Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-165-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq:
1. Chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasining chaqiruv yoshidagi fuqarolari 2021-yilning mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqirilsin.
Harbiy xizmatga yaroqli, shu jumladan cheklovlar bilan yaroqli boʻlgan hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega boʻlmagan, biroq ushbu chaqiruv davrida Qurolli Kuchlar safiga chaqirilmaydigan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinsin.
2. Muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatini oʻtab boʻlgan harbiy xizmatchilar 2021-yilning mart-aprel oylarida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 11-fevral,
PQ-4987-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2021-y., 07/21/4978/0108-son)