Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
Qarori
Iqtisodiy munosabatlarda odil sudlovni va qonunchilikni mustahkamlashni amalga oshirish boʻyicha xoʻjalik sudlarining faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2005-yil 31-martdagi 129-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Plenum taʼkidlaydiki, xoʻjalik sudlari 1994-yil va 1995-yilning 4 oyi mobaynida Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiy reformalarni amalga oshirishga koʻmak bera borib 15 ming nizolarni koʻrib, ular boʻyicha 84 mln soʻm shu bilan birga 29 ming 268 AQSh dollari undirildi. Respublika budjetiga 71 mln 180 ming soʻm davlat boji, jarima tariqasida 18 mln soʻm, hamda XPKning 79-moddasi talabi asosida 18 mln 203 ming soʻm ham respublika budjetiga undirildi.
Xoʻjalik nizolarining aksariyati Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni va XPKning talablariga qattiq rioya qilingan holda hal qilinib, kamroq xatolarga yoʻl qoʻyilib, sud majlislarining tarbiyaviy taʼsiri kuchayib, sud muhokamasining madaniyat darajasi koʻtarildi.
Lekin xoʻjalik sudlari faoliyatida odil sudlovni amalga oshirish borasida hali anchagina xato va kamchiliklar mavjud. Sudlarga kelib tushayotgan xoʻjalik nizolar soni ancha kamayayotganiga qaramasdan, hal qilinayotgan ishlarning sifati jiddiy yaxshilanishi lozimligi talab qilinmokda.
Daʼvo hujjatlarini tekshirishda va ish qoʻzgʻatishda, ishni sudda koʻrishga tayyorlashda xatolikka yoʻl qoʻyilsa, asossiz va noqonuniy qarorlar chiqarishga olib keladi. Shu davr mobaynida xoʻjalik sudlarining 166 qarorlari bekor qilindi. Ishlarni koʻrish muddatlarining buzilish hollari xoʻjalik subyektlarini sud himoyasiga boʻlgan huquqini poymol etishga olib keladi.
Xususiy ajrimlar va xabarnomalarning tashkilot, muassasa rahbarlariga yuborish amaliyotini umumlashtirish ishlari sustkashlik bilan olib borilmoqda. Baʼzi xoʻjalik sudlarida asosli va qonuniy qarorlar chiqarish ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatilmagan. Ayrim xoʻjalik sudlarida muhlat va ijro intizomi buzilishiga yoʻl qoʻyilmoqda. Sud xodimlarining ishchanlik faoliyatini oshirishga qaratilgan ishlar tashkil etilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining Plenumi qaror kiladi:
1. Xoʻjalik sudlarining eʼtibori bozor sharoitida Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodini jonlantirish va rivojlantirishga, oʻz faoliyati bilan bu masalalarni echishga koʻmaklashishga, mulk shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik subyektlariga sud taʼsirini, iqtisodiy munosabatlarda qonunchilikka rioya qilishni va shartnoma majburiyatlarining bajarilishini taʼminlashga qaratilsin.
2. Xoʻjalik sudlari koʻrilayotgan ishlarni harakatdagi qonunchilikka toʻliq mos ravishda, protsessual muddatlarga qattiq rioya qilgan holda oʻtkazilishi lozimdir. Daʼvo arizalarini asossiz ravishda qabul qilishdan bosh tortishga yoʻl qoʻymaslik, har bir qoʻzgʻatilgan ish boʻyicha chuqur tayyorgarlik koʻrish jarayonida ishni mazmunan hal qilish uchun zarur boʻlgan hujjatlarning asl nusxasini talab qilib olinishi lozim. Nizo boʻyicha qabul qilingan qaror arizadagi talablarni toʻliq, mazmunan va aniq hal etgan holda qamrab olishi kerak.
3. Rayosat, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi hayʼatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar xoʻjalik sudi raislari xoʻjalik sudlarining tashkiliy faoliyatida oʻz rollarini oshirishlari, xoʻjalik nizolarini koʻrishda nazoratini kuchaytirishlari, sud amaliyotining toʻgʻri va bir xilligini taʼminlashlari lozim.
Xoʻjalik sudlarining qarorlarini qonuniy va asosliligini tekshirishni tashkil qilishda bekor qilingan va oʻzgartirilgan sud qarorlarini chuqur tahlil qilish, qonun normalarining buzilishini oʻz vaqtida bartaraf etish va xuddi shunday holatlarni qaytarmaslik choralari koʻrilsin.
4. Rayosat va Oliy xoʻjalik sudining hayʼatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat xoʻjalik sudlariga dolzarb toifadagi ishlar boʻyicha sud amaliyotini sistematik ravishda umumlashtirish, xoʻjalik qonunchiligining buzilishiga sabab boʻladigan holatlarni oʻrganish tavsiya etilsin.
Sud xatolarini oʻz vaqtida tuzatish va oldini olish, qonunlarni bir xilda tushunish va qoʻllash, sud praktikasini toʻgʻri yoʻnaltirish chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
Sudlov faoliyatida ilmiy tadqiqot natijalarini kengroq qoʻllash, huquqiy ilm bilan aloqalarni mustahkamlash, xoʻjalik sudlari tomonidan doimiy ravishda qonunchilikni qoʻllash amaliyotini taʼminlash, qonunchilikni rivojlantirish va takomillashtirish zaruriyati boʻyicha masalalarni oʻz vaqtida qoʻysinlar.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat xoʻjalik sudi raislariga, umumiy sudlar, prokuratura organlari, adliya, Ichki ishlar vazirligi, Davlat Mulk qoʻmitasi bilan hamkorlikni yaxshilasinlar. Prokuratura organlariga xoʻjalik subyektlarini toʻlov qobiliyatining yoʻqligi oqibatida bankrotlik haqida ish qoʻzgʻatilganligi, xalq xoʻjaligida oʻzaro hisob-kitobning buzilishi hollari haqida doimiy axborot berib turilsin.
6. Respublika xoʻjalik sudlariga korxona va tashkilotlarda sayyor sud majlislari oʻtkazilishini tayyorlashga katta eʼtibor berishlari, huquqbuzarlik holatlarini keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlari boʻyicha hususiy ajrim va xabarnomalar yuborishlari tavsiya etilsin.
7. Xoʻjalik sudlari raislari xoʻjalik sudlari xodimlariga davlat intizomini, qonunchilikka qattiq rioya qilishlari yuzasidan talabni kuchaytirsinlar, xodimlarni xizmat safarlarini benuqson bajarishlari, xoʻjalik sudlari obroʻ-eʼtiborini oshirish ruhida tarbiyalashni kuchaytirsinlar. Ishlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan javobgarlikni oshirish, xizmat yuzasidan yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarga jiddiy choralar koʻrishlari, har bir xodimga yuklatilgan vazifalar ijrosiga sidqidildan yondoshmaslik holatlariga barham bersinlar.
8. Xoʻjalik sudlarini jihozlash, xonalarni taʼmirlash, moddiy texnika vositalari bilan taʼminlash, xoʻjalik sudlari xodimlariga ijtimoiy va tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha jiddiy chora va tadbirlar koʻrilsin.
Toshkent sh.,
1995-yil 26-may,
36-son