs) qarorini bekor qiladi va ishni oʻsha organga (mansabdor shaxsga) qaytaradi.
24. MJtK 278-moddasi mazmuniga koʻra, agar ishni koʻrib chiqish paytida apellatsiya instansiyasi sudi huquqbuzarning harakatlarida jinoyat alomatlari bor degan xulosaga kelsa, birinchi instansiya sudi qarorini bekor qiladi va materiallarni prokurorga yuboradi.
Prokuror materiallarni oʻrganib chiqish va tekshirish natijasi boʻyicha huquqbuzarning harakatlarida jinoyat alomatlari yoʻq, degan xulosaga kelsa, maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish sudga prokurorning jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori bilan birga yuboriladi.
25. Apellatsiya instansiyasi sudi, agar jabrlanuvchining, uning vakilining yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organning shikoyatini yoxud prokuror protestini koʻrib chiqish natijalariga koʻra, jazo chorasini kuchaytirishi yoki qilmishni MJtK Maxsus qismining ogʻirroq javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasiga qayta kvalifikatsiya qilish zarurati bor degan xulosaga kelsa, qarorni bekor qiladi va yangi qaror chiqaradi.
26. Sudlarga tushuntirilsinki, agar apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish paytida MJtK 271-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy javobgarlikni istisno qiluvchi har qanday holat aniqlansa, birinchi instansiya sudining qarori bekor qilinishi, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish esa, tugatilishi lozim.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishni tugatish bilan qarorni bekor qilish undirib olingan pul summalarini, haqi toʻlab olib qoʻyilgan va musodara qilingan narsalarni qaytarib berishga, shuningdek, ilgari qabul qilingan qaror bilan bogʻliq boshqa cheklashlarni bekor qilishga sabab boʻladi. Narsani qaytarib berish mumkin boʻlmagan hollarda uning qiymati, basharti bu narsalar tadbirkorlik uchun moʻljallangan boʻlsa, boy berilgan foydasi ham qoplanadi (MJtK 324-moddasining birinchi qismi).
Fuqaroni gʻayriqonuniy ravishda maʼmuriy qamoqqa olish natijasida unga yetkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.
27. Apellatsiya instansiyasi sudi ish boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilishi sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni aniqlaganda, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga bu sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritishi lozim.
Apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan bunday taqdimnoma maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritish uchun masʼul organ (mansabdor shaxs) tomonidan qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan hollarda ham kiritilishi kerak.
28. Apellatsiya instansiyasi sudi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarorni oʻqib eshittirganidan soʻng sud protsessi ishtirokchilariga uning mazmun-mohiyatini va uning ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berish tartibini tushuntirishi shart boʻlib, bu holat sud majlisi bayonnomasida aks ettirilishi lozim.
29. Apellatsiya instansiyasi sudi qarori oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Apellatsiya instansiyasi sudi qarori ustidan u chiqarilgan kundan eʼtiboran olti oy ichida kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.
30. Apellatsiya instansiyasi sudlarining eʼtibori shunga qaratilsinki, qarorning koʻchirma nusxasi oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxsga va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga uch kunlik muddatda yuborilishi (topshirilishi) taʼminlanishi lozim. Ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga esa, qarorning koʻchirma nusxasi ularning soʻroviga binoan beriladi.
Shuni nazarda tutish kerakki, maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish tariqasidagi maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilgan ish boʻyicha chiqarilgan qarorning koʻchirma nusxasi qarorni ijro etuvchi organga, shuningdek, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qaror qabul qilingan kunning oʻzidayoq yuboriladi (topshiriladi).
31. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni oʻz vaqtida va toʻgʻri hal etilishini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat sudlari va Toshkent shahar sudiga ishlarni apellatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyotini har chorakda umumlashtirib borish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-may,
8-son