Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining 2015-yil 3-iyundagi hukmiga ko‘ra, B. Jinoyat kodeksining 267-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan 10 yil, 137-moddasi 2-qismi “b, v” bandlari bilan 5 yil, 138-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bilan 3 yil, 110-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan 2 yil, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 10 yil, 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan 8 yil, Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga;
D. Jinoyat kodeksining 267-moddasi 3 qismi “v” bandi bilan 10 yil, 137-moddasi 2-qismi “b, v” bandlari bilan 5 yil, 138-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bilan 3 yil, 110-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan 2 yil, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 10 yil, 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan 8 yil, Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 10 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellatsiya instansiyasining 2015-yil 16-iyuldagi ajrimi bilan hukmning D. va B.ga oid qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Sudning hukmiga ko‘ra, B. 2012-yil bahor faslida A. bilan tanishib qoladi. A.ning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi bois pul mablag‘i va mol-mulkka ega ekanligini bilgani holda, D., R. va tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan S. ismli shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, jinoiy qilmishga qo‘l urishadi. Ya’ni 2015-yil 24-fevral kuni taxminan soat 16 larda restoran oldida S. A. bilan uchrashadi va uning boshqaruvidagi “Kaptiva” rusumli avtomashinada uni aldab, chalg‘itib turgan paytda D. bilan H. yetib keladi. Shundan so‘ng ular A.ni avtomashinadan zo‘rlab tushirib, ularning O. ismli tanishidan 200.000 AQSh dollari qarzi borligini aytib, urib-do‘pposlab, pichoq tirab qo‘rqitishadi, ko‘rish qobiliyatini cheklash maqsadida yuzini bosh kiyim bilan yopib qo‘yishadi. Keyin esa, ular A.ning oyoq-qo‘lini bog‘lab, avtomashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tqazishadi-da, olib qochib ketishadi.
B. jinoiy sheriklari D., R. va S. bilan jinoiy harakatlarini davom ettirib, A.ni o‘ziga tegishli xonadonga olib borishadi va uni urib-do‘pposlab, jismoniy qiynoqqa solishadi. Ayni shu paytda jinoiy guruhning yana bir a’zosi D. yetib keladi. Shundan so‘ng B. bilan D. A.ning oyoq-qo‘llarini arqon bilan qayta bog‘lab, jismoniy azob berishadi va 200.000 AQSh dollari bermasa, oila a’zolarini o‘ldirib ketish va videotasvirga tushirib, ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan taqdirda, internet orqali tarqatib yuborish bilan qo‘rqitishadi. Keyin esa, ular A.ning o‘zlariga nisbatan da’vosi yo‘qligi, tan jarohatini o‘zi olganligi haqida gapirtirib, videotasvirga olishadi. Bu ham yetmaganidek, jinoiy sheriklar ojiz ahvoldagi A.dan hech qanday da’vosi yo‘qligi haqida tilxat ham yozdirib olishadi. Qisqasi, jinoiy guruh a’zolari A.ni mulkini beradigan ojiz ahvolga solib qo‘yib, 2015-yil 25-fevral soat 23 larga qadar tutqunlikda saqlab kelishadi. Keyin esa, jinoiy guruh A.ni o‘z uyi oldiga olib kelib, talab qilingan pul mablag‘ining 800.000 so‘mini tovlamachilik bilan qo‘lga kiritadi.
Bundan tashqari B., D., R. va S. jinoiy harakatlarini davom ettirib, A.ga tegishli “Kaptiva” rusumli avtomashinaning yukxonasidagi qiymati 122.400.920 so‘mga teng bo‘lgan 49.750 AQSh dollari va 30.000.000 so‘m hamda avtomashina salonidan 140.000 so‘mni yashirin ravishda o‘g‘irlab ketishgan.
Oliy sud Plenumining 2014-yil 23-maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi qarori 4 bandida, ish bo‘yicha hukm ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirib chiqilishi, sudlanuvchini jinoyatni sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan har bir dalil, JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi, sudlanuvchining aybdorligi (aybsizligi) to‘g‘risidagi sudning xulosalariga zid bo‘lgan dalillar hukmda nafaqat ko‘rsatilishi, balki sud tomonidan nima uchun ular ishonchsiz deb topilganligi va rad etilganligi sabablari asoslantirilgan bo‘lishi, hukmda sudlanuvchining jinoiy harakatlarini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan dalillarga asoslanganda, sud ularning mazmunini yoritishi va tegishli baho berishi, agar ish bo‘yicha jinoyat sodir qilganlikda bir necha nafar sudlanuvchi ayblanayotgan yoki sudlanuvchi bir nechta jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblanayotgan bo‘lsa, sud hukmda har bir sudlanuvchiga nisbatan hamda har bir ayblov bo‘yicha dalillar keltirishi va tahlil qilib chiqishi hamda xulosa qilishi, 24-bandida esa, jinoyatni jinoyat qonunining u yoki bu moddasi, uning qismi yoki bandi bilan tavsiflash bo‘yicha sudning asoslantirilgan xulosasi ayblov hukmining tavsif qismining muhim belgisi hisoblanishi, bunda sudlanuvchining harakatlari nima uchun aynan shu modda, qism, band bilan tavsiflanayotganligi aniq ko‘rsatilishi kerakligi haqida tushuntirish berilgan.
Xususan, sud ishning haqiqiy holatlarini har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirib chiqmasdan B., D. va R. ni jabrlanuvchi A.ning juda ko‘p miqdordagi pulini yashirin ravishda o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda aybdor deb topgan.
Sud B., D., R.ni A.ga tegishli “Kaptiva” rusumli avtomashinaning yukxonasidan qiymati 122.400.920 so‘mga teng bo‘lgan 49.750 AQSh dollarini va 30.000.000 so‘mni, shuningdek, avtomashina salonidan 140.000 so‘mni yashirin ravishda o‘g‘irlab ketganlikda aybdor deb topishda jabrlanuvchi A.ning 2015-yil 24-fevral kuni tanishi A. unga savdodan tushgan 49.750 AQSh dollari va tovar uchun bergan 30.000.000 so‘mni avto mashinaning yukxonasiga joylashtirib, ustiga mato tashlab qo‘ygani, keyin esa, u B. bilan “San’atkor” to‘yxonasi oldida uchrashishga kelgani, ular uni bir kun ushlab turib, urib qiynashgani, ertasi kuni qo‘yib yuborishgani, shundan so‘ng avtomashinadagi pullari yo‘qolganligini bilgani haqidagi hamda guvoh T.ning sudda, 2015-yil 24-fevral kuni A.ga 49.750 AQSh dollari va 30.000.000 so‘m pul berganligi haqidagi ko‘rsatmalarini asos qilib olgan.
Sudlanuvchilar B., D. va R. dastlabki tergov va sudda A.ga tegishli “Kaptiva” rusumli avtomashinadan hech qanday pul olishmagani, A. ularga tuhmat qilayotganligi haqida ko‘rsatma berishgan.
Sud hukmida ushbu epizod bo‘yicha jabrlanuvchi A. va guvoh T.ning ko‘rsatmalarining ishonchli ekanligini baholash maqsadida A. bilan B. yoki D.lar o‘rtasida pul mablag‘i bo‘yicha qarzdorlik munosabati bor yoki yo‘q ekanligini, shuningdek, juda ko‘p miqdordagi chet el valyutasining kelib chiqish manbaini, xususan, qanday turdagi savdo tushumi ekanligini tekshirmasdan, sudlanuvchilar B., D. va R.ning ko‘rsatmalarini ishonchga sazovor emas, deb baholash hamda bu vajlarni rad qilish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Jinoyat ishiga guvoh T. tomonidan 2016-yil 2-mart kunidagi ko‘rsatmasi qo‘shilgan bo‘lib, unda A.ga 49.750 AQSh dollari va 30.000.000 so‘m pul bermagani, A. undan
21.0 AQSh dollari qarz bo‘lib, shunday ko‘rsatma bergan taqdirda, qarzini qaytarishini aytgani uchun yolg‘on ko‘rsatma berganligini bayon qilgan.
Bundan tashqari ish bo‘yicha jabrlanuvchi A. sud hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bilan Jinoyat kodeksining 60, 61-moddalari tartibida 3 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.
Sudlangan D.ning otasi R. esa, ushbu ish bo‘yicha jabrlanuvchi deb e’tirof etilib, o‘z ko‘rsatmasida A. 17.000.000 so‘m qarzini 2011-yildan buyon bermay kelayotganligi sababli o‘g‘li D. va jiyani B.lar A. bilan janjallashib qolishganini bayon qilgan.
Bundan tashqari sudning hukmi bilan A. jabrlanuvchi R.ga o‘g‘li va jiyanini qamoqdan chiqarib berishga va’da qilib, uni aldab, 4.200 AQSh dollari hamda 2.000.000 so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlikda aybdor deb topilgan.
Tergov organi va sud tomonidan A.ning ko‘rsatmalari nechog‘lik ishonchga sazovor ekanligi tekshirib ko‘rilmagan.
Shuningdek, sud B. va boshqalarni jabrlanuvchiga nisbatan jismoniy zo‘rlik ishlatgan holda tovlamachilik jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topgan bo‘lsada, bir vaqtning o‘zida ularning harakatlarini sog‘liqqa qarshi jinoyat sodir etish bilan ham kvalifikatsiya qilgan, ammo bunday xulosaga kelish sabablarini o‘z hukmida asoslantirmagan.
Bundan tashqari R. S. ismli shaxs o‘zining tanishi ekani, novvoychilik bilan shug‘ullanishi haqida ko‘rsatma bergan bo‘lsada, tergov organi tomonidan S.ning shaxsini aniqlash yuzasidan biron-bir chora ko‘rilmagan, o‘z navbatida, birinchi instansiya sudi ushbu holatni e’tibordan chetda qoldirgan, jinoyat ishining shu shaxsga nisbatan ajratilgan qismi bo‘yicha olib borilayotgan tergov harakatlari natijasi yuzasidan ma’lumot talab qilib olmagan, tergov organiga nisbatan tegishli munosabat bildirmagan.
O‘z navbatida, apellatsiya instansiyasi sudi ham yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rmagan, sudlanuvchilar tomonidan berilgan shikoyatlardagi vajlarga baho bermagan hamda sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini to‘liq hajmda (taftish tartibida) tekshirmasdan sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirish haqida barvaqt xulosaga kelgan.