Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatini boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-noyabrdagi 909-sonli ““Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatini boshqarish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekkoʻmir” AJ faoliyati samaradorligini tahlil qilish keyingi yillarda kon yuzasini ochish ishlari normativ koʻrsatkichlarining bajarilmasligi, sifatli koʻmir qazib olish taʼminlanmasligi, koʻmir qazib olish samaradorligi darajasi zamonaviy talablarga muvofiq emasligi isteʼmolchilarning, shu jumladan, aholining koʻmir mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojining oʻsib borayotgan hajmlari qondirilmasligi sabablari ekanligini koʻrsatdi.
“Oʻzbekkoʻmir” AJni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish va uning faoliyati samaradorligini oshirish hamda korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari joriy etilishini taʼminlash, shuningdek, koʻmir sanoatini yanada barqaror va muvozanatli rivojlantirishga yoʻnaltirilgan dolzarb vazifalarni amalga oshirishda muvofiqlashtirilgan ishlar darajasini oshirish, shuningdek, 2018 — 2022-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va aholining koʻmir mahsulotlariga boʻlgan oʻsib borayotgan ehtiyojini qondirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning:
Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan tartibda tashkil etiladigan “ProgressGorTex” MChJning (Rossiya Federatsiyasi) shoʻba xoʻjalik jamiyatini “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning “Oʻzbekkoʻmir” AJ ustav kapitalidagi 45 foiz miqdoridagi aksiyalari turkumining ishonchli boshqaruvchisi (keyingi oʻrinlarda ishonchli boshqaruvchi deb ataladi) sifatida jalb etish;
ishonchli boshqaruv davrida “Oʻzbekkoʻmir” AJning tashkiliy-huquqiy shaklini aksiyadorlik jamiyati sifatida saqlab qolish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. “Oʻzbekkoʻmir” AJ boshqaruv organlariga 2019-yil 1-fevralgacha boʻlgan muddatda ishonchli boshqaruvchi tomonidan taqdim etiladigan “Oʻzbekkoʻmir” AJ faoliyati samaradorligini yanada oshirish biznes-rejasini koʻrib chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
3. Belgilansinki:
ishonchli boshqaruvchi “Oʻzbekkoʻmir” AJni boshqarishga xorijiy mutaxassislarni jalb etish huquqiga ega;
tasdiqlangan biznes-rejani amalga oshirish uchun ishonchli boshqaruvchining oʻz mablagʻlari yoki xorijiy kreditorlarning mablagʻlari jalb etilgan taqdirda ushbu mablagʻlar asoslangan hisob-kitoblar va auditorlik tashkilotining xulosasi boʻyicha “Oʻzbekkoʻmir” AJning foydasi hisobiga qoplanadi.
4. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ ikki oy muddatda ishonchli boshqaruvchi bilan muzokaralar olib borsin va uning natijalari boʻyicha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning “Oʻzbekkoʻmir” AJ ustav kapitalidagi 45 foiz miqdoridagi aksiyalari turkumini uch yil muddatga ishonchli boshqarish shartnomasi tuzilishini, “Oʻzbekkoʻmir” AJning biznes-rejasi parametrlariga erishilgan taqdirda shartnomani uzaytirish imkoniyatlarini taʼminlasin. Shartnomada:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va ishonchli boshqaruvchining javobgarligi va vakolatlarini chegaralash;
ishonchli boshqaruvchining taklifi boʻyicha ijro etuvchi organ tarkibini va tashkiliy tuzilmani oʻzgartirish;
texnologik va ishlab chiqarish siyosatini shakllantirish, ochiq kon ishlarini amalga oshirishni rivojlantirishning istiqbol rejasini belgilash, oʻrtacha muddatli va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi, rivojlanishning investitsion strategiyasi va “Oʻzbekkoʻmir” AJning xarid faoliyatini belgilash boʻyicha ishonchli boshqaruvchining takliflar kiritish huquqi nazarda tutilsin.
5. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ ishonchli boshqaruvchining tavsiyalari boʻyicha 2013 — 2016-yillar davrida “Oʻzbekkoʻmir” AJ tomonidan olingan Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarining kreditlari va foizlarini qaytarish muddatlarini optimallashtirish boʻyicha 2019-yil 1-fevralgacha takliflar kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ishonchli boshqaruvchiga “Oʻzbekkoʻmir” AJning investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi litsenziyasini belgilangan tartibda bersin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-dekabr,
1031-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2018-y., 09/18/1031/2360-son)