Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni kelgusida bartaraf etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-yilda gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish va paxta yetishtirishning prognoz hajmlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-fevraldagi PQ-2756-son qaroriga asosan 2017-yilda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 516 ta paxtachilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklarining 2306 ta konturidagi 9920 gektar maydoniga chigit ekilib, davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasi 31340 tonna miqdorida belgilangan.
Biroq, tumandagi 4 ta sektor rahbarlari tomonidan nazorat oʻrnatilmaganligi, mutasaddi idoralar rahbarlarining oʻz vazifalarini tegishli darajada bajarmaganligi natijasida shartnoma rejasi 84,3 foizga bajarilgan yoki 4915 tonna paxta xomashyosi kam topshirilishi sababli 9,4 mlrd.soʻm daromad olinmay qolgan.
Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning sabablari oʻrganilganda maʼlum boʻldiki, aksariyat hollarda nazorat va tashkilotchilikning talab darajasida yoʻlga qoʻyilmaganligi natijasida:
birinchidan, gʻoʻzani ball boniteti past (25 — 35), suv bilan yetarli taʼminlanmagan (25 — 30 ts/ga) yerlarga joylashtirilishi oqibatida 2000 gektar maydonlardan atigi 15 sentner hosil olingan va har gektaridan oʻrtacha 1,1 mln. soʻmdan daromad olinmay qolgan;
ikkinchidan, joriy yilda tumandagi 74 ta fermer xoʻjaliklarining 3163 gektar maydonida goʻzaning vilt kasalligi bilan kasallanishi natijasida oʻrtacha koʻchat soni gektariga 50 — 55 ming tani tashkil etgan. Shuningdek, 45 ta fermer xoʻjaliklarining 170 gektar maydonida oʻrgimchakkana tarqalib, tizimli kurash choralarini qoʻllashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilganligi oqibatida 970 tonna paxta hosili yetishtirilmagan;
uchinchidan, nasoslar orqali sugʻoriladigan 42 ta fermer xoʻjaliklarining 11 tasi vegetatsiya davrida meʼyordagi suv bilan taʼminlanmaganligi oqibatida 115 tonna, 96 ta ichki nasoslardan sugʻoriladigan 105 fermer xoʻjaliklarining 23 tasida 276 tonna, yaroqsiz holga kelgan 9300 metr uzunlikdagi kanalning kerakli miqdordagi suvni oʻtkaza olmaganligi hisobidan 315 gektar gʻoʻza maydoni mavsumda yetarli suv bilan taʼminlanganligi natijasida 8 ta fermer xoʻjaligida 226 tonna — jami 617 tonna rejadagi hosil yetishtirilmagan;
toʻrtinchidan, mavjud 636 ta qishloq xoʻjaligi texnikalarining 254 tasi taʼmirtalab, shuningdek, 12 ta haydov traktorlari, 55 ta chopiq traktorlari, 16 ta kultivatorlar, 4 ta chigit ekish seyalkalari — jami 87 ta texnika yetishmaydi. Bundan tashqari 39 ta haydov traktorlarining 12 tasi eskirganligi sababli shudgorlash sifatsiz va sayoz oʻtkazilgan, 64 ta fermer xoʻjaliklarida chopiq traktorlari va kultivatorlarning yetishmasligi natijasida agrotexnika tadbirlari kechiktirib bajarilgan.
Yuqoridagi kabi qoʻpol agrotexnik xatoliklardan toʻgʻri xulosa chiqarish va 2018-yilda erdan unumli foydalanishda sektor rahbarlari, mutasaddilar, taʼminotchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlarining masʼuliyati va javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Buxoro viloyati Shofirkon tumanida:
paxta yetishtirish va uni yigʻib-terib olishdagi jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, yil davomida xotirjamlikka berilib, gʻoʻza parvarishida agrotexnika tadbirlarini belgilangan muddatda sifatli oʻtkazilmaganligi uchun Buxoro viloyati Shofirkon tumani hokimi F. Tursunovga “hayfsan” eʼlon qilinsin;
paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida debitor va kreditor qarzdorliklarning oʻsishiga yoʻl qoʻyganligi uchun tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari J. Ravshanov ogohlantirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasiga tegishli ravishda bir oy muddatda tuman prokurori, tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻiga yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida mavjud boʻlgan debitor va kreditor qarzdorliklarni undirilishi boʻyicha 4 ta sektor rahbarlari oʻrnatilgan tartibda zaruriy choralarni koʻrsinlar.
4. Quyidagilar:
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirish va shartnoma majburiyatlarini bajarishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi fermer xoʻjaliklariga qishloq xoʻjaligi texnikasi va mexanizmlarni yetkazib berishning 2018-2019-yillarga moʻljallangan prognoz rejasi 2-ilovaga muvofiq;
Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi barcha toifadagi fermer xoʻjaliklari bilan xizmat koʻrsatuvchi va taʼminotchi tashkilotlar oldidagi debitor-kreditor qarzdorliklarini undirish jadvali 3-ilovaga muvofiq;
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 2018-yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan ekin maydonlaridan tashqaridagi qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlarda yengil konstruksiyali va kam xarajatli dala shiyponlari, issiqxonalar qurish, parranda, sogʻin sigirlar va asalari boqishni tashkil etish prognoz rejasi 4-ilovaga muvofiq;
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 2018-yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan paxta va gʻalla ekinlari ekiladigan yer maydonlari konturlarining dala chetlari hisob-kitobi 5-ilovaga muvofiq;
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 2018-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan va chigit ekiladigan maydonlar atroflaridagi dala chetlariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish hamda mahsulot yetishtirishning prognoz rejasi 6 va 6a-ilovalarga muvofiq;
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 2018-yilda boshoqli don ekinlaridan boʻshaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirishning prognoz rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Buxoro viloyati boshqarmasiga fermer xoʻjaliklarining xizmat koʻrsatuvchi va taʼminotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini belgilangan tartibda undirish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda 15 kun muddatda Shofirkon tumanida 2018-yil uchun ekiladigan ekinlarning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda samarali joylashtirilishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda fermer xoʻjaliklari rahbarlari uchun 2018-yilda fermer xoʻjaliklarida rejalapggirilgan ekinlarni parvarishlash, zararkunandalarga qarshi kurashish va agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan joriy yilning fevral oyida joylarda seminarlar oʻtkazilishini va mavsum davomida amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qaror ijrosi boʻyicha har chorakda Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida 4 ta sektor rahbarlarining hisobotlari tinglanishi hamda Buxoro viloyati hokimligi amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayevga axborot berib borishi belgilab qoʻyilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev hamda Buxoro viloyati hokimi Oʻ.I. Barnoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 7-fevral,
92-son