LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Jahon moliya-iqtisodiy krizisining salbiy oqibatlarini bartaraf etish, iqtisodiyot real sektori bazaviy tarmoqlarining iqtisodiy o‘sishi barqaror sur’atlari va makroiqtisodiy mutanosibligi hamda barqaror ishlashini ta’minlash, aholi bandligiga ko‘maklashish, eksport qiluvchilar, sanoatning yetakchi tarmoqlari korxonalari hamda kichik biznesni aniq manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiyotning real sektori bazaviy tarmoqlari korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan
2. Quyidagilar respublika iqtisodiyoti real sektori sohasida jahon moliya-iqtisodiy krizisining salbiy oqibatlarini bartaraf etishning hal qiluvchi omillari deb hisoblansin:
eng avvalo iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida modernizatsiya, texnik va texnologik qayta jihozlash jarayonlarini faollashtirish, sifatli, eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlaydigan zamonaviy moslashuvchan minitexnologiyalarni tatbiq etish;
ichki va tashqi bozorlarda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining raqobatbardoshligini yanada oshirish, eksport qiluvchi korxonalar tomonidan yangi tovarlar turlarini sotish hajmlarini kengaytirish hamda mahsulot sotishning istiqbolli bozorlarini o‘zlashtirish;
iqtisod qilishning qattiq tartibini joriy etish, jumladan, texnologik jarayonlarni ratsionalizatsiyalash, ishlab chiqarishda materiallar, elektr va energiya sarfini hamda boshqa sarf-xarajatlarni kamaytirish hisobiga ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini keskin kamaytirish;
texnik va ishlab chiqarish intizomiga rioya qilish, mahsulot sifatini boshqarishning xalqaro standartlarini tatbiq etish;
moslashuvchan narx-navo siyosatini amalga oshirish, jahon bozorlarida narx-navo konyunkturasi tez o‘zgarib borayotgan sharoitda eksport mexanizmlarini takomillashtirish.
3. Tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturida belgilab qo‘yilgan korxonalarning muttasil barqaror ishlashini ta’minlash, eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, shuningdek, jahon moliya-iqtisodiy krizisining salbiy oqibatlarini bartaraf etish borasidagi qo‘shimcha omillar hamda resurslarni safarbar etish chora-tadbirlarini so‘zsiz bajarish Vazirlar Mahkamasining, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va korxonalar rahbarlarining eng muhim vazifasi etib belgilansin.
4. Iqtisodiyotning real sektori bazaviy tarmoqlari korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi amalga oshirilishining monitoringi hamda tizimli nazoratini ta’minlash uchun 2-ilovaga* muvofiq tarkibda Ishchi guruhi tuzilsin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan
mazkur Farmon bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturining amalga oshirilishi ustidan qattiq tizimli nazoratni;
ushbu Farmon bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturida nazarda tutilgan hukumat qarorlari va dasturlar loyihalari o‘z vaqtida ishlab chiqilishi hamda tasdiqlash uchun belgilangan muddatlarda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini;
jumladan, tarmoqlar, mintaqalar va alohida korxonalar miqyosida qabul qilingan chora-tadbirlar natijalarining muntazam monitoringi o‘tkazilishi va har oyda ko‘rib chiqilishini;
dunyoda narx-navo o‘sishi, jahon va mintaqa bozorlari konyunkturasining o‘zgarishi, iqtisodiyot rivojining ichki tendensiyalari tahlilidan kelib chiqib, korxonalarning barqaror va samarali ishlashini ta’minlash borasida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha takliflar Vazirlar Mahkamasiga tezkorlik bilan kiritilishini ta’minlasin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning so‘zsiz bajarilishini, shuningdek, eksportni kengaytirishda, mahsulotning raqobatbardoshligini oshirish hamda korxonalarning barqaror ishlashini ta’minlashda iqtisodiyotning real sektori korxonalariga har tomonlama yordam ko‘rsatilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari rahbarlari zimmasiga iqtisodiyotning real sektori korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlar ko‘rish, ularning asosli buyurtmanomalari bo‘yicha aylanma mablag‘larni to‘ldirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kredit resurslarini tezkor, shu jumladan, imtiyozli asosda ajratib berish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.