O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining 2015-yil ish rejasiga asosan xo‘jalik sudlari tomonidan 2014-yilda xo‘jalik ishlarini ko‘rishda sud xarajatlarini undirish bilan bog‘liq sud amaliyotini umumlashtirish uchun (647 ta) xo‘jalik ishlari va ushbu masala bo‘yicha xo‘jalik sudlarida o‘tkazilgan umumlashtirishlar o‘rganib chiqildi.
1. Davlat boji to‘lashni kechiktirish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqida da’vo arizasi (ariza)ni qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida da’vo arizasi (ariza)ni qaytarish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi. Ajrimda iltimosnomani qanoatlantirish yoxud uni qanoatlantirishni rad etish asoslari ko‘rsatilishi kerak.
“Uztexservis” MChJ Buxoro shahar DSIga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, 32 401 341 so‘mlik 85 dona inkasso topshiriqnomalarining ijro etilishi mumkin emas deb topishni so‘ragan.
“Uztexservis” MChJ da’vo arizasi bilan xo‘jalik sudiga murojaat qilgan va unda uning hisob raqamlarida pul mablag‘lari mavjud emasligi ma’lum qilinib, bu haqdagi bank ma’lumotnomasi arizaga ilova qilingan va davlat boji to‘lovini hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar kechiktirib turish so‘ralgan.
Sud da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqargan. Biroq sudning ajrimida davlat boji to‘lovini kechiktirib turish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirish yoki qanoatalantirishni rad etish haqida ma’lumotlar ko‘rsatilmagan.
Vaholanki, Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarori 7.3-bandining birinchi xatboshisiga muvofiq davlat boji to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqida da’vo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida da’vo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini qaytarish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi. Ajrimda iltimosnomani qanoatlantirish yoxud uni qanoatlantirishni rad etish asoslari ko‘rsatilishi kerak.
2. Da’vo arizasi uchun davlat boji ishda ishtirok etmayotgan shaxs tomonidan to‘langanda, (korxona uchun uning rahbari yoki ta’sischisi tomonidan davlat boji to‘langan hollar bundan mustasno), davlat boji to‘lanmagan hisoblanadi va da’vo arizasi XPK 118-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan qaytariladi.
“Baxtiyor Adolat mezoni” XK xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarlar Buxoro tuman Obodonlashtirish bo‘limi va Buxoro tuman G‘aznachilik bo‘limidan 10 937 330 so‘m zarar, 3 469 375 so‘m bank foizi, jami 14 406 705 so‘m undirishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, XKning da’vo arizasiga ikkita 80 000 so‘mdan 160 000 so‘m davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiyalar ilova qilingan. Mazkur kvitansiyalardagi to‘lovchining familiyasi, ismi, otasining ismi degan joyda Akramov O‘tkir deb ko‘rsatilgan. Akramov O‘tkir “Baxtiyor Adolat mezoni” xususiy korxonasi rahbari bo‘lib hisoblanadi. Biroq 80 000 so‘m to‘lov plastik kartochkadan amalga oshirilganligini tasdiqlovchi terminal chekidan ko‘rinishicha, to‘lov Salixov Farrux Sobirovich plastik kartochkasidan amalga oshirilgan. Ammo sud mazkur holatga e’tibor bermasdan, da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilib, ishni mazmunan ko‘rib chiqqan.
Vaholanki, Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 9-bandiga ko‘ra davlat boji ishda ishtirok etmayotgan shaxs tomonidan to‘lanishi mumkin emas. Agar davlat boji da’vogar (arizachi) yoki apellatsiya yoxud kassatsiya shikoyati beruvchi shaxs o‘rniga boshqa shaxs tomonidan to‘langan bo‘lsa (korxona uchun uning rahbari yoki ta’sischisi tomonidan davlat boji to‘langan hollar bundan mustasno), davlat boji haqiqatda to‘lanmaganligidan kelib chiqish hamda shunday ekan, da’vo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati tegishincha XPK 118-moddasi birinchi qismining 5-bandi, 162-moddasi birinchi qismining 3-bandi va 180-moddasi birinchi qismining 4-bandiga asosan qaytarilishi lozim.
Shu bois, davlat boji xususiy korxona hisob raqamidan yoki uning rahbari tomonidan amalga oshirilmaganligi sababli, da’vo arizasi XPK 118-moddasi birinchi qismining 5-bandiga muvofiq qaytarilishi lozim edi.
3. Adliya organlari Soliq kodeksi 330-moddasining 23-bandiga asosan xo‘jalik sudlariga faqat davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab da’vo arizalari (arizalari)ni berganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan. Shu sababli ular o‘zlarining manfaatlari yuzasidan bergan da’vo arizalari uchun davlat bojini umumiy tartib va miqdorda to‘laydilar. Aks holda, ularning bunday da’vo arizalari XPK 118-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan qaytariladi.
Buxoro viloyat adliya boshqarmasi “Kvadra form” MChJga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, oldi-sotdi shartnomalarini bekor qilish, 4 075 500 so‘m jarima va 4 381 141 so‘m penya undirishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, Buxoro viloyat adliya boshqarmasi tomonidan kompyuter texnikasi xarid qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tovar xom-ashyo birjasi Buxoro filialiga e’lon berilgan. Auksion savdosida “Kvadra form” MChJ g‘olib chiqib, adliya boshqarmasi bilan 5 dona kompyuter texnikasini har birini 1 551 000 so‘mdan 7 755 000 so‘mga yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Shu kuni bo‘lib o‘tgan boshqa elektron savdoda “Kvadra form” MChJ g‘olib chiqib, adliya boshqarmasi bilan 9 dona kompyuter texnikasini har birini 1 402 500 so‘mdan, jami 12 622 500 so‘mga yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma imzolagan.
Adliya boshqarmasi tomonidan shartnomalar shartlariga ko‘ra 15 foiz to‘lov oldindan amalga oshirilgan. MChJ tomonidan kompyuter texnikalari olib kelib o‘rnatilgan. Ammo olib kelib o‘rnatilgan kompyuter texnikalari shartnomada ko‘rsatilgan kompyuterlarga mos kelmaganligi, shuningdek kompyuterlarning ayrim qismlari to‘liq yetkazilmaganligi sababli, kompyuterlar MChJga qaytarilgan.
Adliya boshqarmasi MChJga murojaat qilib, taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarda ko‘rsatilgan kompyuter texnikalarini belgilangan muddatlarda yetkazib berishni so‘ragan. MChJ tomonidan shartnomalarda ko‘rsatilgan kompyuter texnikalarini yetkazib berish o‘rniga adliya boshqarmasiga oldindan to‘lab berilgan pul mablag‘lari qaytarilgan. Shu sababli adliya boshqarmasi xo‘jalik sudiga murojaat qilgan.
Ammo da’vo arizasiga davlat boji va pochta xarajatlari to‘laganligini tasdiqlovchi hujjatlar yoki davlat bojini to‘lashni kechiktirib turish to‘g‘risida iltimosnoma ilova qilinmagan. Birinchi instansiya sudi esa davlat boji va pochta xarajatlari to‘lanmagan bo‘lsada, da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilib, ishni mazmunan ko‘rib chiqqan.
Soliq kodeksi 330-moddasining 23-bandiga ko‘ra adliya organlari - davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab qilingan da’volar hamda berilgan arizalar yuzasidan xo‘jalik sudlarida davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadilar. Shunday ekan, adliya organlari xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha o‘zlarining manfaatlari yuzasidan sudga bergan da’vo arizalari uchun davlat bojini umumiy tartibda to‘lashlari lozim.
Shu bois, adliya organlarining bunday da’vo arizalari XPK 118-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan qaytarilishi lozim.
4. Sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Da’vogar “Sharob savdo” UK xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Shamshir Yug” MChJdan 17 984 723 so‘m asosiy qarz va 8 992 361 so‘m penya undirishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, taraflar o‘rtasida mahsulot yetkazib berish shartnomasi tuzilgan bo‘lib, da’vogar javobgarga spirtli ichimliklar yetkazib berish, javobgar esa yetkazib berilgan mahsulotning haqini to‘lab berish majburiyatini olgan.
Da’vogar javobgarga 662 710 so‘mlik shisha idishlarda 21 154 100 so‘mlik spirtli ichimliklar yetkazib bergan. Javobgar 662 710 so‘mlik shisha idishlarni da’vogarga qaytarib bergan bo‘lsada, 17 984 723 so‘mlik spirtli ichimliklar uchun to‘lovni amalga oshirmagan.
Nizo bo‘yicha ish ko‘rilayotgan vaqtda da’vogar sudga ariza bilan murojaat qilib, 8 992 361 so‘m penya undirishdan voz kechishini ma’lum qilgan.
Sud da’vo talabining penya undirish qismidan voz kechish to‘g‘risidagi arizani qabul qilib, da’voning bu qismi bo‘yicha ish yuritishni tugatgan. Da’vo talabining asosiy qarz qismini qanoatlantirib, javobgardan da’vogar foydasiga 17 984 723 so‘m undirgan. Shuningdek, sud javobgardan da’vogar foydasiga oldindan to‘langan 184 347 so‘m davlat bojini undirishni lozim topgan.
XPK 95-moddasining birinchi qismiga ko‘ra sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Shu bois, birinchi instansiya sudi javobgardan da’vogar foydasiga 17 984 723 so‘mning 1 foizini, ya’ni 179 847 so‘m undirishi, da’vo talabining penya qismi uchun to‘langan davlat bojini esa da’vogarning zimmasida qoldirishi lozim edi.
5. Da’vo qisman qanoatlantirilganda, davlat boji bo‘yicha sud xarajatlari xo‘jalik sudi tomonidan da’vogarga qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda, hamda javobgarga — da’vo talablari rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi.
“Feruz Fayz Produkt” XK “Temiryo`l Universal Leasing” MChJga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, “Temiryo`l Universal Leasing” MChJning zimmasiga “Feruz Fayz Produkt” xususiy korxonasiga lizing obyektini topshirish majburiyatini yuklashni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, “Temiryo`l Universal Leasing” MChJ va “Feruz Fayz Produkt” XK o‘rtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, MChJ xususiy korxonaga Samarqand shahri, I.Muminov ko‘chasi, 30-uyda joylashgan qiymati 140 000 000 so‘mlik ofis binosini lizingga bergan. Lizing oluvchi lizing obyekti uchun 168 000 000 so‘m to‘lab bergandan keyin lizing beruvchi 30 bank kunida lizing obyektini lizing oluvchiga topshirishi lozim bo‘lgan.
Lizing shartnomasi bo‘yicha lizing oluvchi lizing beruvchiga 169 140 393 so‘m to‘lab bergan. Ammo lizing beruvchi lizing obyektini lizing oluvchiga topshirmagan. Shu sababli, “Feruz Fayz Produkt” XK “Temiryo`l Universal Leasing” MChJga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Da’vo arizasiga 1 680 000 so‘m miqdorida davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov topshiriqnomasi ilova qilingan.
O‘z navbatida lizing beruvchi sudga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilib, lizing oluvchidan 124 822 009 so‘m asosiy qarz, 62 411 004 so‘m penya undirishni, lizing shartnomasi bekor qilinganligini e’tirof etishni va lizing obyektini talab qilib olishni so‘ragan. Shuningdek, uning hisob raqamlarida pul mablag‘lari bo‘lmaganligi sababli, davlat bojini bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan dastlabki da’vo qanoatlantirilib, MChJ zimmasiga lizing obyektini xususiy korxonaga topshirish majburiyati yuklangan. Qarshi da’vo qisman qanoatlantirilib, lizing oluvchidan lizing beruvchi foydasiga 11 640 393 so‘m miqdorida penya undirilgan. Qarshi da’voning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan. “Temiryo`l Universal Leasing” MChJdan respublika budjetiga 3 305 674 so‘m, “Feruz Fayz Produkt” XKdan 927 706 so‘m davlat boji undirilgan.
Xususan, sudning hal qiluv qarorida dastlabki da’vo bo‘yicha to‘langan sud xarajatlari xususiy korxona zimmasida qoldirilishi, qarshi da’vo bo‘yicha da’voning qanoatlantirilgan qismi bo‘yicha davlat boji xususiy korxona zimmasiga yuklatilishi, qanoatlantirish rad etilgan qismi bo‘yicha esa – MChJ zimmasiga yuklatilishi ko‘rsatilgan. Ammo hal qiluv qarorida undirilgan davlat bojining hisob-kitobi ko‘rsatilmagan.
XKdan 187 233 013 (124 822 009 so‘m asosiy qarz, 62 411 004 so‘m penya) so‘m undirish qismi bo‘yicha – 1 872 330 so‘m;
MChJdan lizing shartnomasi bekor qilinganligini e’tirof etish qismi bo‘yicha – eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida (961 050 so‘m);
MChJdan lizing obyektini talab qilib olish qismi bo‘yicha – 1 400 000 (lizing obyekti qiymatining 1 foizi).
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismidan ko‘rinishicha qarshi da’vo taqdim qilingan kunga qadar lizing to‘lovlari bo‘yicha 30 359 607 so‘m qarz mavjud bo‘lgan va nizo yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilgunga qadar lizing oluvchi tomonidan qarz qoplangan. Shuningdek, lizing to‘lovlari kechiktirib to‘lab kelinganligi bois lizing beruvchi tomonidan hisoblangan 62 411 004 so‘m penya sud tomonidan asosli deb topilgan. Biroq to‘lanishi lozim bo‘lgan penya miqdori majburiyatni buzish oqibatlariga nomutanosibligi sababli sud penya miqdorini 11 640 393 so‘m qismini qanoatlantirgan. Bundan ko‘rinadiki, lizing oluvchidan qarshi da’vo bo‘yicha 927 706 so‘m davlat boji 92 770 611 (30 359 607 + 62 411 004) so‘mdan kelib chiqib undirilgan.
Bundan xulosa qilsa bo‘ladiki, lizing beruvchidan 3 305 674 so‘m davlat boji undirishda sud quyidagi hisob-kitobdan kelib chiqqan: 4 233 380 – 927 706 = 3 305 674.
Shuningdek, sud xarajatlarini taqsimlashda sud XPK 95-moddasining birinchi qismiga havola qilgan bo‘lsada, noma’lum sabablarga ko‘ra dastlabki da’vo qanoatlantirilganligiga qaramasdan, dastlabki da’vo bo‘yicha sud xarajatlari lizing oluvchi zimmasida qoldirgan.
Bundan tashqari, dastlabki da’voning talabi nomulkiy talab bo‘lganligi sababli u bo‘yicha davlat boji eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida, ya’ni 961 050 so‘m to‘lanishi lozim bo‘lgan. Ammo xususiy korxona lizing obyektining qiymatidan kelib chiqib, 1 680 000 so‘m miqdorida davlat boji to‘lab chiqqan bo‘lsada, sud unga ortiqcha to‘langan (718 950 so‘m) davlat bojini qaytarmagan.
Shu bilan birga, lizing beruvchining hisob-raqamida pul mablag‘lari bo‘lmaganligi sababli, qarshi da’voni davlat bojini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan qabul qilishni so‘ragan bo‘lsada, qarshi da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda lizing beruvchining iltimosnomasi qanoatlantrilganligi ko‘rsatilmagan. Vaholanki, Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 7.3-bandiga ko‘ra davlat boji to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqida da’vo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida da’vo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini qaytarish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi.
6. Neustoyka miqdori xo‘jalik sudi tomonidan FKning 326-moddasiga asosan kamaytirilganda, da’vogar tomonidan oldindan to‘langan davlat boji bo‘yicha xarajatlar neustoykani kamaytirmasdan undirilishi mumkin bo‘lgan summadan kelib chiqqan holda javobgar tomonidan qoplanadi.
“O‘zbekko‘mir” OAJ xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Asadbek agro servis” MChJdan 40 000 000 so‘m asosiy qarz, 20 000 000 so‘m penya undirishni va taraflar o‘rtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomasini bekor qilishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo talablari qisman qanoatlantirilib, javobgardan da’vogar foydasiga 40 000 000 so‘m asosiy qarz, 4 000 000 so‘m penya, 1 411 050 so‘m davlat boji va 5 000 so‘m pochta xarajatlari undirilgan. Da’vogar tomonidan to‘langan 150 000 so‘m davlat boji da’vogar zimmasida qoldirilgan.
Aniqlanishicha, da’vogar va javobgar o‘rtasida kontraktatsiya shartnomasi tuzilgan. Shartnomaga asosan javobgar da’vogarga 40 000 000 so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotari yetkazib berish, da’vogar esa mahsulotlarni qabul qilib olish va uning haqini to‘lab berish majburiyatini olgan.
Shartnomaga asosan da’vogar tomonidan javobgar hisob raqamiga 40 000 000 so‘m o‘tkazib berilgan. Biroq javobgar shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmasdan, belgilangan muddatda mahsulotlarni yetkazib bermagan. Shu bois, da’vogar xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Javobgar shartnomada belgilangan majburiyatlarni bajarilmaganligi bois, birinchi instansiya sudi da’voning 40 000 000 so‘m asosiy qarz undirish hamda kontraktatsiya shartnomasini bekor qilish haqidagi talablarini qanoatlantirish haqida xulosaga kelgan.
Shuningdek, sud da’vogarning penya undirish talabini asosli deb hisoblab, FKning 326-moddasiga asosan so‘ralgan penya miqdorini 4 000 000 so‘mgacha kamaytirish haqida ham xulosaga kelgan.
Biroq davlat bojini undirishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Chunki, da’vogar da’vo talablaridan kelib chiqib, 1 561 050 so‘m davlat boji to‘lab chiqqan.
Sud da’vogarning da’vo talablarini asosli deb hisoblab, penya miqdorini FKning 326-moddasiga asosan kamaytirgan bo‘lsada, javobgardan da’vogar foydasiga 1 411 050 so‘m davlat boji undirib, 150 000 so‘m davlat bojini da’vogar zimmasida qoldirgan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘lashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 17-bandida neustoyka miqdori xo‘jalik sudi tomonidan asosli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asosan kamaytirilganda, da’vogarning davlat boji bo‘yicha xarajatlari, neustoykani kamaytirmasdan undirilishi mumkin bo‘lgan summadan kelib chiqqan holda javobgar tomonidan qoplanishi haqida tushuntirish berilgan.
7. Mulkiy tusdagi da’vo arizalari uchun da’vo bahosining 1 foizi miqdorida, lekin eng kam oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda davlat boji to‘lanadi.
Da’vogar “Omad biznes Zarafshon” MChJ xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Binokor standart plyus” MChJdan 5 400 000 so‘m asosiy qarz va 2 700 000 so‘m penya, jami 8 100 000 so‘m undirishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, “Omad biznes Zarafshon” MChJ va “Binokor standart plyus” MChJ o‘rtasida shartnoma tuzilgan. Unga asosan da’vogar javobgarga 30 000 dona qiymati 5 400 000 so‘m bo‘lgan g‘isht mahsuloti yetkazib bergan. Biroq javobgar tomonidan qabul qilib olingan mahsulot uchun haq to‘lanmagan va natijada da’vogar oldida 5 400 000 so‘m qarz vujudga kelgan. Shu bois “Omad biznes Zarafshon” MChJ xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo to‘liq qanoatlantirilib, javobgardan da’vogar foydasiga 5 400 000 so‘m asosiy qarz, 2 700 000 so‘m penya, 107 635 so‘m davlat boji va 7 200 so‘m pochta xarajatlari undirilgan. Shuningdek, sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilganligi sababli javobgardan Oliy xo‘jalik sudining depozit raqamiga asosli ravishda 30 000 so‘m undirilgan.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boji stavkalari” 2-bandining “a” kichik bandiga binoan, xo‘jalik sudlariga beriladigan mulkiy tusdagi da’vo arizalaridan da’vo bahosining 1 foizi miqdorida, lekin eng kam oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda davlat boji to‘lanadi.
Mazkur holatda, mulkiy tusdagi da’vo arizasining da’vo bahosi 8 100 000 so‘mni tashkil qilganligi, uning 1 foizi 81 000 so‘mni tashkil qilganligi sababli, da’vogar asosli ravishda davlat bojini eng kam oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lab chiqqan.
8. Xo‘jalik sudlarida davlat bojini to‘lashdan SKning 330-moddasida nazarda tutilgan shaxslar ozod qilinadi.
Da’vogar “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” UK xo‘jalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Termiz shahar yo‘lovchi trans” UKga shartnoma tuzish majburiyatini yuklashni so‘ragan.
Sudning ajrimi bilan Surxondaryo viloyat G‘aznachilik boshqarmasi, “2510-sonli harbiylashtirilgan davlat avtokollonasi” nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilingan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, javobgar davlat mulki bo‘lgan 2510-sonli harbiylashtirilgan davlat avtokollonasiga qarashli 1 328,2 kv.m. maydonda joylashgan bino va inshootlardan ofis, avtopark, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va omborxona sifatida 2014-yil 1-yanvardan buyon ijara shartnomasi rasmiylashtirmasdan foydalanib kelgan. Ijara markazi javobgarni uch tomonlama ijara shartnomasi tuzish to‘g‘risida ogohlantirgan. Lekin javobgar ijara shartnomasi tuzishdan asossiz ravishda bosh tortib kelgan.
Shu sababli ijara markazi xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarga ijara shartnomasi tuzish majburiyatini yuklashni so‘ragan.
Ishni ko‘rish jarayonida ijara markazi sudga ariza bilan murojaat qilib, javobgar ijara shartnomasi tuzganligi sababli da’vodan voz kechishini bildirgan.
Sud ijara markazining arizasini qanoatlantirib, XPKning 86-moddasi 6-bandiga asosan ish yuritishni tugatgan va ijara markazi SK kodeksining 330-moddasiga asosan davlat bojidan ozod etilgan deb hisoblab, undan davlat bojini undirmagan.
Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 14-bandida umumiy qoida bo‘yicha ishni ko‘rish ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrim chiqarish bilan yakunlanganida davlat boji qaytarilmaydi, to‘lanmagan davlat boji esa da’vogardan undiriladi.
Da’vo arizasida da’vogar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 13-noyabrdagi PF-4483-sonli Farmoni va SK 330-moddasi birinchi qismining 19-bandiga asosan davlat boji to‘lovidan ozod etishni so‘ragan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 13-noyabrdagi PF-4483-sonli Farmonining 4-bandiga asosan O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy organlari etib Qoraqalpog‘iston Respublikasida — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi negizida tashkil etilayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi, viloyatlarda va Toshkent shahrida — O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasining hududiy boshqarmalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari negizida tashkil etilayotgan Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari belgilangan.
SK 330-moddasi birinchi qismining 19-bandiga asosan xo‘jalik sudlarida davlat bojini to‘lashdan O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari - qo‘mita vakolatlariga muvofiq sudlarga beriladigan da’volar va arizalar yuzasidan ozod qilingan.
Qayd etib o‘tilgan qonun hujjatlarida “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” UK O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy organi ekanligi belgilanmagan.
Shunday ekan birinchi instansiya sudining da’vogar SK 330-moddasi birinchi qismining 19-bandiga asosan davlat bojini to‘lashdan ozod etilganligi to‘g‘risidagi xulosasi noto‘g‘ri hisoblanadi. Shu sababli kassatsiya instansiya sudi birinchi instansiya sudining ajrimini o‘zgartirib, ijara markazidan ishni birinchi instansiya sudida ko‘rish bilan bog‘liq 961 050 so‘m davlat bojini respublika budjetiga undirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
9. Davlat boji to‘lashdan ozod qilingan davlat va boshqa organ tomonidan da’vogar manfaatida berilgan da’voni qanoatlantirish rad etilganda, da’vogardan davlat boji undirilmaydi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi OATB “Agrobank” Muzrabot filiali manfaatida Muzrabot tuman DSI va Surxondaryo viloyat DSBga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, Muzrabot tuman DSIning moliyaviy jarima qo‘llash haqidagi qarori va Surxondaryo viloyat DSBning penya qo‘llash haqidagi qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo arizani qanoatlantirish rad etilib, OATB “Agrobank”dan respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 1 922 100 so‘m davlat boji undirilgan.
Birinchi instansiya sudi soliq idoralari tomonidan qabul qilingan qarorlar bankning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarining buzmaganligi sababli, arz qilingan talabni qanoatlantirishni asosli rad etgan, ammo da’vogardan davlat boji undirib xatolikka yo‘l qo‘ygan.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi SK 330-moddasining 6-bandiga asosan davlat boji to‘lashdan ozod etilgan. Shuningdek, Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 29-bandiga ko‘ra, agar qonun bo‘yicha xo‘jalik sudiga davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish, shuningdek yuridik va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslarning manfaatlarida prokuror, davlat va boshqa organ tomonidan berilgan da’vo rad etilganda (ish yuritish tugatilganda, da’vo ko‘rmasdan qoldirilganda), manfaatlari himoya qilinib da’vo berilgan shaxsdan davlat boji undirilmaydi.
10. Davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan da’vogarning da’vosi qanoatlantirilsa, davlat boji javobgardan (agar u davlat bojini to‘lashdan ozod etilmagan bo‘lsa) qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda respublika budjetiga undiriladi.
Da’vogar “Asloybek Savdosi” MChJ xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar Olmazor tumani hokimi qarorining “Asloybek Savdosi” MChJga nisbatan qismini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qanoatlantirilib, tuman hokimi qarorining “Asloybek Savdosi” MChJga tegishli qismi haqiqiy emas deb topilgan.
SK 330-moddasining 3-bandiga ko‘ra tadbirkorlik subyektlari xo‘jalik sudlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlari hamda boshqa organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda, davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan.
Shu sababli “Asloybek Savdosi” MChJ sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilganda davlat boji to‘lamagan.
SK 337-moddasining o‘ninchi qismi va XPK 95-moddasining ikkinchi qismiga asosan da’vogar davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan taqdirda da’vo qanoatlantirilsa, davlat boji javobgardan (agar u davlat bojini to‘lashdan ozod etilmagan bo‘lsa) davlat daromadiga belgilangan da’vo summasiga muvofiq undiriladi.
Mazkur holatda, javobgar (tuman hokimligi) davlat bojini to‘lashdan ozod etilmaganligi sababli, sud asosli ravishda Olmazor tuman hokimligidan respublika budjetiga 961 050 so‘m davlat boji undirgan. Biroq sud tuman hokimligidan da’vogar (“Asloybek Savdosi” MChJ) foydasiga da’vo arizasi uchun oldindan to‘lab chiqilgan 7 200 so‘m pochta xarajatlarini undirib bermasdan, xatolikka yo‘l qo‘ygan.
11. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati doirasida xo‘jalik sudiga murojaat qilganda belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘laydi. Bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektining maqomi statistika tashkilotlarining ma’lumotnomasi bilan tasdiqlanadi.
Da’vogar “Goframaster” MChJ xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Farovon” MChJdan 52 145 500 so‘m asosiy qarz, 26 072 950 so‘m penya, 10 429 180 so‘m jarima, 450 740 so‘m davlat boji va 5 000 so‘m pochta xarajatini undirishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo talablari qisman qanoatlantirilib, javobgardan da’vogar foydasiga 52 145 500 so‘m asosiy qarz, 6 257 460 so‘m penya, 391 092 so‘m davlat boji va 5000 so‘m pochta xarajatlari undirilgan. Da’voning qolgan qismi rad etilgan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, “Goframaster” MChJ va “Farovon” MChJ o‘rtasida 2013-yil 3-yanvarda oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. 2013-yil 11-oktabrda ushbu shartnomaga qo‘shimcha kelishuv tuzilgan.
Shartnoma va qo‘shimcha kelishuvga asosan da’vogar tomonidan javobgarga 281 145 900 so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgan. Javobgar tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar uchun to‘lovlar qisman amalga oshirilgan bo‘lsada, 52 145 500 so‘mlik mahsulotlar haqi to‘lanmagan.
Sud da’vogarning javobgardan asosiy qarz va penya undirish talablarini asosli deb hisoblab, penya miqdorini FKning 326-moddasiga asosan 6 257 460 so‘mga kamaytirishni lozim topgan. Da’vo talabining jarima undirish qismi asossiz bo‘lganligi sababli, uni qanoatlantirish rad etilgan.
Sud davlat bojini undirishda da’vogarning da’vo arizasida MChJ kichik biznes subyektiga kirishi haqidagi vajlariga asoslangan bo‘lsada, da’vogar kichik biznes subyektlari turiga kirishini tasdiqlovchi statistika organining ma’lumotnomasi da’vo arizasiga ilova qilinmaganligiga e’tibor bermagan va ushbu holatga aniqlik kiritmagan.
Vaholanki, Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 26-bandida kichik biznes subyektlarining maqomi da’vo arizasiga ilova qilinadigan statistika organining ma’lumotnomasi bilan tasdiqlanishi lozimligi haqida sudlarga tushuntirish berilgan.
12. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘langan bo‘lib uning da’vosi rad etilganda, undan davlat boji qo‘shimcha ravishda undirilmaydi.
“Murod ta’mir servis” MChJ xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Oxangaron sement” AJdan 41 000 000 so‘m moddiy zarar, 47 000 000 so‘m boy berilgan foyda va 314 000 000 so‘m zarar undirishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’voni qanoatlantirish rad etilgan. Sud da’vogar kichik biznes subyekti sifatida ixtiyoriy ravishda oldindan 2 010 000 so‘m davlat boji to‘laganligini hisobga olib, MChJdan qo‘shimcha 2 010 000 so‘m davlat boji undirgan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, “Murod ta’mir servis” MChJ va “Oxangaron sement” AJ o‘rtasida shartnoma tuzilgan. Shartnoma shartlari AJ tomonidan lozim darajada bajarilmaganligi sababli, “Murod ta’mir servis” MChJ xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarori 26-bandining to‘rtinchi xatboshisiga ko‘ra, agar xo‘jalik sudiga murojaat qilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘langan bo‘lib da’vo talablari qanoatlantirilganda, ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha javobgardan undiriladigan davlat bojining miqdori da’vogar tomonidan to‘lab chiqilgan summa bilan chegaralanadi. Da’vo rad etilgan holda, davlat boji da’vogardan qo‘shimcha ravishda undirilmaydi.
Shu bois kassatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori o‘zgartirilib, hal qiluv qarorining javobgardan qo‘shimcha 2 010 000 so‘m davlat boji undirish qismi bekor qilingan.
13. Xo‘jalik ishi kichik biznes yoki xususiy tadbirkorlik subyektining da’vo arizasiga asosan qo‘zg‘atilmagan bo‘lib, ushbu ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjati ustidan kichik biznes yoki xususiy tadbirkorlik subyekti (javobgar) apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilganda, davlat boji umumiy tartibda va miqdorda to‘lanadi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi “ULKAN QURILISH LOGISTIKA” MChJ manfaatida O`zAvtoSanoatLeazing” MChJga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, taraflar o‘rtasida 2012-yil 15-noyabrda tuzilgan lizing shartnomasini bekor qilishni va javobgardan 177 538 711,68 so‘m undirishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha taraflar o‘rtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra javobgar da’vogarga qiymati 501 600 AQSh dollari bo‘lgan 7 ta “Hyunday” rusumli texnikani lizingga berish majburiyatini olgan. Da’vogar javobgarga 147 948 926,4 so‘m miqdorida avans va 29 589 785,28 so‘m komissiya to‘lovini, jami 177 538 711,68 so‘m pul mablag‘ini to‘lab bergan. Biroq javobgar tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmagan va lizing obyektlari yetkazib berilmagan. Shu sababli O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi da’vogar manfaatida xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo to‘liq qanoatlantirilib, lizing shartnomasi bekor qilingan va javobgardan da’vogar foydasiga 177 538 711,68 so‘m qarz va 7 200 so‘m pochta xarajatlari undirilgan. Shuningdek, respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga birinchi (nomulkiy) talabdan eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida 961 050 so‘m va ikkinchi (mulkiy tusdagi) talabdan da’vo summasining 1 foizi miqdorida 1 775 387,12 so‘m, jami 2 736 437,12 so‘m davlat boji undirilgan.
Javobgar hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib sudga apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Apellatsiya shikoyatiga 443 846,80 so‘m miqdorida davlat boji va 7 200 so‘m pochta xarajati to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov hujjatlari ilova qilingan. Javobgar apellatsiya shikoyati uchun davlat bojini 443 846,80 so‘m miqdorida to‘laganligini u kichik biznes subyekti hisoblanishi bilan asoslagan va Toshkent shahar statistika boshqarmasining ma’lumotnomasini shikoyatga ilova qilgan.
Javobgarning apellatsiya shikoyati XPK 162-moddasi birinchi qismining 3-bandiga asosan, ya’ni davlat boji belgilangan tartibda va miqdorda to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar apellatsiya shikoyatiga ilova qilinmaganligi sababli qaytarilgan.
Sud apellatsiya shikoyatini to‘g‘ri qaytargan. Chunki, Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boji stavkalari”ning 2-bandiga ko‘ra kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati doirasida xo‘jalik sudlariga murojaat qilishda ushbu bandning “a”, “g” va “e” kichik bandlarida ko‘rsatilgan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘laydilar.
Ushbu Stavkalar 2-bandining “a” kichik bandiga asosan xo‘jalik sudiga mulkiy tusdagi da’vo arizalari bilan murojaat qilganda, davlat boji da’vo bahosining 1 foizi miqdorida, lekin eng kam oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi. Ya’ni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati doirasida sudga da’vo arizasi (ariza) bilan murojaat qilishda belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘laydilar. Ushbu ishlar bo‘yicha apellatsiya va kassatsiya shikoyatlari uchun birinchi instansiya sudiga to‘langan (undirilgan) davlat bojining 50 foizi miqdorida boj to‘lanadi.
Mazkur holatda, ish kichik biznes yoki xususiy tadbirkorlik subyektining da’vo arizasiga asosan qo‘zg‘atilmaganligi bois, javobgar kichik biznesi subyekti bo‘lishidan qat’ii nazar, apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilishda davlat bojini umumiy tartibda to‘lab chiqishi lozim edi.
14. Ishni apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarida ko‘rishda davlat boji da’vo arizasi uchun to‘langan stavkaning 50 foizi, mulkiy tusdagi nizolar bo‘yicha esa nizolashilayotgan summadan hisoblanadi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi OATB “Mikrokreditbank”ining Amaliyot boshqarmasi manfaatida “Xumoyunxon biznes” XKga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni, xususiy korxonadan 107 835 544 so‘m kredit qarzi va 2 269 908 so‘m kredit foizini, jami 110 105 452 so‘m undirishni va undiruvni garov (ipoteka) narsasiga qaratishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, OATB “Mikrokreditbank”ning Amaliyot boshqarmasi va “Xumoyunxon biznes” XK o‘rtasida 2013-yil 5-aprelda kredit shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, bank qarz oluvchiga 24 oy muddatga yillik 24 foiz ustama to‘lash sharti bilan 125 000 000 so‘m miqdorida kredit ajratgan.
Kredit shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash maqsadida bank va XK o‘rtasida 2013-yil 11-aprelda garov (ipoteka) shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, XKga tegishli bo‘lgan qiymati 156 250 000 so‘mlik savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi garovga qo‘yilgan. Kredit shartnomasiga binoan XK olingan kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni to‘lov jadvali asosida to‘lab borish majburiyatini olgan. Biroq XK tomonidan to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan. Shu sababli O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bank manfaatida xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo to‘liq qanoatlantirilib, kredit shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan, XKdan bank foydasiga 110 105 452 so‘m undirilgan va undiruv garov (ipoteka) narsasiga qaratilgan. Shuningdek, qarz oluvchidan respublika budjetiga 3 094 710 so‘m davlat boji undirilgan.
Javobgar hal qiluv qarorining 2 269 908 so‘m kredit foizlarni undirish qismidan norozi bo‘lib apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Apellatsiya shikoyatiga 792 364 so‘m davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov topshiriqnomasi ilova qilingan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan. Shuningdek, qarz oluvchiga 746 966 so‘m ortiqcha to‘langan davlat boji qaytarilgan. Bunda sud davlat boji nizolashayotgan summaning 2 foizi miqdorida to‘lanishi lozimligiga asoslangan.
Sudlar sud xarajatlari miqdorini aniqlashda va ortiqcha to‘langan davlat bojini qaytarishda xatolikka yo‘l qo‘yganlar.
Xususan, birinchi instansiya sudida da’vo bo‘yicha davlat boji quyidagicha undirilishi lozim bo‘lgan:
qarz oluvchidan 110 105 452 (107 835 544 so‘m kredit qarzi va 2 269 908 so‘m kredit foizi) so‘m undirish qismi bo‘yicha – 1 101 054 so‘m (ya’ni nizolashayotgan summaning 1 foizi);
kredit shartnomasini bekor qilish qismi bo‘yicha – eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida (915 300 so‘m).
Biroq birinchi instansiya sudi qarz oluvchidan 3 094 710 so‘m miqdorda davlat boji undirgan va hal qiluv qarorida undirilgan davlat bojining hisob-kitobini ko‘rsatmagan.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boji stavkalari” 2-bandining “d”-kichik bandiga binoan xo‘jalik sudlarining qarorlarini qayta ko‘rib chiqish haqidagi shikoyatlardan davlat boji birinchi instansiyada ko‘rib chiqish uchun ariza berilganda to‘lanadigan stavkaning 50 foizi, mulkiy tusdagi nizolar bo‘yicha esa talashilayotgan summadan hisoblanadi.
Qarz oluvchi hal qiluv qarorining bank foydasiga 2 269 908 so‘m bank foizi undirish qismidan norozi bo‘lganligi bois, davlat boji ushbu summaning 1 foizi, ya’ni 22 699 so‘m miqdorida to‘lanishi lozim bo‘lgan. Apellatsiya instansiyasi sudi esa davlat boji nizolashayotgan summaning 2 foizi miqdorida to‘lanishi lozim deb ko‘rsatgan.
15. Ishni ko‘rish jarayonida taraflar o‘rtasida nizoni hakamlik sudiga ko‘rish uchun topshirish to‘g‘risida kelishuv tuzilganda, da’vo arizasi XPK 88-moddasining 2-bandiga asosan ko‘rmasdan qoldiriladi, sud xarajatlari da’vogar zimmasiga yuklanadi.
Da’vogar OATB “Ipak Yo‘li” banki Amaliyot boshqarmasi javobgar “PLC ASIA” MChJga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, taraflar o‘rtasida tuzilgan 1615-sonli bank hisobvarag‘i shartnomasini bekor qilishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, OATB “Ipak Yo‘li” banki Amaliyot boshqarmasi va “PLC ASIA” MChJ o‘rtasida bank hisobvarag‘i shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra bank MChJning arizasiga asosan bank hisobvaraqlarini ochish hamda hisob-kitob va kassa xizmatlarini ko‘rsatish majburiyatini olgan. MChJ tomonidan bankda ochilgan hisobvaraqlar bo‘yicha bir yil davomida operatsiyalar amalga oshirilmagan.
Ishni ko‘rish jarayonida taraflar o‘rtasida nizoni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi qoshidagi hakamlik sudiga ko‘rish uchun topshirish to‘g‘risida kelishuv tuzilgan. Shu bois bank sudga ariza bilan murojaat qilib, uning da’vosiga asosan qo‘zg‘atilgan xo‘jalik ishi bo‘yicha ish yuritishni tugatishni va to‘langan davlat bojini qaytarishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudi XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan, ya’ni nizo xo‘jalik sudida ko‘rish uchun tegishli bo‘lmaganligi sababli ish yuritishni tugatgan. Bankka da’vo arizasi uchun oldindan to‘langan 961 050 so‘m davlat bojini qaytarish haqida ma’lumotnoma berilgan.
Sud ish yuritishni tugatib va bankka davlat bojini qaytarib protsessual huquq normasining buzilishiga yo‘l qo‘ygan.
XPK 86-moddasining 1-bandiga ko‘ra nizo xo‘jalik sudida ko‘rish uchun tegishli bo‘lmasa xo‘jalik sudi ish yuritishni tugatadi.
Mazkur holatda, nizo iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar o‘rtasida fuqaroviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan va XPK 24-moddasining 2-bandiga binoan shartnomani bekor qilish haqidagi nizo xo‘jalik sudi tomonidan hal etiladigan nizo hisoblanadi.
Shu bois sud XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan, ya’ni nizoni xo‘jalik sudida ko‘rish uchun tegishli emas deb hisoblab ish yuritishni tugatib, xatolikka yo‘l qo‘ygan.
XPK 88-moddasining 2-bandiga binoan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ushbu nizoni hakamlik sudiga ko‘rish uchun topshirish to‘g‘risidagi kelishuvi bo‘lib, hakamlik sudiga murojaat qilish imkoniyati yo‘qolmagan bo‘lsa va agar ishning xo‘jalik sudida ko‘rilishiga qarshi bo‘lgan javobgar birinchi arizasidan kechiktirmay nizoni mazmunan hal etishni hakamlik sudiga topshirish to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilsa, xo‘jalik sudi da’voni ko‘rmasdan qoldiradi.
Vaholanki, sud bankning yuqoridagi arizasini XPK 88-moddasining 2-bandiga tayangan holda hal etib da’voni ko‘rmasdan qoldirishi va davlat bojini da’vogar zimmasida qoldirishi lozim edi.
16. Sud tomonidan ortiqcha to‘langan davlat boji qaytarilganda, hal qiluv qarorida davlat bojini to‘liq yoki qisman qaytarish uchun asos bo‘lgan holatlar ko‘rsatiladi.
“Toza Sharob savdo” UK xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Liga Avto Buxara” MChJdan 19 872 000 so‘m undirishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, da’vogar xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. UK da’vo arizasi uchun 100 000 so‘m davlat boji to‘lab, unga Buxoro viloyati statistika boshqarmasining “Toza Sharob savdo” UK kichik biznes subyekti hisoblanishi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasini ilova qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilib, “Liga Avto Buxara” MChJdan da’vogar foydasiga 17 664 000 so‘m zarar, 441 600 so‘m bank foizi va 95 528 so‘m sud xarajatlari, jami 18 201 128 so‘m undirilgan.
Ammo sud ortiqcha to‘langan 640 so‘m davlat bojini qaytarishga asos bo‘lgan holatlarni hal qiluv qarorida ko‘rsatmagan.
Vaholanki, Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 19-bandiga asosan sudning hal qiluv qarori, ajrimi va qarorida davlat bojini to‘liq yoki qisman qaytarish uchun asos bo‘lgan holatlar ko‘rsatiladi.
TIF “Milliy banki” xo‘jalik sudiga murojaat qilib, “NICE PHARM” MChJdan 97 967 123,29 qarzdorlikni undirishni hamda undiruvni garov mulki bo‘lgan “NICE PHARM” MChJga tegishli Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani U. Musayev q.f.y. Tuyabo‘g‘iz mahallasidagi savdo do‘koniga qaratishni so‘ragan.
Da’vo arizasiga 1 959 342,47 so‘m davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjati ilova qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 2-iyundagi hal qiluv qarori bilan da’vo talablari qanoatlantirilgan hamda undiruv garovga qo‘yilgan mulkka — Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani U. Musayev q.f.y. Tuyabo‘g‘iz mahallasidagi savdo do‘koniga qaratilgan. “NICE PHARM” MChJ hisobidan TIF “Milliy banki” foydasiga 979 671 so‘m davlat boji undirilgan.
TIF “Milliy banki”ga ortiqcha to‘langan 979 671 so‘m davlat boji respublika budjetidan qaytarilgan. Ammo sud ortiqcha to‘langan 979 671 so‘m davlat bojini qaytarishga asos bo‘lgan holatlarni hal qiluv qarorida ko‘rsatmagan.
Vaholanki, Oliy xo‘jalik sudi Plenumining “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida” 2008-yil 18-apreldagi qarorining 19-bandiga asosan sudning hal qiluv qarori, ajrimi va qarorida davlat bojini to‘liq yoki qisman qaytarish uchun asos bo‘lgan holatlar ko‘rsatiladi.
17. Da’vogar tomonidan davlat boji ortiqcha to‘langanda, ishni ko‘rish natijalaridan qat’ii nazar, davlat bojining ortiqcha to‘langan qismi XPK 93-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda da’vogarga qaytariladi.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, da’vogar xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilganda da’vo arizasiga 161 404 so‘m davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov topshiriqnomasi ilova qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilib, javobgardan da’vogar foydasiga 8 070 187 so‘m asosiy qarz, 100 000 so‘m penya va 161 404 so‘m oldindan to‘langan davlat boji va 4 500 so‘m pochta xarajatlari undirilgan.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boji stavkalari” 2-bandining “a” kichik bandiga ko‘ra mulkiy tusdagi da’vo arizalaridan da’vo bahosining 1 foizi miqdorida, lekin eng kam oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda davlat boji undiriladi.
Da’vo arizasida bildirilgan jami talab 8 192 044 so‘mni tashkil etgan. Da’vo bahosining 1 foizi eng kam oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lganligi sababli, da’vo arizasi uchun u berilgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorida, ya’ni 96 105 so‘m davlat boji to‘lanishi lozim bo‘lgan.
Shu sababli sud javobgardan da’vogar foydasiga oldindan to‘langan 96 105 so‘m davlat bojini undirishi va 65 299 so‘m ortiqcha to‘langan davlat bojini da’vogarga qaytarishi kerak edi.
XPK 93-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra davlat boji to‘langan, lekin xo‘jalik sudiga kelib tushmagan yoki u qaytargan arizalar, apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatlari bo‘yicha hamda bojni to‘liq yoki qisman qaytarishni nazarda tutuvchi sud hujjatlari bo‘yicha uni qaytarish sud tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida amalga oshiriladi.
18. Ishda qatnashayotgan yuridik shaxs tugatilganligi sababli ish yuritish tugatilganda, davlat boji da’vogarga to‘liq qaytariladi.
“UzDEUavto” AJning huquqiy vorisi “GM Uzbekistan” AJ “Ark-Trans” AJga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, “Ark-Trans” AJning inkasso topshiriqnomasini bekor qilishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, xo‘jalik sudining hal qiluv qarori bilan “UzDEUavto” AJdan “Ark-Trans” AJ foydasiga 443 850 AQSh dollari undirilgan. Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach “Ark-Trans” AJga ijro varaqasi berilgan. Ijro varaqasiga asosan “Ark-Trans” AJ bankka “UzDEUavto” AJning bankdagi hisob raqamlaridan 443 850 AQSh dollarini so‘zsiz undirish uchun inkasso topshiriqnomasini taqdim qilgan.
Shu sababli “UzDEUavto” AJning huquqiy vorisi “GM Uzbekistan” AJga nisbatan 2013-yil 17-dekabrda xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Ishni ko‘rish jarayonida Davlat statistika qo‘mitasining 2013-yil 28-iyundagi xati taqdim qilingan. Unga ko‘ra, “Ark-Trans” AJ tugatilgan korxonalar ro‘yxatiga kiritilganligi ma’lum qilingan.
Shu bois birinchi instansiya sudi ishda ishtirok etuvchi shaxs bo‘lmish tashkilot tugatilganligini asos qilib, XPK 86-moddasining 4-bandiga tayanib ish yuritishni tugatgan.
SK 342-moddasi birinchi qismining 9-bandiga asosan agar ishda qatnashayotgan yuridik shaxs tugatilgan bo‘lsa, davlat boji to‘liq qaytarilishi kerak.
Ushbu qonun normasidan kelib chiqib, birinchi instansiya sudi da’vogar tomonidan da’vo arizasi uchun oldindan to‘langan davlat bojini qaytargan.
19. Bir vaqtning o‘zida mulkiy va nomulkiy xususiyatga ega bo‘lgan da’vo arizalari (arizalar) uchun mulkiy xususiyatdagi da’vo arizalari uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha va nomulkiy xususiyatdagi da’vo arizalari uchun belgilangan stavkalarga ko‘ra har bir talab bo‘yicha alohida-alohida davlat boji to‘lanadi.
Da’vogar “KAPITAL SUG`URTA” AJ javobgar “O`ZKOMMUNISSIQLIKTA`MIR” MChJga nisbatan xo‘jalik sudiga d’avo arizasi bilan murojaat qilib, AJning MChJ ustav fondidagi ulushining haqiqiy qiymatini, ya’ni 103 463 768 so‘mni undirishni hamda MChJga jamiyatning ta’sis hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish majburiyatini yuklashni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, “KAPITAL SUG`URTA” AJ “O`ZKOMMUNISSIQLIKTA`MIR” MChJning ishtirokchisi (ta’sischisi) bo‘lgan. AJning ulushi MChJ ustav fondi (kapitali)ning 23,1 foizini tashkil qilib, ulushning nominal qiymati 51 210 390 so‘mga teng bo‘lgan.
Da’vogar javobgarga 2012-yilning fevral va aprel oylarida xatlar bilan murojaat qilib, ta’sischilar safidan chiqishini ma’lum qilgan. U jamiyat ustav fondidagi ulushining haqiqiy qiymatini to‘lashni talab qilgan.
Biroq javobgar tomonidan da’vogarning murojaatini muhokama qilish uchun ta’sischilarning umumiy yig‘ilishi o‘tkazilmagan. MChJning ta’sis hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmagan va da’vogarga uning MChJ ustav fondidagi ulushining haqiqiy qiymati to‘lab berilmagan.
Shu bois “KAPITAL SUG`URTA” AJ xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan va unga 1 034 627,68 so‘m davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjatini ilova qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilib, javobgardan da’vogar foydasiga 103 463 768 so‘m qarz, 1 034 627,68 so‘m davlat boji va 7 200 so‘m pochta xarajatlari undirilgan. Da’voning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan. Shuningdek, da’vogardan rad qilingan (nomulkiy) talabdan respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida 961 050 so‘m davlat boji undirilgan.
XPK 92-moddasining uchinchi qismiga muvofiq bir necha mustaqil talablardan iborat bo‘lgan da’voning bahosi barcha talablarning summasi bilan belgilanadi.
Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 10-bandiga ko‘ra mulkiy xususiyatdagi da’vo arizalari (arizalar) bilan murojaat qilinganda davlat boji miqdori undiriladigan summadan kelib chiqib aniqlanadi. Nomulkiy xususiyatdagi da’vo arizalaridan (arizalardan), bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizalardan, shartnomani tuzish, o‘zgartirish yoki bekor qilishdan kelib chiqadigan nizo bo‘yicha davlat boji eng kam oylik ish haqining miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lanadi.
Ushbu bandning ikkinchi xatboshisida bir vaqtning o‘zida mulkiy va nomulkiy xususiyatga ega bo‘lgan da’vo arizalari (arizalar) uchun mulkiy xususiyatdagi da’vo arizalari uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha va nomulkiy xususiyatdagi da’vo arizalari uchun belgilangan stavkalarga ko‘ra har bir talab bo‘yicha alohida-alohida davlat boji to‘lanishi belgilangan.
Mazkur holatda, da’vogar sudga murojaat qilishda ikkinchi nomulkiy xususiyatdagi talab bo‘yicha davlat boji to‘lamaganligi sababli, sud asosli ravishda da’vogardan davlat byujdetiga eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida, ya’ni 961 050 so‘m davlat boji undirgan.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi “Mikrokreditbank” Mang‘it filiali manfaatida javobgarlar “Jumamurot Qurbonboyev” FX va “Ellikqal’a neftbazasi” DUKga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, bank va FX o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni hamda javobgarlardan solidar tartibda 643 239 000 so‘m asosiy qarz va 128 200 000 so‘m bank foizini undirishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudning hal qiluv qarori bilan da’vo talabi qisman qanoatlantirilib, taraflar o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan. Javobgarlardan solidar tartibda bank foydasiga 618 038 962 so‘m asosiy qarz va 16 797 114 so‘m kredit foizi undirilib, da’vo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan. Shuningdek, FX hisobidan bank foydasiga 5 000 so‘m pochta xarajatlari va respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 7 263 661 so‘m davlat boji undirilgan.
Birinchi instansiya sudi da’voni qisman qanoatlantirish haqida to‘g‘ri xulosaga kelgan bo‘lsada, ammo da’vo talabining shartnomani muddatidan oldin bekor qilish qismi bo‘yicha FXdan davlat boji undirish masalasini hal etmagan.
Shu sababli, kassatsiya instansiya sudi hal qiluv qarorining fermer xo‘jaligi hisobidan respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga “7 263 661” so‘m davlat boji undirish qismini “8 629 690” so‘mga o‘zgartirishni lozim topgan.
20. Sud xarajatlari davlat bojidan va ishni ko‘rish bilan bog‘liq chiqimlardan, shu jumladan sud hujjatlarini yuborish bilan bog‘liq pochta xarajatlaridan tashkil topadi va ular ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Urganch shahar DSI xo‘jalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, “KHOREZM IDEAL TRADE” MChJga nisbatan 1 890 035 550 so‘m moliyaviy jarima qo‘llashni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan ariza to‘liq qanoatlantirilib, MChJga nisbatan 1 890 035 550 so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan. Shuningdek, MChJ hisobidan respublika budjeti (Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasi)ga 961 050 so‘m davlat boji undirilgan.
Birinchi instansiya sudi MChJga nisbatan 1 890 035 550 so‘m jarima qo‘llab, MChJ hisobidan respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarining rivojlantirish jamg‘armasiga 961 050 so‘m davlat boji undirish haqida to‘g‘ri xulosaga kelgan bo‘lsada, biroq sud hal qiluv qarorining xulosa qismida arizachi tomonidan oldindan to‘lab chiqilgan 5 000 so‘m pochta xarajatlarini undirish masalasini hal etmagan.
Vaholanki, XPK 95-moddasining birinchi qismiga binoan sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Shu bois, sud arizachi tomonidan pochta xarajatlari oldindan to‘lab chiqilganligini inobatga olib, MChJ hisobidan DSI foydasiga 5 000 so‘m pochta xarajatlarini undirish masalasini hal etishi lozim edi.
21. Da’vogarning da’vo talabi qanoatlantirilganda, sud xarajatlari, shu jumladan pochta xarajatlari javobgar zimmasiga yuklanadi.
“O`zGEORANGMETLITI” DUK va “SVETMET-SERVIS” MChJ o‘rtasida shartnoma tuzilgan va unga ko‘ra MChJning Toshkent shahar, Mustaqillik ko‘chasi, 59-uyda joylashgan binoning 224 725 000 so‘mga teng 3064,13 kv.m maydoni da’vogarga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan.
Da’vogar tomonidan MChJning hisob raqamiga 224 725 000 so‘m o‘tkazib berilgan. Ammo MChJ shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan.
Shu sababli da’vogar MChJning huquqiy vorisi “Polvonlar Milliy ensiklopediyasi” MChJga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, 224 725 000 so‘m undirib berishni so‘ragan. Da’vo arizasiga 2 247 250 so‘m miqdorida davlat boji va 7 200 so‘m pochta xarajati to‘laganligini tasdiqlovchi to‘lov topshiriqnomalari ilova qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’voni qanoatlantirish rad etilgan va sud xarajatlari da’vogar zimmasida qoldirilgan.
Da’vogar hal qiluv qaroriga nisbatan apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Shikoyatga 1 123 625 so‘m miqdorda davlat boji va 7 200 so‘m pochta xarajati to‘laganligini tasdiqlovchi to‘lov topshiriqnomalarini ilova qilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilingan va da’voni qanoatlantirish to‘g‘risida yangi qaror qabul qilinib, javobgardan da’vogar foydasiga 224 725 000 so‘m va oldindan pochta xarajatlari uchun to‘langan 7 200 so‘m undirilgan. Shuningdek, javobgardan respublika budjeti (Sud va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasi)ga 3 370 875 so‘m davlat boji undirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori bilan apellatsiya instansiyasi sudining qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 21.1-bandiga binoan, agar hal qiluv qarori da’vogar foydasiga qabul qilingan bo‘lsa, u holda to‘langan davlat boji unga javobgardan undiriladi.
Mazkur holatda, da’vogar sudga da’vo arizasi va apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilganda davlat bojini to‘lab chiqqanligi sababli, apellatsiya instansiyasi sudi davlat bojini javobgardan davlat budjetiga emas, balki da’vogarga undirib berishi lozim edi. Shuningdek, apellatsiya instansiyasi sudi pochta xarajatlarini faqat apellatsiya instansiyasi sudiga to‘lab chiqqan summasini emas, balki birinchi instansiya sudiga to‘langan pochta xarajatini ham javobgardan da’vogar foydasiga undirishi lozim edi.
“Pahlavon-Ko” QK xo‘jalik sudiga DSI va “Matlubot Omad Savdo” MChJga nisbatan da’vo arizasi bilan murojaat qilib, DSIning inkasso topshiriqnomalarini ijro etilishi mumkin emas deb topishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, QKning Olmazor tuman DSIda ro‘yxatdan o‘tgan “Matlubot Omad Savdo” MChJning oldida debitorlik qarzdorligi mavjud bo‘lganligi sababli, DSI tomonidan “Pahlavon-Ko” qo‘shma korxonasining bankdagi hisob raqamidan 36 864 000 so‘m pul mablag‘larini so‘zsiz undirish uchun 20648-sonli va 25 379 000 so‘m pul mablag‘larini so‘zsiz undirish uchun 20654-sonli inkasso topshiriqnomalari bankka taqdim qilingan.
Inkasso topshiriqnomalari qo‘yilishidan norozi bo‘lgan “Pahlavon-Ko” qo‘shma korxonasi xo‘jalik sudiga DSI va “Matlubot Omad Savdo” MChJga nisbatan da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Da’vo arizasida “Pahlavon-Ko” qo‘shma korxonasining moliyaviy ahvoli og‘ir bo‘lganligi sababli, davlat bojini to‘lashni hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar kechiktirib turish so‘ralgan.
Sudning ajrimi bilan da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingan va sud da’vogarning mulkiy ahvolini inobatga olib, davlat bojini to‘lashni nizo bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar kechiktirgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo to‘liq qanoatlantirilib, DSIning inkasso topshiriqnomalari ijro etilishi mumkin emas deb topilgan.
XPK 90-moddasining birinchi qismiga binoan sud xarajatlari davlat bojidan va ishni ko‘rish bilan bog‘liq chiqimlardan: sud hujjatlarini yuborish bilan bog‘liq pochta xarajatlaridan, xo‘jalik sudi tayinlagan ekspertizani o‘tkazish, guvohni chaqirish, dalillarni o‘z joyida ko‘zdan kechirish uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan summa, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek ishni ko‘rish bilan bog‘liq boshqa xarajatlardan tashkil topadi.
Shuningdek, XPK 95-moddasining birinchi qismiga ko‘ra sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Mazkur holatda, Soliq kodeksi 330-moddasining 21-bandiga ko‘ra davlat soliq xizmati organlari xo‘jalik sudlarida barcha ishlar va xujjatlar bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod qilinganligi sababli sud asosli ravishda javobgar (DSI)dan respublika budjetiga davlat boji undirmagan. Biroq, DSIdan da’vogar foydasiga oldindan to‘langan 7 200 so‘m pochta xarajatlarini undirmasdan xatolikka yo‘l qo‘ygan.
22. Sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi ariza uchun pochta xarajatlari umumiy tartibda va miqdorda to‘lanadi.
“Faridun fayz savdo” XK xo‘jalik sudiga murojaat qilib, “Sirdaryopaxtasanoat” HABdan 145 980 670 so‘m hujjatlar asosida tan olingan debitorlik qarzini undirish uchun sud buyrug‘i berishni so‘ragan.
Qarzdordan arizachi foydasiga 145 980 670 so‘m asosiy qarz, 729 903 so‘m davlat boji va 2 500 so‘m pochta xarajatlari undirilgan.
Sud davlat boji miqdorini to‘g‘ri hisoblab undirgan bo‘lsada, pochta xarajatlarini undirishda xatolikka yo‘l qo‘ygan.
Sirdaryo viloyat xo‘jalik sudi tomonidan belgilangan, ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq pochta xarajatlari uchun to‘lov 5 000 so‘mni tashkil qiladi.
XPKning 106-moddasiga muvofiq, sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi ariza uchun sudga da’vo bilan umumiy tartibda murojaat qilinganda nizolashilayotgan summa asosida hisoblab chiqilgan stavkaning ellik foizi miqdorida davlat boji to‘lanishi nazarda tutilgan. Ya’ni, ushbu tartib faqat davlat boji to‘loviga nisbatan tadbiq qilinishi, pochta xarajatlari uchun to‘lov esa, da’vo bilan umumiy tartibda murojaat qilinganda, to‘lab chiqilishi lozim bo‘lgan summada to‘liq to‘lanishi kerak.
23. Sud boshqaruvchisi tomonidan xo‘jalik sudiga beriladigan da’vo arizalari va arizalar oldindan davlat boji hamda pochta xarajatlari to‘lanmasdan qabul qilinganda, ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha davlat boji respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga, pochta xarajatlari esa sudning depozit raqamiga undiriladi.
“ATTORLIK” AJ sud boshqaruvchisi Sud departamentining Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga nisbatan ariza bilan murojaat qilib, sud ijrochisining harakatsizligini noqonuniy deb topishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, Toshkent shahar xo‘jalik sudining hal qiluv qarori bilan “SALUX JPS” MChJdan “ATTORLIK” AJ foydasiga 6 822 575 342 so‘m undirilgan. Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach “ATTORLIK” AJga ijro varaqasi berilgan. Ijro varaqasi sudning hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun Sud departamentining Yakkasaroy tuman bo‘limiga topshirilgan.
Xo‘jalik sudining hal qiluv qarori bilan “ATTORLIK” AJ bankrot deb topilgan va tugatishga doir ish boshlangan.
Tugatish jarayonida sud boshqaruvchisi tomonidan AJning kreditorlik va debitorlik qarzlari mavjudligi aniqlanib, tegishli ro‘yxatlar tuzilgan. Unga ko‘ra, “SALUX JPS” MChJdan 6 822 575 342 so‘m undirish to‘g‘risidagi Toshkent shahar xo‘jalik sudining hal qiluv qarori ijro etilmay qolganligi aniqlangan. Shu sababli sud boshqaruvchisi xo‘jalik sudiga Sud departamentining Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga nisbatan ariza bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qanoatlantirilib, sud ijrochisining harakatsizligi noqonuniy deb topilgan. Sud departamentining Yakkasaroy tuman bo‘limi zimmasiga sud hujjatini ijro etish chorasini ko‘rish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, Sud departamentining Toshkent shahar hududiy boshqarmasidan respublika budjetiga 915 300 so‘m davlat boji va 7 200 so‘m pochta xarajatlari undirilgan.
Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2006-yil 27-yanvardagi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini xo‘jalik sudlari tomonidan qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 16-bandida Qonun 19-moddasining birinchi qismiga va XPK 91-moddasining to‘rtinchi qismiga asosan bankrotlik taomilini amalga oshirishda sud boshqaruvchisi tomonidan xo‘jalik sudiga beriladigan da’vo arizalari va arizalar oldindan davlat boji hamda pochta xarajatlari to‘lanmasdan qabul qilinishi belgilangan. Shu bois sud boshqaruvchisining arizasini sud oldindan davlat boji hamda pochta xarajatlari to‘lanmagan bo‘lsada, qabul qilib to‘g‘ri xulosaga kelgan. Biroq sud ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha javobgardan pochta xarajatlarini respublika budjetiga undirib noto‘g‘ri qilgan. Chunki, pochta xarajatlari bu sudning xarajatlari bo‘lib, u sudning depozit raqamiga undirilishi lozim edi.
24. Sud hujjati bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun sud hujjati bekor qilingan xo‘jalik sudiga yuborilganda, sud xarajatlarini taqsimlash masalasi ham ishni yangidan ko‘rayotgan xo‘jalik sudi tomonidan to‘langan davlat boji hamda da’vo talablarining qanoatlantirilgan miqdori hisobga olingan holda hal etiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor F. Artikov xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, “Kafil sug‘urta” MChJdan 59 362 300 so‘m sug‘urta hodisasi tufayli yetkazilgan zarar, 8 904 345 so‘m jarima, 1 000 000 so‘m huquqini himoya qilish uchun qilgan xarajati va 180 000 so‘m ekspertiza xarajatlarini undirishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo talabini qanoatlantirish rad etilgan va ixtiyoriy to‘langan 347 234 so‘m davlat boji tadbirkor zimmasida qoldirilgan.
Apellatsiya instansiya sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, tadbirkorning da’vo arizasini qisman qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilingan.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori bilan sud qarorlari bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Ishni yangidan ko‘rgan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilib, sug‘urta kompaniyasidan sug‘urta to‘lovi va zarar summasi hamda da’vo taqdim etilganda to‘langan davlat boji summasi undirilgan.
Ushbu holatda, birinchi instansiya sudi javobgardan faqat birinchi instansiya sudida ishni ko‘rish bilan bog‘liq sud xarajatlarini undirib xatolikka yo‘l qo‘ygan. Chunki, Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarori 22-bandining uchinchi xatboshisiga asosan, sud hujjati bekor qilingan hamda ish yangidan ko‘rish uchun sud hujjati bekor qilingan xo‘jalik sudi instansiyasiga yuborilganda, davlat boji bo‘yicha sud xarajatlarini taqsimlash masalasi ishni yangidan ko‘rayotgan xo‘jalik sudi tomonidan to‘langan davlat boji va da’vo talablarining qanoatlantirilgan miqdori hisobga olingan holda hal etiladi.
Bunda sudlar ishni videokonferensaloqa rejimida ko‘rish bilan bog‘liq sud xarajati davlat bojidan qonun bilan ozod qilingan shaxslardan ham undirib olinishiga e’tibor qaratishlari lozim.
Shunga ko‘ra sud barcha instansiya sudlarida ishni ko‘rish bilan bog‘liq sud xarajatlarini ham nizoning kelib chiqishida aybdor bo‘lgan tarafdan undirishi lozim edi.
25. Sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha XPKning 95-moddasiga muvofiq undiriladi.
Da’vogar 25-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Xurshid” XIChKdan 309 000 so‘m asosiy qarz va 1 030 000 so‘m penya undirishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilib, javobgardan da’vogar foydasiga 515 000 so‘m penya undirilgan. Da’voning qolgan qismi rad etilgan.
Javobgar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudining qaroridan norozi bo‘lib kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.
Kassatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilinib, sud majlisi 2014-yil 8-sentabrga videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish uchun tayinlangan. Shu kuni sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori bilan birinchi va apellatsiya instansiyalari sud hujjatlari o‘zgarishsiz qoldirilgan. Biroq kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bilan bog‘liq sud xarajatlari undirilmagan.
Vaholanki, XPK 90-moddasining uchinchi qismiga asosan sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarning summasi xo‘jalik sudi tomonidan belgilanadi va ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ushbu Kodeksning 95-moddasiga muvofiq undiriladi.
Shu bois kassatsiya instansiyasi sudi XPK 95-moddasining birinchi qismiga asosan kassatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilganligini inobatga olib, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bilan bog‘liq sud xarajatlarini javobgar “Xurshid” XIChKdan undirishi lozim edi.
26. Sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar sud xarajatlari hisoblanib, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Mirzacho‘l tuman fermerlar kengashi “O‘zbekiston baxmali” FX manfaatida da’vo arizasi bilan xo‘jalik sudiga murojaat qilib, “Qishloqxo‘jalikkimyo” AJdan 3 922 423 so‘m asosiy qarz va 1 961 211 so‘m penya undirishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, “O‘zbekiston baxmali” FX va “Qishloqxo‘jalikkimyo” AJning Mirzacho‘l tuman filiali o‘rtasida qishloq xo‘jaligi korxonalariga mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarni yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan. Unga ko‘ra javobgar FXga mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarni yetkazib berishi, FX esa yetkazib berilgan mahsulot uchun haq to‘lash majburiyatini olgan.
FX “Qishloqxo‘jalikkimyo” AJning Mirzacho‘l tuman filialidan 32 878 371 so‘mlik mahsulot qabul qilib olib, mahsulotlarni ekin maydoniga yetkazib olib kelish uchun fermer xo‘jaligi tomonidan jami 3 922 423 so‘m xarajat qilingan. Shu sababli Mirzacho‘l tuman fermerlar kengashi FX manfaatida xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
XPK 90-moddasining birinchi qismiga ko‘ra sud xarajatlari davlat bojidan va ishni ko‘rish bilan bog‘liq chiqimlardan, chunonchi:
Ushbu moddaning uchinchi qismida sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarning summasi xo‘jalik sudi tomonidan belgilanishi va ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Kodeksning 95-moddasiga muvofiq undirilishi, ikkinchi qismida esa, da’vogar to‘lashdan belgilangan tartibda ozod qilingan davlat boji, agar javobgar boj to‘lashdan ozod qilinmagan bo‘lsa, qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan respublika budjeti daromadiga undirilishi belgilangan.
Dyemak, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bilan bog‘liq xarajat ham sud xarajati hisoblanadi va u ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha XPKning 95-moddasiga muvofiq har bir sud instansiyasi uchun alohida undirib olinishi lozim.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2014-yil 12-noyabrdagi qarori bilan ish videokonferensaloqa rejimida ko‘rilib, sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan. Shunga ko‘ra kassatsiya instansiyasi sudi XPK 95-moddasining birinchi qismiga tayanib asosli ravishda FXdan ishni videokonferensaloqa rejimida ko‘rish bilan bog‘liq sud xarajatlarini undirgan.
27. Kredit bo‘yicha qarzdorlik summasini undirish hamda undiruvni garovdagi mulkka qaratish haqidagi talab bitta da’vo talabi hisoblanganligi sababli davlat bojining miqdori qarzdorlik summasining 1 foizini tashkil etadi.
TIF “Milliy banki” xo‘jalik sudiga murojaat qilib, javobgarlar “ELGA XIZMAT FARXOD” ShK hamda “FARXOD DEHQON BOZORI” AJdan 231 935 511,72 qarzdorlikni undirishni hamda undiruvni garov mulki bo‘lgan “FARXOD DEHQON BOZORI” AJga tegishli Toshkent shahri Uchtepa tumani M. Uyg‘ur ko‘chasi ko‘chasi “Ko‘kcha Oqtepa” bozoridagi shoxobchaga qaratishni so‘ragan.
Da’vo arizasiga 4 174 840 so‘m davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjati ilova qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 4-iyundagi hal qiluv qarori bilan da’vo talablari qanoatlantirilgan hamda undiruv garov mulki bo‘lgan Toshkent shahri Uchtepa tumani M. Uyg‘ur ko‘chasi “Ko‘kcha Oqtepa” bozoridagi shoxobchaga qaratilgan. “ELGA XIZMAT FARXOD” ShK hisobidan TIF “Milliy banki” foydasiga 4 638 710,24 so‘m, “ELGA XIZMAT FARXOD” ShK hisobidan davlat budjetiga 2 180 644,87 so‘m davlat boji undirilgan.
SK 342-moddasi birinchi qismining 1-bandiga ko‘ra davlat boji qonun hujjatlarida talab qilinganidan ortiqcha miqdorda to‘langanida davlat boji to‘liq yoki qisman qaytarilishi kerak.
Mazkur holatda da’vogar qarzdorlikni undirish hamda undiruvni garovdagi mulkka qaratish haqidagi da’vo talabi bilan murojaat qilib, summani undirish haqidagi talab bo‘yicha – undirilishi so‘ralayotgan summaning 1 foiz hamda ushbu summani undirishni garovdagi mulkka qaratish haqidagi talab bo‘yicha ham – undirilishi so‘ralayotgan summaning 1 foizi miqdorida davlat bojini to‘lagan.
Vaholanki, kredit bo‘yicha qarzdorlik summasini undirish hamda undiruvni garovdagi mulkka qaratish haqidagi talab bitta da’vo talabi bo‘lganligi sababli undirilishi so‘ralayotgan summaning 1 % miqdorida davlat bojini to‘lash yetarli hisoblanadi.
Shu bois birinchi instansiya sudi da’vogar tomonidan ortiqcha to‘langan davlat bojini davlat budjetidan qaytarishi lozim edi.
Shu bilan birga da’vogar sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilganda davlat bojini to‘lab chiqqanligi sababli, birinchi instansiya sudi davlat bojini javobgardan davlat budjetiga emas, balki da’vogarga undirib berishi kerak edi.
Chunki, Oliy xo‘jalik sudi Plenumining “Xo‘jalik sudlari tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida” 2008-yil 18-apreldagi qarorining 21.1-bandida agar hal qiluv qarori da’vogar foydasiga qabul qilingan bo‘lsa, u holda to‘langan davlat boji unga javobgardan undirilishi haqida tushuntirish berilgan.