Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“AMANTAYTAU-GOLDFILDS” QOʻShMA KORXONASIGA NOYoB METALLAR QAZIB OLISh VA QAYTA IShLASh UChUN ER AJRATISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 3-martdagi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Markaziy Qizilqum mintaqasida noyob metallar qazib olish va qayta ishlashni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Er kodeksining 24-moddasiga asosan, Navoiy viloyati hokimligining “Amantaytau-Goldfilds” Oʻzbekiston-Britaniya qoʻshma korxonasiga noyob metallar qazib olish va qayta ishlash uchun 10 yil muddatga yerni ijaraga berish haqidagi takliflariga muvofiq:
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 8-fevraldagi 51-son qarori bilan Navoiy viloyati Konimex tumanidagi “Qaraqota” shirkat xoʻjaligi hududidan ajratilgan 650,65 gektar yerdan 267,8 gektari qaytarib olinib, 382,85 gektar yer “Amantaytau-Goldfilds” qoʻshma korxonasiga ijara asosida qoldirilsin;
Tomdi tumanidagi “Tomdi” shirkat xoʻjaligi hududidan 113,43 gektar yaylov yerlar “Amantaytau-Goldfilds” qoʻshma korxonasiga ijaraga berilsin.
2. Navoiy viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Er resurslari davlat qoʻmitasi bilan birgalikda belgilangan tartibda yer uchastkasini “Amantaytau-Goldfilds” qoʻshma korxonasiga ijaraga berish haqidagi hujjatlarni rasmiylashtirsin.
3. Navoiy viloyati hokimligi (Gʻ.D. Dilov):
er uchastkasi ijara shartnomasini imzolasin hamda mazkur shartnomada yerni ijaraga beruvchilarning manfaatlari nazarda tutilishini taʼminlasin;
ishlab chiqarish zaruriyati taqozo etganda yuqorida koʻrsatilgan muddatning uzoq muddatli vaqtincha foydalanish muddatlaridan ortiq boʻlmagan davrga belgilangan tartibda oʻzgartirilishini nazarda tutsin.
4. “Amantaytau-Goldfilds” qoʻshma korxonasi ijaraga berilgan yerni ijara muddati tugagandan soʻng foydalanish mumkin boʻlgan holga keltirib, “Qaraqota” va “Tomdi” shirkat xoʻjaliklariga qaytarib berishni taʼminlasin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Amantaytau-Goldfilds” qoʻshma korxonasiga noyob metallar qazib olish va qayta ishlash uchun yer ajratish toʻgʻrisida” 1996-yil 8-fevraldagi 51-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N. Yusupov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2002-yil 24-may,
176-son