Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“TADBIRKOR” AKSIYADORLIK-TIJORAT BANKINING MOLIYAVIY AHVOLINI MUSTAHKAMLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-iyundagi 117-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida” 2006-yil 5-maydagi PF-3750-son Farmoni)”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Dehqon xoʻjaliklariga, kichik va oʻrta biznesga xizmat koʻrsatuvchi “Tadbirkor” aksiyadorlik-tijorat banki (“Oʻztadbirkorbank”)ning moliyaviy ahvolini mustahkamlash, uning likvidligini oshirish, shuningdek bankning zarur infratuzilmasini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Oʻztadbirkorbank” rahbariyati tomonidan bankning moliyaviy ahvolini yaxshilashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Toʻlov muddati oʻtib ketgan 295,1 mln. soʻmlik ssuda qarzi undirildi, bankning ustav jamgʻarmasiga qoʻshimcha ravishda 34 mln. soʻm jalb etildi, umuman esa uning oʻz sarmoyasi 104,4 mln. soʻmga koʻpaytirildi. Past rentabelli 10 ta tuman boʻlimlari, ularning 67 mln. soʻmlik asosiy vositalarini sotgan holda, yopildi.
2. “Oʻztadbirkorbank” Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasi bilan birgalikda kreditlar va ular boʻyicha foiz toʻlovlari boʻyicha toʻlov muddati oʻtib ketgan qarzlarni undirish yuzasidan 1997-yil oxirigacha qatʼiy chora-tadbirlar koʻrsin.
Oliy xoʻjalik sudiga “Oʻztadbirkorbank”ning toʻlov muddati oʻtib ketgan qarzlar boʻyicha qarzdor korxonalarga nisbatan daʼvosini, oldindan davlat boji toʻlatmasdan, keyinchalik uni aybdor tomondan undirib olgan holda, qabul qilish tavsiya etilsin.
3. “Oʻztadbirkorbank” ustav jamgʻarmasini shakllantirish maqsadida “Paxta-bank”, “Oʻzsanoatqurilishbank”, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Asaka” banki, “Biznes-fond”, “Madad” sugʻurta agentligi, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasining uning ustav jamgʻarmasiga quyidagi ulushlarda 55 mln. soʻm qoʻshish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:
| “Paxta-bank” | 10 mln. soʻm |
| “Oʻzsanoatqurilishbank” | 5 mln. soʻm |
| “Oʻzmilliybank” | 10 mln. soʻm |
| “Asaka” banki | 10 mln. soʻm |
| “Biznes-fond” | 10 mln. soʻm |
| “Madad” sugʻurta agentligi | 5mln. soʻm |
| Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi | 5 mln. soʻm |
4. Markaziy bankka bankni malakali mutaxassislar bilan taʼminlashga yordam berish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.A.Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 23-sentabr,
449-son