Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“MUBORAK GAZNI QAYTA ISHLASH ZAVOD” UNITAR-SHUʼBA KORXONASIDA SUYULTIRILGAN GAZ ISHLAB CHIQARISHNI KOʻPAYTIRISH BOʻYICHA INVESTITSIYA LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 5-maydagi PQ-1108-sonli “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” unitar-shuʼba korxonasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” Qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish hisobiga tabiiy gazni chuqur qayta ishlashni taʼminlash, “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” unitar-shuʼba korxonasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni koʻpaytirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, cheklangan qiymati 221,56 mln. AQSH dollarini tashkil qilgan “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” unitar-shuʼba korxonasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun propan-butan aralashmasi moslamasini qurish” loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asosi belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan, unga muvofiq:
kriogen texnologiyalar va turbodetander agregatlarni qoʻllagan holda propan-butan aralashmasini chiqarib olish boʻyicha uchta moslama;
tabiiy gazni tozalash va seolit quritish moslamalari;
turbodetander agregatlarda zarur bosimni taʼminlash uchun siqish kompressor stansiyasi;
zavodni energiya bilan taʼminlash moslamalari kompleksi, shuningdek suyultirilgan gaz va kondensatning qoʻshimcha hajmlarini saqlash va yuklab joʻnatish uchun mahsulotni quyish va hisobga olish boʻyicha eng zamonaviy avtomatlashtirilgan uskunalar bilan jihozlangan yangi temiryoʻl shoxobchasiga yaqin park qurilishi taʼminlanadi.
Loyihani amalga oshirish natijasida har yili xalqaro standartlarga mos 11,79 mlrd. kub. m. tovarbop tabiiy gaz, 270,0 ming tonna suyultirilgan gaz va 70,0 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarishni taʼminlash nazarda tutilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” MXKning mazkur investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” unitar-shuʼba korxonasi bilan pudratchi sifatida ishtirok etuvchi “Stroytransgaz” OAJ (Rossiya) oʻrtasida ustav fondidagi ulushi teng (50%dan) boʻlgan qoʻshma korxona tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bunda tomonlar qabul qilgan oʻzaro majburiyatlarini bajarganlaridan soʻng qoʻshma korxonani tugatish, obyektni “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” unitar-shuʼba korxonasiga toʻliq mulk sifatida topshirish nazarda tutilgan.
3. Quyidagilar loyihani moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
miqdori 110,78 mln. AQSH dollaridan ortiq boʻlmagan Oʻzbekiston qismi — “Oʻzbekneftgaz” MXKning shaxsiy mablagʻlari (50 foizi) hamda “Oʻzbekneftgaz” MXKga qayta moliyalashtiradigan bankning 0,25 foiz marjasi bilan yillik 2,0 foiz stavka boʻyicha beriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Taraqqiyot va tiklanish jamgʻarmasining krediti hisobidan;
miqdori 110,78 mln. AQSH dollaridan ortiq boʻlmagan jalb etiladigan xorijiy investitsiyalar — “Stroytransgaz” OAJning shaxsiy mablagʻlari hamda “Stroytransgaz” OAJ tomonidan loyihaning dastlabki TIAsida nazarda tutilgan tartibda jalb etiladigan xorijiy banklarning kreditlari hisobidan.
4. “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” unitar-shuʼba korxonasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun propan-butan aralashmasi moslamasini qurish” loyihasining TIAsini ishlab chiqish boʻyicha bosh loyihachi etib Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti tasdiqlansin, subpudratchilar sifatida esa “OʻzLITIneftgaz” OAJ, “VNIPIgazqazibolish” OAJ va boshqa ixtisoslashtirilgan loyiha tashkilotlari jalb etilsin.
5. “Oʻzbekneftgaz” MXK va “Uzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti 2008-yilning 15-mayigacha muddatda belgilangan tartibda loyihaning uzil-kesil TIAsini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
6. “Oʻzbekneftgaz” MXK va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining loyihani amalga oshirishni jadallashtirish va loyiha TIAsini tayyorlash, loyihalashtirish, qurish hamda uskunalar va materiallarni loyihaning tasdiqlangan DTIAsi hamda belgilangan tartibda roʻyxatga olingan shartnomalar asosida yetkazib berish boʻyicha ishlarga haq toʻlash maqsadida, “Oʻzbekneftgaz” MXK shaxsiy mablagʻlari va xorijiy investor mablagʻlari hisobidan loyihaning uzil-kesil TIAsi tasdiqlangunicha qoʻshma korxonani moliyalashtirishni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yilgi Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda tegishli oʻzgartishlar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 21-dekabr,
PQ-751-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 12-son, 654-modda)