O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlarida fan, muhandislik va texnologiyalar rivojining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy, texnikaviy va innovatsiyalar sohalarida o‘zbek-hind hamkorligini yanada chuqurlashtirish maqsadida,
ilmiy, texnikaviy va innovatsion yutuqlarni tijoratlashtirish va ularni ishlab chiqarishga joriy etish jarayonini tezlashtirishga hissa qo‘shishni istab,
teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik negizida ilmiy, texnikaviy va innovatsion salohiyatni yuksaltirish hamda har ikki mamlakat iqtisodiyotlari yanada rivojlanishini rag‘batlantirishda o‘zaro manfaatdorlik prinsiplari, bozor qonunlariga rioya etish va intellektual mulk huquqi obyektlari himoyasiga asoslanib, yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashning ahamiyatini to‘laqonli anglagan holda,
Mazkur Bitimning maqsadi Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida ilmiy, texnikaviy va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni amalga oshirishdan iborat.
Tomonlar o‘rtasida hamkorlik Tomonlar davlatlarining manfaatlaridan kelib chiqqan holda quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi:
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, amaliy matematika, ma’lumotlar bilan ishlash to‘g‘risidagi fan va texnologiyalar;
fan, texnologiyalar va muhandislik sohalarida hamkorlikning o‘zaro kelishilgan boshqa yo‘nalishlari.
Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
har bir mamlakatning milliy tadqiqotlar, rivojlanish va innovatsion siyosat va dasturlari bo‘yicha tajriba almashish;
ilmiy va texnikaviy axborot va hujjatlar almashish, Tomonlar oshkor etishi mumkin bo‘lmagan maxfiy ma’lumotlar bundan mustasno;
Tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra, umumiy qiziqish uyg‘otadigan sohalarda hamkorlikni rivojlantirish tadbirlari, ishchi uchrashuvlar, ilmiy seminarlar, konferensiyalar tashkil etish;
qo‘shma tadqiqotlar va ishlanmalar, jumladan, innovatsiyalar va texnologiyalar rivojiga olib boruvchi loyihalar namoyishi hamda sanoat sohasidagi tadqiqotlar va ishlanmalar;
Shuningdek, hamkorlik mazkur Bitimning bajarilishini ta’minlovchi boshqa o‘zaro kelishilgan shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Hindiston tomonidan Hindiston Hukumati, Fan va texnologiyalar departamenti mazkur Bitimda keltirilgan shartlarning bajarilishi uchun muvofiqlashtiruvchi organlar hisoblanadi.
Mas’ul organlar, zaruratga ko‘ra, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash, mazkur Bitim bajarilishini muhokama qilish va qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish hamda o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish uchun uchrashuvlar o‘tkazadilar.
Tomonlar mazkur Bitimga muvofiq birgalikda hamkorlik faoliyatini muvofiqlashtirish va o‘zaro ko‘maklashish uchun Tomonlar tayinlagan tarkibda vakillardan tashkil topadigan “Qo‘shma qo‘mita” tuzadilar. Qo‘shma qo‘mita hamkorlikdagi faoliyatning ustuvor sohalarini aniqlaydi va mazkur Bitimning amalga oshirilish jarayonini kuzatib boradi.
Qo‘shma qo‘mita loyihalar bajarilishi, tashriflar almashinuvi, dasturlar bajarilishi va boshqalar uchun ma’muriy va moliyaviy shartlarni o‘z ichiga oluvchi fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida hamkorlik Dasturini shakllantiradi va, zarur hollarda, hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha faoliyat natijalarini sanoatda qo‘llash uchun aniq choralar taklif qiladi.
Qo‘shma qo‘mita navbati bilan O‘zbekiston va Hindistonda Tomonlar o‘rtasida o‘zaro kelishilgan muddatda va joyda uchrashadi.
Muvofiqlashtiruvchi idoralar Qo‘mita sessiyalari oraliqlarida, zarur hollarda, mazkur Bitimni muhokama qilish hamda uning kelgusida amalga oshirilishi va o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan dasturlar, loyihalar va tadbirlarning amalga oshirilishi jarayoni yuzasidan ma’lumot almashish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazishlari mumkin.
Shuningdek, Tomonlar savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbek-hind hukumatlararo komissiyasi doirasida ham mazkur Bitimda ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettiradilar.
Mazkur Bitimga muvofiq O‘zbekiston va Hindistonning boshqa departamentlari yoki agentliklari muayyan o‘zaro anglashuv memorandumlari yoki kelishuvlarni o‘zaro kelishilgan sohalarda tuzishlari mumkin. Ular ushbu memorandum yoki kelishuvlarda nazarda tutilgan vazifalarni ilgari surish va bajarishda tegishli xarajatlarini o‘zlari qoplaydilar.
Tomonlar hukumat muassasalari, universitetlar, tadqiqot markazlari, muassasalar va boshqa tashkilotlar o‘rtasida ikki mamlakatning o‘zaro kelishuviga muvofiq aloqalar o‘rnatilishi va hamkorlik qilinishini rag‘batlantirishlari, unga yordam ko‘rsatishlari hamda, zarur hollarda, muvofiqlashtirishlari mumkin.
Tomonlarning davlat organlari yoki boshqa vakolatli shaxslari tomonidan tuzilgan ijroiya kelishuvlari yoki Hamkorlik dasturi, zaruratga qarab, fan va texnika sohasidagi aloqalar va hamkorlik usullarini o‘z ichiga olishi lozim. Mazkur ijroiya kelishuvlarni tuzish har ikki Tomon davlatining amaldagi qonunlari, qoidalari va tartibotiga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Basharti Tomonlar yoki vakolatli shaxslari o‘zgacha kelishmagan bo‘lsalar, mazkur Bitimning shartlari boshqa ijroiya kelishuvlariga nisbatan qo‘llaniladi.
Tomonlar o‘z davlatlarining qonunchiligiga amal qilgan holda sanoat rivojlanishi va yangi texnologiyalar sohasida qo‘shma ilmiy va innovatsion faoliyatni rag‘batlantiradilar.
Shu maqsadda, Bitimni qo‘llash va birgalikdagi ilmiy tadqiqot va ishlanma natijalaridan manfaatdor tegishli vazirliklar va idoralar, tadqiqot markazlari, oliy ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatilishi rag‘batlantiriladi.
Texnikaviy, moliyaviy va boshqa jihatlarga, shu jumladan, intellektual mulk obyektlaridan foydalanish huquqini himoya qilishga taalluqli barcha masalalar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ikkala Tomon davlatlarining o‘rtasida tuziladigan xalqaro shartnomalar asosida tartibga solinadi.
Tomonlar mazkur Bitim doirasida birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish uchun yetarlicha moddiy mablag‘lar mavjudligini ta’minlashlari mumkin.
Basharti har bir aniq holatda boshqacha kelishuv bo‘lmasa, mazkur Bitim doirasida Tomonlar xarajatlarni mustaqil ravishda qoplaydilar.
Mazkur Bitim doirasidagi birgalikdagi faoliyat natijasida qo‘lga kiritilgan ilmiy-texnikaviy ma’lumotlar almashinuvi har bir Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Tomonlar ilmiy, muhandislik va texnologik ma’lumotlarni, shuningdek mazkur Bitimga muvofiq ular va ularning vakillari tomonidan bajarilgan innovatsion ishlanmalarni taqdim etgan Tomonning yozma roziligisiz hech bir uchinchi tomonga bermaslik majburiyatini oladilar.
Qo‘shma ilmiy tadqiqot natijalari va mazkur Bitim doirasidagi hamkorlikda qo‘lga kiritilgan boshqa ma’lumotlar, davlat siri yoki qonunchilik tomonidan muhofaza qilinadigan boshqa sirlar, shu jumladan, tijorat yoki ishlab chiqarish sirlarini istisno qilgan holda, Tomonlarning o‘zaro yozma kelishuvi asosida Tomonlar davlatlarining amaldagi qonunchiligi va siyosatiga muvofiq jahon ilm-fan jamiyatiga umumiy ma’lumot uzatish usullari orqali oshkor qilinishi mumkin.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qo‘llashda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, Tomonlar ularni muzokara va maslahatlashuvlar orqali hal etadilar.
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirok etadigan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Mazkur Bitimga Tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar orqali tuziladigan va mazkur Bitimning 15-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
Mazkur Bitim 5 (besh) yil davomida amal qiladi, basharti Tomonlardan biri uning amal qilishini tugatish niyati to‘g‘risida joriy besh yillik muddat tugashidan kamida olti oy oldin diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi navbatdagi besh yillik muddatlarga o‘z-o‘zidan uzayaveradi.
Mazkur Bitimning tugatilishi Bitim davri davomida boshlangan, biroq uning amal qilish muddati tugaguniga qadar yakunlanmagan qo‘shma loyihalar, dasturlar va boshqa tadbirlarning bajarilishiga, basharti Tomonlar boshqacha kelishmagan bo‘lsalar, daxl qilmaydi.
Mazkur Bitim kuchga kirishi bilan, 1993-yil 29-iyulda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida fan va texnika sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim o‘z kuchini yo‘qotadi.
Buning tasdig‘i sifatida tegishlicha vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.