O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining 2016-yil ish rejasiga asosan Oliy xo‘jalik sudining 2015-yilda kassatsiya instansiyasida ko‘rilgan ishlar yuzasidan sud amaliyoti tahlil qilindi.
1. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi yoki uning hududiy boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyekti manfaatida xo‘jalik sudiga kiritilgan da’vo arizasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, taraflar nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etgan-etmaganligidan qat’i nazar, u mazmunan ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) OATB “Mikrokreditbank” (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) manfaatida Surxondaryo viloyat xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, “Janub davr mirishkor” fermer xo‘jaligi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) va “Surxondaryodonmahsulotlari” AJdan (bundan buyon matnda kafil deb yuritiladi) 2 700 000 so‘m kredit qarzi va 411 194 so‘m kredit foizini undirishni, kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan aniqlanishicha, bank va javobgar o‘rtasida 2013-yil 18-martda g‘alla hosilini yetishtirish uchun mineral o‘g‘it sotib olish maqsadida kredit shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, bank o‘n ikki oy muddatga yillik 18 foiz ustama haq to‘lash sharti bilan jami 2 704 320 so‘m kredit ajratishi, javobgar esa kredit va unga hisoblangan foizlarni belgilangan miqdorda va muddatda qaytarish majburiyatini olgan.
Kredit mablag‘i qaytarilishining ta’minoti sifatida 2013-yil 18-martda bank, javobgar va kafil o‘rtasida kafillik shartnomasi imzolangan.
Bank shartnomada belgilangan miqdordagi kreditni ajratgan. Biroq, javobgar kredit qarzini qaytarmagan. Kredit qarzi va kredit foizini shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lab berish to‘g‘risidagi talabnomalar javobgar tomonidan oqibatsiz qoldirilgan.
Shu sababli, Palata bank manfaatida xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar va kafildan 2 700 000 so‘m kredit qarzi va 411 194 so‘m kredit foizini undirishni, kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni so‘ragan.
Birinchi instansiyasi sudining hal qiluv qarori bilan da’vo arizasidagi kredit qarzini undirish talabi javobgar tomonidan kredit qarzi to‘liq to‘lab berilganligi uchun qanoatlantirilmasdan rad etilgan, shartnomani bekor qilish talabi ko‘rmasdan qoldirilgan. Sudning shartnomani bekor qilish talabini ko‘rmasdan qoldirishiga bu talab bo‘yicha nizoni sudgacha hal qilish tartibiga, ya’ni shartnomani bekor qilish yuzasidan javobgarga talabnoma yuborilmaganligi asos qilib keltirilgan.
XPK 6-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra agar qonunda ayrim toifadagi nizolar uchun ularni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, taraflar o‘zaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda hal qilish choralarini ko‘rganlaridan so‘nggina xo‘jalik sudida ish qo‘zg‘atish mumkin. Bunda prokuror, davlat organlari va boshqa organlarning arizalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atish taraflar yuqoridagi choralarni ko‘rgan-ko‘rmaganliklaridan qat’i nazar, amalga oshiriladi.
Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2009-yil 18-dekabrdagi “Xo‘jalik shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilishni tartibga soluvchi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 203-sonli qarorning 19-bandiga asosan, ushbu toifadagi nizolarni hal etishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, XPK 6-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, agar qonunda ayrim toifadagi nizolar uchun ularni sudgacha hal qilish tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, nizo mazkur tartibga rioya etilganidan so‘nggina sudga ko‘rib chiqish uchun topshirilishi mumkin. Shu sababli bunday toifadagi nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etilmaganligi XPK 88-moddasining 5-bandiga muvofiq da’voni ko‘rmasdan qoldirish uchun asos hisoblanadi. Bunda prokuror, davlat organlari va boshqa organlarning arizalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, taraflar yuqoridagi choralarni ko‘rgan-ko‘rmaganliklaridan qat’i nazar, u mazmunan ko‘rib chiqilishi lozim.
Ushbu holatda, kredit shartnomasini bekor qilish haqidagi da’vo Palata tomonidan berilgan bo‘lsada, sud mazkur da’vo talabi bilan murojaat qilishdan oldin talabnoma yuborish tartibiga rioya qilinmaganligiga asoslanib, da’voning ushbu talabini ko‘rmasdan qoldirib xatolikka yo‘l qo‘ygan.
Shu sababli, kassatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorining kredit shartnomasini bekor qilish talabini ko‘rmasdan qoldirish qismini bekor qilib, ushbu talabni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilgan.
2. Sud buyrug‘i apellatsiya, kassatsiya instansiyalarida, nazorat tartibida va yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rilmaydi. Shu bois sud buyrug‘i ustidan berilgan apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati, yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi. Agar shikoyat yoki ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, u bo‘yicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga mos holda tugatiladi.
“Maftun-Muxlis” MChJ (bundan buyon matnda kreditor deb yuritiladi) va “Yuggazspetsmontaj” unitar korxonasi (bundan buyon matnda qarzdor deb yuritiladi) o‘rtasida 2015-yil 29-yanvarda shartnoma tuzilgan. Mazkur shartnoma shartlariga muvofiq kreditor o‘z majburiyatlarini bajarib, qarzdorga 100 507 661 so‘mlik mahsulot yetkazib bergan. Lekin, qarzdor tomonidan mahsulotlar haqi to‘lab berilmagan va natijada kreditor oldida 100 507 661 so‘m debitorlik qarzi vujudga kelgan. Ushbu debitorlik qarzi taqqoslash dalolatnomasi bilan tasdiqlagan.
Shu bois kreditor xo‘jalik sudiga ariza bidan murojaat qilib, qarzdordan 100 507 661 so‘m debitorlik qarzini undirish haqida sud buyrug‘i berishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudi kreditorning arizasini qanoatlantirib, qarzdordan kreditor foydasiga 100 507 661 so‘m debitorlik qarzini undirish to‘g‘risida sud buyrug‘i bergan.
Qarzdor xo‘jalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, sud buyrug‘ini bekor qilishni so‘ragan. Arizada 2015-yil 30-iyun holatiga qarzdorning kreditor oldida 100 507 661 so‘m qarzdorligi mavjud bo‘lganligi, biroq 2015-yil 25-iyuldagi 682-sonli to‘lov topshiriqnomasi bilan 15 000 000 so‘m, 2015-yil 17-avgustdagi 732-sonli to‘lov topshiriqnomasi bilan 25 000 000 so‘m kreditorga to‘lab berilganligi, 2015-yil 4-sentabr holatiga 60 507 661 so‘m qarzi qolganligi, biroq sud ijrochilari tomonidan sud buyrug‘i berilgan kunga qadar to‘langan 40 000 000 so‘m inobatga olinmayotganligi bildirilgan.
Biroq, XPKda xo‘jalik sudi tomonidan berilgan sud buyrug‘i ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) qilinishi nazarda tutilmagan.
Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2013-yil 5-dekabrdagi “Sud buyrug‘i berish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi Xo‘jalik protsessual kodeksi normalarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 254-son qarorining 17-bandiga ko‘ra, sud buyrug‘i apellatsiya, kassatsiya instansiyalarida, nazorat tartibida va yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rilmaydi. Shu bois, sud buyrug‘i ustidan berilgan apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati, yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi. Agar shikoyat yoki ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, u bo‘yicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga mos holda tugatiladi.
Shu sababli, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyati bo‘yicha ish yuritishni tugatishni lozim topgan.
3. Yuridik va jismoniy shaxslar sud ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan xo‘jalik sudiga qilgan shikoyatlari bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
“Qashqadaryo maxsus montaj-KMUS” MChJ (bundan buyon matnda da’vogar deb yuritiladi) xo‘jalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatdan va moliyaviy ta’minlash Departamenti Toshkent shahar hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) Yashnaobod tuman bo‘limi sud ijrochilarining xatti-harakatlari (harakatsizligi)ni noqonuniy deb topishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 9-martdagi hal qiluv qarori bilan arz qilingan talabni qanoatlantirish rad etilgan.
Birinchi instansiya sudi arz qilingan talabni asosli ravishda qanoatlantirishni rad etgan. Ammo, da’vogardan Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 1 184 000 so‘m davlat boji undirishda xatolikka yo‘l qo‘ygan.
Chunki, Soliq kodeksi 330-moddasining 25-bandiga asosan yuridik va jismoniy shaxslar sud ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan xo‘jalik sudlariga qilgan shikoyatlari bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan.
Shu bois, kassatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorining da’vogardan 1 184 000 so‘m davlat boji undirish qismini bekor qilib, uning qolgan qismini o‘zgarishsiz qoldirishni lozim topgan.
4. Hokimiyat budjet tashkiloti bo‘lganligi sababli, unga ajratiladigan budjet mablag‘laridan u faqat xarajatlar smetasida ko‘rsatilgan maqsadlardagina foydalanishi mumkin. Shu bois, hokimiyat uchinchi shaxslar o‘rtasidagi fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha kafil bo‘la olmaydi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar boshqarmasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) “Asakabank” DAT (bundan buyon matnda Bank deb yuritiladi) manfaatida xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarlar “Zamin kommunal servis” XUJMSh (bundan buyon matnda Shirkat deb yuritiladi) va Yunusobod tuman xokimiyatidan (bundan buyon matnda Hokimiyat deb yuritiladi) solidar tartibda 5 249 998 so‘m kredit qarzini, 1 750 002 so‘m muddati kelgan qarzni va 315 745 so‘m kredit foizini undirishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qanoatlantirilib, Shirkat va Hokimiyatdan Bank foydasiga solidar tartibda 5 249 998 so‘m kredit qarzi, 1 750 002 so‘m muddati kelgan qarzi va 315 745 so‘m kredit foizi undirilgan.
Ishdagi hujjatlardan aniqlanishicha, Bank va Shirkat o‘rtasida 2013-yil 22-noyabrda kredit shartnomasi tuzilgan bo‘lib, unga ko‘ra, Bank Shirkatga 7 000 000 so‘m kreditni uy-joylarni joriy va kapital ta’mirlash, zarur jihoz va materiallar sotib olish uchun yillik 8% ustama to‘lash sharti bilan ikki yil muddatga ajratish, Shirkat esa ajratilgan kredit summasini qaytarish va unga hisoblangan foizlarni shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lab berish majburiyatini olgan.
Bank, Shirkat va Hokimiyat o‘rtasida kredit ta’minoti sifatida 2013-yil 22-noyabrda kafillik shartnomasi tuzilgan.
Kafillik shartnomasiga ko‘ra, Hokimiyat (kafil) kafillik bilan ta’minlangan majburiyatlar qarzdor tomonidan bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda kreditorning birinchi talabiga asosan kredit to‘lovlarini, foizlarni va boshqa to‘lovlarni kredit shartnomasidagi qarzdorning majburiyatlari bilan belgilangan muddat va miqdorda to‘lash majburiyatini olgan.
Kredit shartnomasining 7.1-bandida o‘z vaqtida kredit bo‘yicha asosiy qarz va foizlar to‘lanmaganda, Bank kredit bo‘yicha asosiy qarz va foizlarni muddatidan oldin undirishi mumkinligi belgilangan.
Kredit shartnomasi shartlari Shirkat tomonidan tegishli ravishda bajarilmasdan, kredit mablag‘i va foiz to‘lovlari shartnomada belgilangan muddatlarda qaytarilmagan.
FKning 744-moddasiga binoan kredit shartnomasi bo‘yicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablag‘lari (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar to‘lash majburiyatini oladi.
Birinchi instansiya sudi Shirkatdan Bank foydasiga 5 249 998 so‘m kredit qarzi, 1 750 002 so‘m muddati kelgan kredit qarzi va 315 745 so‘m kredit foizini undirish to‘g‘risida qonuniy to‘xtamga kelgan.
Adliya vazirligida 2014-yil 15-dekabrda 2634-son bilan ro‘yxatga olingan Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzish, tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 1 va 9-bandlariga ko‘ra, budjet tashkiloti va budjet mablag‘lari oluvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan xarajatlari budjetdan ajratiladigan mablag‘lar doirasida va ularning xarajatlar smetalarida ko‘rsatilgan maqsadlarda amalga oshiriladi. Xarajatlar smetasi budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan ularga tegishli moliya yili uchun yetkazilgan budjetdan ajratiladigan mablag‘lar hajmi doirasida tuziladi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, Hokimiyat budjet tashkiloti bo‘lganligi uchun unga ajratilgan budjet mablag‘laridan faqat xarajatlar smetasida ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanishi mumkin. Shu bois, uchinchi shaxslar o‘rtasidagi fuqaroviy-huquqiy munosabatlar yuzasidan kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha hokimiyatning kafil bo‘lishi qonun hujjatlariga ziddir.
FKning 116-moddasiga binoan qonun hujjatlarining talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.
Biroq, birinchi instansiya sudi moddiy huquq normalarini noto‘g‘ri qo‘llab, qarzdorlikni Shirkat va Hokimiyatdan solidar tartibda undirish haqida noto‘g‘ri to‘xtamga kelgan.
Shu bois, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o‘zgartirib, 5 249 998 so‘m kredit qarzi, 1 750 002 so‘m muddati kelgan qarz va 315 745 so‘m kredit foizini Shirkatdan Bank foydasiga undirishini lozim topgan.
5. Kafil kreditor oldidagi qarzdorning majburiyatlari bo‘yicha kafillik shartnomasida ko‘rsatilgan qiymat miqdorida javobgar bo‘ladi.
“O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi Jizzax viloyat filiali (bundan buyon matnda lizing kompaniyasi deb yuritiladi) va “Qutoliboy” fermer xo‘jaligi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) o‘rtasida 2006-yil 10-yanvarda lizing shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, lizing kompaniyasi 2-PTS-4-793A-03 rusumli 1 dona tirkamani javobgarning buyurtmasi asosida “Toshkent traktor zavodi” aksiyadorlik jamiyatidan sotib olish va lizing shartnomasida belgilangan tartibda haq evaziga egalik qilish, foydalanish uchun kelgusida sotib olish huquqi bilan javobgarga berish, javobgar esa lizing kompaniyasiga lizing to‘lovlarini shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lab berish majburiyatini olgan.
Lizing shartnomasining ta’minoti sifatida lizing kompaniyasi, javobgar va “Jamilaxon Tursunova” fermer xo‘jaligi (bundan buyon matnda kafil deb yuritiladi) o‘rtasida kafillik shartnomasi tuzilgan.
Lizing kompaniyasi tomonidan shartnoma majburiyatlari to‘liq bajarilib, qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida javobgarga lizing obyekti topshirilgan. Biroq, javobgar tomonidan shartnoma majburiyatlari lozim daraja bajarilmagan va natijada 2013-yil 1-noyabr holatiga, uni lizing kompaniyasi oldidagi qarzi 10 881 436 so‘mni tashkil etgan.
Shu sababli, lizing kompaniyasi xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar va kafildan 10 881 436 so‘m asosiy qarz va 5 440 718 so‘m penya undirishni so‘ragan.
Sudning ajrimi bilan ishga “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi da’vogar sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilib, javobgar va kafildan “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi foydasiga solidar tartibda 10 881 436 so‘m asosiy qarz va 816 107 so‘m penya undirilgan. Da’voning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
FK 292-moddasining birinchi qismiga asosan kafillik shartnomasi bo‘yicha kafil boshqa shaxs o‘z majburiyatini to‘la yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni o‘z zimmasiga oladi.
Birinchi instansiya sudi kafillik shartnomasining 3-bandida da’voni qisman qanoatlantirib, javobgar va kafildan lizing kompaniyasi foydasiga solidar tartibda 10 881 436 so‘m asosiy qarz, 816 107 so‘m penya undirib noto‘g‘ri xulosaga kelgan. Chunki, taraflar o‘rtasida tuzilgan kafillik shartnomasining 3-bandida kafil javobgar o‘z majburiyatlarini bajarmaganda, majburiyatlarning 3 195 452 so‘mlik qismini bajarishni o‘z zimmasiga olgan.
Shu sababli, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o‘zgartirib, uning “kafildan da’vogar foydasiga 10 881 436 so‘m asosiy qarz va 816 107 so‘m penya undirilsin” so‘zlarni, “kafildan da’vogar foydasiga 3 195 452 so‘m undirilsin” degan so‘zlarga o‘zgartirishni lozim topgan.
sud ijrochilariga nisbatan sud hujjatlarini ijro etmaganligi uchun javobgarlik masalasini hal etish to‘g‘risidagi nizolar xo‘jalik sudiga taalluqli emas. Shu sababli, bunday talab bilan murojaat qilinganda, da’voni qanoatlantirish rad etilmasligiga, balki nizo bo‘yicha ish yuritish tugatilishiga;
jamiyat direktori, jamiyat boshqaruvi a’zolari, ishonchli boshqaruvchi hamda jamiyat o‘rtasida tuzilgan shartnoma bo‘yicha yuzaga keladigan nizo jamiyat faoliyatidan kelib chiqsada, nizo mehnat munosabatlaridan kelib chiqqanligi sababli, xo‘jalik sudiga taalluqli emasligiga;
javobgar zimmasiga muayyan harakatlarni bajarish majburiyatini yuklash haqidagi talablar xo‘jalik sudi sudloviga taalluqliligiga;
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi yoki uning hududiy boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyekti manfaatida xo‘jalik sudiga kiritilgan da’vo arizasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, taraflar nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etgan-etmaganligidan qat’i nazar, u mazmunan ko‘rib chiqilishiga;
agar davlat soliq xizmati organi tomonidan Soliq kodeksi 54-moddasining uchinchi qismiga asosan moliyaviy jarimani bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilgan bo‘lsa, muddat tugamasdan davlat soliq xizmati organi sudga moliyaviy jarima qo‘llash haqida ariza bilan murojaat qilganda, ariza XPK 118-moddasi birinchi qismining 6-bandiga muvofiq qaytariladi, ushbu holat ariza ish yurituvga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, XPK 88-moddasining 5-bandiga muvofiq ariza ko‘rmasdan qoldirilishiga;
sud buyrug‘i apellatsiya, kassatsiya instansiyalarida, nazorat tartibida va yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rilmaydi. Shu bois sud buyrug‘i ustidan berilgan apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati, yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi. Agar shikoyat yoki ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, u bo‘yicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga mos holda tugatilishiga;
yuridik va jismoniy shaxslar sud ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan xo‘jalik sudlariga qilgan shikoyatlari bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishiga;
mulk huquqini tan olish to‘g‘risida da’vo arizasi berilgan bo‘lib, da’vogarda mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni boshqacha tarzda olishning imkoniyati mavjud bo‘lsa, bunday da’vo arizasini qanoatlantirish rad etilishiga;
da’vo arizasi mexanik yoki boshqa nusxa ko‘chirish vositalari orqali imzolanishiga qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, yo‘l qo‘yilmaydi. Aks holda, da’vo arizasi XPK 118-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytarilishiga, agar da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, u XPK 88-moddasining 3-bandiga asosan ko‘rmasdan qoldirilishiga;
agar garov bilan ta’minlangan majburiyatning qarzdor tomonidan buzilishi juda arzimas bo‘lsa va shu tufayli garovga oluvchining talablarining miqdori garovga qo‘yilgan mol-mulkning qiymatiga mutlaqo mos kelmasa, undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishni rad etish mumkinligiga, ammo qonunda belgilangan hollar bundan mustasnoligiga;
hokimiyat budjet tashkiloti bo‘lganligi sababli, unga ajratiladigan budjet mablag‘laridan u faqat xarajatlar smetasida ko‘rsatilgan maqsadlardagina foydalanishi mumkin. Shu bois, hokimiyat uchinchi shaxslar o‘rtasidagi fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha kafil bo‘la olmasligiga;
kafil kreditor oldidagi qarzdorning majburiyatlari bo‘yicha kafillik shartnomasida ko‘rsatilgan qiymat miqdorida javobgar bo‘lishiga;
o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini tan olish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilinganda, da’vogar qurilgan imoratlar arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalariga javob berishi, imoratning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarining buzilishiga sabab bo‘lmasligi yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligini isbotlab berishi lozimligiga;
yuridik shaxs FK 53-moddasi ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida ko‘rsatilgan hollardagina sudning qaroriga muvofiq tugatilishi mumkinligiga;
davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarini ijaraga berish to‘g‘risida shartnoma tuzilganda, bunday shartnomalar notarial tasdiqlanishi kerakligiga;
banklar tomonidan qonunlarda nazarda tutilgan ehtiyojlar uchun o‘z vaqtida naqd pul bermaganlik uchun mijozlarga ular hisobvaraqlarida mablag‘ bo‘lganida bank ustav sarmoyasi belgilangan eng kam miqdorining 0,005 foizi miqdorida jarima to‘lashiga;
davlatga tegishli bino va inshootlar investitsiya majburiyatlari kiritish evaziga sotilganda, sotib oluvchi tomonidan kiritilgan investitsiya bo‘yicha majburiyat bajarilganligi maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib hamda uning ijobiy xulosasi olingandan so‘ng davlat mulkini boshqarish organining mulkiy huquqni tasdiqlovchi Davlat orderini berish majburiyati vujudga kelishiga;
FKning 333-moddasiga ko‘ra, qarzdor aybi bo‘lgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, javob beradi. Qarzdor majburiyatni lozim darajada bajarish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan hamma choralarni ko‘rganligini isbotlasa, u aybsiz deb topilishiga alohida e’tibor qaratishlari kerak.