Mahmud Tog‘ayev va boshqalar javobgarlar Hamro Ochilov hamda boshqalarga nisbatan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, umumiy yig‘ilish qarori va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan xususiy firmaning ta’sis hujjatlarini haqiqiy emas, deb topishni so‘rashgan.
Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2017-yil 12-maydagi ajrimiga ko‘ra, ushbu ish yuzasidan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilinib, ish yuzasidan da’voni qanotlantirish haqida yangi hal qiluv qarori chiqarilgan.
Aniqlanishicha, Rasul Tog‘ayev va Zamira Hasanovalar 1950-yil 20-noyabrda qonuniy nikohdan o‘tgan holda turmush qurishgan, turmushlaridan 9 nafar farzand ko‘rishgan.
“N”. jamg‘armasi Y. tuman bo‘limining 1999-yil 27-noyabrdagi 19-sonli buyrug‘i asosida “Rasul-T” firmasi tashkil etilib, Rasul Tog‘ayev firmaning direktori etib tayinlangan.
Firma Nizomining 1.2-bandida “N” jamg‘armasi Y. tuman bo‘limi firmaning ta’sischisi etib belgilangan.
Biroq Rasul Tog‘ayev vafotidan keyin firma nizomiga zid ravishda farzandlari Mahmud va Shuhrat Tog‘ayevlar direktorlik qilgan.
2009-yil 11-iyundagi “Rasul-T” firmasining umumiy yig‘ilish qarori bilan firma rahbari Sh. Tog‘ayev boshqa ishga o‘tayotganligi sababli Hamro Ochilovning o‘g‘li Xursand Ochilov firmaning direktori vazifasiga tayinlangan.
“N” jamg‘armasi Y. tuman bo‘limining 2010-yil 15-yanvardagi 3-sonli umumiy yig‘ilishida “Rasul-T” firmasi “N” jamg‘armasi tuman bo‘limi ta’sischiligidan chiqarilishi va firma rahbari yangi ta’sischini kiritib, Nizomni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish haqida qaror qabul qilingan.
2010-yil 29-yanvardagi “Rasul-T” xususiy firmasining 1-sonli umumiy yig‘ilish qarori bilan Hamro Ochilov firmaning direktori lavozimiga tayinlangan.
Mazkur qabul qilingan qarorlar natijasida marhum Rasul Tog‘ayevning farzandlari va javobgar H. Ochilov o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan.
Birinchi instansiya sudi xususiy firmaga rahbar “N” jamg‘armasi Y. tuman bo‘limi tomonidan tayinlanmaganligi, 2010-yil 15-yanvardagi 3-sonli yig‘ilishda “N” jamg‘armasi Y. tuman bo‘limi “Rasul-T” xususiy firmasining ta’sischiligidan emas, balki “Rasul-T” xususiy firmasi tuman “N” jamg‘armasi ta’sischiligidan chiqarilishi haqida qaror qabul qilinganligini e’tibordan chetda,qoldirib, da’voni rad qilish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Shuningdek, birinchi instansiya sudi xususiy firma marhum R. Tog‘ayevning xususiy mulki bo‘lmaganligi va farzandlari tomonidan meros mulk qabul qilinmaganligini da’voni rad qilish asoslaridan biri sifatida ko‘rsatgan.
Vaholanki, “Rasul-T” firmasi ta’sis shartnomasining 2,8-bandida, korxona qayta tashkil qilinganda yoki tugatilganda ta’sischi korxona mulkiga egalik qilishga haqli emas. Korxona ta’sischining Nizom fondiga qo‘shgan hissasini qaytarishi belgilangan.
Bundan tashqari birinchi instansiya sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Y. tuman sudining 2013-yil 11-iyuldagi hukmiga ko‘ra, H. Ochilov marhum qayinotasi R. Tog‘ayev tomonidan tashkil qilingan xususiy firmaga egalik qilish uchun marhumning merosxo‘rlarini aldab, ularning ishonchiga kirgan va ularning hamda firma ta’sischisi bo‘lgan “N” jamg‘armasi Y. tuman bo‘limining roziligisiz umumiy yig‘ilish qaroriga asosan xususiy firmaga rahbar bo‘lganligiga, firmaga tegishli mulklarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligiga va tegishli jazoga tortilganligiga, M. Tog‘ayev va boshqalarning firma faoliyati bilan bog‘liq har qanday qaror qabul qilinishi yuzasidan nizolashish huquqiga ega ekanligiga e’tibor qaratmagan.