Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA PAXTA ZAVODLARIDA IShLAB ChIQARILGAN PAXTA TOLASINI SOTISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-apreldagi 202-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish va ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Paxta xomashyosini tayyorlaydigan, qayta ishlaydigan, paxta tolasini va paxta mahsulotini saqlaydigan hamda sotadigan barcha ishlab chiqarish boʻgʻinlarining puxta oʻzaro harakatini taʼminlash, suiisteʼmollar va respublikadan tashqariga gʻayriqonuniy ravishda olib chiqib ketish hollarining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
kolxozlar va sovxozlar yetishtirgan paxta xomashyosining hammasi majburiy tartibda tayyorlov punktlariga yoki paxta zavodlariga topshiriladi;
oʻzining tayyorlov punktlariga va paxta zavodlariga ega boʻlgan xoʻjaliklar tayyorlangan va qayta ishlangan paxta xomashyosining miqdori haqida bosh paxta zavodi va tegishli statistika organlari oldida hisobot beradi;
olingan paxta tolasining hammasi, kolxozlar va sovxozlar ixtiyorida qoldiriladigan bajarilgan topshiriq hajmining 15 foizini va topshiriqdan ortiq boʻlgan miqdorni ham qoʻshganda, paxta zavodlarida xoʻjaliklar boʻyicha alohida-alohida saqlanishi lozim.
2. Paxta tolasini sotish va yetkazib berishning quyidagi tartibi belgilansin:
I) davlat topshirigʻida belgilangan (davlat resurslari) paxta xomashyosining 85 foizini qayta ishlash hisobiga olingan paxta tolasini sotish va yetkazib berish boʻyicha
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasining, respublika dehqonchilik sanoati majmuining barcha tizimlari sovxozlardagi paxta zavodlaridagini ham qoʻshganda, kutilayotgan paxta tolasini ishlab chiqarish haqidagi maʼlumotlari asosida paxta tolasi davlat resurslarining umumiy balansini, Oʻzbekistondagi, MDH mamlakatlaridagi isteʼmolchilarga va eksportga taqsimlanishini ishlab chiqadi hamda koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Vazirlar Mahkamasi paxta tolasini respublika isteʼmolchilariga, MDH mamlakatlariga yetkazib berish va eksport qilishning belgilangan miqdor (kvota)larini tasdiqlaydi. Kvotalar Vazirlar Mahkamasining qarorlari sifatida bajarish uchun “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga yuboriladi;
olingan kvotalar asosida “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi ularni “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasining hududiy davlat aksionerlik birlashmalari boʻyicha taqsimlaydi va zavodlardan paxta tolasini joʻnatishga naryadlar beradi. Eksportga joʻnatish uchun naryadlar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining litsenziyasi boʻlgan taqdirda beriladi.
Vazirlar Mahkamasining paxta tolasiga tasdiqlangan kvotalari, “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasining naryadlari va eksportga joʻnatilayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining litsenziyalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Oʻrta Osiyo temir yoʻl boshqarmasi xizmatlarining bajarishlari uchun asos hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining kvotalaridan foydalanganlik, paxta tolasini respublika isteʼmolchilariga va MDH mamlakatlariga joʻnatish va eksport qilish qanday borayotganligi haqidagi, shuningdek, tolaning qoldigʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda umumlashtiriladi va har oyning 5-kunida Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
II) paxta xomashyosi tayyorlash davlat topshirigʻi bajarilishining 115 foizini va topshiriqdan ortiqchasini qayta ishlash hisobiga olingan paxta tolasini sotish va yetkazib berish boʻyicha
paxta tolasining yuqorida qayd qilingan hajmini erkin shartnoma narxlari boʻyicha sotish huquqi faqat davlatga paxta xomashyosini topshirish yuzasidan belgilangan yillik topshiriqlarning bajarilishini taʼminlagan xoʻjaliklarga beriladi. Bunda xoʻjalik bilan paxta zavodi oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblar tartibi respublika Hukumatining 1992-yil 13-maydagi 11-23-63-son qarori bilan tasdiqlangan talablarga qatʼiy muvofiq boʻlishi kerak;
respublika ichida, MDH mamlakatlariga va eksportga paxta tolasini sotish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 7-oktabrdagi 477-son Farmoniga va respublika Hukumatining 1992-yil 17-oktabrdagi 479-son qaroriga muvofiq shu maqsadlar uchun tashkil etilgan hududiy uyushmalar orqali amalga oshiriladi;
“Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi Qoraqalpogʻiston respublika va viloyatlar uyushmalari bilan birgalikda xoʻjaliklar tomonidan erkin sotilishi kerak boʻlgan paxta tolasining miqdori haqidagi paxta zavodlarining maʼlumotlarini umumlashtiradi.
Qoraqalpogʻiston respublika va viloyatlar uyushmalari xoʻjaliklarning takliflari boʻyicha va ular tolani isteʼmolchilarga erkin shartnoma narxlarida yetkazib berish yuzasidan tuzgan shartnomalar (bitimlar) asosida ruxsat olish uchun Vazirlar Mahkamasiga talabnomalar kiritadilar;
Vazirlar Mahkamasi hududiy uyushmalar talabnomalarini koʻrib chiqib, ularga ruxsatnoma beradi va qarorning nusxalarini “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga yuboradi. Aniq paxta zavodlaridan paxta tolasini joʻnatish uchun “Oʻzdavpaxtasanoatsotish”ning tegishli buyrugʻi asos hisoblanadi;
tola eksportga yetkazib berilayotgan hollarda uyushmalar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tashqi savdo firmalari orqali bitimlarni rasmiylashtiradilar va respublika xoʻjaliklarini shu vazirlikning tegishli litsenziyasi bilan taʼminlaydilar;
yuqorida sanab oʻtilgan tartib oʻz paxta zavodlariga ega boʻlgan xoʻjaliklar uchun ham majburiydir;
Vazirlar Mahkamasining ruxsatnomasi, “Oʻzdavpaxtasanoatsotish”ning buyrugʻi va eksportga yetkazib berilayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining litsenziyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Oʻrta Osiyo temir yoʻl boshqarmasi xizmatlari bajarishlari uchun asos hisoblanadi;
“Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi hududiy uyushmalar va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda paxta tolasini sotish qanday borayotganligini umumlashtiradi va har oyning 5-kuni Vazirlar Mahkamasiga maʼlumotlar taqdim etadi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlarning hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi respublikaning barcha paxta zavodlarida ishlab chiqarilgan lint, oʻlik tola va momiqni davlat resurslariga yetkazib berishni va “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi orqali sotishni taʼminlasinlar.
Belgilab qoʻyilsinki, texnik chigit paxta zavodlari tomonidan yogʻ-ekstraksiya zavodlariga joʻnatiladi, ishlab chiqarilgan oʻsimlik yogʻi, taxtakunjara va shulxa esa davlat resurslariga topshiriladi. Xoʻjaliklarga qaytarilishi lozim boʻlgan bajarilgan topshiriq hajmining 15 foizi va topshiriqdan ortiqcha paxta xomashyosi hisobiga olingan hajmlar bunga kirmaydilar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlarning hokimliklari, “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi mazkur qarorni barcha kolxozlar, sovxozlar va paxta zavodlariga yetkazsinlar, paxta xomashyosini qayta ishlash, paxta tolasini va boshqa paxta mahsulotlarini sotish tartibiga qattiq rioya etilishi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish oʻrtoq I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotganligi 1993-yil yanvar oyida, keyinchalik — yilning har choragida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 18-noyabr,
539-son