Oʻzbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi tomonidan 1999
yil 20-dekabrda 97-son bilan
“TASDIQLANGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi
Markaziy banki tomonidan 1999
yil 20-dekabrda 99-89-son bilan
“TASDIQLANGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat
soliq qoʻmitasi bilan 1999-yil
20-dekabrda 135-V-son bilan
“KELIShILGAN”
XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLARGA BIR NEChTA BANKDA HISOB RAQAMLAR OChISh VA ULARDAN TOʻLOVLARNI AMALGA OShIRISh
tartibi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 5-yanvarda 864-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 6-noyabrdagi 97, 135-V-1-sonli “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bir nechta bankda hisob raqamlar ochish va ulardan toʻlovlarni amalga oshirish tartibini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 864-1, 17.11.2015-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ushbu Tartib Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi “Muddatida toʻlanmagan soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish toʻgʻrisida”gi, “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 4-fevraldagi “Hisob-kitob mexanizmini takomillashtirish hamda respublika budjeti va mahalliy budjetlarga toʻlovlar tushishini ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida”gi Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-yanvardagi 24-sonli “Bank tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorning 6-bandiga asosan ishlab chiqilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bir nechta bankda talab qilib olinguncha va boshqa depozit hisobraqamlarini ochish va ulardan toʻlovlarning amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1. Yuridik shaxslar bir necha banqda hisobraqamlar ochish uchun soliq toʻlash joyidagi davlat soliq xizmati organlarini xabardor qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 1998-yil 18-noyabrda 539-son bilan davlat roʻyxatiga olingan “Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomada belgilangan tartibda hujjatlarni bankka taqdim etadi.
2. Mazkur 539-sonli yoʻriqnomaning 1.9-bandiga asosan banklar yuridik shaxslarga ikkilamchi hisobvaraq ochganidan keyingi kundan kechikmagan holda ushbu yuridik shaxslarga, ular roʻyxatda turgan davlat soliq xizmati organiga hamda asosiy hisobvaragʻi ochilgan bankka yozma ravishda xabar berishi lozim.
3. Ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar yuridik shaxsning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4. Bank mijozga ikkilamchi talab qilib olguncha depozit hisobvaragʻiga kelib tushgan mablagʻlar toʻgʻrisida keyingi kundan kechiktirmagan holda maʼlumot beradi.
5. Yuridik shaxsning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidagi mablagʻlar unga qoʻyilgan talablarni qondirish uchun yetarli boʻlmagan holda, Davlat soliq xizmati organlarining yozma koʻrsatmalarini (koʻrsatmada mijozning ikkilamchi hisobvaragʻini ochgan bankning toʻliq rekvizitlari va ushbu hisobvaraqlarda mablagʻi borligi toʻgʻrisida maʼlumot beriladi) shu mijozning ikkilamchi hisobvaraqlariga xizmat koʻrsatuvchi banklarga elektron pochta orqali tegishli mablagʻni undirish uchun joʻnatadi. Koʻrsatmani olgan bank oʻz navbatida kerakli mablagʻni keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda mijozning asosiy hisobvaragʻiga oʻtkazishni taʼminlaydi.
6. Tijorat banklari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va Davlat soliq xizmati organlarining masʼul xodimlari ushbu tartibni toʻgʻri va oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida amal qilayotgan qonunlarda belgilangan tartibda javobgardir.
Moliya vaziri oʻrinbosari E. GADOYEV
Markaziy bank Raisi oʻrinbosari M. JUMAGALDIYEV
Davlat soliq qoʻmitasi Raisi muovini V. BEGANOV
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 1-son)