LexUZ sharhi
Mazkur Shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil 30-avgustdagi 284-I-sonli “O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi qarori bilan ratifikatsiya qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston, keyingi o‘rinlarda “Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar” deb yuritiladi,
BMT Ustavi maqsadlari va prinsiplariga amal qilib, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va umuminsoniy qadriyatlarning ustunligini tan olib,
Xelsinki Yakunlovchi Hujjati, yangi Yevropa uchun Parij Xartiyasi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha tashkilotning boshqa hujjatlaridagi majburiyatlar bajarilishiga o‘z intilishlarini tasdiqlab,
har ikkala mamlakat xalqlari o‘rtasida tarixan shakllangan do‘stona va o‘zaro hurmat munosabatlariga asoslanib,
o‘zaro foydali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish har ikkala davlat xalqlarining tub manfaatlariga javob berishidan, Osiyoda tinchlik va xavfsizlik ishiga xizmat qilishidan kelib chiqib,
o‘zlarining davlatlararo munosabatlarini tenglik, adolatlilik va o‘zaro bir-birini tushunish prinsiplari asosida qurishga qaror qilib,
siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ekologik, axborot, insonparvarlik, madaniy va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikka yangi sifat bag‘ishlashni va uning huquqiy negizini mustahkamlashni maqsad qilib qo‘yib,
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar o‘z munosabatlarini do‘stona davlatlar sifatida rivojlantiradilar. Ular o‘zaro munosabatlarda suveren tenglik, yaxshi qo‘shnichilik, kuch ishlatish yoki kuch bilan tahdid qilishdan voz kechish, nizolarni tinch yo‘l bilan bartaraf etish, chegaralarning buzilmasligi, hududiy yaxlitlik, ichki ishlarga aralashmaslik, inson huquqlarini hurmat qilish, teng huquqlilik va o‘zaro foydali hamkorlik, xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarish prinsiplariga amal qiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ular o‘rtasida shakllangan davlat chegaralari o‘zgarmas deb hisoblaydilar, chegaralar ularning roziligisiz kimningdir xohishi bilan o‘zgartirilishi mumkin emas. Ular O‘rta Osiyo va Qozog‘iston davlat boshliqlarining 1991-yil 21-dekabrdagi Almati Bitimida tasdiqlangan chegaralarning daxlsizligiga qat’iy rioya etish majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar BMT Ustavida va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik bo‘yicha Tashkilot hujjatlarida qayd etilgan majburiyatlarga muvofiq ular o‘rtasida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan nizolarni faqat tinch yo‘l bilan hal etadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar yalpi xavfsizlik bo‘linmasligini tasdiqlaydilar hamda ushbu sohada sheriklikni izchil amalga oshiradilar, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama asosda tinchlik, ishonch va xavfsizlikni mustahkamlashga faol ko‘maklashadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar kim bo‘lmasin boshqa tomon ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonga qarshi dushmanlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida ularning hududidan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik va aloqalarni kengaytiradilar, o‘zaro qiziqish uyg‘otuvchi masalalar bo‘yicha o‘z nuqtai nazarlarini kelishib olish uchun maslahatlashuvlar o‘tkazadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar har ikkala davlat xalqlarining yaqinlashishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlashga intilib, o‘z fuqarolari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda birlashmalari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi aloqalarning kengayishiga har tomonlama ko‘maklashadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar o‘zaro foydali ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni ta’minlaydilar. Ular o‘z iqtisodiy va savdo munosabatlari mexanizmini jahon bozori normalari va amaliyotiga yaqinlashtirish va takomillashtirish uchun tegishli chora-tadbirlarni ko‘radilar, bir-birlariga eng ko‘p qulaylik berish rejimi yoki milliy rejim ham shu jumlaga kiradi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar o‘z ichki qonunlariga amal qilib, o‘zlarining xalqaro majburiyatlaridan kelib chiqib va mazkur Shartnomaning maqsadlariga erishish uchun yuridik va jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyati va boshqa xo‘jalik faoliyati uchun qulay iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy sharoitlarni ta’minlaydilar, ularning investitsiyalarini rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish ham shu jumlaga kiradi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar tranzit va transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar va chuqurlashtiradilar. Tomonlarning har biri o‘z hududlarida joylashgan havo, dengiz va daryo portlari, temir yo‘l va avtomobil tarmoqlari hamda truboprovodlar orqali ikkinchi Tomonga transport operatsiyalarini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ular o‘rtasidagi aloqa vositalari, tizimi va liniyalarini takomillashtirish chora-tadbirlarini ko‘radilar hamda ushbu sohada tegishli bitimlar tuzadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar fundamental va amaliy fanlar, ilg‘or texnika va texnologiyalarni rivojlantirish va joriy etish sohasida, shuningdek olimlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarini va birgalikdagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun samarali hamkorlik qilishga sharoitlar yaratishga ko‘maklashadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ta’lim sohasidagi munosabatlarni rivojlantiradilar hamda turli o‘quv yurtlari o‘rtasidagi munosabatlarni rag‘batlantiradilar, jumladan o‘quvchilar, talabalar, aspirantlar va stajyerlarni ayirboshlash yo‘li bilan rag‘batlantiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar shahodatnomalar, attestatlarni, ma’lumot, ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar to‘g‘risidagi diplomlarni o‘zaro tan olish mexanizmini ishlab chiqadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama madaniy aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirishni ular xalqlarining tabiiy ehtiyoji debgina emas, balki umumjahon madaniy merosini ko‘paytirishning muhim sharti ham deb hisoblaydilar. Tomonlar mana shundan kelib chiqib, ijodiy jamoalar, madaniyat arboblari o‘rtasidagi ayirboshlashni kengaytirishga ko‘maklashadilar hamda madaniy qadriyatlar, arxiv, kutubxonalar, ommaviy axborot vositalari bilan ikkinchi Tomon fuqarolarining o‘z fuqarolari uchun bo‘lganidek sharoitlarda va teng darajada tanishishlari uchun imkoniyatlarni ta’minlaydilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri ikkinchi Tomonning madaniy va ijodiy merosini saqlashga va o‘rganishga ko‘maklashadilar, tarix va madaniyat yodgorliklarini muhofaza qilish ham shu jumlaga kiradi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar huquqni muhofaza qilish, intellektual mulkni himoya qilish va undan foydalanish masalalarida xalqaro tashkilotlar doirasida ham bevosita hamkorlik qiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar o‘zaro manfaatlardan kelib chiqib va o‘z imkoniyatlarini hisobga olib atrof muhitni muhofaza qilish va yaxshilash sohasida, texnogen xarakteridagi halokatlar va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish, tabiatdan ehtiyotlik bilan foydalanish, ekologik jihatdan toza ishlab chiqarishlarni kengaytirish, yuqori samarali tabiatni muhofaza qilish va tabiatni tiklash tadbirlarini amalga oshirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri ekologik halokatlar va tabiiy omillar tufayli kelib chiqqan hamda aholining hayot faoliyati uchun xavf tug‘diruvchi vaziyatlarda bir-birlariga yordam beradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar aholining salomatligini muhofaza qilishni ta’minlash, tibbiyot fani va amaliyotini rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi xatti-harakatlar zarurligini tan oladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mavjud nodir va ixtisoslashtirilgan tibbiyot va sanatoriy-kurort muassasalaridan teng huquqli foydalanishni, ikkinchi Tomon fuqarolarining tibbiy va maslahat yordami olishlarini ta’minlaydilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar har ikkala davlat hududida yashovchi turli millat vakillarining etnik, madaniy, til va diniy o‘ziga xosligini himoya qilish uchun zarur sharoitlarni yaratadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri o‘z fuqarolariga ularning millatidan, jinsidan, tilidan, diniy e’tiqodidan, siyosiy va boshqa e’tiqodlaridan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarni kafolatlaydilar.
Fuqarolikning va ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonning hududida yashovchi o‘z fuqarolarining huquqlarini himoya qilishning aniq masalalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga va Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunlariga muvofiq alohida bitimlar bilan tartibga solinadi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar huquqni buzishlarga qarshi kurash olib borish masalalarida hamkorlik qiladilar, uyushgan jinoyatchilikka, korrupsiyaga, terrorizmga, g‘ayriqonuniy emigratsiyaga, g‘ayriqonuniy moliyaviy operatsiyalarga, narkotik va ruhiyatga ta’sir qiluvchi moddalar, zaharli ximikatlar, qurol-yarog‘, portlovchi moddalar g‘ayriqonuniy olib o‘tilishiga, havo qaroqchiligi va kontrabandaga qarshi kurash ham shu jumlaga kiradi. Tomonlar ushbu sohada tajriba va operativ axborotni o‘zaro ayirboshlaydilar, ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlik doiralarida maslahatlashuvlar va qo‘shma tadbirlar o‘tkazadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar huquqiy axborotni ayirboshlash, huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qo‘llash sohasida hamkorlik qiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar yer va yerosti boyliklari hamda tabiiy resurslar ular hududida joylashgan Tomonning mutlaq mulki hisoblanishini o‘zaro e’tirof etadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Tomonlar mol-mulkining huquqiy rejimi, shu jumladan ikkinchi Tomon hududidagi yuridik shaxslar va fuqarolarning mol-mulki, basharti Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar o‘rtasidagi bitimlarda o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, mol-mulk joylashgan Tomon qonunlari bilan tartibga solinishini tan oladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri o‘z hududida ikkinchi Tomonga tegishli mulkchilik huquqi himoya qilinishini kafolatlaydi.
Mazkur Shartnoma biror-bir davlatga qarshi qaratilmagan hamda Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning uchinchi mamlakatlar bilan tuzilgan amaldagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalar bo‘yicha huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Shartnomani talqin qilish va qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarni BMT Ustavining 33-moddasida nazarda tutilgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tartib-qoidasidan foydalangan holda hal etadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar o‘zaro kelishuvga muvofiq mazkur Shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishlari mumkin, bu o‘zgartirish va qo‘shimchalar tegishli protokollar bilan rasmiylashtiriladi. O‘zgartirish va qo‘shimchalar har ikkala Tomon ratifikatsiya qilgandan keyin kuchga kiradi hamda mazkur Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi.
Mazkur Shartnoma ratifikatsiya qilinishi kerak va ratifikatsiya yorliqlari ayirboshlangan kunda kuchga kiradi.
Mazkur Shartnoma o‘n yil muddatga tuziladi. Agar Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonni tegishli muddat tamom bo‘lishidan kamida 12 oy oldin o‘zining Shartnomani bekor qilish niyati haqida yozma ravishda xabardor qilmasa, Shartnomaning amal qilishi keyingi besh yillik davrga o‘z-o‘zidan uzaytiriladi.
Mazkur Shartnoma kuchga kirgan kundan boshlab 1991-yil 21-aprelda Ashxabod shahrida imzolangan O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi bilan Turkmaniston Sovet Sotsialistik Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnoma o‘z kuchini yo‘qotadi.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjo‘y shahrida, har biri o‘zbek, turkman va rus tillarida bo‘lgan ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.