28.04.2000 yildagi 2/84-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining qo‘shma qarori, 28.04.2000 yildagi 2/84-son
Дата вступления в силу
28.04.2000
Hujjat kuchini yo‘qotgan 13.11.2015
 LexUZ sharhi
 LexUZ sharhi
3. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasiga binoan mamlakat iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Mulk huquqi, mutloq huquq bo‘lib, uni buzadigan har qanday xatti-harakatlarning taqiqlanishini taqozo etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54-moddasiga muvofiq mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish bo‘yicha subyektiv huquq faqat shu mulkning egasiga taalluqli. Fuqarolik kodeksining 182-moddasiga ko‘ra boshqa asoslar bilan bir qatorda tadbirkorlik faoliyati ham mulk huquqining vujudga kelish asoslaridan hisoblanadi. Mulk huquqini amalga oshirishga har qanday, qonunga asoslanmagan aralashuv bu huquqni qo‘pol buzish sanaladi.
4. “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida” gi 1998-yil 24-dekabrdagi Qonun nazorat qiluvchi organlarning xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga aralashmasligini kafolatlashiga, tekshirishlarni o‘tkazish asoslarini, davriyligini, muddatlarini belgilashiga e’tibor qaratilsin.
Mazkur Qonunning 9-moddasiga muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlar moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish uchun faqat qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining mavjudligigina asos bo‘ladi.
Shu munosabat bilan, sudlar bu masala bo‘yicha qonunchilikning buzilishiga o‘z munosabatlarini lozim darajada bildirishlari kerak. Tadbirkorning faoliyatiga g‘araz yoki boshqa past niyatda aralashuv holati aniqlangan taqdirda aybdorlarning harakatlari Jinoyat kodeksining boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari bilan tavsiflanmog‘i lozim. Sud, shuningdek protsess ishtirokchilariga tadbirkorda aybdordan barcha, masalan uning faoliyatiga noqonuniy aralashuv natijasida ishlab chiqarishning to‘xtaganligi sababli kelib chiqqan zararlarni undirib olish huquqi mavjudligini tushuntirishi lozim.
Sudlar nazarda tutishlari lozimki, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 39-moddasida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish cheklangan, ya’ni ushbu Qonun talabiga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organning qaroriga binoan nazorat qiluvchi organlar tomonidan rejali tartibda ko‘pi bilan yiliga bir marta amalga oshirilishi mumkin, bundan xususiy korxonalar va ko‘rsatilgan moddaning ikkinchi — oltinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
5. “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasida tadbirkorlik faoliyati erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlari belgilangan. Chunonchi, tadbirkorlar o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishlari, davlat organlari, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy qarorlari, mansabdor shaxslarning harakat (harakatsizlik)lari ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkin. Bunday shikoyatlarni ko‘rishda, sudlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 19-iyuldagi “Fuqarolarning huquqlarini va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan keltirilgan shikoyatlarni sudlarda ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi 18-sonli qaroriga amal qilmoqlari zarur.
Bayon etilganlarga asosan inobatga olish lozimki, Jinoyat kodeksining 41-moddasiga muvofiq ijtimoiy foydali maqsadga erishish uchun kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkalchilik qilib, huquqlar va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazish jinoyat deb topilmaydi.
11. Xo‘jalik shartnomasi tadbirkorlik subyektlari o‘zaro munosabatlarining huquqiy shaklining asosini tashkil etadi. Taraflardan biri shartnoma majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, aybdor taraf boshqa tarafga yetkazilgan zararni to‘laydi, Fuqarolik kodeksida, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi 1998-yil 29-avgustdagi Qonunda, boshqa qonun hujjatlarida va shartnomada nazarda tutilgan tartibda o‘zgacha tarzda javobgar bo‘ladi.
Shartnomaviy-huquqiy masalalarga daxldor ishlarni ko‘rayotganda “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonun talablariga amal qilinishi va xo‘jalik shartnomasi taraflarining huquqlari foydalanilganmi yoki yo‘qmi aniqlanishi lozim: jumladan, xo‘jalik shartnomalarini tuzish, bajarish, o‘zgartirish va bekor qilish munosabati bilan zarur bo‘lgan ma’lumotlar va boshqa hujjatlarni so‘rash va olish; xo‘jalik shartnomalarini tuzish, bajarish, o‘zgartirish va bekor qilish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ekspertlarning yozma xulosalarini so‘rash va olish, mutaxassislar bilan maslahatlashish; boshqa tarafning iqtisodiy ahvoli, nufuzi va ishchanlik jihatlari xususidagi ma’lumotlarni to‘plash; xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qonunda nazarda tutilgan vositalari va usullarini qo‘llash; shuningdek, tuzilgan xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha taraflar o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarni o‘z vaqtida va tegishli tartibda bajarilishi yuzasidan mazkur Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilganligini, xususan, huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan mazkur huquq va manfaatlarni buzgan xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan talabnoma bildirish tartibi va muddatlariga rioya etilganligini; o‘ziga talabnoma bildirilgan xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan uni ko‘rish tartibi va muddatlariga rioya etilganligini; taraf rad (qisman rad) javobini olgan yoki talabnomaga belgilangan muddatda javob olmagan taqdirda xo‘jalik sudiga da’vo arizasi berish hamda sud buyrug‘ini olish uchun ariza taqdim etish tartibi va muddatlariga rioya etilganligini va shu kabilarni tekshirish lozim bo‘ladi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 744-moddasiga muvofiq bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor)ning ikkinchi taraf (qarz oluvchi)ga shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablag‘larini berishi kredit hisoblanadi.
Talon-toroj qilish alomatlari bo‘lmay turib noqonuniy kreditlar berish Jinoyat kodeksining 205-moddasi bilan tavsiflanishi zarur. Kreditni qaytarishdan qasddan bo‘yin tovlash yoki noqonuniy kredit berganlik, shuningdek kredit berishni noqonuniy rad qilganlik uchun jinoiy javobgarlik fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilgan taqdirdagina kelib chiqadi.
17. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash haqidagi ishlarni ko‘rishda xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish oqibatida hisobni yoki hisobotni chalkashtirib yuborish, foydani hisoblashda xatoga yo‘l qo‘yish holatlarining o‘zigina Jinoyat kodeksining 184-moddasi bilan tavsiflanishi mumkin emasligi e’tiborga olinishi lozim, chunki soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash faqat qasddan sodir etiladi. Tergov organlari va sudlar har bir ish bo‘yicha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan shaxsning qasdi va g‘arazli niyatlarini aniqlashga majburdirlar.
18. Jinoyat kodeksining 184-moddasi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 1999-yil 20-avgustdagi Qonuniga muvofiq qasddan yashirilgan, kamaytirib ko‘rsatilgan foydalar (daromadlar) bo‘yicha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘liq to‘langan taqdirda, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanmasligi haqidagi ko‘rsatma bilan to‘ldirilganligini sudlar e’tiborga olishlari kerak.