Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 19-iyuldagi 16-sonli “Jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jinoyat uchun jazo choralari qoʻllash toʻgʻrisidagi qonunlarga ogʻishmay amal qilish sudlarning eng muhim vazifasi hisoblanadi.
Faqat asosli va odilona jazo tayinlash orqaligina jamiyatni jinoiy hurujlardan samarali himoya etish, sudlanganlarni tuzatish va qayta tarbiyalashga erishish, sudlanganlar hamda boshqa shaxslar tomonidan yangi jinoyatlar sodir etilishining oldini olishni taʼminlash mumkin.
Sud amaliyoti tahlili respublikada jinoyat uchun jazo choralari qoʻllash masalasiga asosan toʻgʻri yondashuv taʼminlanganligini koʻrsatdi.
Biroq, bunday oʻta muhim masalada respublikadagi qonuniylikning ahvoliga salbiy taʼsir koʻrsatadigan jiddiy kamchilik va xatolarga batamom barham berilmagan.
Ogʻir jinoyatlar sodir etgan shaxslarga, uyushgan guruhlarning tashkilotchilari va faol ishtirokchilariga, muqaddam sudlanganlarga oʻta yengil jazo tayinlash hollari jinoyat uchun jazo qoʻllash masalasida toʻgʻri va barqaror sud amaliyotini yaratishga toʻsiq boʻlyapti. Tovlamachilarga /reketchilarga/, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tajovuz qilgan shaxslarga, narkotik moddalar va qurol tarqatuvchilarga yon bosish hollari uchrab turibdi. Shu tarzda qonun buzilishlar respublikaning koʻpchilik mintaqalarida mavjudligi tekshirish vaqtida aniqlandi.
Sudlar jazo tayinlashda alohida yondashuv qoidasining mohiyati va mazmunini aniq his etmayaptilar. Chunonchi ular jamiyat uchun katta xavf tugʻdirmagan jinoyatlar sodir etgan shaxslarga, garchi ularni jamiyatdan ajratmagan holda tuzatishning iloji boʻlsa ham, jinoyat qonuni sanksiyasida koʻzda tutilgan jazodan ham yengilroq yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar qoʻllash masalasini dolzarb boʻlsa ham muhokama qilmaydilar va bunday jazolarni asossiz ravishda qoʻllamaydilar.
Sud amaliyotida mahkumga jazo turi va miqdorini jinoyatning qanday holatlarda sodir etilganligini inobatga olmasdan, faqat u yoki bu jinoyatning tabiatidan kelib chiqib, tayinlash hollari uchrab turibdi.
Aybdorlarga nisbatan hukmning ijrosini kechiktirish, shartli hukm, shuningdek ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib mehnatga majburan jalb etishni qoʻllash masalasi qonunga xilof ravishda doim ham muhokama etilmaydi. Sudlanganlarga. qonun sanksiyasida koʻrsatilgan jazodan ham kamroq jazo tayinlash sabablari koʻpincha asoslantirilmaydi. Qator ishlar boʻyicha jinoyatlar mast holda, uyushgan guruhda, muqaddam jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan va hokazo holatlarda sodir etilsada, sudlar asossiz ravishda bularni javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi holatlar deb topmaydilar. Aybdorga nisbatan mol-mulkni musodara qilish, muayyan mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etish kabi qoʻshimcha jazolar qoʻllash muhimligiga yetarlicha ahamiyat berilmaydi.
Ishlarni kassatsiya va nazorat tartibida koʻrishda doim ham jazo tayinlash paytida sudlar yoʻl qoʻygan xatolar tuzatilmaydi, baʼzan jazo tayinlash masalasida birinchi bosqich sudlarini toʻgʻri yoʻldan chalgʻituvchi qarorlar qabul qilinadi.
Jinoiy jazo choralari tayinlashdagi xato va kamchiliklarni bartaraf etish hamda bu haqdagi qonunlarni toʻgʻri qoʻllashni taʼminlash yuzasidan sudyalarning masʼuliyatini oshirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi sudlarga quyidagi koʻrsatmalarni berishga qaror qiladi:
Jazo tayinlashning umumiy asoslarini qoʻllash boʻyicha
1.1. Odil jazo tayinlash respublikada qonuniylikni va fuqarolarning xavfsizligini taʼminlashning juda muhim negizi boʻlib, u javobgarlikni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar majmui hamda aybdorning shaxsiyatini eʼtiborga olgan va faqat alohida yondashuv qoidasiga qatʼiy rioya qilingan holda belgilanishi zarur.
1.2. Sudlar ogʻir jinoyat sodir etgan shaxslarga, uyushgan guruh tashkilotchilari va faol ishtirokchilariga, muqaddam sudlanganlarga nisbatan qattiq jazo choralari qoʻllashlari lozim. Bunda fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tajovuz qilish, narkotik moddalar va qurollar tarqatish kabi, shuningdek respublika iqtisodiyotiga zarar yetkazuvchi jinoyatlar alohida xavf tugʻdirishini nazarda tutish kerak. Bunday shaxslarga nisbatan yon bosishning har qanday koʻrinishlari qonuniylikni jiddiy buzish deb baholanishi lozim.
1.3. Sudlar jazo tayinlashda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 39-moddasida koʻrsatilgan va doirasi tugal boʻlmish javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi holatlarni eʼtibordan chetda qoldirishga haqli emaslar. Sud bu holatlardan birortasini javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi holat deb topmagan taqdirda, bunga hukmda batafsil asoslar keltirishi lozim.
Jinoyatni kvalifikatsiya qilish uchun asos boʻladigan belgilar javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holat deb topilishi mumkin emas.
1.4. Sudlarga, garchi rasmiy jihatdan jinoyat qonunida koʻrsatilgan biror bir harakatning alomatlari mavjud boʻlsa ham, lekin oʻzining kam ahamiyatliligi sababli jamoat uchun xavfli xarakterda boʻlmagan harakat yoki harakatsizlik jinoyat deb hisoblanmasligi eslatib oʻtilsin. Sudlar har bir muayyan ishni koʻrish paytida, xatti-harakatning jamoat uchun xavflilik darajasi masalasini batafsil muhokama qilib, aniqlangan holatlarga qarab jazo tayinlash yoki undan ozod qilish toʻgʻrisida asoslantirilgan qaror qabul qilishlari zarur.
1.5. Sodir etilgan jinoyatning jamiyat uchun xavflilik darajasini baholashda muayyan jinoiy xatti-harakatni sodir etishdagi barcha holatlar /ayb shakli, jinoyatni sodir etish usuli, sababi, vaziyati va bosqichi, kelib chiqqan oqibatning ogʻirligi, jinoyat ishtirokchilaridan har birining ishtiroki darajasi va xususiyati va hokazo/ majmuiga asoslanmoq kerak. Sudlanuvchining shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ular jazoning turi va miqdorini belgilashda muhim ahamiyatga egaligi tufayli, har tomonlama va toʻla tekshirilmogʻi lozim.
1.6. Ilgari biror jinoyat sodir etgan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilishi quyidagi hollarda jinoyatni ogʻirlashtiruvchi holat deb hisoblanmaydi:
agar birinchi marta sodir etgan jinoyati uchun jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtgan boʻlsa;
sudlanganligi belgilangan tartibda olib tashlangan yoki oʻchgan boʻlsa, yoinki ilgari sodir etgan jinoiy xatti-harakatlari uchun javobgarlik qonun bilan bekor qilingan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 48-moddasiga binoan shaxs ilgari sodir etgan jinoyati uchun jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod etilgan boʻlsa.
1.7. Voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda hukmning ijrosini kechiktirish, shuningdek jarima va shu kabi jazolarning samaradorligiga eʼtibor berish lozim. Shu bilan birga ogʻir jinoyat sodir etishda ayblangan, muqaddam sudlangan, ichki ishlar organlarida huquqni buzganligi uchun hisobda turgan voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda qatʼiyatsizlikka yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
1.8. Jinoyat kodeksining 22-moddasiga binoan oʻlim jazosi favqulodda jazo chorasi hisoblanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda oʻlim jazosi faqat aybni ogʻirlashtiruvchi alohida holatlar, jinoyatni sodir etish usullari va shu bilan birga oʻta ogʻir jinoyat sodir etgan shaxsning mutloq xavfliligi uni qoʻllash zaruriyatini taqozo etgan taqdirdagina qoʻllaniladi. Bunday jazo qoʻllash chogʻida sudlanuvchining ruhiy jihatdan tekshirilganligiga sudlar alohida eʼtibor berishlari lozim.
1.9. Kassatsiya va nazorat instansiyasi sudlari hukm chiqarish paytida jazo tayinlashning umumiy qoidalariga rioya qilinganligini, tayinlangan jazo jinoyatning ogʻirligi va mahkumning shaxsiyatiga mutanosibligini, tanlangan jazo chorasi toʻgʻrisidagi xulosa va jazo tayinlashda inobatga olingan muayyan ish holatlarini hukmda bayon etish tartibini belgilovchi Jinoyat-protsessual qonun meʼyorlariga amal qilinganligini sinchiklab tekshirishlari zarur. Yuqori sudlar birinchi instansiya sudlari tomonidan jazo tayinlash masalasida yoʻl qoʻyilgan xato va qonun buzilishlarni oʻz vaqtida aniqlab, bartaraf etishlari, shuningdek ularning takrorlanmasligini taʼminlovchi choralar koʻrishlari shart.
Kassatsiya yoki nazorat instansiyasi sudi ayblov hajmi, jinoyatni sodir etishda mahkumning aybi yoki ijrochilik shakli, aybni ogʻirlashtiruvchi holatlar mavjudligi toʻgʻrisidagi birinchi instansiya sudining xulosalarini notoʻgʻri deb topib, shu munosabat bilan hukmga oʻzgartirish kiritsa, /masalan, ayblov epizodi yoxud bir yoki bir nechta aybni ogʻirlashtiruvchi holatlar chiqarilsa, shaxs ijrochilikka sherik emas, balki koʻmakchi deb tanilsa, shaxsning harakatida suiqasd emas, balki jinoyatga tayyorgarlik bor deb topilsa/, mahkumga nisbatan tayinlangan jazoni kamaytirish masalasini muhokama qilishi shart va faqat tegishli asoslar keltiribgina uni oʻzgarishsiz qoldirishga haqli.
1.10. Kassatsiya va nazorat instansiyasi sudlarining eʼtiborlari shunga alohida qaratilsinki, hukmlarni qayta koʻrib chiqish chogʻida xavfli jinoyatchilar, retsidivistlar hamda jinoiy guruhlarning tashkilotchilari va faol ishtirokchilariga nisbatan jazoni asossiz ravishda kamaytirish yoki boshqa yengilroq jazo bilan almashtirish hollariga chek qoʻyilishi lozim.
Bir necha jinoyat va bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash boʻyicha
2.1. Qonunda koʻzda tutilgan, jinoyatlar jami boʻyicha jazo tayinlash qoidalari quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
Jinoiy harakat jinoyat qonunining turli moddalari bilan kvalifikatsiya qilinganda;
jinoiy harakat jinoyat qonuni aynan bir moddasining turli qismlari/ bandlari/ bilan kvalifikatsiya qilinganda, agar bu qismlar /bandlar/ har xil jinoyat tarkiblarini nazarda tutsa va alohida sanksiyaga ega boʻlsa;
shaxs bir xildagi bir necha harakatlar sodir etib, ulardan ayrimlari tugallangan jinoyat deb, boshqalari esa, jinoyatga tayyorgarlik, suiqasd yoki ishtirokchilik deb baholansa.
Sud oʻz hukmida dastavval har bir jinoyatga alohida jazo tayinlab, soʻngra jinoyatlar jami boʻyicha qatʼiy jazo belgilashi zarurligi toʻgʻrisida Jinoyat Kodeksining 40-moddasi, shuningdek Jinoyat-Protsessual Kodeksining 294-moddasida belgilangan tartib ham asosiy jazo, ham qoʻshimcha jazo choralari tayinlashga taalluqlidir.
Uch yoki undan ortiq jinoyatlar jami boʻyicha jazo belgilashda sud muayyan jinoyat uchun tayinlangan jazolardan ayrimlarini bir vaqtning oʻzida toʻla yoki qisman qoʻshishga, boshqalarini esa qoplashga /masalan, ozodlikdan mahrum etish turidagi jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshishga va axloq tuzatish ishi yoki jarimani qoplashga/ haqli.
2.2. Qonun mazmuniga koʻra, jinoyatlar jami tarkibiga kiruvchi alohida jinoyatlar uchun bir turdagi yoki har xil turdagi jazo tayinlashda sud, yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplab, qatʼiy jazo belgilashga haqli. Jazo turlarining yengil-ogʻirligi darajasi Jinoyat Kodeksi 21-moddasining 1-qismida koʻrsatilgan ketma-ketlik bilan belgilanishini nazarda tutish lozim.
Agar jinoyatlar jami tarkibiga kiruvchi alohida jinoyatlar uchun turi va miqdori jihatidan bab-baravar jazolar tayinlangan boʻlsa, bir jazoni ikkinchisi bilan qoplash orqali qatʼiy jazo belgilashga, faqat bu jazolar qonunning tegishli moddalari sanksiyalarida belgilangan eng yuqori chegaralarda tayinlangan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
2.3. Jinoyatlar jami boʻyicha jazoni toʻla yoki qisman qoʻshish qoidasi alohida jinoyatlar uchun bir turdagi yoki har xil turdagi jazo tayinlashda ham qoʻllanilishi mumkin. Bunda sudlar Jinoyat Kodeksining 41-1 moddasida nazarda tutilgan jazolarni hisoblash qoidalariga amal qilishlari lozim. Qatʼiy jazo uning eng ogʻir turi boʻyicha belgilanishi shart. Qisman qoʻshganda qatʼiy jazo alohida jinoyatlar uchun tayinlangan jazodan miqdor jihatdan har doim kattaroq boʻlishi lozim.
Jinoyatlar jamiga kiruvchi alohida jinoyatlar uchun har xil turdagi jazo tayinlangan boʻlib, qonun boʻyicha ulardan birini ikkinchisi bilan qoplash mumkin boʻlmasa, ular alohida-alohida ijro qilinadi.
2.4. Bir necha jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarni shartli jazoga, ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mehnatga majburan jalb etishga hukm qilish, hukmning ijrosini kechiktirish toʻgʻrisidagi qaror faqat ularga nisbatan qatʼiy jazo belgilangandan soʻng, jazoning turi va miqdoridan kelib chiqqan holda hukmda koʻrsatilishi lozimligiga rioya qilishni sudlar inobatga olishlari kerak.
2.5. Jinoyat Kodeksi 40-moddasining 5-qismini qoʻllashda jinoyatlar jami uchun belgilangan qatʼiy jazo, birinchi hukm boʻyicha tayinlangan jazodan kam boʻlishi mumkin emas, chunki bunday holda jazolarni qoʻshish yoki qoplash paytida sud birinchi hukm boʻyicha tayinlangan jazoning oʻtalmagan qismidan emas, balki uning toʻliq miqdoridan kelib chiqishi zarur.
2.6. Agar ozodlikdan shartli ravishda mahrum etilib, mehnatga majburan jalb qilingan yoki qamoq joylaridan shartli ravishda ozod etilib, mehnatga majburan jalb qilingan shaxsning birinchi ish boʻyicha hukm chiqarilgunga qadar sodir etilgan boshqa jinoyatda aybdor ekanligi aniqlansa, sud unga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlash chogʻida Jinoyat Kodeksining 40-moddasi 5-qismi talabiga rioya etishi lozim. Bunda tayinlangan jazo muddatiga birinchi hukm boʻyicha mahkum korxona /qurilishda/ ishlagan vaqt, qamoq joylaridan shartli ravishda ozod qilingan shaxslarga nisbatan esa bundan tashqari, uning axloq tuzatish-mehnat muassasalarida boʻlgan vaqt ham kuniga-kun hisobida kiradi.
Jinoyat kodeksi 40-moddasining 5-qismida koʻzda tutilgan jazo tayinlash tartibi, shuningdek, hukm ijrosi kechiktirilgan shaxs birinchi hukm chiqarilgunga qadar boshqa jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan hollarda ham tatbiq etiladi.
2.7. Hukmni chiqarish uni ochiq eʼlon qilish bilan yakunlanishi sababli Jinoyat kodeksining 41-moddasida koʻzda tutilgan hukmlar jami boʻyicha jazo tayinlash qoidasi mahkum tomonidan birinchi hukm eʼlon qilingandan soʻng, lekin hukm boʻyicha tayinlangan asosiy va qoʻshimcha jazolar toʻla oʻtalgunga qadar yangi jinoyat sodir etilgan hollarda qoʻllaniladi.
2.8. Agar ish boʻyicha hukm chiqarilgandan keyin mahkumning yana boshqa jinoyatlarda aybdorligi aniqlanib, ulardan ayrimlari birinchi hukm chiqarilgunga qadar, boshqalari esa oʻsha hukm chiqarilgandan soʻng sodir etilgan boʻlsa, ikkinchi hukm boʻyicha jazo Jinoyat kodeksining ham 40, ham 41-moddalarida belgilangan tartibga rioya etilgan holda tayinlanadi. Bunda avvalo birinchi hukm chiqarilgunga qadar sodir etilgan jinoyatlar jami boʻyicha, undan keyin Jinoyat kodeksining 40-moddasini 5-qismi qoidasiga asosan, soʻngra birinchi hukm chiqarilgandan keyin sodir etilgan jinoyatlar jami boʻyicha va nihoyat, hukmlar jami boʻyicha jazolar belgilanadi.
2.9. Bir necha hukmlar yuzasidan jazo chorasi belgilashda sudlar hukmning kirish qismida birinchi hukm yuzasidan belgilangan jazoning turi va oʻtalmagan qismini aniq koʻrsatmogʻi va uni JK 41-moddasiga koʻra, yangi hukm boʻyicha tayinlangan jazoga toʻla yoki qisman qoʻshmogʻi lozim. Quyidagilar oldingi hukm yuzasidan belgilangan jazoning oʻtalmagan qismi deb hisoblanadi:
shartli hukm qilinganda, shuningdek JK 44-1 yoki JPK 338-moddalarida koʻrsatilgan tartibda hukmning ijrosini kechiktirilganda jazoning toʻliq muddati /ehtiyot chorasi yoki ushlab turish tarzida qamoqda saqlangan vaqt bundan mustasno/;
mahkum shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilinib, mehnatga majburan jalb etilgan va qamoq joylaridan shartli ravishda ozod qilinib, mehnatga majburan jalb etilgan hollarda — majburiy ish muddatining oʻtalmagan qismi va mahkum uni bajarishdan boʻyin tovlagan muddat;
jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinganda mahkumni oʻtamay qolgan jazo qismi.
JK-ning 50, 51-moddalari asosida yoki afv toʻgʻrisidagi hujjatga koʻra, oʻtalmagan jazo qismi boshqa yengilroq jazo bilan almashtirilgan shaxsga yangi jinoyat sodir etganligi uchun jazo tayinlash paytida, yangi jinoyat uchun tayinlangan jazoga oʻsha yengil jazoning oʻtalmagan qismi toʻla yoki qisman qoʻshiladi.
2.10. Sudlar shuni hisobga olishlari zarurki, hukmlar jami boʻyicha belgilangan jazo yangi jinoyat uchun belgilangan jazo muddatidan ham ilgari hukm boʻyicha belgilangan jazoning oʻtalmagan qismidan ham koʻproq boʻlishi kerak. Bunda ozodlikdan mahrum etish turidagi qatʼiy jazo yigirma besh yildan, oʻn sakkiz yoshga qadar, yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan esa — oʻn besh yildan oshmasligi lozim.
Mazkur qoida 1993-yil 7-mayda qabul qilingan “Ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kirgunga qadar yangi jinoyat sodir etgan yoki hukmlar oʻsha kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2.11. Jinoyat kodeksi 41-moddasining I va 2-qismi maʼnosiga koʻra, ilgarigi hukm boʻyicha tayinlangan va oʻtalmagan qoʻshimcha jazo, qatʼiy asosiy jazoga toʻla yoki qisman qoʻshimcha jazo sifatida biriktirib berilishi yoki yangi hukm boʻyicha tayinlangan turdagi qoʻshimcha jazoga, shu turdagi qoʻshimcha jazo uchun belgilangan muddat doirasida, toʻla yoki qisman qoʻshib qoʻyilishi mumkin. Har xil turdagi qoʻshimcha jazolar alohida-alohida ijro etiladi.
2.12. Bir jinoyati uchun sudlanib hukm chiqqan, lekin hukm boʻyicha jazoni oʻtamagan shaxs, birinchi hukm chiqqunga qadar boshlanib, hukm chiqqandan soʻng ham davom etgan surunkali va davomli jinoyat sodir etishda aybdor deb topilsa, ikkinchi hukm boʻyicha unga jazo tayinlashda sud Jinoyat kodeksining 41-moddasi qoidalariga rioya etishi lozim.
2.13. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, Jinoyat kodeksi 40-moddasining 5-qismi, 41-moddasi talablariga muvofiq belgilangan qatʼiy jazoni oʻtash muddati oxirgi hukm chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi hamda tayinlangan jazodan soʻnggi ish boʻyicha sudgacha ehtiyot chorasi yoki ushlab turish tartibida qamoqda oʻtirgan vaqt inobatga olingan holda chegirib tashlanadi. Jinoyat kodeksi 40-moddasining 5-qismi qoidasi tartibida tayinlangan jazo muddatidan, bundan tashqari, birinchi hukm boʻyicha toʻla yoki qisman oʻtalgan jazo ham chegirilib tashlanishi lozim.
2.14. Sudlarga tushuntirilsinki, jinoyat qonunini quyidagicha notoʻgʻri qoʻllash hollari hukmning bekor boʻlishiga olib keladi:
har bir jinoyat uchun alohida jazo tayinlamasdan, jinoyatlar jami boʻyicha jazo belgilash;
alohida jinoyatlar uchun jazo tayinlab, jinoyatlar jami boʻyicha qatʼiy jazo belgilamaslik;
ilgarigi hukm boʻyicha oʻtalmagan jazo qismini, bila turib, qisman boʻlsada yangi jinoyat uchun tayinlangan jazoga qoʻshmaslik.
2.15. Qonun mazmuniga koʻra kassatsiya yoki nazorat instansiyasi sudi, hukmda qoʻllanilgan jazolarni qoplash qoidasi oʻrniga ularni qoʻshish qoidasini, faqat ushbu instansiyalar bir yoki bir nechta jinoyat uchun tayinlangan jazoni yengillashtirgan holdagina qoʻllashi mumkin. Bunday holatda tayinlangan qatʼiy jazo, keyingi sud instansiyalari kiritgan oʻzgarishlarni hisobga olgan holda, sud hukmida tayinlangan jazo miqdoridan oshib ketmasligi kerak.
Agar birinchi instansiya sudi tomonidan hukmlar jami boʻyicha jazo belgilash paytida bir jazoni ikkinchi jazo bilan qoplash qonunga xilof ravishda yoki oʻtalmagan jazo muddatini qoʻshishning imkoniyati yoʻqligi tufayli qoʻllanilgan boʻlsa, kassatsiya yoki nazorat instansiyasi sudi, oxirgi hukm boʻyicha tayinlangan jazoni yengillatgan holdagina, ilgarigi hukm boʻyicha berilgan jazoning oʻtalmay qolgan qismini qisman yoki toʻla qoʻshishga haqlidir. Biroq bunda tayinlangan qatʼiy jazo, keyingi sud instansiyalari kiritgan oʻzgarishlarni hisobga olgan holda, sud hukmida tayinlangan jazo muddatidan oshib ketmasligi kerak.
2.16. Jinoiy harakat jinoyat qonunining bir moddasidan yengilroq jinoyatlar uchun javobgarlikni belgilovchi bir nechta moddasiga qayta kvalifikatsiya qilinganda, basharti bu bilan mahkumning ahvoli ogʻirlashmasa va uning himoya huquqi buzilmasa, kassatsiya instansiyasi sudi jazo masalasini hal qilishda Jinoyat kodeksining 40-moddasida nazarda tutilgan tartibni qoʻllaydi. Bunda jinoyatlar jami uchun belgilangan qatʼiy jazo birinchi instansiya sudi tayinlagan jazodan ogʻir boʻlmasligi lozim.
Ozodlikdan mahrum etish jazosini qoʻllash boʻyicha
3.1. Ozodlikdan mahrum qilish jazosi ogʻir jinoyatlar sodir etgan, jamiyatdan ajratilmagan holda tuzatish mumkin boʻlmagan shaxslarga nisbatan jinoiy jazo turi sifatida qoʻllanilishi zarur. Ushbu jazo turini qoʻllash sabablari hukmda asoslantirilishi lozim.
3.2. Jinoyat qonunida qisqa muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini qoʻllash ham koʻzda tutiladi. Biroq bunday jazoni qoʻllashda ishning barcha holatlaridan, aybdorning shaxsidan kelib chiqmoq va nima uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo qoʻllanilmayotganligi sabablarini hukmda asoslantirmoq lozim.
Ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mahkumni mehnatga majburan jalb etish jazosini qoʻllash boʻyicha
4.1. Qonunning jazo qoʻllashda alohida yondashish zarurligi haqidagi talabidan va Jinoyat kodeksining 23-2-moddasidan kelib chiqib, yetarli asos mavjud boʻlgan barcha hollarda, mahkumni ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, uni mehnatga majburan jalb etish imkoniyati bor-yoʻqligi masalasini muhokama qilish kerak.
Bu oʻrinda ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mahkumni mehnatga majburan jalb etish qoʻllanilishi mumkin boʻlgan shartlarga, shuningdek, bunday chora qoʻllash imkoniyatini istisno etadigan, belgilangan cheklashlarga har doim rioya etish lozim.
Ayni vaqtda, ish holatlari va aybdorning shaxsi nuqtai nazaridan kelib chiqib, shaxsni ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga /ahloq tuzatish ishi, jarima va hokazo/ yoki shartliga hukm qilishning imkoniyati boʻlsa, sudlar ularga JK 23-2-moddasini qoʻllamasliklari lozim.
Ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mahkumni mehnatga majburan jalb etish jazosi faqat voyaga yetgan va mehnatga layoqatli shaxslarga qoʻllanilishi mumkinligini hisobga olib, sudlar sudlanuvchilarning yoshi, oilaviy ahvoli, sogʻligʻi va mehnatga layoqatliligi haqidagi barcha maʼlumotlarni chuqur tekshirishlari lozim.
Jinoyat Kodeksining 23-2 moddasi jamiyatdan ajratilmagan holda, lekin nazorat ostida tuzalishi mumkin boʻlgan, ish holatlari va shaxsiyatini hisobga olgan holda, birinchi marta ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinayotgan shaxslargagina qoʻllanilishi mumkinligini nazarda tutib, har bir holda sudlanuvchining mehnatga boʻlgan munosabati, ish joyidagi va turmushdagi xulq-atvori /ijtimoiy foydali mehnat bilan shugʻullanishi, ichkilikka ruju qoʻymaganligi va shu kabilarni taʼriflovchi, shuningdek, ularning haqiqatdan ham jamiyatdan ajratilmagan holda tuzalishi va qayta tarbiyalanishi mumkinligidan dalolat beruvchi, shaxsiyatiga oid boshqa maʼlumotlarni toʻplashlari shart.
4.2. Agar shaxs ilgari ozodlikdan mahrum etish jazosiga mahkum etilgan boʻlsayu, sudlanganligi qonunda belgilangan tartibda olib tashlangan yoki oʻchgan boʻlsa, unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 23-2 moddasini 1-qismi qonuniy asoslar mavjud boʻlganda qoʻllanilishi mumkin.
4.3. Shaxs ilgari axloq tuzatish ishiga sudlanib, keyinchalik bu jazo ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan boʻlsa, unga nisbatan ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mehnatga majburan jalb etish jazosi qoʻllanilishi mumkin, chunki bunday shaxs ozodlikdan mahrum qilishga mahkum etilgan deb hisoblanmaydi.
4.4. Hukm boʻyicha qasddan qilingan jinoyati uchun 3 yilgacha, ehtiyotsizlik orqali qilingan jinoyat uchun esa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan boʻlsa, shuningdek ilgari tayinlangan jazo Jinoyat Kodeksi 23-2 moddasining 1-qismida koʻrsatilgan miqdorlargacha kamaytirilsa, ishni kassatsiya va nazorat tartibida koʻrishda, sud mahkumga nisbatan Jinoyat Kodeksining 23-2 moddasini qoʻllashga haqli.
4.5. Ishlarni kassatsiya va nazorat tartibida koʻrishda sud ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mehnatga majburan jalb etish oʻrniga shartli hukm qilish, axloq tuzatish ishi va boshqa yumshoqroq jazo choralarini qoʻllashi mumkin.
Ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mehnatga majburan jalb etish axloq tuzatish ishi bilan almashtirilganda, mahkumning korxona /qurilishda ishlagan har bir kuni axloq tuzatish ishini oʻtash muddatining uch kuniga hisoblanadi.
4.6. Shaxs voyaga yetguncha jinoyat sodir etib, biroq hukm chiqarilgan kunga yoki ishni kassatsiya yoxud nazorat tartibida koʻrilgan paytga kelib, oʻn sakkiz yoshga toʻlgan boʻlsa, unga nisbatan ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mehnatga majburan jalb etish qoʻllanilishi mumkin.
Shaxs oʻn sakkiz yoshga toʻlguncha sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilgan boʻlib, voyaga yetgandan soʻng ham shunday jazoga sudlangan hamda sudlanganligi qonunda belgilangan tartibda olib tashlanmagan yoki oʻchmagan boʻlsa, unga nisbatan Jinoyat Kodeksi 23-2-moddasining 1-qismini qoʻllash mumkin emas.
4.7. Ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mehnatga majburan jalb etish toʻgʻrisidagi hukmning ijro muddati shaxs qamoqqa olingan kundan, agar u qamoqqa olinmagan boʻlsa, majburiy ish joyiga kelib, ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtgan kundan boshlab hisoblanadi.
Mahkum majburiy ish joyiga borish zarurligi toʻgʻrisida amrnomani olishdan bosh tortsa, belgilangan muddatda joʻnab ketmasa yoki ish joyida hozir boʻlmasa, hukmning ijro muddati, mahkum ichki ishlar organi tomonidan ushlangan vaqtdan boshlanadi.
4.8. Agar shaxsni ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mehnatga majburan jalb etish haqidagi hukm nazorat tartibida jazoning yumshoqligi tufayli bekor qilinsa va ishni yangidan koʻrishda unga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansa, mahkum korxonada /qurilishda/ ishlagan vaqtning har kuni yangi tayinlangan jazoning bir kuniga hisoblanib, oʻtalgan sanalishi lozim.
4.9. Jinoyat Kodeksi 23-2 moddasining 4-qismi mazmuniga koʻra, sud majburiy ishga jalb etilgan shaxsni ishlashdan boʻyin tovlagani, mehnat intizomini, jamoat tartibini yoki oʻzi uchun belgilangan yashash qoidalarini muttasil yoki qoʻpol buzganligi uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtashga joʻnatish masalasini hal etish paytida mahkum korxonada /qurilishda/ amalda ishlagan vaqtni, uning mehnatga boʻlgan munosabatini hisobga olib, jazoni oʻtash muddatiga qisman yoki toʻla qoʻshib hisoblashi mumkin. Ish holatlari boʻyicha aybdor rasman ishlayotgan sanalib, aslida undan boʻyin tovlaganligi aniqlansa, sud mahkumning korxonada /qurilishda/ boʻlgan vaqtini jazoning oʻtalgan qismi hisobiga umuman qoʻshmaslikka haqli.
4.10. Ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilinib, mehnatga majburan jalb etilgan shaxs yangi jinoyat sodir etganda, sud yangi hukm boʻyicha tayinlangan jazoga, mahkum ilgarigi hukmga koʻra korxona yoki qurilishda ishlashi shart boʻlgan muddatning oʻtalmay qolgan qismini toʻla yoki qisman qoʻshib beradi. Bunda Jinoyat Kodeksi 23-2 moddasining 4-qismiga muvofiq ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilinib, mehnatga majburan jalb qilingan shaxs ishdan. boʻyin tovlagan vaqt hukmlar jami boʻyicha tayinlangan jazo muddatidan chegirib tashlanmaydi.
4.11. Ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mehnatga majburan jalb etish jazosiga mahkum etilgan shaxsga qoʻshimcha jazo chorasini ham tayinlash mumkinligi tufayli, sud mahkumning shaxsiyati va ishning muayyan holatlaridan kelib chiqib, har safar bunday choralarni qoʻllash masalasini muhokama etishi shart.
Bu oʻrinda shunga eʼtibor berish lozimki, muayyan mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish turidagi qoʻshimcha jazo muddati ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mehnatga majburan jalb etish jazosi muddatidan koʻproq boʻlishi mumkin. Muayyan mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish muddati, shaxs ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilinib, mehnatga majburan jalb etishni oʻtay boshlagan kundan sanaladi.
4.12. Mahkum shartli ravishda muddatidan ilgari yoki mehnatga layoqatsiz shaxs muddatidan ilgari jazodan ozod qilingan hollarda, sudlanganlik hukmda belgilangan muddat tugagandan soʻng oʻchadi.
4.13. Agar ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilinib, mehnatga majburan jalb etilgan shaxs Jinoyat Kodeksi 232-moddasining 4-qismi tartibida hukmda belgilangan jazoni oʻtash uchun qamoq joylariga qaytarilganidan soʻng qasddan yangi jinoyat sodir etsa va bu jinoyati uchun 5 yildan kam boʻlmagan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etilsa, bunday shaxs Jinoyat Kodeksi 23-1 moddasining 4-bandiga muvofiq alohida xavfli retsedivist deb tanilishi mumkin /agar bunday shaxsga ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib mehnatga majburan jalb etish jazosi Jinoyat Kodeksi 23-1 moddasining 2 va 3-bandlarida koʻzda tutilgan jinoyatlardan birortasi uchun qoʻllanilgan boʻlsa/.
Hukmni ijrosini kechiktirishni qoʻllash boʻyicha
5.1. Shaxsga birinchi marta uch yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlash vaqtida, sud unga nisbatan hukmning ijrosini kechiktirish masalasini muhokama etishi lozim. Bu masala xatti-harakatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, jinoiy oqibatning ogʻirligi, aybdorning shaxsiyati, javobgarlikni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar majmuidan kelib chiqqan holda hal qilinishi va bu holatlar hukmning bayonot-asoslantirish qismida toʻla aks ettirilishi lozim.
5.2. Jinoyat Kodeksining 44-1 moddasi faqat birinchi marta ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinayotgan shaxsga qoʻllanilishi mumkinligi tufayli, sud, muqaddam qamoq jazosiga, shu jumladan shartli hukm qilingan, ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilinib, mehnatga majburan jalb etilgan yoki ilgari hukm ijrosi kechiktirilgan shaxslarga nisbatan, agar ularning sudlanganligi qonunda belgilangan tartibda olib tashlanmagan yoki oʻchmagan boʻlsa, hukmning ijrosini kechiktirishga haqli emas.
5.3. Birinchi marta uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinayotgan shaxsga Jinoyat Kodeksining 23-2 yoki 44-1 moddasida koʻzda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan holda sud, jazo tayinlashda uni tegishlicha ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mehnatga majburan jalb etish yoki unga nisbatan hukmning ijrosini kechiktirishi mumkin boʻlib, biroq qonunning ikkala moddasini ham birvarakayiga qoʻllashga haqli emas.
5.4. Qonunga muvofiq ozodlikdan mahrum qilish va ayni paytda qoʻshimcha jazo tayinlangan shaxsga nisbatan hukmning ijrosi toʻlaligicha ham va faqat asosiy jazo qismi boʻyicha ham kechiktirilishi mumkin boʻlib, bu toʻgʻrida hukmning qaror qismida aniq koʻrsatilishi shart.
Agar sud qoʻshimcha jazoning ijrosini kechiktirmagan boʻlsa, u hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab ijro etilishi zarur. Qoʻshimcha jazo muddati hukmning ijrosi kechiktirilgan muddatdan oshib ketsa, sudlanganlikning oʻchishi uchun belgilangan bir yillik muddat, mahkum qoʻshimcha jazoni oʻtab boʻlgan kundan boshlab hisoblanadi.
5.5. Hukmning ijrosini kechiktirish toʻgʻrisida qaror qilish chogʻida sud mahkum zimmasiga qonunda nazarda tutilgan, bajarilishi mahkumning tezroq tuzalishi va qayta tarbiyalanishiga imkon yaratadigan majburiyatlar yuklash masalasini muhokama qilishi, zarur hollarda esa, hukmda ularni bajarish uchun muddat belgilashi lozim. Sud mahkum zimmasiga jinoyat qonunida koʻrsatilmagan majburiyatlarni yuklashga haqli emas.
5.6. Ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan hukm ijrosi kechiktirilganda, sud axloq tuzatish mehnat yoki tarbiya-mehnat muassasasining turini koʻrsatmasligi kerak. Mahkumni Jinoyat Kodeksi 44-1 moddasining 5 va 6-qismlarida koʻzda tutilgan asoslar boʻyicha ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtash uchun yuborish chogʻida, sud bir yoʻla jazo oʻtaladigan muassasaning turini ham belgilaydi.
5.7. Hukmning ijrosi kechiktirilayotgan shaxs qamoqda boʻlsa, hukm eʼlon qilingandan soʻng sud jinoyat-protsessual kodeksining 299-moddasiga binoan, uni sud zalida darhol qamoqdan ozod qiladi.
5.8. Hukm ijrosi kechiktirilgan muddat, u qaysi sud instansiyasi tomonidan qoʻllanganligidan qatʼiy nazar, hukm eʼlon qilingan kundan boshlab hisoblanadi.
5.9. Sudlar hukm ijrosi kechiktirilgan shaxsni tuzatish va qayta tarbiyalash ishiga jamoatchilikni keng jalb etishlari lozim. Agar hukm chiqqunga qadar mehnat jamoasi yoki alohida shaxs mahkumning xulq-atvori ustidan kuzatish va u bilan tarbiyaviy ish olib borishga rozilik bergan boʻlsa, sud bu haqda hukmda koʻrsatib, tegishli qaror qabul qiladi.
5.10. Sudlarga tushuntirilsinki, Jinoyat Kodeksi 44-1 moddasining 5-qismi mazmuniga koʻra, agar mahkum belgilangan muddat ichida zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmasa yoxud tuzalish yoʻliga oʻtishni hoxlamaganligi sababli jamoat tartibini yoki mehnat intizomini kamida ikki marta buzib, ulardan har biri uchun asosli ravishda maʼmuriy jazo, intizomiy yoinki jamoat taʼsirchorasiga tortilgan boʻlsa, hukm ijrosini kechiktirish bekor qilinishi mumkin.
Bunday huquq buzishlar deb, jumladan, mayda bezorilik qilish, militsiya xodimining qonuniy farmoyishi yoki talablariga boʻysunmaslik, jamoat joylarida spirtli ichimliklar isteʼmol qilish yoki inson qadr-qimmati va ijtimoiy axloqni tahqirlovchi holda mast boʻlib yurish, ish joyida spirtli ichimlik ichish yoki ishga mast holda kelish tarzida mehnat intizomini buzish, uzrsiz sabablar bilan ishga chiqmasliklar hisoblanishi mumkin.
Belgilangan tartibda oʻz kuchini yoʻqotgan yoki olib tashlangan maʼmuriy jazo, intizomiy yoki jamoat taʼsir choralari hisobga olinmaydi.
5.11. Mahkum zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi tufayli hukmning ijrosini kechiktirishni bekor qilib, uni ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtash uchun yuborish toʻgʻrisidagi taqdimnomani koʻrish paytida, sud oʻsha majburiyatlarni amalda bajarishning imkoniyati boʻlgan-boʻlmaganligini tekshirib koʻrishi lozim. Agar ular uzrli sabablarga koʻra bajarilmagan boʻlsa, hukmning ijrosini kechiktirishni bekor qilish toʻgʻrisidagi taqdimnoma rad etiladi. Ayni paytda tegishli organlarning eʼtibori mahkumning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib berish zarurligiga qaratiladi.
5.12. Jinoyat Kodeksi 44-1 moddasining 6-qismi mazmuniga koʻra, agar mahkum oʻz xulqi va mehnatga yoki oʻqishga boʻlgan munosabati bilan hukm ijrosi kechiktirilgan vaqt mobaynida oʻzining tuzalganligini amalda koʻrsatsa, u ijrosi kechiktirilgan jazoni oʻtashdan ozod etiladi. Aksincha, uning xulqi va mehnatga yoki oʻqishga boʻlgan munosabati toʻgʻrisida yigʻilgan maʼlumotlar mahkumning tuzalmaganligidan dalolat bersa, sud uni ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtash uchun yuborish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
5.13. Sudlar Jinoyat-Protsessual Kodeksi 345-moddasining talablariga qatʼiy rioya qilib, hukm ijrosini kechiktirishni bekor qilish, mahkumni jazodan ozod etish yoki uni jazoni oʻtash uchun yuborish toʻgʻrisidagi masalalarni sud majlisida prokurorning, mahkumning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ vakilining va uning xulqi ustidan kuzatuv va u bilan tarbiyaviy ish olib boruvchi mehnat jamoasining vakillari ishtirokida hamda, odatda, mahkum taklif qilingan holda hal qilishi lozim. Agar mahkum voyaga yetmagan boʻlsa, sud majlisiga shuningdek uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari va jamoat tarbiyachisi chaqiriladi.
5.14. Agar jazoni oʻtashdan ozod etish toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilgandan soʻng, hukm ijrosi kechiktirilgan shaxsni ijro kechiktirilgan vaqt ichida yangi jinoyat sodir etganligi aniqlansa, va basharti, Jinoyat-Protsessual Kodeksining 359-moddasida koʻrsatilgan muddatlar oʻtib ketmagan boʻlsa, ajrim yangi ochilgan holatlar tartibida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Ozodlikdan mahrum qilmasdan axloq tuzatish ishini qoʻllash boʻyicha
6.1. Axloq tuzatish ishlari pensiya yoshiga yetgan shaxslarga, mehnatga qobiliyatsizlarga, homilador ayollarga, yosh bolasini boqish uchun taʼtilda boʻlgan ayollarga va harbiy xizmatchilarga nisbatan tayinlanmaydi. Sudlar xizmat yoki kasb vazifasi bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan axloq tuzatish ishi jazosini oʻz ish joyida ilgarigi xizmat mansabida yoki kasbida oʻtashni, odatda, qoʻllamasliklari lozim, chunki aybdorni oʻz ish joyida qoldirish jazoning tarbiyaviy ahamiyati va taʼsir etish kuchini susaytirishi mumkin /jumladan, xaridorlarni aldagani uchun sudlangan sotuvchilarga, oʻziga ishonib topshirilgan moddiy qimmatliklar yoki pullarni oʻzlashtirgan shaxslarga va boshqalarga/.
Aybdorlarga axloq tuzatish ishi tayinlash chogʻida, sudlar uning muddati va ish haqidan chegirish miqdori masalasini jazo tayinlashda alohida yondashish zarurligi toʻgʻrisidagi qonun talabiga rioya etgan holda belgilashlari kerak. Jumladan korxonalar, muassasalar, davlat va jamoa xoʻjaliklarida ishlovchi sudlanuvchilarning, ayniqsa voyaga yetmagan shaxslarning moddiy sharoitlarini chuqur tekshirishlari lozim.
6.2. Axloq tuzatish ishiga sudlangan shaxsga ushbu jazoni oʻtash davrida berilgan maʼmuriy jazo hukmda belgilangan axloq tuzatish ishini oʻtash muddatiga kirmaydi. Binobarin, maʼmuriy tartibdagi axloq tuzatish ishini oʻtayotgan shaxsga jinoyati uchun axloq tuzatish ishi tayinlashda, bu hukm alohida, maʼmuriy jazo oʻtab boʻlingandan soʻng ijro etilishini ham sudlar nazarda tutishlari lozim.
6.3. Jinoyat Kodeksi 27-moddasi mazmuniga koʻra, axloq tuzatish ishiga mahkum etilgan shaxs jazoni oʻtashdan uzil-kesil boʻyin tovlagan taqdirda, sud axloq tuzatish ishining oʻtalmagan muddatini shu muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirishi mumkin. Bunda Jinoyat Kodeksining aybdor sudlangan moddasi sanksiyasi almashtirilishi lozim boʻlgan axloq tuzatish ishi muddatidan kam qamoq jazosini koʻzda tutishining yoki umuman ozodlikdan mahrum qilish jazosini koʻzda tutmasligining ahamiyati yoʻq.
6.4. Mahkumning quyidagi harakatlari ish joyida oʻtaladigan axloq tuzatish ishi jazosini oʻtashdan boʻyin tovlash deb hisoblanib, sud tomonidan uni axloq tuzatish ishi qoʻllanilishini taʼminlovchi organlar belgilaydigan boshqa joylarga jazoni oʻtash uchun yuborishga asos boʻladi:
roʻyxatga olingan yoki avvalgi ish joyini qoldirgan kundan boshlab 15 kun ichida uzrsiz sabablarga koʻra ishga kirmaslik; yangi yashash joyiga koʻchib kelgandan soʻng 15 kun ichida uzrsiz sabablarga koʻra axloq tuzatish ishi qoʻllanilishini taʼminlovchi organlarga uchramaslik;
tayinlangan jazo muddati davomida uzrsiz sabab bilan ishga chiqmaslik /progul/, ish joyida mast holda boʻlish.
Yuqoridagi harakatlarning axloq tuzatish ishi ijrosini taʼminlovchi organ tomonidan qilingan yozma ogohlantirilgandan soʻng ham davom ettirilishi yoki takrorlanishi, shuningdek mahkumning jazodan qochish maqsadida yashirinishi jazoni oʻtashdan uzil-kesil boʻyin tovlash deb sanaladi. Mahkumga Jinoyat Kodeksi 27-moddasining 1-qismi qoʻllanilgandan soʻng uning axloq tuzatish ishini oʻtashdan yana boʻyin tovlashi ham shunday baholanishi lozim.
6.5. Jinoyat Kodeksi 27-moddasining birinchi va ikkinchi qismida belgilangan qoidalarga binoan, oʻz ish joyida axloq tuzatish ishini oʻtayotgan shaxsni, u yashayotgan tuman doirasidagi boshqa ish joyiga yuborish toʻgʻrisidagi ichki ishlar organining taqdimnomasini yoki jamoat birlashmasi, mehnat jamoasining iltimosnomasini yoxud shu jazo turi ijrosini taminlovchn organning axloq tuzatish ishining oʻtalmagan qismini qamoq jazosi bilan almashtirish toʻgʻrisidagi taqdimnomasini koʻrib chiqish uchun qabul qilish masalasini hal qilish chogʻida, sud, bu hujjatlarda mahkumning jazoni oʻtashdan boʻyin tovlaganligini yoki uzil-kesil boʻyin tovlaganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar mavjudligiga alohida eʼtibor berishi shart. Mahkumni jazoning qolgan qismini qamoq joylarida oʻtash uchun yuborish masalasini hal qilishda sud, shuningdek, axloq tuzatish ishi ijrosini amalga oshiruvchi organ, ushbu jazoning ijrosini taʼminlash choralarini koʻrganligi, mahkumni qonun talabiga koʻra jazoni oʻtashdan bosh tortganligi uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirganligi haqidagi maʼlumotlarga ham ega boʻlishi lozim.
Agar taqdimnoma iltimosnomani koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni sud majlisida toʻplashning imkoniyati boʻlmasa, sudya ishni koʻrishga tayyorlashda, oʻzining asoslantirilgan qarori bilan uni jazoni ijro etayotgan organga toʻldirish uchun yuboradi. Bunday kamchiliklar sud majlisida aniqlansa, sud qaytarish sabablarini koʻrsatib ajrim chiqaradi.
6.6. Jinoyat-Protsessual Kodeksi 345-moddasiga binoan, axloq tuzatish ishining oʻtalmagan qismini ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirish haqidagi ishlar sud majlisida, odatda mahkumning ishtirokida koʻriladi, uning bekinib yurganligi yoki sudga kelishdan boʻyin tovlayotganligi toʻgʻrisida ishda yetarli asoslar mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno.
6.7. Umumiy asoslarda oʻtash uchun tayinlangan jazoni mahkumning ish joyida oʻtashga almashtirish masalasini bu qonunda koʻzda tutilmaganligi sababli, shu hukmni chiqargan yoki axloq tuzatish ishi ijro etilayotgan joydagi sud hal eta olmaydi, mahkumning mehnatga layoqatsizligi oqibatida axloq tuzatish ishi turini almashtirish holi bundan mustasno. Ahloq tuzatish ishini shu tariqada faqat yuqori sud kassatsiya yoki nazorat tartibida almashtirishi mumkin.
Shartli ravishda hukm qilish boʻyicha
7.1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, shartli hukm qilish chogʻida sud ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlash bilan bir qatorda, Jinoyat Kodeksi 43-moddasi talabiga muvofiq bir yildan uch yilgacha sinov muddati belgilashi shart.
Sudning shartli hukm qilish toʻgʻrisidagi qarori asoslantirilgan boʻlishi hamda bu xulosa Jinoyat-Protsessual Kodeksining 293-moddasi talabiga koʻra hukmning bayonot-asoslantirish qismida yoritib berilishi lozim. Hukmning qaror qismida esa bitta jinoyat, jinoyatlar jami yoki hukmlar jami uchun qatʼiy jazo belgilangandan soʻng, ushbu jazo Jinoyat Kodeksining 43-moddasiga asosan shartli deb hisoblanishi va sinov muddati belgilanishi kerak.
Harakatdagi qonunlar mazmuniga koʻra, tayinlangan jazoning faqat toʻla muddatiga nisbatangina shartli hukm qoʻllanilishi mumkin. Shuning uchun ham jazoning oʻtalmagan qismini shartliga almashtirish haqidagi sud qarorlari qonunga xilof hisoblanadi.
Sud hukmi boʻyicha tayinlangan jazo kassatsiya yoki nazorat instansiyasi sudi tomonidan shartliga almashtirilib, sinov muddati belgilansa, bu holda qonunga muvofiq bu muddatning oʻtishi ajrim /qaror/ chiqqan kundan emas, balki hukm eʼlon qilingan kundan boshlab hisoblanadi.
7.2. Jinoyat Kodeksining 43-moddasiga muvofiq shartli hukm qilinganlarga nisbatan qoʻshimcha jazolar tayinlanishi mumkinligiga sudlar eʼtibor berishlari kerak. Surgun, badargʻa va mol-mulkni musodara etish bundan mustasno.
7.3. Sudlarga tushuntirilsinki, shartli hukm qilingan shaxsni jamoat birlashmasi yoki mehnat jamoasiga, ularning umumiy yigʻilishi iltimosiga koʻra, tuzatish va qayta tarbiyalash uchun berish mumkin. Iltimosnoma sud tomonidan rad etilsa, sabablari albatta hukmda koʻrsatilishi lozim.
Bunday iltimosnoma boʻlmagan taqdirda, sudlar muayyan mehnat jamoasi yoki shaxsning roziligi bilan, ularga shartli ravishda hukm qilingan shaxsni kuzatib turish va u bilan tarbiyaviy ish olib borish majburiyatini yuklashi mumkin.
7.4. Shartli hukm qilish toʻgʻrisidagi hukmni eʼlon qilgandan soʻng sudya mahkumga sinov muddatining ahamiyatini tushuntirishi va bu muddat tugagunga qadar yangi jinoyat sodir etganida yoki jamoat tartibini muttasil buzganida, shuningdek halol mehnati va namunali xulqi bilan oʻzining tuzalishini isbot etajagi toʻgʻrisidagi vaʼdasini bajarmaganida yoinki jamoat taʼsiridan boʻyin tovlash maqsadida mehnat jamoasini tashlab ketganida kelib chiqadigan oqibatlar toʻgʻrisida uni ogohlantirishi kerak.
7.5. Shartli hukm qilishda belgilangan sinov muddatini qisqartirish masalasi shu muddatning kamida yarmi oʻtgan taqdirda, shartli hukm qilingan shaxsning hulqi ustidan kuzatish topshirilgan jamoa birlashmasi yoki mehnat jamoasining, shaxslarning iltimosnomasiga asosan hamda Jinoyat Kodeksining 43-moddasida koʻrsatilgan talablarga rioya qilgan holda hal etilishi lozim.
Qonunda koʻrsatilganidan ham yengilroq jazo qoʻllash boʻyicha
8.1. Jinoyat Kodeksi 42-moddasida nazarda tutilgan, qonunda koʻrsatilganidan ham yengilroq jazo tayinlash yoki boshqa yengilroq jazo turiga oʻtish alohida ahamiyatga molik holatlar mavjud boʻlgan taqdirdagina oʻrinli boʻladi. Alohida ahamiyatga molik holatlar deganda sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini keskin kamaytiruvchi holatlar tushunilishi lozim. Ishda bunday holatning mavjudligiga har safar muayyan ish mazmunidan kelib chiqqan holda baho berilishi va bu haqdagi sud xulosasi hukmda asoslantirilishi shart.
Sudlarga tushuntirilsinki:
qonunda koʻrsatilganidan ham yengilroq jazo tayinlash paytida hukmning qaror qismida tegishli modda /qism, band/ boʻyicha tayinlangan qatʼiy jazo chorasiga Jinoyat Kodeksining 42-moddasi qoʻllanilganligini koʻrsatish kifoya boʻlib, uni qoʻllash sabablari hukmning bayonot-asoslantirish qismida koʻrsatilishi kerak;
aybdor jinoyat qonunining turli moddalarida koʻzda tutilgan bir necha jinoyat uchun sudlanayotgan boʻlsa, Jinoyat Kodeksining 42-moddasi jinoyatlar jami boʻyicha tayinlanadigan jazodan keyin emas, balki alohida jinoyatlar uchun jazo tayinlash vaqtida qoʻllaniladi;
aybdorning jinoiy harakati kvalifikatsiya qilinayotgan modda boʻyicha qoʻshimcha jazo qoʻllash shart boʻlsa, sud bunday jazoni faqat Jinoyat Kodeksining 42-moddasida belgilangan holatlar mavjud boʻlgandagina va hukmda tegishli asoslar keltirib, qoʻllamasligi mumkin;
sud Jinoyat Kodeksining 42-moddasiga asosan ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻrniga boshqa, yengilroq jazo tayinlasa, bu holat aybdorning harakati kvalifikatsiya qilinayotgan modda koʻzda tutgan qoʻshimcha jazolar qoʻllash imkoniyatini cheklamaydi.
Qoʻshimcha jazolarni qoʻllash boʻyicha
9.1. Sudlar qoʻshimcha jazo tayinlash masalasiga alohida eʼtibor berishlari zarur, binobarin, asosiy va qoʻshimcha jazolarni toʻgʻri uygʻunlashtirish orqaligina jazo tayinlashda alohida yondashuv qoidasiga izchil amal qilish mumkin.
Jinoyat qonuni quyidagi hollarda notoʻgʻri qoʻllanilgan hisoblanib, Jinoyat-Protsessual Kodeksining 318-moddasining 4-bandi va 322-moddasining 1-bandiga koʻra hukmning bekor boʻlishiga sabab boʻladi:
Jinoyat Kodeksining 42-moddasida koʻrsatilgan asoslar boʻlmagan taqdirda, tayinlanishi qonun boʻyicha majburiy boʻlgan qoʻshimcha jazoni qoʻllamaslik;
hukmda surgun, badargʻa, muayyan mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish turidagi qoʻshimcha jazo muddatini koʻrsatmaslik;
qoʻshimcha jazoni faqat jinoyatlar jami boʻyicha tayinlash;
yangi jinoyat uchun tayinlangan jazoga oʻtalmay qolgan qoʻshimcha jazonn /yoki uning qismini/ qoʻshmaslik.
9.2. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, mol-mulkni musodara qilish va jarima qoʻshimcha jazo sifatida faqat bunday jazo chorasi sudlanuvchi aybdor deb topilgan jinoyat qonuni sanksiyasida belgilangan taqdirdagina tayinlanishi mumkin.
Jinoyat qonunlarida belgilangan va qoʻshimcha jazo chorasi sifatida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan boshqa jazo turlarini, bunday jazo chorasi qonun sanksiyasida koʻrsatilmagan yoki asosiy jazo choralaridan biri tarzida ifodalangan boʻlib, biroq sudlanuvchiga asosiy jazo etib tanlanmagan boʻlsa ham, sud qoʻshimcha jazo, tariqasida tayinlashga haqli. Bu holatda qoʻshimcha jazo tayinlashda hukmning qaror qismida Jinoyat Kodeksi umumiy qismidagi muayyan jazo turini qoʻllash shartlari va tartibini nazarda tutuvchi moddaga havola qilinishi lozim.
9.3. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, muayyan jinoyat uchun qonunda koʻrsatilganidan ham kamroq asosiy jazo belgilash yoki boshqa yengilroq asosiy jazo turiga oʻtish aybdorga nisbatan qoʻshimcha jazo tayinlash imkoniyatini istisno etmaydi.
9.4. Qoʻshimcha jazolar sudlanuvchi aybdor deb topilgan jinoyat qonuni moddasida belgilangan doirada tayinlanadi. Agar qonun moddasida muayyan mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilishning muddati koʻrsatilmagan boʻlsa yoki bu jazo Jinoyat Kodeksi umumiy qismi qoidalariga asosan qoʻllanilayotgan boʻlsa, uning muddati Jinoyat Kodeksi 28-moddasida belgilangan doirada tayinlanadi.
9.5. Jinoyat qonunining 28-moddasiga muvofiq sodir etilgan jinoyat shaxsning oʻz mansabi boʻyicha xizmat burchini bajarishi yoki muayyan ish faoliyati bilan bogʻliq boʻlsa, sud jinoyatning xususiyatini hisobga olib, sudlanuvchini muayyan mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish masalasini har safar muhokama qilishi shart. Bunday jazoni tayinlash paytida hukmning qaror qismida mansabning nomi yoki faoliyat turi aniq koʻrsatilishi kerak.
Hukm chiqarilayotgan paytga kelib sudlanuvchining jinoyat sodir etish bilan bogʻliq boʻlgan mansabni egallamayotganligi yoki faoliyat bilan shugʻullanmayotganligi ushbu qoʻshimcha jazoni tayinlash uchun toʻsiq boʻlmaydi.
9.6. Agar jinoyat qonuni moddasining sanksiyasida mansabning xususiyati yoki faoliyat turi haqida koʻrsatilgan yoki shaxs muayyan mansablarni egallash huquqidan mahrum qilinishi lozim boʻlgan korxonalar belgilab qoʻyilgan boʻlsa, bunday moddalar boʻyicha qoʻshimcha jazo tayinlash haqidagi sud xulosasi hukmning qaror qismida qonun sanksiyasiga mos yozilishi kerak.
Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish turidagi qoʻshimcha jazo, sud tomonidan shaxs ilgari bunday huquqdan maʼmuriy tartibda mahrum etilganligidan qatʼiy nazar tayinlanishi mumkin.
9.7. Jinoyat Kodeksi maxsus qismining turli moddalarida koʻzda tutilgan bir nechta jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsga qoʻshimcha jazo asosiysi singari, dastavval bitta yoki bir nechta jinoyatlar uchun, keyin esa jinoyatlar jami uchun tayinlanishi kerak.
Agar jinoyatlar jamiga kiruvchi ikki va undan koʻp jinoyatlar uchun aynan bir turdagi qoʻshimcha jazo tayinlangan boʻlsa, uning qatʼiy miqdori oz muddatni koʻp muddat bilan qoplash, yoki koʻproq qoʻshimcha jazo muddatini koʻzda tutuvchi modda sanksiyasi doirasida ularni toʻla yoki qisman qoʻshish orqali, jinoyat qonuni moddasida muddat belgilanmagan yoki qoʻshimcha jazo Jinoyat Kodeksi umumiy qismining qoidalari asosida qoʻllanilgan hollarda esa ushbu jazo turi uchun belgilangan eng koʻp muddat doirasida belgilanadi.
9.8. Agar sud muayyan mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish turidagi qoʻshimcha jazo tayinlash chogʻida mansab nomi yoki faoliyat turini hukmda aniq koʻrsatmagan boʻlsa, kassatsiya /nazorat/ instansiyasi sudi unga mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmagan holda aniqliklar kiritishga haqli. Bunday aniqliklar hukm chiqargan sud tomonidan ham Jinoyat-Protsessual Kodeksining 345-moddasida koʻzda tutilgan tartibda kiritilishi mumkin.
9.9. Hukm chiqarilayotgan vaqtda aybdorga tegishli mulkning topilmaganligi unga nisbatan mol-mulkni musodara qilish turidagi qoʻshimcha jazo tayinlash uchun oʻz-oʻzidan toʻsiq boʻlmasligini, chunki bunday mulk hukmni ijro etish paytida aniqlanishi mumkinligini sudlar jazo masalasini muhokama qilishda eʼtiborga olishlari zarur.
9.10. Agar jinoyat qonuni moddasining sanksiyasida qoʻshimcha jazo sifatida mol-mulkni musodara qilish nazarda tutilgan boʻlsa, birinchi instansiya sudi asosiy jazoni Jinoyat Kodeksi 42-moddasi tartibida qonunda belgilanganidan ham yumshoqroq turiga almashtirgan taqdirda ham mol-mulk musodarasini qoʻllashga haqli. Kassatsiya /nazorat/ instansiyasi sudi ham, shu asoslarda, asosiy jazoning yengilroq turiga oʻtib, hukmning aybdor mol-mulkini musodara qilish qismini oʻzgarishsiz qoldirishi mumkin.
9.11. Hukm ijrosi paytida kelib chiqishi mumkin boʻlgan noaniqlik va shubhalarni istisno etish maqsadida, sud mol-mulkni musodara qilish jazosi tayinlashda musodara doirasini hukmda aniq koʻrsatishi shart.
Jumladan, sud mulkning muayyan qismini musodara qilishga qaror qilayotgan boʻlsa, mahkumga tegishli mulkning aynan qancha qismi 1/2, 1/3 va hokazo/ musodara etilajagini aniq koʻrsatishi yoki musodara qilinayotgan buyumlarni nomma-nom sanab oʻtishi lozim boʻladi. Bu holda mol-mulk musodarasini oʻrniga, uning qiymatiga teng miqdorda pul bilan almashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, mahkumga tegishli barcha mulk musodara qilinganda, musodara faqat uning shaxsiy mulkiga va umumiy mulkdagi hissasigagina qaratilishi mumkin boʻlib, boshqa shaxslarning mahkum bilan birgalikda umumiy mulk huquqi asosida egaligida boʻlgan mulk qismiga qaratilishi mumkin emas. Bunda mahkum bilan birga yashagan oila aʼzolarining huquq va manfaatlari inobatga olinishi lozim.
9.12. Mulk dastlabki tergov davrida Jinoyat-Protsessual Kodeksining 158-moddasi tartibida hibsga olingan boʻlsa, sud ishni koʻrish chogʻida Jinoyat Kodeksi 34-moddasining musodara etilishi mumkin boʻlmagan mulklar toʻgʻrisidagi talabiga rioya etilganligini tekshirishi va bunday mulklar roʻyxatga olingan boʻlsa, oʻz ajrimi bilan ularni roʻyxatdan chiqarib, hibsni bekor qilishi shart.
9.13. Sudlar roʻyxatga olingan mulk haqiqatdan ham sudlanuvchiga tegishli ekanligini tekshirishlari, agar unga tegishli boʻlmagan mulkning hibsga olinganligi haqida aniq maʼlumotlar mavjud boʻlib, mulkka egalik toʻgʻrisida nizo boʻlmasa, uni roʻyxatdan chiqarish, hibsni bekor qilish va qonuniy egasiga qaytarish toʻgʻrisida ajrim chiqarishlari shart.
9.14. Sudlarga tushuntirilsinki, musodara faqat hukm chiqarish vaqtigacha sudlanuvchiga shaxsan yoki unga umumiy mulk tarkibida hissa sifatida tegishli boʻlgan mulkka qaratilishi mumkin.
Avtomobillar, mototsikllar va boshqa transport vositalari, agar ular mahkumga tegishli boʻlib, ashyoviy dalil deb topilsa va ulardan qasddan sodir etilgan jinoyatda mahkum yoki uning sheriklari qurol sifatida foydalangan boʻlsa, Jinoyat-Protsessual Kodeksining 62-moddasiga muvofiq albatta musodara etilishi lozim.
Mahkumning barcha mulkini musodara qilish lozimligi haqidagi hukm ijro etilgandan soʻng, hukm chiqgunga qadar olingan yoki undan keyin boʻlsada, lekin musodara qilinishi lozim boʻlgan mablagʻlar hisobiga olingan aybdorga tegishli mulk borligi aniqlansa, hukm chiqargan yoinki u ijro qilinayotgan joydagi sud, agar qonun boʻyicha bu mulk musodara qilinishi mumkin boʻlsa, sud ijrochisining taqdimnomasiga asosan topilgan mulkka musodarani qaratish haqida ajrim chiqaradi. Bunda Jinoyat Kodeksi 47-moddasining mazmuniga koʻra, hukmning mulkni musodara qilish qismi ham ayblov hukmini ijro etish muhlati davomida ijroga qaratilishi mumkinligini nazarda tutish kerak.
10. Jazo tayinlash amaliyoti muttasil umumlashtirilishi va bu boradagi qonunlarni qoʻllashda yoʻl qoʻyilayotgan xatolar doimo tahlil qilinishi lozim. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va unga tenglashtirilgan sudlarning raislariga bu masalada jiddiy kamchiliklar aniqlanganda qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunga asosan tegishli choralar koʻrish masʼuliyati shaxsan yuklatilsin.
11. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining:
“Mol-mulkni musodara qilishni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi 1965-yil 29-iyundagi 30-sonli;
“Respublika sudlari tomonidan qonunda belgilangandan ham yengilroq jazo tayinlash va shartli jazo qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi 1976-yil 29-sentabrdagi 3-sonli;
“Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan jinoiy jazo choralari tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida”gi 1981-yil 18-dekabrdagi;
“Respublika sudlari tomonidan qisqa muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi 1984-yil 21-avgustdagi 5-sonli;
“SSSR Oliy sudi Plenumining 1985-yil 21-iyundagi “Hukmning ijrosini kechiktirish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining respublika sudlari tomonidan bajarilishi toʻgʻrisida”gi 1988-yil 26-avgustdagi 6-sonli qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi U. MINGBOYEV
Plenum kotibi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi Y. TURSUNBOYEV
Toshkent sh.,
1994-yil 7-yanvar,
3-son