Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT SHAHAR HOKIMLIGINING MUNITSIPAL MULK OBYEKTLARINI SOTISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-iyuldagi 199-sonli “Toshkent shahar hokimiyati munitsipal mulk obyektlaridan samarali foydalanishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish, shuningdek Toshkent shahrining ijtimoiy dasturlari va muhandislik infratuzilmasini mablagʻ bilan taʼminlash uchun qoʻshimcha manbalarni jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligining Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturiga 1 va 2-ilovalarga* muvofiq munitsipal mulk obyektlarini qoʻshimcha ravishda kiritish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi mazkur obyektlarni belgilangan tartibda Toshkent shahar hokimligi mablagʻlari hisobiga qayta baholasin.
3. Belgilansinki, ilovalarda koʻrsatilgan obyektlarni sotishdan tushgan mablagʻlar Toshkent shahar hokimligining maxsus maqsadli hisob raqamida jamlanadi va toʻliq miqdorda Vazirlar Mahkamasining qurilish, qurilish materiallari sanoati, uy-joy-kommunal xoʻjaligi va transport kompleksi bilan kelishgan holda munitsipal uy-joy qurishga, avariya holatidagi kasalxonalar va maktablarni mukammal taʼmirlash va rekonstruksiya qilishga, muhandislik kommunikatsiyalarini rivojlantirishga, bugʻ qozonxonalari agregatlari va issiqlik tarmoqlarini mukammal taʼmirlashga, shuningdek 2001-2002-yillar investitsiya dasturlariga kiritilgan obyektlar boʻyicha kreditorlik qarzini qaytarishga yoʻnaltiriladi.
4. Toshkent shahar hokimligi bir hafta muddatda munitsipal mulkni sotishdan tushgan mablagʻlar tushumini Toshkent shahar hokimligining maxsus maqsadli hisob raqamida hisobga olish va ularni Toshkent shahrining ijtimoiy dasturlari va muhandislik infratuzilmasini mablagʻ bilan taʼminlashga sarflash tartibini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Davlat mulki qoʻmitasi bilan kelishsin.
5. Munitsipal mulk obyektlarini sotishdan olingan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi uchun masʼuliyat Toshkent shahar hokimi R.M. Shoabdurahmonov zimmasiga yuklansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N.Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2002-yil 9-avgust,
287-son