[
OKOZ:
1.
13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.10.00 Tasviriy san’at, haykaltaroshlik, musiqa]
[
TSZ:
1.
Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA “MUSAVVIR” FIRMASINI TAShKIL ETISh
HAQIDA
Xalq manzarali-amaliy san’atini rivojlantirish va yuksak badiiylik bilan yaratilgan original mualliflik buyumlarini, xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda ularni respublika ichida va tashqi bozorda sotishni kengaytirish maqsadlarida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish xalq san’ati markazi negizida to‘la xo‘jalik hisobi asoslarida ishlaydigan, huquqiy shaxs hisoblanuvchi respublika “Musavvir” firmasi tuzilsin, unga O‘zbekiston Respublikasi sanoat-qurilish banki va tashqi iqtisodiyot bankining mahalliy bo‘limlarida tegishli schyotlarni ochish huquqi berilsin.
2. Respublika “Musavvir” firmasining
Ustavi
ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Rassomlar uyushmasining A. Navoiy ko‘chasining Shayxontohur tor ko‘chasida joylashgan o‘z qaramog‘idagi “Yunusxon” me’moriy yodgorligini, Qorasaroy ko‘chasidagi 70-uy hamda Q. Isoqov ko‘chasidagi 3-uylarni hunarmandchilik ustaxonalarini joylashtirish uchun respublika “Musavvir” firmasi ixtiyoriga haq olmasdan berish haqidagi takliflari qabul qilinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi respublika “Musavvir” firmasi bilan birgalikda Shayxontohur me’moriy kompleksida savdo-hunarmandchilik rastasi majmuini yaratish masalasini ko‘rib chiqsin va bir oy muddat ichida aniq taklif kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vitse-Prezidenti Sh. MIRSAIDOV
Toshkent sh.,
1991-yil 30-dekabr,
317-son
Vazirlar Mahkamasining
1991-yil 30-dekabrdagi
317-son
qarori
bilan
TASDIQLANGAN
Respublika “Musavvir” firmasining
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. Respublika “Musavvir” firmasi huquqiy shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi o‘zbek va rus tillarida yozilgan muhrga, O‘zbekiston sanoat-qurilish banki va O‘zbekiston Tashqi iqtisodiyot banki muassasalarida hisob-kitob schyotlariga ega bo‘ladi, to‘la xo‘jalik hisobi, o‘z-o‘zini moliyaviy ta’minlash va o‘z xarajatlarini, shu jumladan, valyuta xarajatlarini o‘zi qoplash asoslarida ishlaydi, alohida mol-mulkka egalik qiladi, mazkur Ustavga muvofiq o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajaradi hamda shu faoliyat bilan bog‘liq huquqlardan foydalanadi, o‘z nomidan mol-mulk va shaxsiy mol-mulkka daxlsiz huquqlarni sotib olishi hamda javob berishi mumkin, sudda, hakamlikda yoki vositachilik sudida da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
2. Respublika “Musavvir” firmasi o‘z faoliyatida respublika qonunlariga, Oliy Kengashning boshqa qarorlariga, Prezident farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, boshqa normativ aktlarga va mazkur ustavga rioya qiladi.
3. Respublika “Musavvir” firmasining joylashgan o‘rni — Toshkent shahri, Xalqlar do‘stligi maydoni, Abulqosim madrasasi.
II. Respublika “Musavvir” firmasining asosiy
vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar respublika “Musavvir” firmasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
xalq manzarali-amaliy san’atining an’anaviy turlarini tiklash va rivojlantirish, yuksak mahorat bilan yaratilgan xalq san’atining original mualliflik buyumlarini va xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarish va ular bilan savdo-sotiq qilish;
zamonaviy dizaynning, xalq va monumental san’atining barcha turlaridan foydalangan holda binolarning ichki qismini milliy uslubda bezatish;
xalq iste’moli mollarini, xalq ustalari va rassomlarining mahsulotlarini respublika ichkarisida va tashqi bozorda mahsulotlarni magazinlarga, badiiy salonlarga, xorijiy firmalarga yetkazib berish, ko‘rgazma-yarmarkalar va kimoshdi savdosi o‘tkazish yo‘li bilan realizatsiya qilish.
5. Respublika “Musavvir” firmasi o‘z oldida turgan vazifalarni bajarish uchun:
davlat, jamoat, kooperativ korxonalari, muassasalar va tashkilotlardan, shuningdek, xususiy shaxslardan va xorijiy firmalardan zarur materiallarni, xomashyolarni, asboblarni, uskunalarni va boshqa mol-mulkni sotib oladi;
ikkilamchi resurslar va chiqindilarni yig‘ishni va qayta ishlashni, asbob-uskunalarni sozlashni va jihozlashni tashkil etadi, nostandart asboblar, uskunalar, ospaykalarni tayyorlaydi;
davlat, kooperativ va boshqa jamoat korxonalari, muassasalari va fuqarolardan foydalanilmaydigan binolarni, inshootlarni, xonalarni, mashinalarni, uskunalarni, transport vositalarini, xomashyo va materiallarni sotib oladi, ayirboshlaydi, ijaraga oladi;
binolarni, inshootlarni, uskunalarni, transport vositalarini, jihozlarni va boshqa moddiy boyliklarni boshqa korxonalarga, muassasalarga va tashkilotlarga, shuningdek, fuqarolarga sotadi va topshiradi, ayirboshlaydi, ijaraga topshiradi, qarz beradi va vaqtinchalik haq olmasdan foydalanishga topshiradi, balansdan asosiy fondlarni belgilangan tartibda chiqarib tashlaydi;
o‘z tarkibida va boshqa korxonalar, muassasalar bilan birgalikda vaqtinchalik mehnat, shuningdek, vaqtinchalik ijodiy va ilmiy-texnikaviy jamoalar tuzadi, shartnoma asoslarida ularning ishiga haq to‘laydi;
o‘z mahsulotlarini ishlab chiqaradigan qo‘shma korxonalar, badiiy salonlar, shuningdek, chet mamlakatlarda erkin almashtiriladigan valyutaga o‘z ishlab chiqargan tovarlarini sotuvchi magazinlar ochadi, o‘zaro kelishuvga ko‘ra xomashyo, materiallar, uskunalar va xalq iste’moli mollarini barter ayirboshlashni amalga oshiradi;
boshqaruv tuzilishini, lavozimlar jadvalini mustaqil belgilaydi, ishlab chiqarishni tashkil etish shaklini tanlaydi, ilmiy ishlab chiqarish faoliyati rejalarini, ishlab chiqarish buyumlariga ehtiyojdan kelib chiqqan holda rivojlanish istiqbollarini ishlab chiqadi, firma badiiy kengashi belgilaydigan narxlar bo‘yicha yoki buyumlarning badiiy va texnikaviy sifatini hisobga olib shartnoma asosida o‘z mahsulotini sotadi.
III. Respublika “Musavvir” firmasining mol-mulki
6. Respublika “Musavvir” firmasining mol-mulki ustav jamg‘armasi (ustalar badali), ishlab chiqarilgan mahsulotni sotishdan va boshqa xo‘jalik faoliyatidan olinadigan daromadlardan hosil bo‘ladi.
Respublika “Musavvir” firmasining mol-mulkini shakllantirishda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek, mehnat bitimi (shartnomasi) bo‘yicha ishlovchi fuqarolar pul va moddiy badallar o‘tkazish yo‘li bilan qatnashishlari mumkin.
7. Ishlab chiqarish vositalari va o‘ziga tegishli boshqa mol-mulklar respublika “Musavvir” firmasining mulki hisoblanadi.
8. Respublika “Musavvir” firmasining moliyaviy resurslari mahsulotlarni, ishlarni, xizmatlarni realizatsiya qilishdan, “amortizatsiya ajratmalaridan, boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning badalidan tushgan pullar, shuningdek, boshqa tushumlar hisobiga vujudga keladi.
9. Moliya-xo‘jalik faoliyatini xo‘jalik hisobi asosida amalga oshiruvchi respublika “Musavvir” firmasi O‘zbekiston Respublikasining soliq solish to‘g‘risidagi qonunida belgilangan tartibda budjetga to‘lovlar o‘tkazadi.
10. Barcha belgilangan va o‘ziga qabul qilgan moliyaviy majburiyatlarni to‘lagandan, rezerv fondini, fan-texnika va ijtimoiy rivojlantirish fondini shakllantirgandan, ishchilarga yoziladigan barcha to‘lovlarni to‘lagandan (badiiy kengash bahosi, pudrat shartnomasi, mehnat bitimi, maoshlar, stavkalar, tariflar bo‘yicha ish haqi) keyin respublika “Musavvir” firmasining ixtiyorida qoladigan daromad xalq ustalari kengashining qarori bo‘yicha ishlatiladi.
11. Respublika “Musavvir” firmasi ishlovchilarga haq to‘lash shaklini, sistemasini va miqdorlarini, xazinada doimiy turuvchi joriy sarf-xarajatlar uchun naqd pul mablag‘larining eng ko‘p miqdorini mustaqil ravishda belgilanadi.
IV. Respublika “Musavvir” firmasini boshqarish
12. Respublika “Musavvir” firmasi faoliyatiga rahbarlikni bosh direktor amalga oshiradi, u mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishida saylanadi.
Ustavga muvofiq, mehnat jamoasini o‘z-o‘zini boshqarish va yakka boshchilik prinsiplarini qo‘shib olib borish asosida bosh direktor mehnat jamoasi oldida ish natijalari uchun javob beradi, ishonch qog‘ozisiz respublika “Musavvir” firmasi nomidan ish tutadi, barcha korxonalarda, muassasalar va tashkilotlarda, xorijiy firmalarda uning manfaatlarini ifodalaydi, mol-mulkni tasarruf etadi, shartnomalar tuzadi, ishonch qog‘ozlari beradi, respublika “Musavvir” firmasining barcha xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi, ko‘rsatmalar beradi.
13. Respublika “Musavvir” firmasining faoliyati bilan bog‘liq masalalarni zudlik bilan hal qilish maqsadlarida bosh direktor, uning o‘rinbosarlari hamda unga bo‘ysunuvchi korxonalarning rahbarlari kiruvchi yuqori maslahat organi — direktorlar kengashi tuziladi. Kengash o‘z ishini bosh direktor tasdiqlaydigan yillik, istiqbol va kvartal rejalariga muvofiq, amalga oshiradi.
14. Umumiy yig‘ilishi respublika “Musavvir” firmasi mehnat jamoasi vakolatlarini amalga oshirishning asosiy shakli bo‘lib hisoblanadi, u har yili bosh direktorning o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish rejalarini, shuningdek, respublika “Musavvir” firmasi ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyatining muhim masalalarini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.
15. Respublika “Musavvir” firmasining kengashi har oyda kamida bir marta, mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishi esa har kvartalda bir marta chaqiriladi
V. Respublika “Musavvir” firmasining huquqlari
16. Respublika “Musavvir” firmasi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
respublika “Musavvir” firmasining vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha respublikada va chet ellarda amaliy aloqalarni bajarish, xorijiy muassasalar, tashkilotlar va firmalar, shuningdek, ularning vakillari bilan, xorijiy fuqarolar bilan aloqa qilish;
sovet va chet el korxonalari, muassasalari, tashkilotlari va firmalari bilan ham respublikada, ham chet elda bitimlar va boshqa huquqiy hujjatlar, shu jumladan, tashqi savdo va veksel hujjatlari tuzish;
ham respublikada, ham uning tashqarisida turli xil harakatdagi va harakatsiz mol-mulkni qurish va sotib olish, ajratib berish, ijaraga olish va topshirish;
respublikada o‘z filiallarini ta’sis etish, kichik korxonalar tuzish, faoliyati o‘zining maqsad va vazifalariga muvofiq qoluvchi aksionerlik jamiyatlarida va boshqa tashkilotlarda ishtirok etish;
yarmarkalar va ko‘rgazmalarda qatnashish, ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar, seminarlar tashkil etish, respublika “Musavvir” firmasining faoliyati bilan bog‘liq xalq san’ati to‘g‘risida reklama mahsulotlarini chiqarish;
shtatga kirmaydigan jalb qilingan mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash tartibi va miqdorini belgilash;
respublika “Musavvir” firmasining faoliyati bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun sovet va chet el mutaxassislarini xorijga safarga yuborish va respublikada qabul qilish;
xalqaro telefon va telegraf aloqasini amalga oshirish.
VI. Respublika “Musavvir” firmasini tugatish va qayta
tashkil etish
17. Respublika “Musavvir” firmasini tugatish va qayta tashkil etish (ajratish, birlashtirish) qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.