Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy
banki Boshqaruvining 1998-yil
27-iyundagi 408-son qarori bilan
“TASDIQLANGAN”
11-sonli bayonnoma
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TIJORAT BANKLARIDA KONSALTING XIZMATLARINI TAShKIL QILISh BOʻYIChA
koʻrsatmalar
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 19-yanvarda 599-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur Koʻrsatma Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 16-maydagi 12/9-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida konsalting xizmatlarini tashkil qilish boʻyicha koʻrsatmalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 599-1, 25.05.2015-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. Ushbu koʻrsatmalar “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonun, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 9-apreldagi “Xususiy tadbirkorlik, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida”gi Farmonining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 28-maydagi 232-sonli “Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishni ragʻbatlantirish mexanizmini yaxshilash toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqildi.
2. Konsalting — xoʻjalik yurituvchi subyektlarga iqtisodiy faoliyat sohasida maslahat berish faoliyatidir.
3. Banklardagi konsalting faoliyati ushbu koʻrsatmalar, shuningdek bank ustaviga muvofiq ishlab chiqilgan tijorat banklarining konsalting xizmati toʻgʻrisidagi nizom doirasida tashkil qilinadi.
4. Bank konsalting xizmatining asosiy vazifasi tadbirkorlarga va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bank xizmati va mablagʻlarini eng samarali qoʻyish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha maʼlumot-maslahat xizmatlarini koʻrsatishdir.
5. Konsalting xizmati tijorat (toʻlov) asosida koʻrsatilishi mumkin.
6. Konsalting xizmati tadbirkorlarga, kichik va oʻrta biznes subyektlariga ularning mablagʻlarini eng samarali qoʻyish, faoliyat samaradorligini oshirish, qoʻshimcha rivojlanish manbalarini aniqlash, shuningdek tadbirkorlarni, shu jumladan chet el investorlarini investitsiya faoliyatlariga koʻmaklashishi boʻyicha maslahat tusidagi xizmat koʻrsatishi zarur.
7. Tijorat banklarining konsalting xizmati xoʻjalik yurituvchi subyektlarga quyidagi masalalar boʻyicha maslahat va maʼlumot berish xizmatlarini koʻrsatishi mumkin:
bank xizmati turlari haqida;
tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar;
biznes boʻyicha hamkorlar bilan optimal hisob-kitobni tashkil qilish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarni kreditlash turlari va usullari;
biznes plan tuzish va texnik-iqtisodiy asoslab berish;
investitsiya takliflarni texnik-iqtisodiy asoslab berish, investitsiya loyihalariga tanlov konkursiga qatnashish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash;
bank kreditlarini rasmiylashtirish uchun zarur hujjatlar paketini tuzish boʻyicha xizmat koʻrsatish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning likvidligining tahlili;
tadbirkorning ishlab chiqarish potensialining tahlili;
kreditlash va hisob-kitob usullari;
investitsiya faoliyati va pul mablagʻlarini qoʻyishning ustuvor yoʻnalishlari;
marketing va mahsulotni sotish;
moliya va investitsiyalarni boshqarish;
bank qonunchiligi va bank tizimidagi amaldagi nizomlar.
8. Mijozlar bilan shartnomalar yil davomida maslahat-maʼlumot xizmati yoki bir martalik xizmat koʻrsatishga tuzilishi mumkin.
9. Banklar koʻrsatilgan xizmatlarining sifati va berilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun amaldagi qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda javobgardirlar.
10. Konsalting xizmati tavsiyalari mijozning pul mablagʻlarini tejashga, uning faoliyati samaradorligini oshirishga, rivojlanishning qoʻshimcha manbalarini aniqlashga yordam berishi kerak.
11. Tavsiyalar yozma holda tuzilishi va bank rahbariyatining imzosi ostida rasmiy tusda berilishi kerak.
12. Mijoz konsalting xizmatiga murojaat qilganida nomini, turar joyini, bank hisob raqamini, xizmatning aniq mazmuni va uning maqsadini koʻrsatgan holda yozma shaklda buyurtma beradi.
13. Mijoz bilan kelishuvga asosan, tijorat banki oʻz xodimini mijozning korxonasiga quyidagi masalalar boʻyicha yuborishi mumkin:
buxgalteriya hisobini olib borilishi va hisobotning tuzilishini oʻrganish;
moliyaviy majburiyatlarning bajarilish tartibi va pul mablagʻlari harakatining prognozini tuzish;
moliyaviy rejalashtirish tahlili;
smeta tuzish;
tovar zaxiralarini boshqarish;
qoʻshimcha xarajatlar.
14. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, konsalting xizmati tavsiyalari bank siri tusida boʻlishi lozim, konsalting xizmatining barcha xodimlari bank va mijozning tijorat sirlarini oshkor qilmaslik toʻgʻrisida tilxat berishlari kerak. Buni buzganlik hollarida ular amaldagi qonunchilikka muvofiq qatʼiy javobgarlikka tortilishlari kerak.
Bank sirini tashkil qiluvchi maʼlumotlar oshkor qilinganda, huquqi buzilgan mijoz bankdan koʻrsatilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari A. QODIROV
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 1999-y., 1-son)